I bob. Deviant xulq-atvor psixologiyasi
Agressivlik (tajovuzkorlik) barcha asoslarning asosi sifatida
Download 250.68 Kb.
|
1 (1)
5.2. Agressivlik (tajovuzkorlik) barcha asoslarning asosi sifatida
Kundalik hayotda ishlatilayotgan tushuncha bilan ilmiy atama har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Kundalik hayotda agressiya deganda biz ko‘proq adolatsiz, asossiz hujumni tushunamiz. Etologiyada agressivlik tushunchasi g‘azab, jahl, nafratni anglatadi. U hech qanaqa, ijobiy ham salbiy ham ko‘rinishga ega emas. U neytraldir. Bu ta’rifni K.Lorens “G‘azab: agressiv xulq-atvorning tabiiy tarixi” nomli kitobida keltirib o‘tadi. Agressiya ko‘pincha hujum qilganda ko‘zga tashlanadi, biroq, g‘azabsiz hujumni etologlar agressiya deb atamaydilar. Tabiatda bir tur ikkinchi turga hujum qiladi. Bo‘ri quyonga hujum qilsa, agressiya emas, ov hisoblanadi. Shu kabi, ovchining o‘rdak otishi yoki baliqchining qarmoq tashlashi agressiya emas. Chunki ular o‘ljaga nisbatan qo‘rquv, g‘azab yoki nafrat hissini tuymaydi. Agressiv xulq-atvorni esa, ushbu tuyg‘ular yuzaga keltiradi. Itning begona odamga tashlanishi agressiyadir. Odamning itga javoban tosh otishi ham agressiyadir. Chunki, shu vaqtda ikkala tomon ham bir-biridan qo‘rqib va bir-biridan nafratlanib, harakatlanadilar. Bir hayvon ikkinchisining jahlini chiqarsa yoki xavf tug‘dirsa (o‘ziga, hududiga, uyiga, bolalariga) yoki shunchaki notanish hamda shubhali ko‘rinsa, agressiyaga duch keladi. Agressivlik hayvonlarda hudud bilan bog‘liq ravishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu holat Govard tomonidan 1920 yilda kashf qilinganidan so‘ng, ma’lum bo‘ldiki, bu holat juda keng tarqalgan ekan. Ko‘p hayvonlar o‘z hayotlarining bir bo‘lagi sifatida o‘z hududlarini qattiq himoya qiladilar. Hududlar ayrim hayvonlarda, ko‘proq yovvoyi hayvonlarda, individual bo‘lsa, aksar hayvonlar to‘da yoki podaning umumiy hududiga egadirlar. Agar biron bir hayvonga tegishli hududga boshqasi, o‘sha turning vakili bo‘lsa ham, tashrif buyuradigan bo‘lsa, xo‘jayinning qarshiligiga uchraydi va bu qarshilik hududning markaziga yaqinlashgan sari ortib boraveradi. Aksincha, boshqa hayvon hududida agressivlik pasayib, begona hayvon qochishga harakat qiladi (Buni yaxshi bilgan hayvon o‘rgatuvchilar qafasga birinchi bo‘lib o‘zlari kiradilar. Ikkinchi bo‘lib kirgan hayvon qafasni hayvon o‘rgatuvchining hududi sifatida qabul qiladi va uning agressivligi yo‘qoladi). Aslida esa, hayvonlarda hudud agressiya natijasida yuzaga keluvchi tushunchadir. Lorensning fikriga ko‘ra, agressivlik oddiy instinktdir (barcha biologlar ham bu fikrga qo‘shilavermaydilar). Buni isbotlash uchun u va uning xodimlari bir qator tajribalar o‘tkazganlar. Ular hayvonlarni turdoshlaridan alohida saqlab, ularda agressivlik o‘rganish orqali emas, tug‘ma mavjud bo‘lishini isbotlaganlar. Masalan, alohida saqlangan sichqonlar va kalamushlar o‘zlarini turdoshlariga qaraganda agressivroq tutishgan. Ular o‘z turdoshlariga ham darhol hujum qilganlar, bunda ular o‘z turiga xos usullarni qo‘llaganlar. Agressiya doimo qo‘rquv bilan birga yuradi, qo‘rquv har doim agressiyani yuzaga keltiradi. Buni turli hayvonlarda olib borilgan tajribalar ko‘rsatib bergan. Agar hayvonlar qo‘rqitiladigan bo‘lsa, ular agressivroq bo‘lib qolishgan. Bu insonlar to‘dasi yoki butun jamiyatda ham kuzatilishi mumkin. Agressivlik eng xavfli holatdir. Agressivlik ichdan paydo bo‘ladi va to‘planib boradi. Oldin psixologlar agressivlik tashqi omillar natijasida yuzaga keladi va agar tashqi omillar bartaraf etilsa, agressivlik paydo bo‘lmaydi, deb o‘ylashgan. Etologlar buning noto‘g‘ri ekanligini isbotlab berishdi. Qo‘zg‘atuvchilar mavjud bo‘lmaganida agressivlik ichkarida yig‘ilib boraveradi. Agressivlikni saqlovchi holatlar esa kamayib boraveradi va arzimagan sabab ham, uning yuzaga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oxir oqibatda u hech qanday sababsiz ham yuzaga chiqishi mumkin. Kundalik hayotda bizning agressivligimiz turli insonlar bilan yuzaga keluvchi mayda-chuyda ziddiyatlar orqali yuzaga chiqib turadi. Biz agressivlikni qanday qilib boshqarishni o‘rganishmiz mumkin, biroq u insonning eng kuchli instinktlaridan biri bo‘lganligi sababli, uni butunlay yo‘qota olmaymiz. Shuni esda saqlash lozimki, agressiv insonning atrofidagi qo‘zg‘atuvchilarni bartaraf etish orqali uning agressivligini yo‘qotmaymiz, balki yig‘ilib borishiga yo‘l qo‘yib beramiz. U baribir yuzaga chiqadi, buning ustiga ko‘proq kuch bilan namoyon bo‘ladi. Qayg‘uli bo‘lsa-da, haqiqat shundan iborat. Agar qo‘zg‘atuvchi mavjud bo‘lib, u qo‘rqinchliroq bo‘lsa, agressivlik mo‘ljali o‘zgarishi mumkin. Ayni vaqtda boshqa yo‘nalishda amalga oshirilgan agressiya raqibga o‘z kuchini namoyish etish vazifasini ham bajaradi: “ko‘rib qo‘y men nimalarga qodirman” abilida aks etadi. Ko‘p hollarda agressiya uchun mo‘ljal o‘z turdoshi yoki boshqa turdagilarga o‘zgartirib turiladi, faqat mo‘ljaldagi nishon javob qaytara olmasa bo‘lgani. Yo‘lovchidan so‘kish eshitgan aravakash alamini otlardan oladi. Biron narsadan jahli chiqqan kishi itini tepkilab qolishi mumkin. Boshlig‘idan gap eshitgan er xotinini so‘kadi; xotin bolasini urishadi; bola esa, alamini mushugidan oladi. Agressiya mo‘ljalini kuchsiz va aybsiz tomonga qaratib o‘zgartirish ierarxiyani saqlashda muhim ahamiyatga ega. Agressivlik tur uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha vazifalarni bajaradi. Agressivlik yordamida hudud muhofaza qilinadi. Kuchsiz hayvon kuchli hayvondan o‘z uyini himoya qila oladi. Chunki u o‘z uyida agressivroq, demak u kuchliroqdir. Hududning mavjudligi esa, bir tur vakillari uchun muhim bo‘lib, u bir-biriga halal bermasdan yashash imkonini beradi. Ikkinchi omil Darvin tomonidan ko‘rsatib berilgan edi. Raqobatlashayotgan erkakning kuchlirog‘i ayolga egalik qiladi va avlod qoldiradi. Shu tarzda podaga yo‘lboshchilik qiluvchi va himoya qiluvchi erkak saralanadi. Bolalarini himoya qilish uchun jangga tashlanishda ham agressivlikning o‘rni yuqori bo‘ladi. Bu holatni bolalarni himoya qilishni bir jins vakillari o‘z zimmmasiga oladigan hayvonlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Mazkur hayvonlarda aynan bola himoyasini o‘z zimmasiga oluvchi jins agressivroq bo‘ladi. Agressivlik hayvonlar jamoasini saqlanib qolishiga ko‘maklashuvchi qat’iy ierarxiya mexanizmini amal qilishiga ham ko‘maklashadi. Buning mazmuni shundaki, jamoaning har bir a’zosi kim kuchliroq va kim kuchsizroq ekanligini yaxshi biladi, kuchsizlar kuchlilarga ovqatda, ayolga egalik qilishda va boshqalarda yo‘l beradi. Hayvonlar guruhida ierarxiya juda tez, ba’zan kichik to‘qnashuvlar orqali, ko‘pincha esa, busiz ham o‘rnatilaveradi. Ba’zan bu to‘liq tartiblashuvga olib keladi. Download 250.68 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling