I bob Noma'lum kishi


XVI Bob Uikstidning o'ldirilishi


Download 357.17 Kb.
bet24/26
Sana12.09.2023
Hajmi357.17 Kb.
#1676261
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26
Bog'liq
fayl Korinmas

XVI Bob
Uikstidning o'ldirilishi

Barcha belgi Ko'rinmas odam Kempning uyidan yugurib chiqqanda juda darg'azab ekanini ko'rsatardi. Ko'cha eshigi oldida o'ynab yurgan bola yerdan ko'tarib olinib shu qadar qattiq uloqtirib yuborildiki, natijada boyaqishning oyog'i sindi.


Shundan so'ng bir necha soat davomida Ko'rinmas odamdan darak bo'lmadi. Uning qayoqqa ketib, nima ishlar qilganini hech kim bilmasdi. Biroq uning bu jazirama iyun kunida, o'z taqdirini la'natlagani, toqqa qarab yugurgani, undan Port-Berdokning ortidagi ohak tepaliklaridan qochib borib horg'in va tinka-madori qurigan holda Xintondin yaqinidagi butazordan o'ziga boshpaga topganini osongina tasavvur etish mumkin...
Shu joyda u aql-hushini boshiga yig'ib, o'zi kabi kishilarga qarshi kurashish uchun plan tuzgan, lekin hozir barbod bo'lgan planini pishiqlab yangitdan o'ylab olishga qaror qilgan bo'lsa kerak.
Griffinning xuddi ana shu yerga borib yashiringani tayin, chunki kunduzi soat ikkilar chamasida o'zining o'sha yerda ekanini u yovuzlarcha va fojiali bir tarzda oshkor qildi.
O’sha vaqtda uning kayfiyati qanaqaligi va qanday niyatda ekanini tusvirlab bilish mumkin, xolos. Kempning xiyonatidan uning g'oyatda quturib ketgani shubhasiz, Kemp qanday maqsadda shunday qilgani hammaga tushunarli bo'lsa-da, har qalay bunday kutilmagan xiyonat qanday g'azab qo'zg'atishi va hatto bu g'azabni qisman oqlashi ham mumkinligini tasavvur etish uncha qiyin emas.
Ehtimol, Ko'rinmas odam yana Oksford-strit voqeasi vaqtida bo'lgani singari sarosimaga tushib qolgandir: axir, u Kemp mening insoniyatni terror qilish haqidagi shafqatsiz planimni ro'yobga chiqarishda yordam beradi deb aniq ishongan edi-da.
Har qalay peshinga yaqin u g'oyib bo'ldi va kunduzi soat ikki yarimgacha nimalar qilganini hech kim bilmaydi. Insoniyat uchun uning g'oyib bo'lgani bir hisobda, balki yaxshi hamdir, lekin bunday faoliyatsizlik Griffinning o'zi uchun fojiali bo'lib chiqdi.
Ana shu ikki yarim soat mobaynida butun okrug bo'ylab tarqalgan ko'plab odamlar ishga kirishdilar. Ertalab Ko'rinmas odam el nazarida faqat bir ermak, oddiy qo'riqchi edi, choshgohga borib esa, Kempning quruq, lekin ma'nodor xitobnomasi tufayli u yarador qilinishi, tirik yoxud o'lik holda qo'lga tushirilishi lozim bo'lgan, mavjudligi muqarrar dushmanga aylandi va barcha aholi g'oyatda tezlik bilan kurashga tayyorlana boshladi.
Hatto kunduzi soat ikkida ham Ko'rinmas odam poezdga minib qochib qutulishi mumkin edi, lekin soat ikkidan so'ng buning ham iloji bo'lmay qoldi. Sautgempton, Manchester, Brayton va Xorshem oraligida bo'lgan keng masofadagi temir yo'llarning hammasida passajir poezdlar eshiklarini qulflab ketishar, yuk poezdlar harakati esa, deyarli to'xtatilgan edi. Port-Berdok atrofidagi yigirma mil radiusli katta doirada yo'llar va dalalarda qurollangan, qo'llarida cho'qmor tutgan va it etaklagan odamlar uch-to'rt kishi bo'lib izg'ib yurishardi.
Otliq polisiyachilar tevarak-atrofdagi qishloqlarni aylanib, har bir uy oldida to'xtab, aholiga eshiklarini qulflab o'tirish va qurolsiz ko'chaga chiqmaslik kerakligini o’qtirishardi. Soat uchda maktablar yopildi va qo'rqib ketgan bolalar g'uj-g'uj bo'lishib uylariga yugurishdi. Soat to'rtlarga yaqin Kemp tomonidan yozilgan va Eday tomonidan imzolangan xitobnoma butun okrugga yopishtirib chiqilgan edi.
Xitobnomada Ko'rinmas odamga qarshi kurashishning barcha tadbirlari qisqa, lekin aniq qilib ko'rsatilgandi: uning ovqatlanishi va uxlashiga yo'l bermaslik, biror joyda uni sezib qolishgan zahoti qat'iy choralar ko'rish uchun har mahal hushyor bo'lib turish lozimligi aytilgan edi. Okrug ma'muriyatining harakatlari shu qadar jadal va keskin, xavf oldidagi qo'rquv shu qadar kuchli ediki, to qosh qorayguncha butun okrugdagi bir necha yuz kvadrat mil masofada qamal holati e'lon qilindi.
Xuddi shu kun kechqurun qo'rqib ketgan va sergak bo'lib turgan o'lka dahshatdan seskanib tushdi: mister Uikstidning o'ldirilishi haqidagi aniq ovoza og'izdan og'izga ko'chib yashin tezligida tarqaldi.
Basharti Xintondin yaqinidagi butazorda yashiringan bo'lsa kerak, to'g'ri chiqsa, u holda Ko'rinmas odam peshindan keyin, qurol ishlatmasdan bajarib bo'lmaydigan bir ish uchun yashiringan joyidan chiqqani aniq. Maqsadi nima ekanini aniqlashning iloji yo'q, lekin shunday bir maqsadi bo'lgani turgan gap. Mening nazarimda, bu maqsad borligini rad etib bo'lmaydi; axir Uikstid bilan to'qnashuvidan burun Ko'rinmas odam allaqayerdan topgan temir chiviqni bekordan-bekorga ko'tarib yurmagandir, axir.
Bu to'qnashuvning tafsiloti haqida hech narsa bilmaymiz. Bu voqea lord Berdokning villasi darvozasidan ikki yuz yardcha naridagi qum qazib olinadigan chuqur yoqasida yuz berdi.
Hamma narsa: yerdagi izlar, Uikstidning badanidagi son-sanoqsiz jarohatlar va uning sinib yotgan hassasi qattiq olishuv bo'lganidan dalolat beradi, lekin qotillik vasvasasidan bo'lak qanday sabab uning Uikstidga hujum qilishga majbur etganini tasavvur etish qiyin. Xayolga, balki miyasi aynib qolgandir, degan fikr o'z-o'zidan keladi. Lord Berdokning ish boshqaruvchisi bo'lmish qirq besh yoshli mister Uikstid dunyoda eng yuvosh odamlardan biri edi va u bunday dahshatli dushmanga birinchi bo'lib hujum qilmagan bo'lardi, albatta. Mister Uikstid, chamasi, buzilgan panjaradan sug'urib olingan temir chiviq bilan jarohatlangan bo'lsa kerak. Ko'rinmas odam uyiga tinchgina nonushta qilgani kelayotgan bu beozor kishini to'xtatib unga hujum qilgan, bir nafasda uning zaif qarshiligini yengib, urib qo'lini sindirgan, keyin bechorani yerga ag'darib miyasini po'la qilgandi.
Aftidan, Ko'rinmas odam o'z qurboni bilan uchrashmasidan burun panjaradan sug'urib olgan bo'lsa kerak. Yana ikki tafsilot bu voqeani bir qadar oydinlashtirishga yordam beradi. Birinchidan, qum qaziladigan joy mister Uikstidning uyiga boriladigan yo'l ustida bo'lmay, balki ikki yuz yardcha narida edi. Ikkinchidan, maktabdan kelayotgan qizaloqning bergan guvohligiga qaraganda, marhum g'alati «lo'killab» yugurganicha dala orqali qum olinadigan joy tomonga ketayotgan ekan.
Qizchaning taqlid qilib ko'rsatishicha, go'yo mister Uikstid goho hassasini o'qtalib, yerda sudralib ketayotgan bir narsani ta'qib etayotgan ekan, degan fikrga kelish mumkin. Sho'rlik mister Uikstidning tirik chog'ida so'nggi marta ko'rgan odam ana shu qizaloq edi. O’shanda mister Uistidni ajal haydab ketgan ekan; u pastga tushgan, o'sha joydagi daraxtlar so'nggi olishuvni qizaloqning ko'zidan yashirgan.
Bu tafsilotlar shu satrlarning muallifiga, Uikstidning o'limi bejiz emasligini ko'rsatdi. Griffin temir chiviqni birovni o'ldirish niyatda emas, balki oddiy qurol sifatida olib kelayotgandir, deb faraz qilish mumkin.
Shunda unga Uikstnd ro'para kelib, o'zidan-o’zi xavoda uchib ketayotgan temir chiviqni ko'rib qolgan bo’lishi mumkin. Mister Uikstid Ko'rinmas odam haqida hech narsa o'ylamay, (axir bu joylar bilan Port-Berdokning o'n mil keladi) temir chiviqning ketidan ergashgan bo'lishi mumkin. Ehtimol, u Ko'rinmas odam haqida hech nima eshitmagandir ham.
Bundan bu yog'iga Ko’rinmas odam o'zining shu yerdaligini oshkor qilishni istamay asta-sekin uzoqlasha boshlagan, qiziqishi ortib, mahliyo bo’lib qolgan Uikstid esa, bamisoli jonli narsadan harakat qilayotgan g'alati temir chiviqning ketidan qolmay boravergan va oxirida uni hassasi bilan urgandir deb o’ylamoq mumkin.
Oddiy vaziyatda Ko'rinmas odam o’zini ta'qib etayotgan va yoshi bir yerga etib qolgan bu odamdan osongina qochib qutulgan bo'lardi, albatta, lekin marhum Uikstid jasadining holati dushmanini qalin o’sgan qichitqi o’t bilan qum olinadigan chuqur orasiga qamab o’zini falokatga giriftor qilgay deb o'ylashga asos beradi.
Ko'rinmas odamning haddan ziyoda serzardaligini eslaganda, keyingi bo'lgan voqealarni tasavvur etish unchalik qiyin emas.
Lekin bularning hammasi shunchaki faraz. Yakkayu-yagona fakt (chunki bolalarning aytgan gaplariga har vaqt ham ishonaverib bo’lmaydi) — o'ldirilgan Uikstidning qonga belangan jasadi-yu, qichitqi o't orasida yotgan temir chiviqdir. Chamasi, temir chiviqni tashlab yuborishiga qattiq hayajonga tushib, nima maqsadda qurollanganini unutib qo’ygan (agar shunday maqsadi bo'lgan bo'lsa) sabab bo’lishi mumkin.
Albatta, u ashaddiy xudbin va shafqat nimaligini bilmaydigan odam edi, lekin oyog'i ostida qonga belanib uzala tushib yotgan dastlabki qurbonining ko’rinishi uning qalbida unutilmish pushaymonlarni uyg'otgan va bir muddat uni yovuz niyatlardan kechishga undagan bo'lishi mumkin.
Mister Uikstidni o'ldirganidan so'ng Ko'rinmas odam tepaliklar tomon qochgan bo'lsa kerak. Aytishlaricha, Fern Bottom yaqinidagi dalada ishlayotgan ikki kishi kechqurun allaqanday sirli tovush eshitganlar. Birov ho'ngrab yig'labdi, xaxolab kulibdi, voy-voylab faryod chekibdi, goho esa ovozini barala qo'yib hayqiribdi. Buni eshitish juda ham dahshat bo'lsa kerak.
Tovush bedazor ustidan eshitilib borib, olisda, tepaliklar bag’rida g'oyib bo'libdi.
Ko'rinmas odam o'zi ko'ngil yorib aytib bergan gaplardan Kemp qanday tez foydalanganiga o'sha kuni kechqurunoq ishonch hosil qilgan bo'lsa kerak.
Chamasi u barcha eshiklarni qulf ko'rgan, temir yo'l stansiyalarida daydib yurgan, musofirxonalarga kirmoqchi bo'lgan, shubhasizki, hamma yerga yopishtirilgan xitobnomalarni o'qib, o'ziga qarshi qanday tadbirlar ko'rilganini anglagan. Kech kirishi bilan dalalarga qurollangan guruh-guruh odamlar tarqalib, itlarning akillashi eshitila boshladi.
Ular dushman bilan olishgan mahalda bir-birovlariga qanday yordam berish haqida maxsus ko'rsatma olgan edilar. Lekin Ko'rinmas odam ularga duch kelmaslikka muvaffaq bo'ldi. Hozir shafqatsizlik bilan unga qarshi ishlatilayotgan barcha ma'lumotlarni o'zi aytib berganini eslasak, uning quturishi sababini qisman tushunsak bo'ladi. Har qalay shu kuni uning ruhi tushib ketdi. Uikstid bilan to'qnashuvni hisobga olmaganda, deyarli bir kechayu bir kunduz davomida u o'zini qopqonga tushgan hayvon singari his etdi.
Kechasi u ovqatlangan va uxlab tiniqqan bo'lsa kerak, chunki ertalab yana u tetik va bardam bo'lib qolgandi: u qaytadan baquvvat, serg'ayrat, makkor va serzarda bo'lib, butun olamga qarshi o'zining so'nggi jangiga hozir edi.


Download 357.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling