I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari
-mavzu. Ashtarxoniylar sulolasi davrida Samarqandning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti
Download 1 Mb.
|
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi
8-mavzu. Ashtarxoniylar sulolasi davrida Samarqandning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti.
REJA: Ashtarxoniylar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishi Samarqand hokimi Yalangtush Bahadur davrida Samarqandda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniya hayot. XVIII asrda Samarqand shaharining tanazulga yuz tutishi: sabablar va oqibatlar. Tayanch so’z va iboralar: Ashatarxoniylar, Imomqulixon, Nadrmuhammadxon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon, Abulfayzxon, Yalangtush Bahadur, olchin, Sherdor madrasasi, Tillokori madrasasi, Samarqandning Eron shohi Nodirshoh Afshor tomonidan egallanishi. Jonibek sulton Buxoro xoni deb e’lon qilingach, o‘g‘li Dinmuhammad foydasiga taxtdan voz kechadi. Seyiston hukmdori bo‘lgan Dinmuhammad Hirot yaqinida safaviylar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ladi va taxtga Boqimuhammad (1601-1605) o‘tqazilib, ukasi Valimuhammad (1605-1611) voris deb e’lon qilinadi. Boqimuhammad 1602 yilda Balxni egalladi, 1603 yilda eroniylarning Balxga hujumini qaytardi. 1604 yilda qozoq xoni Kelimuhammad qo‘shinlariga zarba berib, davlat hokimiyatini mustahkamlashga harakat qildi. Undan keyin taxtga ko‘tarilgan Valimuhammad o‘zi mustaqil harakat qilolmas, davlat ahamiyatiga molik masalalarni beklarning roziligi bilangina hal etar edi. Mustaqil boshqaruvga intilgan beklar xonga bo‘ysunmay qo‘yishgan. O‘zaro ichki kurash, tarafkashlik Valimuhammadga qarshi fitna uyushtirishga olib kelgan va buning natijasida Imomqulixon (1611-1642) taxtni egallagan edi. Imomqulixon mahalliy beklarni bo‘ysundirish, Yeron qo‘shinlariga zarba berishda qozoq sultonlari kuchlaridan foydalandi. Mamlakat hududlarini kengaytirgan Imomqulixon Toshkentga o‘g‘li Iskandar sultonni hokim qilib qo‘ydi, lekin 1613 yilda Iskandar zulmidan bezor bo‘lgan toshkentliklar isyon ko‘tardi, Iskandar o‘ldirildi. Imomqulixon bu xabarni eshitib, Toshkentga katta qo‘shin bilan kelib, isyonchilarni bostirdi va aholini qirg‘in qildi. U qozoqlar, qalmoq (jung‘or)lar, mo‘g‘ullar va qoraqalpoqlarga qarshi muvafaqqiyatli kurash olib bordi. Bu Imomqulixonning mavqeini mustahkamladi, xon hokimiyati kuchaydi. Uzoq vaqt hukmronlik qilgan Imomqulixon zodagonlarning qarshi chiqishlari va o‘zaro kurashlarini birmuncha vaqt to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin urug‘ amirlarining ko‘pchiligi xon hokimiyatini tan olmas edilar. Ular ichki, hatto tashqi masalalarda ham to‘la mustaqil faoliyat olib borganlar. Bir necha yil Samarqandni boshqargan yirik yer egasi Yalangto‘shbiy shunday amirlardan biri edi. 1642-1645 yillarda hukmronlik qilgan Nodirmuhammad mamlakat hududlarini 12 ta o‘g‘li va ikkita jiyaniga bo‘lib berib, ijtimoiy-siyosiy tarqoqlikni kuchaytirdi. Uning zodagonlar bilan kelisha olmasligi davlat asoslarining zayflashuviga olib keldi. Natijada uning poytaxtda yo‘qligidan foydalanib amirlar Abdulazizxon (1645-1680)ni xon deb e’lon qildilar. Nodirmuhammad Balx shahriga qochdi va Hindiston hukmdori Shohjahon (1628-1658)dan yordam so‘radi. Ammo, uning yordami muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Abdulazizxon hukmronligi yillarida Xiva xonlari Abulg‘ozixon (1643-1663) va uning o‘g‘li Anushaxon (1663-1687) Buxoro hududlariga bir necha marta talonchilik yurishlarini amalga oshirdilar. Xorazmliklar 1655 yilda Qorako‘l, Buxoro atroflarini, 1662-1663 yillarda Buxoro va Buxoro atroflariga hujum qilib, u yerlarni talon-taroj qildilar. Dushman qo‘shinlariga zarba berish, o‘zaro feodal urushlarni to‘xtatish imkonini topa olmagan Abdulazizxon taxtdan voz kechdi. Uning o‘rniga taxtga o‘tirgan ukasi Subhonqulixon (1680-1702) davrida ham Buxoro-Xiva munosabatlari murakkabligicha davom etdi. Ayniqsa Samarqand amirlarining Xiva xoni Anushaxon hukmronligini tan olib, uning nomiga xutba o‘qitishlari ba’zi amirlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shunday vaziyatda Subhonqulixonni Mahmudbiy qatag‘on qo‘llab quvvatladi, samarqandliklar jazolandi. Shunga qaramay Buxoro va Xiva munosabatlari keskin bo‘lib qolaverdi. XVII asr oxiri XVIII asr boshlarida tinimsiz bo‘lib turgan o‘zaro kurashlar, siyosiy tartibsizliklar xalq ommasining ahvolini og‘irlashtirdi, soliqlar ko‘payib, poraxo‘rlikning avj olishi, boshboshdoqlik mamlakat xo‘jaligining vayrona holga kelib, izdan chiqishiga olib keldi. Shunday og‘ir vaziyatda vafot etgan Subhonqulixon o‘rniga Ubaydullaxon (1702-1711) taxtga o‘tirdi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlash, mustaqillikka intilgan bebosh amirlarni bo‘ysundirish, ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun tinimsiz urushlar olib bordi. Ubaydullaxon yirik zodagonlar, qabila boshliqlarining mavqeyini pasaytirish, siyosiy tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ularni markaziy hokimiyatdan chetlashtirdi, hatto diniy-siyosiy hokimiyatga katta ta’siri bo‘lgan Jo‘ybor shayxlarini soliq to‘lamaslik imtiyozidan mahrum etdi. Yana davlatni boshqarishga hunarmandlar va savdogarlarning bolalarini jalb qilib, o‘ziga ishonchli yangi amaldorlarni shakllantirishga harakat qilgan Ubaydullaxon faoliyati yuqori tabaqa vakillarining noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, 1708 yilda markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun o‘tkazgan pul islohoti aholining o‘rta tabaqasi orasida ham xonning ta’sirini ancha pasaytirdi. Ashtarxoniylar orasida nisbatan qat’iyatli, markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun bir necha tadbirlarni amalga oshirgan Ubaydullaxon davrida ijtimoiy-siyosiy parokandalik kuchaydi va uning o‘zi fitna qurboni bo‘ldi. Fitna ishtirokchisi bo‘lgan ukasi Abulfayzxon (1711-1747) taxtga chiqarildi. Irodasi kuchsiz Abulfayzxon kuchli amirlar ta’siridagi qo‘g‘irchoq xon sifatida tarixda qoldi. U nomigagina xon bo‘lib, haqiqiy hokimiyat kuchli amirlar qo‘lida bo‘lgan. Ayniqsa, Abdullabiy, Ibrohimbiy, Muhammad Hakimbiylar davlat boshqaruvida katta ta’sirga ega bo‘lganlar. Abulfayzxon davrida siyosiy tarqoqlik g‘oyatda kuchayib, har bir viloyat amalda mustaqil boshqaruvga ega bo‘lgan hokimiyatga aylanib qolgan edi. Toshkent, Xo‘jand, Balx, Badaxshon, Shahrisabz, Hisor va uning atrofidagi yerlar Buxoroga bo‘ysunmagandi. Bu porakandalik markaziy hokimiyatda yuqori mavqeiga ega bo‘lishga intilgan biylar o‘rtasidagi kurash sababli ro‘y bergan edi. Bu kurashda Shahrisabz hokimi kenagas Ibrohimbiy bilan barcha shahzodalar otaliqlarining boshlig‘i bo‘lgan mang‘it urug‘idan chiqqan Muhammad Hakimbiylar katta rol o‘ynadilar. Ibrohimbiy Samarqand poytaxti bo‘lgan mustaqil davlat tuzish maqsadida qarindoshi Rajab Sultonni Samarqand hokimi deb e’lon qildi va Buxoroga qarshi yurish qildi. Biylarning o‘zboshimchaligiga qarshi qat’iyat bilan kurashayotgan Muhammad Hakimbiy to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, Buxoro ahlining qattiq qarshiligi sababli Rajab Sulton shaharni egallab ololmadi. Buxoro xonligidagi porakandalik, o‘zaro urushlar 1736 yilda Yeronda hokimiyatni egallab, mustahkamlanib olgan Nodirshoh Afshar (1736-1747) e’tiboridan chetda qolmadi va u Buxoro va Xiva xonlarini o‘ziga bo‘ysundirish harakatini boshladi. 1740 yilda Yeron hukmdori Buxoroga qo‘shin tortganda Abulfayzxon og‘ir shartlarga ko‘nib, sulh tuzishga majbur bo‘ldi va Nodirshoh hokimiyatini tan oldi. Abulfayzxonning Yeronga qaramligini tan olish bilan Ashtarxoniylarning mustaqil hukmronligi tugadi. Mamlakat boshqaruvi 1743 yilgacha Muhammad Hakimbiy, uning vafotidan keyin Muhammad Rahimbiy qo‘lida bo‘ldi. Samarqand tarixining muhim tarixiy jarayonlari va mintaqadagi madaniy taraqqiyot Ashtarxoniylar davrida yuz bergan bo‘lib, Ayniqsa, shahar hokimi Bahodir Yalangtushbiy davrida muhim tarixiy jarayonlar ro‘y bergan. Bu masalada avvalo Yalangtush Bahodir shaxsiyatiga to‘xtalib o‘tish darkor. Yalanggo‘shbiy Bahodir Saidqul o‘g‘li, Yalangto‘shbiy, Yalangto‘shbiy otaliq (1576.15.9, Nurota - 1656, Samarqand) – ashtarxoniylar davridagi harbiy-mulkdor zodagonlarning yirik vakili. Olchin qabilasidan. 1626 yilda Samarqand hokimi. Nurota hokimi oilasida tug‘ilgan. U Buxoro xoni Abdullaxon II huzuriga kelib, maxsus harbiy maktabda o‘qigan (1590-93). Bulung‘ur, Loyish, Kattaqo‘rg‘onda tumanboshi lavozimida ishlagan (1593-95). Imomqulixon da’vati bilan Buxoroga kelib, Bag‘dodga o‘qishga yuboriladi (1595-98). 1611 yilda Imomqulixonni taxtga o‘tqazishda faol qatnashgan. Shundan so‘ng Yalangtushbiyning mavqei ortgan, u Samarqandni 1626 yildan amalda mustaqil idora eta boshlagan. Unga otaliq unvoni berilgan. Uning o‘z qo‘shini bo‘lib, atrofdagi tumanlarga bosqinchilik yurishlari natijasida juda katta moddiy mablag‘ to‘plagan. Yalangtushbiy Bahodir Buxoro xonligining barcha harbiy amaliyotlarida faol ishtirok etgan. Chunonchi, 1623 yil va 1631 yil Eron qo‘shinlari Balx viloyatiga kelganda Balx hokimi Nadr Muhammadxonga Yalangtushbiy Bahodir boshchiligida katta qo‘shin yordamga kelgan. 1640 yil Imomqulixon Moskvaga elchilar orqali noma yo‘llab, unda Rus davlatini qalmiqlarga qarshi kurashida Yalangtushbiy Bahodir boshchiligida 12 amir va katta qo‘shin yuborishga tayyor ekanligini bildirgan. 1642 yil Imomqulixonning ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganda Yalangtushbiy Bahodir va boshqa amirlar Balxdan Nadr Muhammadni keltirib taxtga o‘tqazishgan. Nadr Muhammad Yalangtushbiy Bahodirga Qobul atrofidagi Darai-Suf viloyati, Mo‘lg‘on, Kahmerdni hamda tulkichi, sayqanchi, zirangi, qilachi, hazorani kudariy qabilalarini o‘tovlari bilan qo‘shib iqto tarzida in’om etgan. Yalangtushbiy Bahodirning Samarqand oldidagi xizmatlar beqiyos. Ayniqsa, bugungi kungacha hammani hayratga solib turgan Sherdor, Tillakori madrasalari, Mahdumi A’zam masjidi (1618) kabi imoratlarni qurdirgan. Abu Tohirxojaning «Samariya» asarida yozishicha « Yalangtushbiy Bahodirning qabri Samarqand yaqinidagi Dahbedda, Maxdumi A’zamning oyog‘i ostida, sufa ustida, mozor devorining» ichidadur». XVII asr oxirlari – XVIII asr birinchi yarmida esa Samarqand O‘rta Osiyo xonliklaridagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning tanazzuli oqibatida inqirozga yuz tutgan shaharlar jumlasida og‘ir damlarni o‘z boshidan kechirdi. Bu inqiroz ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon (1711–1747 yillar) davrida yanada chuqurlashdi. Muarrix Abdurahmon Tole’ bu davrni quyidagicha ta’riflaydi: “Qisqa qilib aytganda hukmdorning... hukmronlik yillarida hamma tomonlarda isyon va g‘alayonlar kelib chiqib, o‘zbeklar bir-birlari bilan dushman edilar”. Abulfayzxon davrida o‘zining yuqori nuqtasiga chiqqan inqirozni XVIII a. 20-y. Buxoroda bo‘lgan rus elchisi F.Beneveni ham eslatib, Toshkent, Xo‘jand, Balx, Badaxshon, Hisor va boshqa viloyatlar poytaxtlari bilan deyarli mustaqil mulklarga aylanganini ko‘rsatib o‘tgan edi. Samarqand mustaqil Samarqand davlatiga aylandi. Siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda yuzaga kelgan inqiroz Buxoro xonligida Abulfayzxonning obro‘sini tushib ketishiga va hokimiyatning Mang‘it urug‘i vakillari qo‘liga o‘tishiga olib keldi. Birinchi Mang‘it hukmdori bo‘lgan Muhammad Rahim mamlakatda avj olgan siyosiy boshboshdoqlikka qarshi qattiq kurash olib borishga, mamlakatdagi iqtisodiy hayotni izga solishga harakat qildi. Markaziy hokimiyatga Nurota, Kobadiyon, Boysun, Huzor, Zarafshonning yuqori oqimidagi ayrim yerlar hukmdorlarni tobe etgan, Buxoroga Panjikent, Urgut, Jizzax, Zomin va Shahrisabz kabilarni bo‘ysundirgan Muhammad Rahim Samarqandga kelganida davrning barcha injiqliklariga dosh bergan, uning qarama-qarshiliklarini boshidan kechirgan bu markaz bo‘shab qolganining guvohi bo‘ldi. XVIII a. o‘rtalaridagi Samarqand haqida yozgan, keyingi davr muallifi: «O‘rta Osiyoning bir vaqtlar ko‘pchilik musulmon Osiyosining madaniyat va siyosat markazi bo‘lub o‘tgan va chindan «Samarqand firdavsmonand» sifatiga arziyturgan bir yo‘sunda bezangan Samarqand keyingi zamonlarda buzulub quruq bir cho‘lga aylangan edi. Mang‘it amirlarining birinchisi bo‘lg‘on Rahimxon Samarqand muzofotini qo‘lga kirguzamen deb kelganda (h. 1166 (1752) yil boshlarida) Samarqand shahrida jon egasi yo‘q edi, xatto Raboti Xojabandiy to‘g‘oni buzulg‘on va Samarqand suvdan mahrum qolg‘on edi. Rahimxon ushbu safarida (h. 1166 y. jumod as-soniy oyida) Raboti Xoja bandiyni tuzatib Samarqandg‘a suv oqizg‘on bo‘lsa ham odam yo‘qlig‘idan obod bo‘lmadi, - deb yozgan edi. Rossiyalik Ivan Kirillov tomonidan 1734 y. qayd etilgan ushbu ma’lumot ham shahardagi bu holatni tasdiqlaydi. «Samarqand avvalda shuhratli va kuchli davlat bo‘lgan. Hozirda esa... madrasa va ko‘plab arabcha va boshqa tildagi kitoblardan tashqari unda hech narsa qolmagandir». 1790 yilda O‘rta Osiyoda bo‘lgan Novopatrassk mitropoliti Xrisanf ham shahardagi bu holatni tasdiqlab, «Samarqand hozirda bo‘m-bo‘shdir, uni zabt etgan takabbur Buxoro noibi qanchalik harakat qilmasin, uni oldindagidek aholi bilan to‘ldirish borasidagi uning mehnati bekordir», - deb qayd etadi. Bunday ayanchli holga tushgan shahar astasekin aholi bilan to‘ldirib borildi va XIX a. 40 - yillarida uning soni 25-30 ming kishiga yetdi. Murakkab siyosiy voqealar mobaynida poytaxt shahar mavqeini Buxoroga bergan Samarqand hokimiyat tepasiga kelgan oliy hukmdorlarning shaharda joylashgan «ko‘k toshga o‘tirish rasmiy marosimi o‘tkaziladigan markaz sifatidagi ahamiyatini saqlab qoldi. Mir Muhammad Amin-i Buxoriy dunyo hukmronligini orzu qilgan turli hukmdorlar «Samarqandda ... ko‘k toshga o‘tirar edilar», - deb yozar ekan, Ubaydullaxon ashtarxoniy ham «mag‘rurona va tantanovor tarzda yurib, ko‘k toshga o‘tirdi... Buxoro va Samarqand amirlari va ruhoniylari baxtli hukmdorning taxtga o‘tirishi bilan o‘z tabriklarini bildirdilar», - deb qayd etadi. Oliy hukmdorning Samarqandda ko‘k toshga o‘tirish an’anasi XIX asrni birinchi yarmida ham davom etdi. Jumladan, Shohmurodning o‘g‘li, onasi tomonidan ashtarxoniylarga borib taqaluvchi, Abulfayzxonning qizi tomonidan nabirasi Amir Haydar (1800-1826) ni ham mo‘g‘ullar odatiga ko‘ra oq kigizda oliy hukmdor etib ko‘targanlar va Samarqandda ko‘k toshga o‘tqazib, uni rasman hukmdor etib tan olganlar. Bu holatni XIX asrning 20 - yillarida Buxoro xonligida bo‘lgan Ye.K. Meyendorfning ma’lumotlari ham tasdiqlaydi. Uning yozishicha, oliy hukmdor taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazish uchun Samarqandga borishi va Mirzo Ulug‘bek madrasasida turgan ko‘k toshga o‘tirishi lozim edi. «U (ko‘k tosh) to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomonining uzunligi bir yarim sarjin, qalinligi bir arshindir. Bu toshni oq kigiz yopib turadi. Xon o‘tirgach uchlarini ulamolar, fuqarolar, fozillar va sayidlar ushlagan bu kigizni uch marta ko‘taradilar». Shunday qilib, Samarqand XVI-XIX asrning birinchi yarmida Buxoro xonligida kechgan jarayonlarda muhim o‘rin tutdi. Bu shahardan turib dastlabki shayboniylar davlat siyosatini yuritishga harakat qildilar. Ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolasi vakillari ham bu shaharga katta e’tibor qaratdilar. Mamlakatda yuz bergan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning barcha qarama-qarshiliklarini o‘z boshidan kechirsa-da qadimdan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bu shahar o‘zining O‘rta Osiyodagi tarixiy o‘rni va qiyofasini saqlab qola oldi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling