I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari
-mavzu:Amir Temur va Temuriylar davlati madaniy taraqqiyotida Samarqandning tutgan o’rni
Download 1 Mb.
|
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi
6-mavzu:Amir Temur va Temuriylar davlati madaniy taraqqiyotida Samarqandning tutgan o’rni
REJA: Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda me’morchilik va hunarmandchilik Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda bog’dorchilik Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda ilm-fan taraqqiyoti. Mirzo Ulug’bek akademiayasi. Tayanch tushunchalar: Amir Temur jome’ masjidi, koshingarlik, naqqoshlik, Mirzo Ulug’bek madrasyi oliyasi, Ulug’bek rasadxonasi, Ulug’bek akademiyasi, G’iyosiddin Jamshud, Ali Qushchi, ziji jadidi Ko’ragoniy, Alisher Navoiy. 1. Samarqand Amir Temur davrida u tuzgan imperiyaning poytaxtiga aylantirildi. Bu davrda shahar qiyofasi, undagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot misli ko’rilmagan darajada yuksaldi. Geografik jihatdan qulay mintaqada joylashgan Samarqand qit’alararo o’tadigan Buyuk ipak yo’lining tarixiy chorrahasida edi. Bundan tashqari, Samarqandning mo’tadil ob-havosini, zilol suvlarini, unumdor tuprog’i, mard va shijoatli xalqi ham Amir Temurni o’ziga rom qilgan bo’lsa ajabmas. 1370 yilning kuzida Amir Temur Samarqandda katta qurultoy chaqiradi va unga barcha amirlar, beklar, lashkarboshilar, olimu ulamolar, shariat peshvolarini chorlaydi. Qurultoyda milliy davlatchilikni qayta tiklash va rivojlantirish bilan bog’liq muhim masalalar muhokama qilinadi. Qurultoyda poytaxt Samarqandda qilinishi lozim bo’lgan ishlarga ham alohida e’tibor beriladi. Shu bois amir Dovud devondagi mansabiga qo’shimcha ravishda Samarqand dorug’asi etib tayinlanadi. Amir Oqbug’o Samarqanddagi qurilishlarga ketadigan xarajatlar bo’yicha mutassaddi qilinadi. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Amir Temur bunyod qilinadigan shahar atrofini baland va mustahkam mudofaa devori bilan o’rash haqida farmon chiqargan. Amir Temur Samarqandni qayta qurishda, shahar istehkomlari, uning obodonchiligi, farovonligi va xushmanzaraligiga alohida e’tibor beradi. Davlatni yaxshi boshqarish uchun devonxona - Arki a’lo zarurligini yaxshi bilgan sohibqiron uni shaharning g’arbiy tomonidagi tepalik ustida barpo qilishga kirishadi. O’ttiz to’rt gektar maydonni egallagan ark ikki qator mudofaa devori bilan o’ralgan. Mudofaa devorining tashqi tomonidan chuqur va keng xandaq qazilib, u Novadon arig’ining suvi bilan to’ldirilgan. Arkning ichi ikki qismga ajratilgan bo’lib, uning shimoliy tomonida ma’muriy binolar hamda harbiy maqsadda foydalaniladigan inshootlar joylashtirilgan. Janubiy qismida esa zodagonlarning turar joylari qad rostlab turgan. Arkning ichida Ko’ksaroy va Bo’stonsaroy nomli ikki ajoyib, hashamatli qasrlar ko’kka bo’y cho’zgan. Ko’ksaroy to’rt qavatli bo’lib, uning moviy gumbazi uzoq-uzoqlardan ko’rinib turgan. Ko’ksaroy haqida Mirzo Bobur «Boburnoma» asarida bunday yozadi: «Samarqand arkida Temurbek bir ulug’ ko’shk solibtur, to’rt oshyonlik, ko’k saroyga mavsum va mashhur va bisyor oliy imorattur». Ko’ksaroyda Amir Temurning taxti, xazinasi va boy kutubxonasi saqlangan. Bu yerda sohibqiron xorijdan kelgan elchilarni hamda saroy a’yonlarini qabul qilgan. Amir Temurdan keyin ham Ko’ksaroy Temuriy hukmdorlar uchun rasmiy saroy vazifasini o’tagan. Samarqand shahri bosh reja asosida qurilgani bois Bo’stonsaroy, Ko’ksaroy, Qutbi Chohordahum, Ruhobod va Amir Temur maqbarasi, Muhammad Sulton madrasasi va xonaqohlari bir qatorda joylashgan. Bu binolarning yuksak va mahobatli ko’rinishi Samarqandga alohida ko’rku tarovat, ulug’vorlik bag’ishlagan. Tarixiy manbalarda shaharda maydonlar, hovuzlar, favvoralar, ko’chalar, masjid va madrasalar barpo qilingani haqida ma’lumot beriladi. Samarqand shahristoni ham mustahkam mudofaa devori bilan o’ralgan bo’lib, shaharga oltita darvoza orqali kirilgan. Mudofaa devorining shimoliy qismida Shayxzoda va Temir darvoza (Ohanin) bo’lgan. Sharqiy tomonda esa Feruza darvozasi qurilgan. Amir Temurning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan Samarqandda 20 dan ziyod mahobatli me’morchilik inshootlari barpo qilingan. Bu inshootlarning loyihalarini shaxsan Amir Temurning o’zi ko’rib chiqib, zarur o’zgartirishlar kiritgani, loyihalar mukammal holatga keltirilganidan so’nggina tasdiqlangani to’g’risida Sharafiddin Ali Yazdiy va Nizomiddin Shomiy kabi tarixchilar qayd etganlar. Oqsaroy, Ruhobod, Amir Temur, Bibixonim, Qutbi Chohardahum, Shohi Zinda kabi maqbara majmualari, Ko’ksaroy va Bo’stonsaroy kabi qasrlar, Jome masjid, Tuman oqa xonaqohi, Bibixonim va Muhammad Sulton madrasalari shaharga salobat bag’ishlagan. Amir Temurning sharq shaharsozligiga kiritgan yana bir katta yangiligi Samarqandning ichkari va tashqarasida biri-biridan go’zal, bahavo 12 ta bog’-saroyning barpo qilinganida yaqqol ko’rinadi. Bu bog’larning markazida hashamatli ko’shklar ham barpo qilingani uchun ular bog’-saroylar, deb atalgan. Bog’-saroylarning nomlari, joylashgan o’rni va tuzilishi haqidagi ma’lumotlar, asosan, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy va ispan elchisi Klavixo asarlarida qayd etilgan. Bog’-saroylarni bezashda o’sha zamonning mohir va qo’li gul ustalari, naqqosh, duradgor hunarmandlari, musavvirlarning xizmatlari katta bo’lgan. Bog’-saroylarning devorlariga Eron, Dashti Qipchoq va Hindistondagi jang lavhalari, Amir Temurga elchilar tomonidan sovg’a keltirish marosimlari, ov manzaralari va sayllar, bazm sahnalari chizilgan. Samarqand shahrining ichida va atrofida barpo qilingan Bog’i Naqshi Jahon, Bog’i Behisht, Amirzoda Shohruh bog’i, Bog’i Bo’ldu, Bog’i Jahonnamo, Bog’inav, Bog’ishamol, Davlatobod kabi bog’-saroylar XIV-XV asrlardagi Sharq shaharsozligi va me’morligidagi yangi hodisa edi. Bu tajriba keyinchalik Movarounnahr, Xuroson va Hindistonda ham temuriy hukmdorlar tomonidan keng yoyilgan. Samarqand, alohida maqomga ko’ra, davlat ichidagi davlatga o’xshar edi. Alohida muhtasiblar bozorlardagi tartib-qoidani, tozalikni, tarozi toshlarining to’g’riligini, narx-navoni nazorat qilib borgan. Yana bir guruh muhtasiblar esa shariat qonunlari bajarilishini va vaqf ishlarini kuzatib borgan. Shu bois ispan elchisi Klavixo quyidagilarni yozgan: «Samarqandda qonunga qattiq rioya qilinadi, janob (Amir Temur)ning ruxsatisiz bir kishi ikkinchi kishini xafa etishi yoki birovga nisbatan zo’ravonlik qilishi mumkin emas». Tabiiyki, Amir Temur davridagi Samarqandni ilm-fan, san’at va madaniyat, ma’naviyat rivojisiz tassavur qilib bo’lmaydi. Amir Temur yuksak madaniyat va ma’naviyat homiysi bo’lgani uchun bepoyon davlati hududlaridan olimlar, shoirlar, musavvirlar, musiqachilar, me’morlar, iqtidorli usta, hunarmandlarni Samarqandga chorlaydi. Ularga g’amxo’rlik qiladi. Amir Temurning o’zi, xotinlari, o’g’il va nabiralari Samarqandda muhtasham madrasalar, xonaqohlar, bog’ va hammomlar bunyod qiladi. Ana shunday qulay sharoit tufayli Samarqand XIV-XV asrlarda Sharqning ulkan ilm-madaniyat markaziga aylanadi. Amir Temur davrida bu yerda Abdujabbor Xorazmiy, Shamsiddin Munshiy, Nu’moniddin Xorazmiy, Xo’ja Afzal, Olovuddin Koshiy, Jalol Hiriy, Xo’ja Muhammad Zohid kabi mashxur olimlar yashab ijod qilgan. Bu davrda Samarqand Abdulmalik Samarqandiy, Ismat Buxoriy, Bisotiy, Lutfulloh Nishopuriy singari shoirlari bilan she’riyat olamida dong taratgan. Agarda Amir Temur davrigacha Samarqandda fors tilli nazm rivojlangan bo’lsa, Sohibqiron va uning vorislari davriga kelib esa turkiy tildagi she’riyat ham yuksak cho’qqiga ko’tarilgan. Chunonchi, To’g’li Xo’ja, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy, Xalil Sulton kabi shoirlar turkiy she’riyatni rivojlantirgani ma’lum. Arki a’loning ichidagi Ko’ksaroyda sohibqironning bir necha ming nusxa noyob qo’lyozmalarni o’zida jamlagan ulkan kutubxonasi bo’lgan. Bu yerda o’z kasbining mohir ustasi bo’lgan xattotlar, miniatyurachi rassomlar, qo’lyozmalarni bezaydigan naqqoshlar, muqovachilar mehnat qilgan. Ular noyob kitoblarni Samarqand qog’oziga ko’chirgan, yangi kitoblarni esa ko’p nusxada ko’paytirgan. Shu sababli Amir Temur kutubxonasini o’sha davrning noyob ijodiy ustaxonasi edi, deyish mumkin. Sohibqironning nabirasi Boysunqur Mirzo bobosidan ibrat olib, 1420 yili Hirotda xuddi shunday kutubxona tashkil qilgan. Umuman, Amir Temur, Boysunqur Mirzo va Mirzo Ulug’beklar davrida Samarqand hamda Hirotda yaratilgan noyob kitoblar bugungi kunda dunyoning mashhur kutubxonalari va muzeylarida saqlanmoqda. Samarqand rangtasvir san’ati XIV-XV asrlarga kelib jadal rivojlanadi. Ayniqsa, devoriy, syujetli va manzarali rangtasvir ravnaq topadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, musavvirlar saroy devorlariga Sohibqironning hayoti va faoliyati, oila a’zolarining turmush tarziga hamda aslzodalar turmushini aks ettiradigan rang-barang suratlar chizgan. Bu suratlarda Amir Temurning olimu ulamolar, elchilar bilan qurgan suhbatlari tasvirlangan. Shahardagi Shirinbeka oqa, Tuman oqa va Bibixonim maqbaralarining ichki devorlari manzarali lavhalar bilan bezalgan. Ganchdan qilingan oq fonga ko’k buyoqlar bilan chizilib, oltin suvi yuritilgan bu manzaralar barchani lol qoldirgan. Maqbaralar devorlariga chizilgan manzarali rangtasvirda, asosan, afsonaviy jannat bog’lari tasvirlanganini tadqiqotchilar qayd qilganlar. Amir Temur davrida paydo bo’lgan manzarali rangtasvir san’ati an’analari XVII asrda yangi bosqichga ko’tarilib, Yalangto’shbiy Bahodir bunyod qilgan Sherdor va Tillakori madrasalari peshtoqida o’z ifodasini topgan. Temuriylar davrida miniatyura san’ati ham tez taraqqiy qildi. Bu san’at turi qo’lyozmalarni badiiy bezash ishlari bilan uyg’un holda kamol topib borgan. Samarqand milliy miniatyura san’ati rivojida musavvir Abulhayning xizmatlari katta bo’lgan. Abdulhay 1396 yildan boshlab Samarqandda yashagan va ko’plab shogirdlar tayyorlagan. Uning shogirdlaridan Pir Ahmad Bog’ishamoliyning nomi bizga yaxshi ma’lum. U Amir Temur barpo ettirgan Bog’ishamol bog’idagi ko’shkni bezashda ishtirok etgan va bog’ning nomini o’ziga taxallus qilib olgan. Amir Temur davrida yaratilgan noyob miniatyuralar bugun Istambul, Parij, London, Vashington, Sankt-Peterburg kabi shaharlarning muzey hamda kutubxonalarida saqlanmoqda. Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand kulolchiligida badiiy sopolchilik alohida ajralib turgan. Rang-barang bezaklar, buyoqlar bilan bezatilgan idish-tavoqlar kundalik ro’zg’or idishlaridan ko’ra ko’proq san’at namunalariga yaqin turgan. Shu o’rinda buyuk nemis shoiri Gyotening «Madaniyati yuksak bo’lgan xalqlarning ro’zg’or buyumlari ham san’at asarlariga aylanib ketadi» degan gaplarini eslash o’rinli. Amir Temur va temuriylar davri badiiy kulolchiligiga nazar soladigan bo’lsak, bu davrda yangi uslublar, shakllar, bezaklar kashf qilinganiga guvoh bo’lamiz. Samarqand kulollari mahalliy koshin asosida oq-sutrang xom ashyo yaratib, unga kobalt bilan surat chizishni kashf qilishadi. Bunday usulda yasalgan idishlar jarangi va nafisligi bilan xitoy chinnisidan qolishmagan. Bu davrdagi kulolchilik idishlari XII-XIII va XVI-XVIII asrlardagi sopol idishlardan alohida ajralib turadi va O’rta Sharq kulolchiligida o’z o’rniga ega. Shu sababli bu uslub hunarmandchilik tarixida «temuriylar uslubi» degan nom bilan alohida belgilangan. Metallga badiiy ishlov berish san’ati Amir Temur davlatida, ayniqsa, poytaxt Samarqandda juda rivojlangan tarixiy manbalarda va keyingi davrlarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda qayd qilingan. Mohir ustalar oltin, kumush, mis va bronzadan har xil idish-tovoqlar, shamdonlar, qurol-yarog’lar yasagan. Qimmatbaho metallardan ishlangan idish-tovoqlar, qadah, ko’za va oftobalar Amir Temur uyushtirgan sayl, bazm, to’ylarda hamda elchilarni qabul qilish marosimlarida ishlatilgan. O’sha davrda yasalgan qandillar juda hashamatli, qimmatbaho bo’lganini tarixchi Ibn Arabshoh yozib qoldirgan. Registon maydonida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar paytida topilgan 60 dan ziyod metall buyum XIV-XV asrlardagi Samarqand chilangarlik maktabining yuksak cho’qqilarga ko’tarilganini yaqqol isbotlaydi. Bu yerda topilgan bronza va misdan yasalgan ko’zalar, oftobalar, laganlar, kosalar, shamdonlar, eshik dastalarining sirtiga ustalar nozik kumush iplardan ajoyib naqshlar solganki, ular jilosi bilan kishini hayratga soladi. Amir Temur davrida Samarqandda zargarlik, shishasozlik, sangtaroshlik, temirchilik ham yaxshi rivoj topgan. Ularning ayrim namunalari dunyoning turli muzeylarida saqlanmoqda. Temurning harbiy yurishlari, bazm, sayl va to’ylari, qabul marosimlari musiqasiz o’tmagan. Samarqandda iste’dodli bastakorlar, sozandalar, xonanda va raqqoslar yashab ijod qilgan. Mashhur bastakorlardan biri-Abdulqodir Marog’iy (1340-1435) bo’lgan. Sohibqiron dovrug’ini eshitib, bu musiqachini Bag’doddan Samarqandga ko’chirib kelgan. Xo’ja Abdulqodir Marog’iy 200 dan ortiq asar va usul yaratgani ma’lum. U Musiqa nazariyasiga oid «Maqosid ul-alxon», «Jome ul-alxon», «Kanz ul-alxon», «Sharq ul-advor» kabi asarlar muallifi bo’lishi bilan birga, barcha maqomlarga yangi bo’limlar kiritgan bastakor hamdir. Aynan shu davrlarda Samarqandda Abdullatif Damg’oniy, Mahmud Xorazmiy va Jaloliddin Xorazmiy kabi xushovoz xonandalar yashagani ma’lum. Samarqandda yog’och o’ymakorligi ham taraqqiy qilgan. Yong’oq va tut kabi pishiq yog’ochlardan yasalgan eshiklarning sirtiga geometrik va o’simliksimon naqshlar solingan, husnixat bilan ishlangan yozuvlardan esa qo’shimcha bezak sifatida foydalanilgan. Samarqanddagi Shohi Zinda va Amir Temur maqbaralariga o’rnatilgan yog’och eshiklar yuksak darajadagi san’at asarlari sifatida qadrlanadi. Ularning ayrim namunalari bugungi kunda Angliyada, Nyu-Yorkdagi metropoliten, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeylarida saqlanmoqda. Qisqacha aytganda, Amir Temur oz fursat ichida Samarqandda san’at va madaniyatni shaharsozlikni, me’morchilikni yuksak cho’qqilarga ko’tardi. Bu yerdagi madaniy jarayonlarning dunyo olimlari tomonidan «Temuriylar Renessansi» deya baholanishi ularning umumbashariy tafakkur rivojida qanchalik ulkan ahamiyat kasb etganining haqqoniy e’tirofidir. Sohibqiron Amir Temurdan so’ng bobosining bunyodkorlik, homiylik ishlarini davom ettirib, Samarqandning, umuman, temuriylar davlatining shon-shuhratini yuksak cho’qqilarga ko’targan Mirzo Ulug’bekdir. U 1411 yildan 1447 yilgacha Movarounnahrni o’zi boshqargan bo’lsa-da, lekin tangalarni otasi Shohruh nomidan zarb qildiradi, juma namozidagi xutbaga ham uning nomi qo’shib o’qiladi. Amir Temurdan keyin poytaxt Samarqandning obodonchiligi, ilm-fani va madaniyatining gullab-yashnashi borasida eng katta xizmat qilgan temuriy hukmdor Mirzo Ulug’bek hisoblanadi. Tarixiy manbalarda Ulug’bek davrida Samarqand hayoti xuddi Amir Temur davridagidek davom etgani haqida yozilgan. To’ylar, bayramlar avvalgidek kuy-qo’shiqlar bilan o’tgan. Mirzo Ulug’bek islom dini va ilm-fani taraqqiyoti yo’lida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Uning shaxsiy tashabbusi bilan hozirgi Registon maydonida hashamatli madrasa, Muqatta masjidi va xonaqoh barpo qilingan, shu xudud atrofida karvonsaroy va hammom qurilgan. Bundan tashqari, Ulug’bek sohibqiron bobosiga taqlid qilib, Cho’ponota tepaligining g’arbiy etagida Bog’imaydon va Chinnixona nomli ikkita bog’-saroy bunyod qildirgan. 1417-1420 yillarda qurib bitkazilgan Ulug’bek madrasasining birinchi mudarrisi Mavlono Xavofiy bo’lgan. Keyin bu madrasaga uzoq vaqt mobaynida mashhur alloma Qozizoda Rumiy mudarrislik qilgan. Tarixiy manbalarda Qozizoda Rumiyning ma’ruzasini eshitish uchun Abdurahmon Jomiy Hirotdan Samarqandga maxsus kelgani aytilgan. 1420 yilda Obi Rahmat arig’ining yoqasida rasadxona qurilishi boshlanadi. Silindr shaklli, uch qavatli bu inshoot 9 yil mobaynida qurilgan. Qurilish tugashi bilanoq, binoda ilmiy ishlar boshlanadi. Bu yerda Mirzo Ulug’bek boshchiligida Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G’iyosiddin Jamshid Koshiy kabi mashhur olimlar kechayu kunduz yulduzlar ilmi bilan shug’ullanadi. Rasadxonada olib borilgan uzoq va mashaqqatli ilmiy kuzatishlarning natijasida «Ziji jadidi Ko’ragoniy», ya’ni «Ko’ragoniyning yangi jadvali» nomli fundamental asar yozib tugallanadi. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Mirzo Ulug’bek davrida Samarqandda 100 dan ziyod yetuk alloma ilm-fanning turli sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Mirzo Ulug’bek yaratgan bu ilmiy maktab fan tarixiga «Dorul Hikma» («Donishmandlar uyi») nomi bilan kirgan. Mirzo Ulug’bek davrida Samarqandga Xitoy va Tibetdan bir necha bora elchilar kelgan. O’z navbatida Ulug’bekning elchilari ham Xitoyga borgan. U hukmronlik qilgan davrda poytaxt Samarqand, Movarounnahr xalqining iqtisodiy ahvoli birmuncha yaxshilangani ma’lum. Ulug’bek, xuddi bobosi Amir Temur kabi, «tamg’a» solig’ini joriy qilib, boshqa soliqlarni yengillashtirdi. Ulug’bekning adolatli siyosati tufayli 1449 yilgacha Movarounnahrda biror marta ham xalq qo’zg’oloni bo’lmagan. Xulosa qilib aytganda, Samarqand shahrining 2750 yillik tarixidan 130 yili temuriylar saltanati poytaxti sifatida sha’nu shavkatga yo’g’rilgan holda o’tdi. Ayniqsa, Amir Temur va Mirzo Ulug’bek hukmronligi davrida bu yerda bunyodkorlik, ilm va madaniyat misli ko’rilmagan darajada rivojlanib, keyinchalik bu davr butun dunyoda «Temuriylar Renessansi» deb nom oladi. Shu sababli Samarqand 1370 yildan to 1500 yillargacha bo’lgan davr shahar tarixining eng yorqin sahifasiga aylandi. Sohibqiron Amir Temurning say’i harakati bilan XIV asrning ikkinchi yarmi XV asrlarda Movarounnahr va Xurosonda ilm-fan va madaniyatning rivojlanib sivilizasiyaning yangi bosqichiga ko’tarildi Markazlashgan mustaqil davlatning barpo etilishi, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Sohibqiron birinchi navbatda Movarounnahr olimlarini o’z davlatining poytaxti Samarqandga yig’di. Uning maqsadi IX-XII asrlarda bo’lgani kabi islom dunyosining ilmiy markazlari bo’lgan Xorazm va Bag’dod fanlar akademiyasining an’analarini Samarqandda tiklashdan iborat edi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda Amir Temur o’zi istilo etgan mamlakatlardan ko’plab etuk olimlarni, tabiblarni, san’atkor va hunarmandlarni, me’morlar va kosiblarni Movarounnahrga olib kelgan. Ularga erkin faoliyat ko’rsatish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan. Nizomiddin Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Mahmud Dehlaviylarning bergan ma’lumotlariga ko’ra Amir Temurning ilm-fan, madaniyat va boshqa kasb egalariga bo’lgan hurmati va ko’rsatgan amaliy g’amxo’rligi keyinchalik dunyoning ko’pgina mamlakatlaridan ko’plab olimlar, san’atkorlar, me’morlar va mohir ustalarning o’z ixtiyori bilan Samarqandga kelishiga sabab bo’ldi. Ba’zan go’yo, Amir Temur o’zi bosib olgan mamlakat olimlari, hunarmandlarini Samarqandga zo’rlik bilan olib kelgan degan o’ylar ham mavjud bo’lgan. Ayrim olimlar Amir Temurga o’z uzrlarini aytib, Samarqandga bormaslikka ham jur’at etganlarida Sohibqiron bunga qarshilik ko’rsatmagan. Masalan, Damashq va Xalab zabt etilganda u erlarda yashagan mashhur tarixchi olim Ibn Xoldun Temur bilan suhbatlashib, Samarqandga bormaslikka uni ko’ndiradi va tez orada Misrga borib, bosh qozilik mansabiga musharraf bo’ladi. Ammo bunday istisnolardan qat’iy nazar, o’sha zamonning barcha yirik olimlari Samarqandga borishni o’zlari uchun sharaf deb bilar edilar. Shundaylardan biri O’rta Osiyo falsafiy tafakkuri tarixida o’chmas iz qoldirgan faylasuf Sa’diddin Taftazoniy edi. U 1332 yilda Ashxobod yaqinidagi, Niso shahri atrofidagi Taftazon qishlog’ida tug’ilgan. O’n olti yoshgacha Sa’diddin ilohiyot fanlarini, arab tili, nutq san’ati va mantiq sohalarini mukammal egalladi. Taftazoniyning 16 yoshida yozgan birinchi ilmiy asari unga shuhrat keltirdi va uni madrasada mudarrislik qilish huquqini qo’lga kiritishiga sabab bo’ldi. 1340-1372 yillar ichida Taftazoniy, G’ijduvon, Jom, Turkiston, Hirot va Movarounnahrning boshqa shaharlaridagi madrasalarida dars berib, yirik olim sifatida shuhrat qozondi. Natijada Sohibqiron Amir Temur undan xabar topib, Samarqandga chaqirdi. U umrining oxirigacha saroyda yashadi va 1392 yil 12 avgustda vafot etdi. Shu davrning yana bir zabardast faylasufi Mir Sayid Sharif Jurjoniy 1387 yilda Samarqandga kelib 20 yil samarali ijod etdi va faqat Temur vafotidan keyingina She’rozga qaytib, 1413 yilda vafot etdi. Jurjoniy Samarqandning mashhur madrasalarida falsafa, mantiq, falakiyot, fikh, til va adabiyotdan dars berib o’zidan yaxshi nom qoldirdi. Amir Temur hukmronligi davrida Samarqand shahrida to’plangan fikh olimlaridan Mavlono Abdumalik sohibqiron hurmatiga sazovor bo’lganlardan biridir. Amir Temur g’amxo’rligida ijod qilgan olimlardan No’moniddin Xorazmiy, Xoja Muhammad az-Zohid al Buxoriy va boshqalar ilm-fanning rivojlanishiga o’zlarining tegishli hissalarini qo’shdilar. Amir Temur qur’oni Karimni yaxshi biladigan etuk qorilarning ham hurmatini joyiga qo’yib, ularga shart-sharoit yaratib berishni o’zgalardan ham talab qilgan. Natijada mashhur qorilardan Mavlono Faxriddin, qur’oni qiroatda ham, savtda ham tavjid bilan yod olgan hofizlardan Abdulatif ad-Domqoniy, Mavlono Asouddin, Sharif Hofiz al-Husayniy, Mahmud Muhriq al Xorazmiy va Jaloliddin Ahmad al Xorazmiylar madaniy-ma’rifiy ishlarni boyitishga o’zlarining salmoqli ulushlarini qo’shdilar. Amir Temur davrida davlat tili turkiy til bo’lganligi uchun uning rivojiga katta e’tibor berdi. Manbaalarda yozilishicha u tiniq turk shevasida chiroyli gapirgan va yoza bilgan. Amir Temurning ilm-fan va madaniyat ravnaqi yo’lida qilgan xizmatlaridan yana biri shuki, uning shaxsan o’zi Samarqandda kutubxona tashkil etishga boshchilik qilgan. U o’z kutubxonasi uchun butun Movarounnahr va istilo qilgan mamlakatlardan nodir kitoblar nusxalarini yig’dirdi. qo’lyozmalarni ko’chirish va kitoblar chop etish ustaxonalarida milliy kitob san’atining eng yaxshi ustalarini to’plagan. Amir Temur davlatni yuksaltirishda ilm-fanning ahamiyati katta ekanligini yaxshi bilgani holda, u o’z vaqtida bu masalaga o’g’illari, nabiralari e’tiborini qaratgan. Samarqandda tashkil etilgan sulolaviy kutubxona uning nabirasi Ulug’bekka meros bo’lib qoldi. Bu buyuk olimning xizmatlaridan biri shuki, u o’z davrida sulolaviy saroy kutubxonasini ko’plab yangi kitoblar, qo’lyozmalar bilan boyitdi. Muhammad Tarag’ay Ulug’bekning tarixdagi o’rni uning davlat arbobi sifatidagi ko’pyillik faoliyatidan ko’ra ham afzalroq buyuk olimlik, ilmu-urfon homiysi maqomidagi o’lkan xizmatlari bilan belgilanadi. Ulug’bek farmoni bilan 1417 yilda Buxoroda, 1417-1420 yillarda Samarqandda va 1433 yilda Fijduvonda madrasalar qad ko’tardi. Ulug’bek atrofida uyushgan ko’plab buyuk qomusiy olimlar qozi zoda Rumiy, Fiyosiddin Jamshid Koshiy, Muhammad Ali Kushchi, Muhammad Xavofiylar ilm fanning turli sohalarida, ayniqsa astronomiya, matematika singari aniq fanlar bo’yicha barakaliijod qildilar hamda o’zlaridan salmoqliilmiy meros qoldirib ketdilar. Ulug’bek rasadxonasida 1018 tayuldo’zlar harakatiga oid jadval to’zildi. Uning qalamiga mansub “Ziji kurogoniy” asari o’zining ilmiy echimlari, xulosalari bilan hozirga qadar ham jahon olimlari e’tiborini qozonib kelmoqda. Mirzo Ulug’bek “Turt ulus tarixi” nomli tarixiy asar hamda musiqaga bag’ishlangan besh risola ham yozadi. Xuroson erlarida esa Sulton Husayn Bayqaro davrida siyosiy barqarorlikni saqlash xalq turmush darajasini ko’tarish, obodonchilik borasida ko’plab ishlar amalga oshirildi. Mashhaddagi Gavharshod masjidi, Marv va Hirotdagi bir qator binolarning ta’mirlanishi, Ixlosiya madrasasi, ”Kudsiya “ masjidi, “Safoiya” hammomi, ”Shifoiya” davolash uyi kabi inshootlar shu davrdagi ishlar jumlasidandir. Bu davrda she’riyat va rassomlik borasida alohidamaktab yuzaga keldi. Shunday qilib, Temur va temuriylar davrida o’lkamizda fan va madaniyat barq urib usdi, rivojlandi va kamol topdi. Fan va madaniyatning qaysi bir sohasini ko’zdan kechirmaylik,diyorimiz XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrlardajahon sivilizasiyasining oldingi saflaridan joy olganining guvohi bo’lamiz. Temuriylar sulolasi davri jahon fani va madaniyatining Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Bahovuddin Naqshband, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi ulug’ vakillarni etishtirib berdi. Bu davrda zamonasining iste’dodli shoirlari va adiblari Lutfiy, Bobur, Abdurahmon Jomiy va boshqalar yashab ijod etishdi. Lutfiy nafis o’zbek tilida asarlar yozish bilan birga tojik tilida ham qasidalar bitdi. Lutfiyning “Zafarnoma”, “Gul va Navro’z” dostonlari shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridan biridir. Bu davr madaniyati taraqqiyotida ulug’ shoir Abdurahmon Jomiyning roli buyukdir. Jomiyning yirik va mashhur asari ettita katta dostondan iborat “Haft avrang”, “Bahoriston” kabilardir. A Navoiy xomiyligida Mirxond, Xondamir, Vasifiy va boshqa tarixchilar ijod qildilar Xondamir 63 yillik umri davomida taxminan 13 ta asar yozgan bo’lib, ulardan bizgacha 8 tasi etib kelgan.Temur va Temuriylar davrining ulkan muvaffaqiyatlaridan biri tasviriy san’atning gurkirab usganligi bo’ldi. O’z zamonasining mashhur rassomi Kamolliddin Behzod o’zining xayratomo’z rassomchilik san’ati bilan “Moniyi soniy” (ikkinchi Moniy) va “Sharq Rafaeli” nomi bilan jahonga mashhur bo’ldi. Kamolliddin Behzod tomonidan yaratil shoir Abdullo Xotifiy, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon portretlari, Sa’diyning “Buston” kitobi va Navoiyning “Hamsa”siga ishlangan rasmlar xalqimizning nodir yodgorliklari sifatida Toshkent, Sankt Petrburg, London, Texron va boshqa shaharlarning mo’zey va kutubxonalarida saklanmokda. Bu davrdagi Movarounnahr va Xurosonda moddiy va ma’naviy taraqqiyotning tamal toshiniulug’ bobomiz Sohibqiron Amir Temur quygan edi. XIV asrning ikkinchi yarmi XV asr O’rta Osiyo xalqlari adabiyoti taraqqiyotida yangi va juda sermahsul davr bo’ldi. Bu davrda adabiyot, badiiy uslubiy jihatidan takomillashdi va yangi pog’onaga ko’tarildi. Nasrda ham, nazmda ham ko’plab nodir badiiy va lirik asarlar yaratildi. Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiyni ustoz, buyuk so’z san’atkori deb bildi, u bilan hamkorlik qildi. Unga bag’ishlab “Xamsai ul-mutaxayyirin” (Besh hayrat) asarini yaratdi. “Tuhfat ul-afkor” (Fikrlar sovqasi) asarini unga atadi. Navoiy butun faoliyati davomida insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligiga, o’zaro urushlarning oldini olishga, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san’at va adabiyot taraqqiyotiga bag’ishladi. U ulug’ insonparvar, donishmand davlat arbobi, o’zbek adabiy tiliga asos solgan, o’zbek klassik adabiyotini yangi taraqqiyot pog’onasiga ko’targan buyuk so’z san’atkori, iste’dodli qomusiy olim bo’lib etishdi. U o’ttizdan ortiq yirik badiiy asar yozdi. “Xamsa”, “Xazoin ul-maoniy”, “Mahbub ul-qulub”, “Lison ut-tayr” shular jumlasidandir. Navoiy “Foniy” taxallusi ostida tojik tilida ham ijod qilib, “Devoni Foniy”, “Xasbi hol”, “Tuhfat ul-afkor” kabi lirik asarlar yaratdi. U tarixni bilishni ahamiyati katta ekanligini bildirib uni o’rganishga da’vat etdi. Uning fikricha tarix fani shohlar, hukmdorlarning tarjimai xolini emas, balki mamlakat tarixini o’rganib, mamlakatni nimalar halok qiladi, nimalar farovonlikka olib keladi, qanday ishlar mamlakatni obod qilishini, nima sababdan mamlakat tanazzulga yuz tutishini, qanday ishlar xalqqa farog’at va baxt keltirishini tarix ko’rsatib berishi lozim deb hisoblaydi. Uning xushxulq, odobli va tarbiyali bo’lish to’g’risidagi fikrlari ayniqsa qimmatlidir. Shuning uchun ham u jahon adabiyotining buyuk so’z ustalari qatoridan munosib o’rinni egalladi. Uning nomi va merosi Gomer va Dante, Rudakiy va Firdavsiy, Nizomiy va Shota Rustaveli, Sa’diy va Jomiy, Shekspir va Balzak, Pushkin va Tolstoy, Robindranat Tagor va Lu Sin kabi ulkan mutafakkirlarning nomi va merosidek abadiydir. Navoiyning o’zi esa barkamol, komil inson qiyofasi uchun buyuk ramzdir. Ulug’ shoirning o’lmas merosini o’rganish mustaqillik yillarida o’zining haqiqiy darajasiga etdi. Adibning barcha asarlari qayta chop etildi. Hukumatimiz qaroriga binoan xalqimizning buyuk mukofoti ramzida Navoiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi. Prezidentimiz tashabbusiga ko’ra Alisher Navoiyning 560 yilligi juda katta tantanalar bilan nishonlanib, shoirning mahobatli haykali xalqimizning muqaddas ramzi sifatida poytaxtning markazida qad ko’tardi. Shunday qilib, Amir Temur va temuriylar Markaziy Osiyoda fan va madaniyatning rivojlanishida muhim rol o’ynadilar. Bu davr fan va madaniyatining ilg’or yutuqlari bilan Yevropa xalqlarini tanishtirishda va undan foydalanishda keyingi avlodlar ham alohida o’rin tutdilar. Mo’g’ullar istibdodi davrida tushkunlikka yuz tutgan fan va madaniyat Temur va Temuriylar davrida yanada rivoj topdi va jahon sivilizasiyasiga ulkan hissa qo’shdi. Afsuski, XV asrning oxirida mamlakatda mulkdor viloyat hokimlarining o’zaro urushlari va markaziy hokimiyatga qarshi isyonlar kuchayib, fitna-fasodning avj olib ketishi oqibatida boshlangan siyosiy tanglik, shubhasiz, uning iqtisodiy va madaniy hayotiga salbiy ta’sir etdi va uni oqir tushkunlikka olib keldi. Bularning hammasi Temuriylar hukmronligining so’nggi kunlari nishonasi edi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling