I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari


-mavzu. IX-XII asrlardagi o’zbek davlatchiligining rivojlanish bosqichlarida Samarqandning tutgan o’rni


Download 1 Mb.
bet8/51
Sana14.02.2023
Hajmi1 Mb.
#1198495
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   51
Bog'liq
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi

4-mavzu. IX-XII asrlardagi o’zbek davlatchiligining rivojlanish bosqichlarida Samarqandning tutgan o’rni

IX asrning 20-yillaridan Movarounnahr va viloyatlarini boshqarishga tortildi, jumladan, Samarqandni boshqarish Somoniylar qo‘liga o‘tdi. O‘sha vaqtdan Samarqand – Somoniylar davlatining poytaxti bo‘ldi. 887 yildan birinchi marta somoniylar kumush tangalari Samarqandda zarb qilina bosh­ladi. Somoniylar poytaxti Buxoroga ko‘chirilgandan (889) so‘ng ham Samar­qand Movarounnahrning eng yirik hunarmandchilik va savdo markaz­laridan biri bo‘lib qoldi. XI-asrdan Samarqand Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. XI-asrda Samarqandni Saljuqiylar bosib olgan. XII-asrdan Qora­xitoylarga tobe bo‘lgan. 1210 yildan Muhammad Xorazmshoh davlati tarkibida. 1212 yil samarqandliklar Xorazmshohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan. 1220 yil Chingizxon qo‘shinlari Samarqandga bostirib kirib, shaharga o‘t qo‘ygan va aholining ko‘p qismini qirgan, qolganlari shaharni tark etib omon qolgan. Bir necha yildan so‘ng Samarqand qayta tiklana boshlagan. Samar­qandning mazkur davrdagi tarixi, ayniqsa, shaharning qoraxitoylar davridagi tarixi anchayin kam o‘rganilgan.


1125 yili Xitoyda kidanlarning Buyuk Lyao imperiyasi yemirilgach, kidan urug‘larining bir guruhi Yelyuy Dashi boshchiligida G‘arbga, ya’ni O‘rta Osiyo hududiga yo‘l olib, bu yerda Qoraxitoylar davlatiga asos soladilar. Movarounnahrda qoraxitoylar hukmronligining butunlay o‘rnatilishi 1141 yili Samarqand yaqinidagi Katvon dashtida Sanjar sulton boshchiligidagi saljuq qo‘shini va qoraxitoylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang bilan bog‘liqdir.
Bu jangda Sanjar shu darajada talofat ko‘radi-ki, bu xabar butun musulmon olamini qattiq larzaga soladi. Nizomiy Aruzi Samarqandiy bu voqea to‘g‘risida quyidagilarni yozgan: “Xita gurxoni butun olam sultoni Sanjar bilan jang olib bordi... Samarqand yaqinida va bu kun islom qo‘shini uchun shunday ayanchli ediki, hattoki, Transoksaniya uning hukmronligiga o‘tdi”.
Ibn al-Asir esa bu mag‘lubiyat xaqida shunday deydi: “Ular (ya’ni, qoraxitoylar) 300 ming otliq bilan chiqishdi, Sanjar ham ularga qarshi
o‘z qo‘shini bilan chiqdi. Ular Movarounnahrda uchrashib, dahshatli jang olib borishdi. Sanjar va uning qo‘shini qochdi, ulardan 100 mingtasi o‘ldirilgan edi, shulardan 12 mingtasi sallali kishilar, 4 mingtasi ayollar bo‘lgan, Sanjarning rafiqasi esa asirlikka olingan”.
Bu voqeaning aks-sadosi Falastin va Suriyada musulmonlar bilan jang olib borayotgan salibchilarga ham yetib bordi. G‘arbiy Yevropada esa 1141 yil voqealari asosida afsona vujudga keladi. Unda aytilishicha, Sharqdan musulmon olamiga hujum qilib, Falastindagi o‘z dindoshlariga yordamga Ioann ismli ruhoniy podsho kelmoqda.
Xitoy manbalaridan biri “Lyao shi” da xabar berilishicha, Katvondagi jangdan so‘ng Yelyuy Dashi qo‘shini Samarqandda 90 kun mobaynida qolgan. Undan so‘ng Samarqand va Buxoro oralig‘idagi Szi-ji-man (hozirgi Karmana) shahriga yo‘l oladi. Aynan shu yerda Yelyuy Dashi imperator, deb e’lon qilinadi.
G.G.Pikovning fikriga ko‘ra, qoraxitoylar avval Samarqand hudud­larida qolishni rejalashtirganlar. Ammo, yaylovlarning kamligi hamda yon-atrofning xatarligi Yelyuy Dashini Chu vodiysiga qaytishga majbur qilgan. Katvondagi mag‘lubiyatdan so‘ng Sanjar sulton bilan birgalikda Samarqand hukmdori Mahmudxon ham qochib ketadi. Mahmudxonning Yelyuy Dashidan hadiksirashiga sabab bor edi. Negaki, 1137 yilda u kidanlarga qarshi jangga chiqib, mutlaq mag‘lubiyatga uchragandi.
Bundan so‘ng Mahmudxon Sanjar sulton bilan birlashib, qoraxitoylarga qarshi siyosat olib borgan. Umuman olganda, Mahmudxon Sanjar sultonga
doimo fidokorona xizmat qilgan. Buni Mahmudxon zarb qilgan tangalarda nafaqat o‘zining, balki Sanjarning ismi va unvoni ham qayd etilgani isbotlaydi. Shunday qilib Mahmudxon Samarqandni tark etgach, Yelyuy Dashi Samarqand taxtini uning ukasi Ibrohim ibn Muhammadga topshiradi. U faqatgina rasman hukmdor bo‘lganligi Ibn alAsirning quyidagi ma’lu­motidan ham ko‘rinib turibdi: “U (ya’ni, Ibrohim ibn Muhammad) o‘zining hukmronligi davrida hech qanday xavf-xatar tug‘dirmaydigan zaif hukmdor bo‘lgan... 550 yili (1155-1156) u qarluqlar tomonidan o‘ldirilgan”. Lekin, Ibrohimning kuchsiz hokim bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qaramay, uning ta’sir doirasi nafaqat Samarqandga, balki, Buxoroga ham tarqalgan bo‘lishi kerak.
Ye.A. Davidovich bu hodisa A.K. Markov tomonidan nashr qilingan, ammo, sanasi aniqlanmagan va to‘liq o‘qilmagan bir Buxoro tangasida ham o‘z isbotini topgan, deb ta’kidlaydi. Ye.A. Davidovich tangadagi yozuvni tiklab, uni “Buyuk xoqon Ibrohim ibn Muhammad”, deb o‘qiydi. Tangada xalifa Muqtafi (530/1136–555/1160) nomining qayd etilishi uning zarb qilingan sanasini ko‘rsatadi. Bu esa Ibrohim hukmronligi davri (530/1141–550/1155-1156 yillarga) bilan mos keladi.
Buxoro Ibrohim tomonidan qaysi yo‘l bilan qo‘lga kiritilganligi noma’lum. Chunki, 1141 yili Buxoro Yelyuy Dashi tomonidan Alp-teginga topshirilgan edi. Ibrohimdan keyin ham Samarqandning barcha hukmdorlari qoraxitoy gurxonining hokimiyatini so‘zsiz ravishda tan olganlar. Faqatgina, XII asr oxiri - XIII asr boshida Samarqand tepasiga kelgan Usmon ibn Ibrohim goh Muhammad Xorazmshoh, goh qoraxitoy gurxonining hokimiyatini tan olgan. Ibn al-Asirning yozishicha, 604 (1207-08) yili
Samarqand sultoni ilk bora Muhammad Xorazmshoh bilan birlashib, qoraxitoylarga qarshi urush olib borgan. 606 (1209-10) yili Xorazmshoh bilan Usmon yana ittifoq tuzib, qoraxitoylarni jangda tor-mor ettirishadi.
Ye.A. Davidovich fikriga ko‘ra, birinchi ittifoqda ikkala tomon ham teng huquqli kelishuv tuzgan edi. Buni 605 (1208-09) yili zarb etilgan Samarqand tangalari ham tasdiqlaydi. Ushbu tangalarda faqat Usmon nomi zikr etilgan. 606 (1209-10) yilda tuzilgan ittifoq esa Usmonni Xorazmshohning ustunligini tan olishga olib keldi. 606 (1209-10) yili zarb qilingan
Samarqand tangalarida ham Usmon, ham Xorazmshoh nomlari qayd etilgan. Bundan tashqari 607 yili ham bu kabi tangalar chiqarilgan. Shundan kelib chiqqan holda, Xorazmshoh bilan Samarqand sultonining qoraxitoylarga qarshi ittifoq tuzishi uch marta bo‘lgan, degan fikrga kelish mumkin.
604 yildagi Xorazmshoh bilan bo‘lgan birinchi ittifoqdan so‘ng Usmon yana qoraxitoylar tomoniga o‘tgan va gurxonning qiziga sovchilar yuborgan. Ammo, rad javobini olgach, yana Xorazmshoh tomoniga o‘tgan. Lekin, bu safar Xorazmshohning ustuvorligini tan olib, Samarqand tangalariga uning nomini kiritgan. Gurxon buni eshitgach, Samarqandga bostirib kelgan va avval Usmonga uzatishni istamagan qizini turmushga bergan. Ammo, nayman hukmdori Kuchluk xon bilan bo‘lgan nizolarning kuchayganligi tufayli, gurxon Samarqand bilan sulh tuzib ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Bu esa Usmon bilan Muhammadning yana birlashishiga olib keldi. Va aynan bundan keyin 607 (1210- 11) yili qoraxitoylarning Tayanku boshchiligidagi qo‘shini Xorazm va Samarqandning birlashgan armiyasi tomonidan tor-mor ettiriladi. Bu yili ham Usmon tomonidan yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ikki ismli tangalar zarb etilgan.
Juvayniyga ko‘ra aynan shundan keyin Usmon Xorazmda qolib, Xorazmshohning qiziga uylanadi. Usmon Samarqandga qaytgach, Xorazm xaloskorlarining harakatlaridan shu darajada g‘ashi keladiki, yana qoraxitoylar tomoniga o‘tib ketadi. Bundan xabar topgan Muhammad Xorazmshoh Samarqandga yurish qilib, Usmonni asir oladi va uni qatl ettiradi. Shu tariqa, Samarqand Xorazmshoh qo‘liga o‘tib ketadi.
Yuqoridagi ma’lumotlarni tahlil qilgan holda, qoraxitoylar hukmronligi davridagi Samarqandning siyosiy hayoti to‘g‘risida quyidagi xulosalarga kelish mumkin. Samarqand hukmdori gurxon tomonidan tayin­langan, lekin bu hodisa faqatgina rasmiy ko‘rinishga ega bo‘lgan. Gurxon Samarqandning ichki hayotiga deyarli aralashmagan. Hattoki, Movaro­unnahrning boshqa hududlarida ham bo‘lgani kabi Samarqand hukmdori ham o‘z nomidan tangalar zarb ettirgan. Samarqandda gurxonning vakili Samarqand hukmdori bilan yonma-yon tursada, uning asosiy vazifasi gurxonga beriladigan o‘lponning vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘lgan.
XIII asrgacha Samarqand hukmdorlari gurxonning hokimiyatini tan olib, o‘lponni vaqtida to‘lab kelganlar. Va qoraxitoylarga hech qanday itoatsizlik qilmaganlar. Ammo, Usmon hukmronligi davrida vaziyat o‘zgaradi. Usmon goh Xorazmshoh, goh qoraxitoylar tomonida bo‘lib, oxiri Samarqandning Xorazmshoh qo‘liga o‘tib ketishiga sababchi bo‘lib qoladi. Umuman olganda, qoraxitoylar hukmronligi davrida Samarqand siyosiy va iqtisodiy
hayotida o‘z mavqeini yo‘qotmagan edi. Samarqandda hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlanishi davom etgan. Qoraxitoylar davrida Samarqandni tavsif etgan Dao monaxi Chan-Chun bu shahar haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Butun shahar oltin kabi yarqirayotgan mis idishlarga to‘la, bozorlarda esa dao ko‘ylagiga o‘xshash harbiy kiyimlar mavjud. Pichoq va arralar oltindan – tovar va hadyalar uchun; kiyimlarni nafis va yupqa oq jun matodan tikishadi. Ajoyib qovunlar va oq tut mevalari: oh, qaysi xitoylik ularni tatib ko‘ra olar ekan!”.
Qoraxitoylar imperiyasida ichki va tashqi savdo-sotiq munosabatlari yuqori darajaga qo‘yilgan edi. Ma’lumki, gurxon hokimiyati ostida turli ijtimoiy-iqtisodiy pog‘onalarda turuvchi xalqlar va urug‘lar birlashtirilgan edi. Ular bir-biridan o‘zining xo‘jalik turmush tarzi bilan farqlansalarda, shu bilan birga bir-biridan juda manfaatdor edilar.
Dehqonlar chorvaga, chorvadorlar esa doimo dehqon mahsulotlariga zarurat sezib turganligi bilan bir qatorda ikkala tomonning ham chet el mollariga ehtiyoji bo‘lgan. Shuning uchun imperiyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lgani kabi Samarqandda ham turli tildagi savdogarlarning so‘zlari quloqqa chalinib turgan. Samarqand savdogarlari Misr, Mag‘rib, Xitoy, Oltin imperiya kabi chet mamlakatlariga ham o‘z mahsulotlari bilan tez-tez chiqib turganlar.
Shu bilan birga Qoraxitoy imperiyasining yirik shaharlarini birlashtirib turuvchi ko‘plab karvon yo‘llari ham butun mamlakat bo‘ylab o‘tgan edi. Ushbu yo‘llar orasida Samarqanddan Balxga, Hirotdan Samarqandga, Samarqandan Isfijobga bo‘lgan yo‘llar, u yerlardan esa Uyg‘ur yerlari, Xitoy va Xotan hududlariga bo‘lgan yo‘llar juda mashhur edi.
Ushbu o‘lkalarga keltirilgan mol va mahsulotlar turlicha bo‘lgan: qurol-aslaha, qullar, atir-upa, ipak, idish-tovoq, qimmatbaho toshlar, otlar, tuyalar, xo‘kiz, echki, jun, teri va boshqalar. Shuni aytib o‘tish kerak-ki, bir necha o‘n ming dinor miqdoridagi molga ega bo‘lgan savdogarunchalik boy hisoblanmas edi. Demak, mamlakatdagi iqtisodiy hayot va savdo-sotiq munosabatlarining rivojlanganligi, qoraxitoylar ushbu hududda siyosiy barqarorlik muhitini yarata olganligidan dalolat bermoqda.



Download 1 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling