I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari


-mavzu.Buxoro amirligi davrida Samarqand (XVIII asr ikkinchi yarmi-XIX asrning 60-yillari oxirigacha


Download 1 Mb.
bet14/51
Sana14.02.2023
Hajmi1 Mb.
#1198495
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   51
Bog'liq
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi

10-mavzu.Buxoro amirligi davrida Samarqand (XVIII asr ikkinchi yarmi-XIX asrning 60-yillari oxirigacha)

Samarqandning mang‘it hukmdorlar davridagi holatini aytib o‘tish lozim. Aynan Muhammad Hakimbiy o‘g‘li Muhammad Rahimxon (1715-1758) zimmasiga yangi mang‘itlar sulolasi va davlatiga asos solishdek sharafli bir vazifa tushgan. 1756-1920 yillarda Buxoro amirligini mang‘itlar sulolasi boshqargan. Muhammad Rahimxon (1756-1758), Muhammad Doniyolbiy otaliq (1758-1785), Shohmurod (1785-1800), Haydar (1800-1826), Mir Husayn (1826), Mir Umar (1826-1827), Nasrullohxon (1827-1960), Muzaffarxon (1860-1885), Abdulahadxon (1885-1910), Said Olimxon (1910-1920) kabi o‘nta mang‘it amirlari Buxoro davlatini 164 yil davomida boshqarishdi.


Amir Muhammad Doniyolbiyning 12 barkamol o‘g‘li bo‘lib, ular o‘rtasida katta o‘g‘li va vorisi Shohmurod (1741-1800) alohida ajralib turgan. Shohmurod 1780 yildan Samarqand hokimi bo‘lgan. Shohmurod Samarqand shahrini tiklash va obod qilishga o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Xususan, u otasi vafot etgach, 1785 yil 9 iyunda Buxoro amiri bo‘lganidan so‘ng Samarqandni obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor bilan yondashadi.
Amir Shohmurod hukmronlik qilgan qisqa davr (1785-1800 yy.) – atigi 15 yil ichida Buxoro va Samarqandda ko‘plab madrasalar, masjidlar, xonaqolar va turli binolar qurilgan. Samarqand va Buxorodagi bo‘shab qolgan madrasalar bu davrda yana ilmi toliblar – mullavachchalar bilan gavjum bo‘lgan. Bu haqda manbalarda yetarlicha ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, Amir Shohmurod Samarqand madrasalarini tiklashda faol qatnashgan. Jumladan, 1455 yilda qurilib, «Madrasai safed» («Oq madrasa») nomini olgan ikki qavatli Xoja Ahror madrasasini u qayta qurgan. Bu madrasa Samarqandning janubiy qismida, shaharning So‘zangaron dahasiga olib boradigan katta ko‘chaning g‘arbiy qismida joylashgan edi. Bu bino Ko‘kaldosh madrasasining qurilish materiallari hisobiga ta’mirlangan. Shohmurod­ning farmoni bilan Samarqanddagi Shayboniyxon va Ulug‘bek madra­salari ta’mirlandi va qayta tiklandi, qal’a va shahar devorlarining buzilgan qismlari ham qayta tiklandi. Ana shu davrda Shohizinda maqbarasi zina­poyasining tepa qismidagi o‘ziga xos ark-gumbaz tarmog‘i – Chartoq binosi qurildi.
Shohmurodning o‘zi qayta qurilajak shahar tarhini chizgan. Shahardagi ariqlar va tomorqalar tozalangan. Sal keyinchalik Samarqand madrasalarida
tahsil olgan Humuliyning yozishicha, Amir Shohmurod shaharda 24 ta yangi mavze qurdirib, mamlakatning sharqiy viloyatlaridan bu yerga aholini ko‘chirib keltirgan. Samarqand shahridagi har bir madrasa va masjidga mudarris, muazzin va imomni Amir Shohmurodning shaxsan o‘zi tayinlagan. Shahar markazida olti qirrali Chorsu – «Toqi musaddas» qurdiradi.
Chorsu baland burchakli bino bo‘lib, uning markazida baland gumbaz va undan ajraladigan olti yo‘lak bo‘lgan. Bu yo‘laklar shahar darvozalari Buxoro, Korizgoh, So‘zangaron, Feruza, Ohanin va Haydarobodga qarab ketgan. Samarqandning oltita asosiy darvozasi Amir Temurdavrida ana shunday nomlangan. U Samarqand yaqinidagi Dahbod mavzesida joylashgan Maxdumi A’zam ziyoratgohini ham qayta barpo qildirgan.
1800–1826 yillarda Buxoro amiri bo‘lgan Amir Haydar (1778–1826) otasi Amir Shohmurodning siyosatini davom ettirdi. Amir Haydardan boshlab Buxoro hukmdorlari o‘zlari «sayyid» («said») unvonini ham qo‘shib olishgan. XIX asr boshlarida Amir Haydar Buxoro amirligidagi markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortib, ayirmachilik (separatistik) kayfiyatlarni namoyon qilayotgan Shahrisabz, Kitob, Urgut bekliklari,
Miyonqol va Samarqand hokimlariga qarshi janglar olib borishga majbur bo‘lgan. Bu paytda dushmanlar qutqusi bilan Amir Haydarga qarshi chiqqan amakilari Umarbiy va Fozilbiy Nasaf (Qarshi)ni egallashgan, Samarqandda ham isyon ko‘tarilgan. Tarixchi Mirzo Salimbekning yozishicha, Amir Haydar markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun Samarqandga Davlatbiy devonbegi qushbegini (ukasi Muhammad Husaynbek o‘rniga) tayiinlagan. Davlatbiy qushbegi 1814 yilgacha Samarqandni boshqargan. Davlatbiy qushbegi 1812 yillarda Shohizinda majmuasi tarkibida kichik madrasa qurdirgan. Undan keyin Samarqand viloyatiga Amir Haydar safdoshlaridan 4 kishi: Ayozbiy, Muhammadbiy, Muhammad Safarbiy, Ibrohim Dodxoh kabi beklar hokim qilib tayinlandi.
Mang‘itlar sulolasining yettinchi hukmdori bo‘lgan Amir Nasrulloh Bahodurxon (1806-1860) davrida ham Samarqand strategik jihatdan amirlikdagi muhim shaharlardan biri hisoblangan. Mang‘itlar sulolasi davrida Samarqandda iqtisodiy o‘sish ko‘zga tashlanadi. Xususan, Amir Shohmurod hukmronligi yillaridan boshlab shahardagi iqtisodiy hayot sezilarli darajada jonlangan. XVIII asr o‘rtalaridan to XIX asrning so‘nggi choragigacha Samarqand mintaqada hunarmandchilik ishlab-chiqarishi va savdo-sotiqning yirik markazi bo‘lib qoldi.
Bu davrda Samarqandda gul solingan turli rangdagi shoyi va atlas gazlamalar, abr, ip va shoyi olacha, zandaniycha, bo‘z va guldor gazlamalar, shoyi ro‘mollar ishlab chiqarilgan. Bu davrda fo‘ta to‘qish ham keng tarqalgan edi. Masalan, XIX asrning 70-yillariga oid ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Samarqandda fo‘ta to‘qiydigan korxonalar soni 40 ta bo‘lgan. Samarqand o‘zining zargarlari bilan ham shuhrat qozongan edi. Ular kumush va misdan,
ba’zan oltindan ham ayollar uchun bezaklar, taqinchoqlar tayyorlashar, ularni qimmatbaho toshlar bilan qoplashardi. Zargarlar uzangilarni, shu jumladan, egar-jabduqlarni ham kumush bilan bezatishardi.
Bir xil mahsulot tayyorlaydigan hunarmandlar o‘ziga xos uyushmalarga birlashgan. Bitta uyushma a’zolari bo‘lgan ustalar odatda shaharning bitta mahallasida yashagan. Samarqandda Zargaron (zargarlik bilan shug‘ullanuvchi ustalar), So‘zangaron (igna tayyorlovchi ustalar), Charmgaron (ko‘nchilar), Xarroton (yog‘och yo‘nuvchi ustalar, duradgorlar), Kulolon (kulollar), Sharbatdaron (sharbat tayyorlvchilar) va boshqa ana shunday mahallalar bo‘lgan. Amirlik poytaxti hisoblangan Buxoroda ham ana shunday ustalar mahollalari azaldan mavjud bo‘lib, ular hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Temuriylar davrida bo‘lgani singari mang‘itlar sulolasi davrida ham Samarqandda a’lo navli sifatli qog‘oz ishlab chiqarilgan. 1863 yilda Buxoro va Samarqandda «turk hojisi» qiyofasida bo‘lgan vengriyalik taniqli sharqshunos va sayyoh, ayni paytda Buyuk Britaniya imperiyasining xufiyasi German Vamberi (1832-1913) o‘zining asarlarida Samarqand va
Buxoroda o‘sha paytlarda ishlab chiqarilayotgan qog‘ozga juda yuqori baho beradi.
G.Vamberi o‘z asarlarida Samarqanddagi hunarmandlar faoliyatiga juda yuqori baho bergan. U Samarqanddagi jabduq yasovchi ustalar haqida quyidagi fikrlarni keltiradi: «Samarqand bozorlarida sotish uchun mashhur charm mahsulotlar, did bilan ishlangan egarlar qo‘yilgan, ularning bezagi hatto yevropalik ustaga ham shuhrat keltirishi mumkin».
Bu davrda Buxoro xonligining savdo-sotiq aloqalari rivojlangan. Chunonchi, Samarqand va Buxorodan Rossiya va Hindistonga, boshqa mamlakatlarga shoyi va ip gazmollar olib borilgan. XVIII asrning oxirida Samarqand bozorlariga Rossiya, Xitoy, Hindistondan turli buyumlar keltirilgan. O‘z navbatida Samarqand shahri va uning atroflarida yetishtirilgan qog‘oz, olacha choponlar, sopol buyumlar, quruq meva, qorako‘l teri, ot-ulovlar bu mamlakatlarga olib borilgan.
XIX asrning birinchi yarmida ichki va tashqi savdoning yanada o‘sganligi ko‘zga tashlanadi. Shaharda karvonsaroylar va do‘konlarning ko‘payganligi ana shundan dalolat beradi. Bu paytda Samarqandda mavjud bo‘lgan ayrim bozorlar boshqa shaharlarda uchramasligi mumkin edi. Masalan, ayrim manbalarda «bozori bargi tut» nomi bilan mashhur bozorlari bo‘lganligi
tilga olinadi. Jumladan, XIX asrda Samarqandda bunday bozor mavjud bo‘lib, ipak qurti boquvchilar barg tanqisligi sezilganda uni shu yerdan sotib olganlar. Shahardagi Sherdor madrasasi yonidagi ko‘chat bozorida esa «boshqa daraxtlar bilan bir qatorda tut daraxtining «balxiy» va «xorazmiy» navlari katta miqdorda sotilgan».
Xullas, Samarqand shahri XIX asrning o‘rtalarida Buxoro amirligining ikkinchi eng muhim savdo va hunarmandchilik markazi hisoblanardi. 1820 yil A.F. Negri missiyasi tarkibida Buxoroda bo‘lgan Ye.K.Meyendorfning yozishicha, bu paytda Samarqandda 50.000 kishi yashagan. Qiyoslash uchun shuni ta’kidlash lozimki, XIX asr boshlarida Buxoro amirligida taxminan 2 mln. kishi, poytaxt Buxoroda esa 60.000 kishi yashagan. XIX asr o‘rtalarida Buxoro amirligi bir necha viloyatlar va bekliklarga ajratilgan. Amirlikdagi eng yirik Buxoro va Samarqand viloyatlari esa tumanlar va boshqa kichik
ma’muriy birliklarga bo‘lib idora qilingan. Samarqand viloyati va shahrini amir tomonidan tayinlangan hokim boshqargan.
XIX asr 50-yillaridan boshlab Rossiya imperiyasi Turkiston mintaqasiga bosqinchilik yurishlarini boshladi. Bu paytda Buxoro amiri Nasrullohxonning o‘g‘li Muzaffarxon (1819-1885) bo‘lgan. Amir Muzaffar qo‘shini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya harbiy kuchlari o‘rtasidagi dastlabki to‘qnashuv Jizzax bilan O‘ratepa o‘rtasidagi Erjar
(Maydayulg‘un)da 1866 yil 8 mayda bo‘lib, unda Buxoro qo‘shini mag‘lubiyatga uchragan. 1868 yil 1 mayda Samarqand yaqinidagi Cho‘ponota tepaligida rus podshosi qo‘shinlari bilan samarqandliklar o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi.
Nihoyat, chor Rossiyasi armiyasi katta talafot berib, shaharni egalladilar. Turkiston o‘lkasi general-gubernatori general K.P. Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar o‘z o‘rinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud bo‘lgan soliqlarni podsho
Rossiyasi xazinasiga topshirmog‘i lozim ekanligini e’lon qilgan. Samarqand viloyatida general N.N. Golovachyov boshliq harbiy-byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholini mahalliy amaldorlar va podsho ma’muriyati tomonidan ezilishi Samarqand qo‘zg‘oloniga sabab bo‘lgan.
Bu qo‘zg‘olon 1868 yil 1-8 iyunda Samarqandda ko‘tarilgan. 1 iyun
kuni amir Muzaffarning to‘ng‘ich o‘g‘li va valiahd Abdulmalik To‘ra (1848-1909) boshchiligidagi qo‘shinlar Shahrisabzdan Samarqandga yo‘l olishgan. Qo‘zg‘olonga dastlab Kitob va Shahrisabz beklari Jo‘rabek (1840-1906) va Bobobek (1833-1898), keyinchalik Abdulmalik To‘ra (Katta To‘ra) rahbarlik qilgan.
Bu orada Zirabuloq jangida amir qo‘shinlari ruslardan mag‘lubiyatga uchragan (1868 yil 2-3 iyun). Sadriddin Ayniy (1878-1954)ning fikricha, Abdumalik To‘raning harakati va qo‘zg‘olonchilarning jasorati tufayli Kaufman Buxoroga hujum qilishdan voz kechishga va sulh tuzishga majbur bo‘lgan.
Xullas, 1868 yil 23 iyunda Samarqandda Rossiya-Buxoro sulh shartnomasi imzolangan. Bu sulhga ko‘ra Buxoro amirligi Rossiyaga tobe bo‘lib qolgan, Samarqand shahri va viloyati Rossiya imperiyasi tasarrufiga o‘tgan. Shunday qilib, Samarqand shahri 1756-1868 yillar oralig‘ida Buxoro amirligi tarkibidagi muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatida taraqqiy etgan. Mang‘itlar sulolasi vakillari va shahar hokimlari Samarqandni rivojlantirish va obodonlashtirish ishlariga baholi qudrat o‘z hissalarini qo‘shishgan. Yuz yildan ortiq bo‘lgan ushbu davrda, xususan, Amir Shohmurod va Amir Haydar hukmronligi yillarida shahar qiyofasi tubdan o‘zgargan,
Eski shaharning hozirgi ko‘rinishiga aynan o‘sha paytda asos solingan.

Download 1 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling