I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari


-mavzu.XIX asrning ikkinchi yarmi-XX asr boshlarida Samarqand shaharsozligi va me’morchiligi


Download 1 Mb.
bet16/51
Sana14.02.2023
Hajmi1 Mb.
#1198495
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   51
Bog'liq
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi

2-mavzu.XIX asrning ikkinchi yarmi-XX asr boshlarida Samarqand shaharsozligi va me’morchiligi
Imperiya boshqaruvi o‘rnatilgach, Samarqandga Yevropa shaharsozligining kirib kelishi va shaharning yangicha qiyofasi mahalliy va rus me’morchiligining o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan yangi muhandislik qurilishi yechimlari asosida taraqqiy etdi.
Bunda asosan Yevropa shaharsozligida ikki xil uslub keng qo‘llanilgan. Birinchisi, bu Hindiston va Xitoyda ma’lum bo‘lgan hamda Yevropa shaharsozligida Milet shahrining qurilish loyihasini tuzgan arxitektor Gippodam nomi bilan bog‘liq «Gippodam rejasi» deb ataladigan muttasil katakli loyiha tuzish va shu asosda shahar bunyod etish hisoblangan. Turkistonda muttasil katakli shahar rejasi asosida Bishkek, Olma-ota kabi shaharlar qurilgan. Yevropa shaharsozligining ikkinchi ko‘rinishi – bu uch nurli kompozitsiyadir.
Toshkent, Samarqand, Andijon kabi shaharlarning “yangi qism”lari shu usulda kengaytirilgan. Bunday holat ko‘pincha o‘rta asrlarda bunyod etilgan ark, o‘rda yoki qal’a o‘rnida o‘sha shaharlar harbiy gubernator qarorgohi qurilib, undan kengayib boruvchi ko‘chalar bunyod etilgan. Hatto shunday holatlarda ham yangi ma’muriyat binosi oldida keng xiyobon tarzidagi maydon tashkil qilinganini ko‘rish mumkin.
Samarqand shahri yangi qismi shahar madrasalaridan olingan vaqf mulki daromadlari va imperiya ma’muriyati tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga bunyod etilgan.
Shaharning “yangi qismi”ni bunyod etishda eski tarixiy va me’moriy obidalar buzilib yo‘q qilindi. Masalan, 1868 yilda hozirgi Afrosiyob mehmonxonasi o‘rnida bo‘lgan Qutbuchahorduhum (Shayx Nuriddin Basirga tegishli) maqbarasi 10 ming pud portlatuvchi modda bilan yo‘q qilingan.
1871 yil shaharning janubiy – g‘arbiy Buxoro darvozasi tomonda Kattaqo‘rg‘on yo‘lidagi uchastkalar ajratib olingan. Shu yerning o‘zida harbiy qal’a bunyod etilgan. 1872 yilda topograf Sexonovich bo‘lajak shahar ko‘chalarini tasvirga tushirib, “yangi shahar” qurilishini tezlashtirishga harakat qildi. 1875 yilga kelib loyiha asosidagi binolar qurilishi tugallandi, lekin qo‘rg‘onning ichki qurilishi nihoyasiga yetmadi.
Yangi Samarqand shahrining xarakterli kompozitsiyasi ishlab chiqilib, 1875 yil 1 yanvarda shaharning bosh rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Samarqand shahri ham O‘rta Osiyoning boshqa shaharlari kabi ikki qismdan: eski va yangi shahardan iborat bo‘lgan. Shahar asosiy kompozitsiyasi bo‘lgan qo‘rg‘on atrofi 31,2 gektar edi. Shaharning keng atrofini o‘rab turgan o‘rta asrlarga oid mudofaa devorlarining g‘arb tomonidagi qismi tugatildi. Shimol, sharq va janub tomondagi qismlari saqlandi. Yangi shahar qo‘rg‘on devorining janubiy – g‘arbida joylashgan bo‘lib, uning maydoni 121 gektarga teng bo‘lgan. “Yangi” shahar ko‘rinishi aylana – yoy shakliga o‘xshagan.
Shahar rejasi yuqorida aytganimizdek, nurli halqa tarzida qurilgan . Bu davrda Zarafshon okrugi gubernatori qarorgohi hozirgi shahar hokimiyati binosi o‘rnida joylashgan edi . Uch nurli kompozitsiyada shahar qurilishi uchun bu bino oldida keng xiyobon shaklidagi maydon, ya’ni Bulvar, hamda ushbu bino tomon to‘g‘ri tutashtirilgan uchta katta ko‘cha shakllantirilgan. Bu ko‘chalar Kaufmanskaya (hozirgi Alisher Navoiy), Aleksandrovskaya (hozirgi Shohruh Mirzo) va Nikolaevskaya (hozirgi Abdurahmon Jomiy) ko‘chalari edi. Qolgan uchta ko‘cha Urgut (hozirgi O‘zbekiston ko‘chasi) Toshkent va Kattaqo‘rg‘on ko‘chalari shahar qurilishining davomi bo‘lib, ular ham shahar markaziga qarab yo‘naltirilgan. To‘rtta asosiy magistral yo‘l yoysimon shakldagi ko‘chalarni bog‘lab turgan. Shaharni g‘arbdan Chernyaevskaya (hozirgi Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasi), Sharqdan Aleksandrovskaya ko‘chalari chegaralab turgan. Qolgan ikki ko‘cha Kaufman va Nikolaevskaya ko‘chalari shahar markazidan o‘tgan bo‘lib, bu ko‘chalarda har xil jamoat va savdo binolari qurilishi boshlangan. Boshqa kichik ko‘chalar, xususan, Chelekskaya, Djamskaya, Petrovskaya, Pushkinskaya ko‘chalari shaharni mayda qismlarga ajratib turgan. Rossiya imperiyasining harbiy bosqinchilik siyosati shahar ko‘chalariga nom berilishida ham o‘z aksini topgan. Asosan, ko‘chalar bosqinchilik vaqtida o‘zini ko‘rsatgan general va ofitserlar, shuningdek, o‘lkada bosqinchilik siyosatlari olib borilgan shaharlar va jang maydonlari nomi bilan atalgan.
Toshkentning yangi qismi bilan solishtirsak, u yerda ham shahar qurilishi radiusli xalqa – nur xalqa sxemasida tuzilganligiga guvoh bo‘lamiz. Samarqand shahrining qurilishidagi o‘ziga xos jihati shundaki, Turkistonning boshqa shaharlarida uchramaydigan xiyobon shaklidagi bulvar maydonining qurilganligidir.
Zarafshon harbiy okrugi markazida rejali ravishda harbiy va ma’muriy markaz binolari majmuasi shakllangan. Shaharda davlat binolari, kazarmalar, harbiy omborlar, harbiy va fuqaro binolari, kasalxonalar, o‘quv yurtlari va madaniy-ma’rifiy inshoatlar (kutubxona va teatrlar) qurilgan. Bu “yangi shahar” binolari asosan harbiylar va amaldorlarga xizmat qilgan.
Harbiy qurilishlarning asosiy qismi qal’a atrofida joylashgan. Keyinchalik shahar kengayishi natijasida ulardan ba’zilari boshqa joylarga ko‘chirildi. 1883 yilda Abramov Bulvarining boshida va oxirida harbiy qal’alar qurildi. Asosiy harbiy qal’a Abramov Bulvari va Nikolaevskaya ko‘chalari kesishgan joyda edi. Qurilishlarning davomi sifatida Urgut (hozirgi O‘zbekiston) ko‘chasida ham harbiy qal’a va harbiy gospital vujudga keldi. Shundan so‘ng yangi shahar maydoni 270,5 gektarni tashkil qildi. Qurilishlar natijasida yangi shahar memoriy qiyofasi o‘zgardi. To‘g‘ridan to‘g‘ri keng ko‘chalar bunyod etildi, yo‘ldan alohida yo‘laklar ajratildi, ko‘chalarda ekilgan daraxtlarni sug‘orish uchun ariqlar o‘tkazildi.
Yangi shaharda jami 25 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, umumiy uzunligi 17 verst (18,2 km) 156 sajenni (332,28 m) tashkil etgan. Shundan 14 verst (14,84 km) 236 sajen (502,68 m) tekislanib tosh yotqizilgan. Ko‘chalarning har ikki tomoniga ikki qator qilib terak, ayrim joylarda qayrog‘och, akatsiya va zarang daraxtlari ekilgan. Shahar ko‘chalarida ko‘chaning bir tomonidan boshqa tomoniga suv o‘tkazish uchun 52 ta g‘ishtdan terilgan quvurlar yotqizilgan. Ko‘chalarni 350 ta kerosin lampalar yoritgan. Kerosin va boshqa neft mahsulotlari temiryo‘l ishga tushirilgandan so‘ng Boku shahridan keltirilgan. Shahar ko‘chalaridan tashqari amaldorlar ham o‘z uylarini yoritishda kerosinli lampalardan foydalanishgan.
Yangi shaharda keng maydon hisoblangan Abramov bulvari, ikkita park, markaziy park (hozirgi shahar parki) va Ivanovskaya parki (park ozero) bunyod etilgan.
Abramov Bulvari eski shaharning janubi-g‘arbidan yangi shaharni ajratib turadigan aylana yo‘l va Samarqandning ikki qismini bog‘lab turuvchi magistral yo‘l vazifasini bajargan. Asosiy markaz bo‘lgan Abramov Bulvarining kengligi 128 metr (60 sajen), uzunligi 1044 metr (490 sajen) bo‘lgan.
Shahar boshqaruvi ma’muriyatini asosan bulvar atrofida joylashganligi xiyobonga alohida e’tibor qaratilishiga sabab bo‘ldi. Natijada XIX asr oxirida Samarqandda ushbu tizim elementlarini o‘zida mujassamlashtirgan 6,5 gektardan iborat yam-yashil bog‘ shakllandi.
“Yangi shahar”da qurilgan, hozirda o‘zini ko‘rinishini yo‘qotmagan inshootlardan biri rus-xitoy bankidir. Rus-xitoy banki 1896 yilda Abramov bulvarida qurilgan (hozir bu binoda SamDU rektorati joylashgan).
O‘sha davrda Abramov bulvarida madaniy va jamoatchilik inshootlari ham qurila boshlangan. Shunday inshootlardan biri 1902-1904 yillarda G.M.Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan ayollar gimnaziyasidir. (hozir bu yerda SamDUning Biologiya fakulteti joylashgan).
Alekseev cherkovi 1912 yilda harbiy shaharcha uchun Rostovsev (hozirgi Bobur Mirzo ko‘chasi) va Nikolaevskaya (hozirgi Abdurahmon Jomiy) ko‘chalarinig kesishgan joyida harbiy injener F.Smirnov loyihasi asosida zal tipida qurilgan..
Abramov bulvarida hozirgi SamDUning Tarix fakulteti binosi o‘rnida 1875 yildayoq shahar qo‘riqxonasiga asos solingan. Bulvarda ekilgan daraxt turlari ham qo‘riqxonada mavjud bo‘lgan. Bulvarda «gullar maydonchasi» deb nomlanuvchi maydoncha bo‘lgan. Bu maydoncha hozirgi Hamid Olimjon nomli teatr oldida joylashgan edi.
Okrug gubernatori qarorgohidagi hovuzlar Nikolaevskaya va Kaufman ko‘chalari o‘rtasida joylashgan. Abramov bulvaridan Urgut (hozirgi O‘zbekiston) ko‘chasigacha hovuzlar qurilishi shaharga ko‘rk berib turibdi. Harbiy gubernator qarorgohining orqa tomonida Toshkent ko‘chasigacha bo‘lgan joyda markaziy xiyobon joylashgan bo‘lib, XIX asr oxirida Markaziy xiyobon bilan gubernator qarorgohi o‘rtasida shaharning bosh maydoni, namoyishlar, bayramlar o‘tkazuvchi maydon shakllandi. Bu maydonda Georgiy cherkovi, ofitserlar uyi, xalq yig‘ini o‘tkaziladigan binolar bunyod etilgan.
Chernyaevskaya ko‘chasining orqa tomonida jarlik bo‘ylab Ivanov xiyoboni shakllandi (hozirgi Afrosiyob suzish suv havzasi). Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida Samarqand shahrida kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lmagan. Suv mahalliy aholining eshaklari bilan bochka va ko‘zalarda Filatov bulog‘idan olib kelingan. 6-8 kishi uchun bir kunlik suv etkazish ishi oyiga 1 rubl yoki 1 rubl 20 kopeyka (tiyin) bo‘lgan.
Mahalliy aholi esa ehtiyoj uchun, xo‘jalik va bog‘larni sug‘orish uchun Siyob, Siyobcha kanallaridan, Obimashhad, Abdidarun, Ko‘nchilik kabi chashma buloqlar suvidan foydalangan.
Shahar o‘zgarishi tezlik bilan amalga oshirilib, yangi dahalar, harbiy korpuslar, yangi massivlar qurilgan. Shaharning g‘arbiy qismida esa, Kattaqo‘rg‘on yo‘lida podsho ma’muriyatining qamoqxonasi qurildi. (hozirgi viloyat kasalxonasi binosining o‘rnida edi). Natijada sanoatning keng quloch yoyishi bilan bu yerga temiryo‘l olib kelinishiga asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. 1888 yilda Samarqandda temiryo‘l qurilish ishlari jadallashdi hamda Samarqandni Kaspiyorti viloyati bilan bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi boshlandi. Bu davrda vokzal, temiryo‘l ustaxonalari, paravozlar to‘xtash joyi, omborxonalar, vokzal atrofidagi temiryo‘lchilar shaharchasi bunyod etilgan. XIX asrning 90 yillari oxirlariga kelib shahar ichida ham temiryo‘l qurilishi boshlandi. Qisqa vaqt mobaynida shaharda sezilarli darajada yirik o‘zgarishlar yuz berdi. 1880 yilda shahar ichida yangi qal’a bunyod etildi. Uning maydoni 8 gektar bo‘lib, devorlari beshqirrali juda mustahkam harbiy mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Qal’a devorlari shimol va janubi-sharqdan mudofaa maqsadida qurilgan bo‘lib, qal’a ichida “yangi” qal’a qurilgan.
1883 yilda Qutbu-Chohorduhum maqbarasi buzilishi natijasida, ba’zi harbiy qal’alar shaharga ko‘chirildi. Harbiy qal’alarning ko‘chirilishi natijasida shahar qal’a tomonga qarab kengaytirilib, yangi Esplanadnaya (hozirgi Bo‘stonsaroy) ko‘chasi qad rostladi. 1903 yilda yangi shahardan shimolga qarab kichik hududiy chegara ajratildi. Petrovskaya, Nikolaevskaya, Kaufman ko‘chalari shimol tomon, ya’ni Kladbishinskaya ko‘chasi hisobiga kengaytirildi. 1906 yilga kelib 1883 yilda tuzilgan shahar rejasini bajarishga kirishildi. Topograf Nillening loyihasiga binoan harbiy kasalxona Chernyaevskaya xiyobonidan Urgut ko‘chasiga ko‘chirildi. Xuddi shu yerning o‘zida Rostovseva (Hozirgi Boburmirzo), Karshinskaya (Hozirgi Firdavsiy), Vereshchaginskaya (Hozirgi Amir Temur) ko‘chalari davom ettirilib, Bazarnaya, Nekrasova, Novagospitalnaya ko‘chalari maydonini egalladi. Shaharning bu qismidagi qurilishlar 1916 yilgacha davom etgan.
XX asr boshlarida ruslar yashaydigan maydon 4629 desyatinani (1.09 gektar) tashkil etgan.
Samarqandda Ofitserlar uyi1882 yilda qurilgan (Hozirgi viloyat savdo-sanoat palatasi binosi). Bu bino klassitsizm uslubiga xos bo‘lgan ko‘rinishda qurilgan.
“Xalq yig‘ini” binosi (Hozirgi yoshlar markazi binosi o‘rnida bo‘lgan) Kaufman va Urgut ko‘chalarining kesishgan qismida joylashgan bo‘lib, o‘zining texnik va badiiy go‘zalligi jihatidan boshqa binolardan farq qilmaydi. Binoning tomosha zali Svarichevskiy loyihasi bo‘yicha kengaytirilgan. 1880 yilning boshlariga kelib Nikolaevskaya va Urgut ko‘chalarining kesishgan joyida birinchi yozgi teatr binosi qurilishi boshlangan.
Geyselman loyihasi asosida 1911 yilda xalq kutubxonasi qurilgan. Bu kutubxona Chernyaevskaya va Vereshchagin ko‘chalarining kesishgan joyida joylashgan.
Samarqandda 1908 yilda muhandis Kastalskiy loyihasi asosida Chern­yaevskaya va Qarshi ko‘chalarining kesishgan joyida davlat banki qurilgan.
Savdogar A.Kalontarovning uyi (hozir bu bino o‘rnida Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi joylashgan) an’anaviy va yevropacha uslubda 1911-1916 yillarda muhandis G.O.Nille loyihasi asosida quril­gan.

Download 1 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling