I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari
II-semestr uchun mavzular
Download 1 Mb.
|
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi
II-semestr uchun mavzular
1-mavzu. Rossiyasi imperiyasi hukmronligi yillarida Samarqand 1868 yilda Samarqandning Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilishi nafaqat O‘rta Osiyo hududida, balki islom olami va Yevropada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Buxoro xonligi aholisining Samarqand shahrini ozod qilish uchun olib borgan keskin kurashlari mag‘lubiyatga uchragach, xonlikning Rossiya imperiyasi bosib olgan yerlarida Zarafshon okrugi tuziladi. 1886 yilda «Turkiston o‘lkasini boshqarish haqidagi Nizom»ning qabul qilinishi munosabati bilan Zarafshon okrugi Samarqand viloyatiga aylantirib, uning tarkibiga Kattaqo‘rg‘on, Jizzax, Samarqand va Xo‘jand uezdlari kiritiladi, Samarqand shahri esa viloyat markazi etib belgilanadi. Samarqand viloyat va uezddining ma’muriy markazi sifatida belgilangach, shaharga ko‘plab rus amaldorlari, harbiylar ko‘chib keladilar va 1871 yilda ular uchun shaharning yangi qismi barpo etiladi. Shu maqsadda ajratilgan hududda mahalliy aholi yerlari majburan sotib olinadi va ma’muriy binolar qurishga kirishiladi. Yangi qismni qurishda mahalliy aholi vakillariga arzimas ish haqi to‘lanib, majburan ishlatiladi va qisqa fursatda Yangi shaharcha barpo etiladi. Harbiy kazarmalar bilan o‘rab olingan bu shaharcha tez orada Samarqand viloyatining harbiy-ma’muriy markaziga aylanadi. Samarqandning Yangi shahar qismida aholi yil sayin ko‘payib boradi. Rus aholisi uchun uy-joylar, ma’muriy binolar, kasalxona, xiyobon, kutubxona, ta’lim maskanlari, hammom, kitob do‘koni, ibodatxonalar, 69 ta turli do‘konlar, bank, harbiylar uyi, transport kontoralari, muzey va boshqa madaniy muassasa hamda maishiy xizmat idoralari tashkil etiladi, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish, yoritish, tosh yo‘llar yotqizish va obodonlashtirish uchun katta mablag‘lar sarflanadi. Ammo Eski shaharda esa faqatgina mahalliy aholini nazorat qilish va itoatda saqlab turishga, ya’ni politsiya va mirshablik uchun mablag‘ sarflanadi, shahar obodonchiligi, tibbiyot, sanitariya holati, qurilish va madaniy hayotga mutlaqo e’tibor qilinmaydi. Ma’muriyat Samarqandning Eski shahar qismidan to‘planadigan soliqlardan tushgan daromadni shaharning yangi qismining qurilishiga va obodonchiligiga sarflaydi. Natijada asrlar davomida dunyoga mashhur bo‘lib kelgan shaharda sanitar holat, uy-joy qurilishlari, madaniy obidalar, jamoat joylari, ko‘chalar davr talablaridan orqada qolib, ruslar yashaydigan Yangi shahar qismi obodlashib, hududi esa kengayib boradi. Shunga qaramay, asrlar davomida rivojlanib kelgan an’anaviy savdo markazlari – bozorlar, xunarmandchilik ustaxonalari, masjidlar hamda aholining asosiy qismi shaharning eski qismida joylashganligi bois, Eski shahar bu davrda ham ijtimoiyiqtisodiy va madaniy hayotda o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. V.Masalskiyning 1913 yilda keltirgan ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, Samarqandning Eski shahar qismida 28 ta karvonsaroy, 1169 ta do‘kon, 6185 ta xususiy uylar, 4 ta bozor, 14 ta madrasa, 91 ta maktab, 105 ta masjid bor edi. Shahar bozorlariga yaqin atrofdagi qishloq va shaharlardan ko‘plab xaridorlar kelgan, chunki Samarqand shahri Toshkent va Farg‘ona hududlariga mahsulot tarqatadigan o‘ziga xos savdo ombori bo‘lib, nafaqat viloyatdagi, balki Turkistondagi yirik savdo-sanoat markazlaridan biri edi. 1888 yilda Krasnovodskdan Samarqandgacha bo‘lgan Kaspiy orti temir yo‘li, 1898 yilda esa Samarqand-Andijon temir yo‘llarining qurilishi shaharni Rossiya imperiyasining janubiy qismlari hamda o‘lkadagi yirik shaharlar bilan yaqindan bog‘ladi, ayni paytda Samarqandga rus sanoatchilari va sarmoyadorlarining faol kirib kelishiga hamda viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari va boshqa xom ashyoni Rossiyaga olib ketishga katta imkoniyat yuzaga keldi. Samarqand shahri va uezdida viloyatdan metropoliyaga mahsulot olib ketish bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab savdo-sanoat firmalarining bo‘limlari va do‘konlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Samarqand shahrida ularning 117 ta do‘koni bo‘lib, ular shahardan asosan paxta, ipak, guruch, chorva mahsulotlari, ho‘l meva, vino, charmteri, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya shaharlariga, rus manufakturasi mahsulotlarini esa viloyat aholisiga yetkazish bilan shug‘ullanganlar. Samarqand Turkistondagi eng yirik vinochilik markazi bo‘lib, uning atrofi va ichkarisida bogdorchilik va uzumchilik keng rivojlangan edi. Kaspiy orti temir yo‘li qurilgach, Samarqand viloyatida rus sarmoyadorlarining kirib kelishi faollashadi va shaharda sanoat korxonalari ko‘payadi. Bu korxonalar asosan xomashyoni qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, ular choy qadoqlash, paxta tozalash, yog‘-moy, ko‘nchilik, vinochilik korxonalaridan iborat edi. Shahar aholisining ichki ehtiyojlarini qondirishda mahalliy hunarmandchilik mahsulotlari muhim o‘rin tutsa-da, o‘lkada zavodfabrika mahsulotlarini ko‘payib borishi bilan mahalliy kosibchilik ustaxonalari kamaya boshlaydi. Agar 1888 yilda shaharda 1300 dan ortiq turli ustaxonalardan tashqari 1969 ta mayda hunarmandchilik ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatdi. 1907 yilga kelib ularning soni 963 taga tushib qoldi. Ustaxonalarning ma’lum qismi birlashib yiriklashgan bo‘lsa, ma’lum qismi zavod-fabrika mahsulotlari bilan raqobat qila olmay, yopiladi. Hunarmandchilikning ayrim turlari, masalan igna tayyorlash umuman tugatilib, o‘rniga yangi hunarlar, masalan choy qadoqlash hunari yuzaga keladi. Bu davrda Samarqand o‘lkada choy savdosi bo‘yicha asosiy o‘rinda turar edi. Imperiya hukumatining Turkistonda ma’naviy sohada olib borgan mustamlakachilik siyosatiga qaramay, XX asr boshida qo‘shni mamlakatlar va musulmon olamida keng tarqalgan ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlar Samarqand shahrini ham chetlab o‘tmadi. Bu davrda Samarqandda Hoji Muin, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Abduqodir Shakuriy, Rahmatullo Ismatullaev kabi ma’rifatparvar ziyolilar yashab, faoliyat ko‘rsatdilar. Turkistonda jadidchilik harakatining yetuk namoyandalardan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy musulmon davlatlari va Rossiya shaharlarini kezib, o‘z mamlakatida ta’lim tizimi va moddiy-madaniy turmushning zamon talablaridan ortda qolayotganlini anglab yetadi. U Rahmatullo Ismatullaev, Abduqodir Shakuriy tomonidan tashkil etila boshlangan yangi usul maktablari uchun «Risolai asbobi savod», «Risolai jugrofiyai Rusiya», «Risolai jug‘rofiyai umroniy», «Kitobat-ul-atfol», «Amaliyoti islom», «Tarixi islom» kabi darslik va qo‘llanmalar yaratadi, 1913 yilda mahalliy teatrga asos solib, ilk o‘zbek dramasi «Padarkush» asarini yozadi va sahnalashtiradi. 1913-1914 yillarda Behbudiy «Samarqand» nomli mahalliy gazeta nashrini yo‘lga qo‘yadi. Rus, o‘zbek va tojik tillarida chop etilgan mazkur gazeta sahifalarida xalq taraqqiyotga va ma’rifatga da’vat etiladi, mavjud holat keskin tanqid ostiga olinadi. Hukumat gazetaning 45 ta soni chiqqach, yopib qo‘yadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy tez orada mahalliy tildagi ilk jarida - «Oyna» jurnalini nashr qila boshlaydi. «Oyna» jurnali qisqa fursatda nafaqat Turkistonda, balki Kavkaz, Tatariston, Turkiya, Afg‘oniston, Eron va Hindistongacha tarqaladi. Bundan tashqari, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z hisobidan xususiy bosmaxona va kutubxona - «Nashriyoti Behbudiya» va «Kutubxonai Behbudiya»ni tashkil etadi. U o‘z bosmaxonasida jadid adabiyoti namunalaridan tashqari Turkiston xaritasini ishlab chiqib, chop etadi, kutubxonaga esa musulmon davlatlari va qo‘shni mamlakatlardan kitob olib kelishga harakat qiladi. Bu davrda xukumatning Turkistondagi ta’lim tizimini imkon qadar siqishtirish siyosatini olib borishiga qaramay, fan va adabiyot sohasidagi izlanishlar butkul to‘xtab qolmadi. Chunonchi bu davrda Samarqandda geografiya, astronomiya, kartografiya va tabiiy fanlar bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lgan Hoji Yusuf tomonidan ilk globus ihtiro qilinadi. Moskva, Istanbul, Suriya va Yevropa shaharlarida 10 yil davomida otasi bilan sayohatda bo‘lib qaytgan, nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lgan Hoji Yusuf yaratgan globus o‘z zamondoshlari tomonidan yuqori baholanadi. Shahardagi ilg‘or fikrli ziyolilar mustabid tuzum sharoitidagi mavjud ahvolni tanqid qilish, xalqni ma’rifat va taraqqiyotga da’vat etish bilan cheqlanib qolmay, Samarqand shahrining kelajagi, uning obod bo‘lishi haqida orzu qilganlar hamda buning uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z mulohazalarini bayon etganlar. Chunonchi, o‘sha davrda yashab, ijod qilgan, arab, fors, rus tillari va adabiyotini, musiqa va texnikani hamda tikuvchilik va to‘quvchilikni yaxshi bilgan, o‘z hisobidan yangi usul maktabi tashkil qilgan ma’rifatparvar Siddiqiy Ajziy o‘z she’rlarida ana shunday g‘oyalarni ilgari surgan. O‘zining «Mir’oti ibrat» nomli she’riy asarida Siddiqiy Ajziy Samarqandni obod va ozod kelajagini tasavvur qilib, shaharda katta va ko‘plab imoratlar, ko‘plab tramvay va avtomobillar, «oynai-bark», ya’ni televidenie hamda telefonlar, hattoki so‘zlashganda oynada aksi ko‘rinadigan telefonlar, har yerda elektr qandillar bo‘lishini bashorat qiladi. O‘zining «Xotima» nomli she’riy asarida esa u til, qonun, ilm-fan va davlatsiz millatning istiqboli yo‘qligini alohida ta’kidlaydi. Samarqand shahri Turkistonda kechgan siyosiy jarayonlarning qizg‘in o‘choqlaridan biri edi. Shahardagi mahalliy aholi orasida mustamlakachilik tuzumiga, hukumatning adolatsizlik siyosatiga qarshi tez-tez norozilik chiqishlari bo‘lib turgan. Mahalliy ulamolar Rossiyadan o‘lkani taftish kilish uchun yuborilgan senator Palenga bir necha marotaba yozma murojaat qilib, shahardagi boshqaruv tizimi va ijtimoiy hayotda o‘z diniy va milliy manfaatlarini, an’analarni tiklashni, adolatsizliklarga chek qo‘yishni so‘raganlar. Shahar aholisi nomidan tuzilgan 53 banddan iborat petitsiyada nafaqat ijtimoiy, diniy va milliy manfaatlar, balki siyosiy huquqlar ham talab qilingan bo‘lib, musulmonlarning Rossiya Davlat Dumasida va boshqaruv tizimida rus aholisi bilan teng huquqqa ega bo‘lishi lozimligi talab qilingan edi. Samarqand shahri, uezdi va viloyati aholisi 1916 yilda butun Turkistonni qamrab olgan, Rossiya imperatorining mahalliy aholini front orti ishlariga safarbar qilish haqidagi farmoniga qarshi ko‘tarilgan umumxalq qo‘zgolonida faol ishtirok etib, hukumatga qarshi o‘z noroziligini keskin namoyon etgan. Samarqandning ruslar yashaydigan yangi qismi ham imperiya hukumatiga qarshi muxolifatda bo‘lgan siyosiy kuchlar markaziga aylangan edi. Bu yerda rus-sotsial demokratlari hukumatning adolatsiz siyosatini keskin tanqid ostiga olgan rus matbuoti «Samarkand» gazetasi nashr etila boshlaydi. Gazeta sahifalarida hukumatning adolatsiz siyosatini keskin tanqid ostiga olinishi ma’muriyat tomonidan tazyiqqa uchrab, to‘xtatib qo‘yiladi. Ammo ma’muriyatning tazyiqlariga qaramay, gazeta turli nomlarda - «Russkiy Samarkand», «Zarafshan», «Novыy Samarkand» kabi nomlar bilan yana qaytadan tiklanadi. O‘rta Osiyo tarixida muhim o‘rin tutgan Samarqandning tarixi va madaniy merosiga katta qiziqish bilan qaragan rus sharqshunoslari – V.V.Bartold, N.I.Veselovskiy, V.L.Vyatkin kabi olimlar bu davrda qarovsiz qolgan shahar tarixi, uning moddiy yodgorliklarini o‘rganishga katta e’tibor qaratib, qator tadqiqotlar olib bordilar. Zero, bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan ko‘hna Samarqanddagi boy madaniy merosning ta’rifi hatto Yevropa mamlakatlariga ham yetib borgan bo‘lib, jahon madaniyati tarixida katta o‘rin tutar edi. Ammo ma’muriyatning madaniy merosga e’tborsizligi tufayli ko‘pgina yodgorliklar bu davrda qarovsiz ahvolga tushib qoldi. Bu davrda shahar hayotiga kirib kelgan yangiliklar – ilk bosmaxonalar, teatr, matbuot, kommunikatsiya, temir yo‘llar hamda sanoat korxonalari, bank-kredit tizimi, savdo-sanoat firmalari va boshqalar Samarqand hayotiga zamonaviy shaharsozlik madaniyati va iqtisodiymoliyaviy munosabatlarning yangicha shakllarini olib keldi, ammo ulardan asosan rus aholisi, amaldorlari, sarmoyadorlari, harbiylari va ularning oilalari bahramand bo‘ldilar. Bu yangiliklar mahalliy aholining o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish, rivojlantirishga emas, balki eng avvalo metropoliya manfaatlarini ta’minlash hamda mustahkamlashga, o‘lkaning iqtisodiy salohiyatini imkon qadar o‘zlashtirishga xizmat qildi. Lekin matbuot, teatr, nashriyotlar, ta’lim tizimi taraqqiyoti masalalari, hamda qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar jamiyatning eng ilg‘or vakillarining islohotlar zarurligini anglashida, taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi va bunda jamiyatning fidoiy, ilg‘or fikrli vakillari bo‘lgan ziyolilarning roli katta bo‘ldi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling