I. Kirish. Fanning maqsadi va vazifalari
Numizmatik manbalarda Samarqand hukmdorlari bilan bog‘liq ma’lumotlar
Download 1 Mb.
|
Majmua 2-kurs Samarqand tarixi
Numizmatik manbalarda Samarqand hukmdorlari bilan bog‘liq ma’lumotlar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan sug‘diy yozuvli bronza tangalar ham Sug‘dning ilk o‘rta asrlar tarixini tadqiq etishda birlamchi manbalardan hisoblanadi. Bronza tangalarda Sug‘d (Samarqand) hukmdorlaridan o‘ntasining nomi o‘qilgan.
Sug‘dning birinchi hukmdori šyšpyr (yoki šēšpēr) – Shishpir bo‘lib, ushbu ism so‘zma-so‘z “Din (zardushtiylik ?) targ‘ibotchisi” deb tarjima qilingan. Bu shaxs ismi xitoy yilnomalarida (“Tan shu”) 642 yilda Xitoy imperatoriga jo‘natilgan elchilik munosabati bilan tilga olinadi. Shishpir 650 yoki 655 yilargacha taxtni boshqargan va uning hukmronligi davrida Sug‘d konfederatsiyasining markazi Kesh bo‘lgan deb hisoblaniladi. Lekin bu masala bahsli. Shishpirdan so‘ng Sug‘d taxtiga Varxuman (655-675) chiqqan. Varxuman (βrxwm’n yoki ’βrxwm’n) ismining ma’nosi sug‘diy yozuvlar tadqiqotchilari tomonidan “Ezgu fikr eltuvchi” deb talqin qilingan. Sug‘d konfederatsiyasi hukmdorlari to‘g‘risida numizmatik manbalardagi ma’lumotlar bilan birga xitoy yilnomalarida keltirilgan ma’lumotlar qimmatli ahamiyatga ega. Xitoy yilnomalariga ko‘ra, Varxumandan keyin taxtga Dusoboti kelgan. Sug‘diycha Twk’sp’δ’k (“Kuchli qo‘shin sohibi”) – Tukaspadak ismning xitoycha talaffuzi Dusaboti shaklida keltiriladi. Dusoboti 695-696 yillarda Sug‘d konfederatsiyasi tarixini boshqargan. Varxuman va Tukaspadak–Dusoboti o‘rtasida 675 yildan 695 yilgacha hukmronlik qilgan Sug‘d konfederatsiyasi hukmdori Urk Vartramuk bo‘lib, bu hukmdorning ismi manbalarda tilga olinmagan. Bu ism bizga faqatgina tangalardan ma’lum. So‘ngra Sug‘d taxtiga Nineshish kelgan bo‘lib, bu hukmdor nomi faqatgina xitoy yilnomalari (Ninje-shi-shi ko‘rinishda) keltirilgan bo‘lib, uning tangalari fanda ma’lum emas. Nineshishdan keyin konfederatsiya taxtiga Mastich (m’stč) (698-700) o‘tirgan bo‘lib, uning nomidan zarb qilingan tangalarda uning ’wnš / unaš - “unash” urug‘idan ekanligi keltiriladi. Musulmon muarrixlaridan biri Muhammad ibn Ja’far at-Tabariyning «Tarix-i Tabariy» asarida keltirilgan Sug‘d konfederativ tuzilmasining bir qator mahalliy mulklari – kichik hukmdorliklar hamda markaziy hokimiyatiga tegishli noyob ma’lumotlar diqqatga sazovordir. Bular orasida Sug‘d konfederatsiyasining nisbiy diplomatik mustaqilligini tasdiqlovchi bir dalilga diqqat qaratmoq zarur. Bu ham bo‘lsa, 700-710 yillarda Sug‘d podshosi bo‘lgan Tarxunning Sug‘d hukmdori sifatida Qutayba ibn Muslim (705-715) bilan tuzgan tinchlik sulhi ediki, uning bayoni “Tarixi Tabariy” da alohida qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Qutayba Xuroson noibi etib tayinlangach, bu yerdagi voqealar jarayonini o‘z foydasiga hal qilish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshiradi va bu boradagi dastlabki ishlaridan biri Sug‘d hukmdori Tarxun bilan tinchlik shartnomasini imzolaydi. Tarxun hukmronlik qilgan davr Arab xalifaligining O‘rta Osiyoga yurishlari avjiga chiqqan bir davrga to‘g‘ri keladi. Tarxun o‘n yil davomida Arab xalifaligi kuchlariga qarshi kurash olib boradi. Keyinchalik oqsoqollar kengashi va saroy a’yonlari tomonidan uyushtirilgan fitnaning qurboniga aylanadi. O‘z joniga qasd qilgan Tarxunning o‘rniga uning ukasi G‘urak taxt tepasiga keladi. Bu haqda Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlarining Nov 3 va Nov 4 chi hujjatlarida keltirilgan podsho Tarxunning hukmronlik yillarini ko‘rsatilganligi yuqorida fikrlarga asos beradi. Tarxunga qadar Sug‘d taxtida sulolaviy (otadan o‘g‘ilga yoki akadan ukaga taxtning meros bo‘lib o‘tishi) boshqaruv bo‘lmagan. Tarxundan so‘ng taxtga G‘urakning (“Kuchli”, “Baquvvat” ma’nolarini anglatadi) chiqishi bu yerda sulolaviy boshqaruvni ta’minlaydi. Tarxundan so‘ng taxtga chiqqan G‘urak 710-738 yillarda hukmronlik qilgan. 712 yilda Samarqand Arab xalifaligi qo‘shini tomonidan egallangach, G‘urak “Samarqand shartnomasi” da keltirilgan bandlarni bajarib, so‘ngra Samarqand taxtida qolishni Qutayba ibn Muslimdan iltimos qiladi. Lekin unga Samarqandda qolishga ruxsat berilmaydi. Natijada, G‘urak hozirgi Ishtixon hududidagi qarorgohiga borib o‘sha yerdan davlat ishlarini boshqaradi. 712 yil “Samarqand shartnomasi”ga ko‘ra, G‘urak ixshid emas, afshin deb keltirilgan. Sug‘diy manbalarda, jumladan, Mug‘ tog‘i arxivida “afshin” unvoni qayd etilmagan. Balki arablar G‘urakni podsho deb tan olmay, Devashtich bilan raqobatiga qasddan yo‘l ochgan bo‘lishlari ham mumkin. G‘urakdan keyin Sug‘d taxtiga uning o‘g‘li Turg‘ar (tangalarda twrγ’r MLK’ yoki Twrγ’r xšēδ shaklida uchraydi) kelib milodiy 738 yilda yildan to taxminan 750 yilgacha taxt tepasida turgan. Tangalarda oxirgi Sug‘d hukmdori sifatida nomi zikr etilgan hukmdor Turak (MLK’ twrk) bo‘lib, uning hukmronlik yillari boshqa manbalar orqali ma’lum emas. Lekin ushbu hukmdor ismining aynan ushbu shaklda o‘qilishi yanglish ekanligi tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. Tarxunning o‘rniga taxtga o‘tirgan, xitoy yilnomalarida Ulega, Sug‘d tangalarida ’wγrk (Ug‘rak), ’wr’kk (Urak), musulmon manbalarida esa G‘urak (ﻏﺮک) sifatida zikr etiluvchi birodari 710 yildan to 738 yilgacha hukm suradi. Tarxun va G‘urakning kelib chiqishi haqida manbalarda aniq ma’lumot uchramasada, Abu Xafs Umar ibn Muhammad anNasafiyning “alQand fi zikri ulamo Samarqand (Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand(dek shirin kitob))” asarida berilgan shajaradan ularning turkiy bo‘lganligi ravshan bo‘ladi. AnNasafiy G‘urakning avlodlaridan biri hadis roviysi bo‘lganligi haqida xabar berib, uning shajarasini quyidagi tartibda keltiradi: Abuhusayn Ubaydulloh ibn alMarzbon ibn Turkish Taqiy ibn Kasiyr ibn Tarxun ibn Banoyjur ibn G‘urak. “Tan shu” yilnomasida Ulega (G‘urak) Do-ge ismli o‘g‘lini Sao (Ishtixon) shahriga, Mochjo ismli ikkinchi o‘g‘lini Mi (Maymurg‘) shahriga hokim etib tayinladi, degan ma’lumot bor [6, 311]. Mazkur yilnomada Doge otasining o‘limidan so‘ng 738750 yillarda Samarqand hukmdori bo‘lganligi aytiladi. Tadqiq etilayotgan davrda Samarqand markaz sifatida konfederatsiya hayotida muhim mavqega ega bo‘lib, bu yerda mamlakat qonunchiligini aks ettiruvchi tuzuklar majmuasi saqlanadigan maxsus ibodatxona mavjud bo‘lgan. Ibodatxonaga markazga itoat etadigan hukmdorlar yilning belgilangan kunida birgalikda markazga sadoqatlarini ifodalash maqsadida diniy amalllarni birga bajarganlar. “Bey shi” va “Suy shu” yilnomalarida yozilishicha, Kan (Sug‘d)da «Ibodatxonada muhofazatda turadigan tuzuklar (majmuasi) bor. (Biron bir) jazoni belgilashda ushbu tuzuklar (majmuasi)ni olib, unga asoslangan holda hukm chiqaradilar». V.A. Livshis taxminiga ko‘ra, mazkur ibodatxona bilan Nov. 3 va Nov. 4 raqamli sug‘diy nikoh hujjatlarida O‘ttegin va Dug‘dg‘uncha orasida nikoh shartnomasi tuzilgan joy sifatida qayd qilingan «Qonunlar uyi» bitta joydir. Ushbu qonunlar uyi mahkama hisoblanadigan bo‘lsa, uning Samarqand yaqinidagi Kofirqal’ada bo‘lganligini taxmin qilgan tadqiqotlar mavjud. Kofirqal’ada olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu yerdagi muhrlarning tahlili bunday taxminga kelishga asos bo‘lishi mumkin. Samarqand hukmdorlari va Turk xoqonlari aloqalaridan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Sug‘d konfederatsiya Turk xoqonligi tasarrufida bo‘lgan davrda uni boshqarish uchun xoqonlik o‘ziga xos yo‘lllardan foydalangan. Xoqonlarning o‘z vassallariga qiz berib‚ ularni o‘zlariga tobe qilish an’anasi bo‘lgan. Xususan‚ xitoy yilnomalarida 690710 yillarda Samarqandni boshqargan mahalliy hukmdorlarning G‘arbiy turk xoqonlariga kuyov bo‘lgach‚ xoqonlikka bo‘ysunganligi qayd etiladi. Qizig‘i shundaki‚ ayni vaqtda Samarqand boshqaruvchilari Sug‘ddagi qolgan hukmdorliklar boshqaruvchilaridan ustun hukmdorlar sifatida tilga olinadi. Bu esa konfederatsiyaning ayni mana shu davrda taraqqiy etganligini va turk xoqonlari markaz orqali qolgan hududlarni o‘z ta’sirlarida ushlab turishga harakat qilganliklaridan dalolat beradi. Samarqand tangalaridagi tamg‘alar va ularning talqini xususida. Aynan shu davrlarga taalluqli‚ deb taxmin qilinuvchi uchburchak runik shakllardan iborat ko‘rinishdagi turkiy qiyofali ikki shaxs hukmdor va malika tasvirli tangalarda x’ttwn – «xotun‚ malika» unvonli tangalar aynan shu nikoh rishtalari tufayli Samarqand hukmdorlari tomonidan zarb qilingan bo‘lishi mumkin. Bu tip tangalarining G‘arbiy Turk xoqonligi tangalari bilan ikonografik jihatdan yaqin o‘xshashlikka egaligi ham diqqatni jalb qiladi. Bu borada boshqacha fikr ham mavjud. Turk xoqonligi hukmronligi ostida vassallar, xoqon sharafiga uning unvonini qo‘yib tanga zarb qilganligini taxmin qilish qilish mumkin. Mazkur tangalardan keyingi Samarqand tangalarida hukmdor tasvirlari o‘rnini xitoy taqlidi o‘rtasi to‘rtburchak teshikli tangalar egallaydi. Xullas‚ xoqonlikning o‘z vassallari ustidan bo‘lgan nazorati birmuncha zaiflashgan paytda Samarqand hukmdorlari o‘z tangalarini Xitoy ta’sirida zarb qila boshlaydilar. Shunday bo‘lsa ham xoqonlikning Samarqanddagi ta’siri VIII asr birinchi yarmigacha ham saqlanib qoladi. Xitoy yilnomalaridan ma’lum bo‘lishicha‚ VII asr ikkinchi yarmidan to shu asrning oxirigacha bo‘lgan vaqt mobaynida Samarqand hokimiyatida sulola almashinuvlari bo‘lib turgan. Bu voqealar ham numizmatik materiallarda aks etgan bo‘lib‚ an’anaviy Samarqandning “sirtmoq” ( ) shaklidagi tamg‘asi bilan birgalikda boshqacha tamg‘alar o‘rin olganida ham ko‘zga tashlanadi. “Turon hukmdori” iborali Samarqand tangalari. Ushbu tangalardagi yozuvlar talqini natijasida Samarqand hukmdorlari VI asr oxiri–VII asr boshlariga taalluqli xwβ twrnyn – “Turon hukmdori” (I-tip) yoki xwβ twrnyn x’γ’n – “Turon hukmdori Xoqon” (II-tip) iboralari bilan tanga zarb qilganliklari aniqlangan. Tadqiqotchilar ushbu sug‘diy yozuvli Samarqand tangalarining unvon va ikonografik jihatlari ularning xoqonlikka bevosita yoki bilvosita aloqadorligini ko‘rsatishadi. N. Sims-Vilyamsning ta’kidlashicha, qadimda, hatto, ilk o‘rta asrlarda sharqiy eronliklarga nisbattan ishlatilgan “Turon” so‘zi turklarga nisbatan ancha kech davrlarda ishlatilgan va u “Turkiston” toponimining sinonimiga aylangan. To‘g‘ri, ushbu toponim “turklar davlati” ma’nosida ishlatilgani ilk bor Firdavsiyning “Shohnoma” asari (XI asr) orqali ma’lum. Unda afsonaviy hukmdor Faridunning o‘z o‘g‘illariga podshohligini taqsimlagan vaqtda Tura ismli o‘g‘liga O‘rta Osiyo berilganligi keltiriladi. Aytish mumkinki, “Turon” atamasi faqat O‘rta Osiyo hududining qadimiy atamasi degan xulosa bahslidir. «Turon», «turonliklar» yurti tushunchasini keng hududlar bilann bog‘lash mumkin. Shuning uchun ham o‘rta asr mualliflari ham “Turon” geografik tushunchasini turlicha keltirishadi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Turon - bu turklar, turkiy qabilalarning yurti degan ma’noni bildirib, keyinchalik “Turkiston” tushunchasiga aylangan. Yuqorida keltirilgan Turk xoqonlari va Samarqand hukmdorlari masalasiga qaytadigan bo‘lsak, arab manbalarida Samarqand hukmdori G‘urak (738 y.) arablar bilan uchrashganda, o‘zini xoqonning qullaridan va chokar (xos askar)laridan biri sifatida ta’riflashida ham duch kelinadi. Shuningdek, Mug‘ tog‘i hujjatlaridan V-17 raqamli hujjat (maktub)dan ma’lum bo‘lishicha, Panjikent hukmdori Devashtich (709-722), xoqondan o‘ziga «yuksak martaba va ehtirom» kelganligini ta’kidlaydiki, tadqiqotchilar fikricha, bu bilan u o‘zini turk xoqonining vassali sifatida bilishini ifodalagan. Shunga o‘xshash ma’lumotlar xitoy yilnomalarida ham uchraydi. Jumladan, “Tan shu” yilnomasida 590620 yillarda Samarqandni boshqargan 2 nafar mahalliy hukmdorning G‘arbiy turk xoqonlariga kuyov bo‘lib‚ “turklarga bo‘ysunganligi” va atrof (Sug‘d)dagi qolgan hukmdorliklar ustidan ustunlikka ega bo‘lganligi alohida ta’kidlab o‘tiladi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, Sug‘d konfederatsiyasi markazi bo‘lgan Samarqand konfederatsiyaning barcha hududlari ustidan nazorat qilgan va o‘z ta’siri o‘tkazgan. Bundan tashqari markazga bo‘ysinuvchi hukmdorlar markazi bo‘lgan Samarqandga kelib hukmdorga sodaqatlarini ifodalash maqsadida diniy amalllarni birga bajarganlar. Markaz sifatida Samarqandning o‘ziga xos ahamiyati uning geografik muhim nuqtada joylashganligida bo‘lib, unga tobe hududlar uning atrofida joylashgan. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy va siyosiy jihatdan Samarqandning boshqa hududlar ustidan hukmronlik qilish imkonini beradi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling