BOYCHECHAK
Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondir.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Boychechakni tutdilar,
Tut yog‘ochga osdilar.
Qilich bilan choptilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
|
CHITTIGUL
Chittigul-e, chittigul,
Etagingga gul bosay.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Qo‘ling qo‘lbog‘da bo‘lsin,
Beling belbog‘da bo‘lsin.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Tapir-tupur ot keldi,
Chiqib qarang - kim keldi?
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Aravada un keldi,
Childirmada gul keldi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
Gul yaxshi-yu gul yaxshi,
Gulning popugi yaxshi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
O‘rtada o‘ynagan qizning
Haydar kokili yaxshi.
Hay-yu, chittigul,
Hay-yu, chittigul.
|