Iii mavzu. Korxonani tashkil qilish va uning faoliyatini to’xtatish


Korxonani ixtiyoriy tugatish qoidalari


Download 312.75 Kb.
bet11/16
Sana22.12.2022
Hajmi312.75 Kb.
#1041719
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16
Bog'liq
3- MAVZU

Korxonani ixtiyoriy tugatish qoidalari.
Korxonani ixtiyoriy tugatish quyidagi ikki hil holat bo’yicha alohida tartibda amalga oshiriladi :

  1. Moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarni ixtiyoriy tugatish.

  2. Davlat ro’yxatidan o’tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo’jalik faoliyatini yuritmayotgan korxonalarni ixtiyoriy tugatish.

Moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarni ixtiyoriy tugatish.
Moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarni ixtiyoriy tugatishda tugatuvchi ixtiyoriy tugatish to’g’risida qaror qabul qilingandan so’ng keyingi ish kunidan kechikmay quyidagi idoralarga belgilangan xujjatlarni jo’natadi:
a) ro’yxatdan o’tkazgan organga - ixtiyoriy tugatish to’g’risidagi qaror nusxasini jo’natadi;
b) korxonaning talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqamiga xizmat ko’rsatuvchi bankka va korxonaning xorijiy valyutadagi mablag’lari jamlanadigan vakolatli bankka:
ixtiyoriy tugatish to’g’risidagi qaror nusxasini;
imzolar namunalari va tugatuvchi muhrining bosma izi qo’yilgan, notarial tasdiqlangan kartochkalarning ikki nusxasini jo’natadi;
v) korxonaning milliy valyutadagi ikkilamchi depozit hisob raqamlariga, jamg’arma depozit hisob raqamlariga va muddatli depozit hisob raqamlariga xizmat ko’rsatuvchi banklarga - ularni yopish hamda mablag’larning mavjud qoldiqlarini uning milliy valyutadagi asosiy hisob raqamiga o’tkazish to’g’risidagi ariza-topshiriqnomani jo’natadi;
g) korxonaning xorijiy valyutadagi talab qilib olinadigan depozit hisob raqamlari, jamg’arma depozit va muddatli depozit hisob raqamlari ochilgan banklarga - ularni yopish hamda mablag’larning mavjud qoldiqlarini uning depozit hisob raqamlariga o’tkazish to’g’risidagi ariza-topshiriqnomani jo’natadi.
Ixtiyoriy tugatish to’g’risida qaror qabul qilingandan keyin tugatuvchi tomonidan quyidagi ishlarni amalga oshiriladi:
a) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda korxona xodimlari bilan mehnatga oid huquqiy munosabatlarni to’xtatish chora-tadbirlarini ko’radi;
b) korxonaning aktivlari va majburiyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xatlovdan o’tkazadi;
v) yil boshidan boshlab ro’yxatdan o’tkazgan organ korxonani ixtiyoriy tugatish to’g’risida xabardor qilingan sanagacha bo’lgan davrda korxona tomonidan to’lanadigan barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha hisob-kitoblarni tuzadi;
g) korxonaning debitorlik qarzlarini olish, shuningdek tasdiqnoma olgan holda (qabul qilib olingan sanasi to’g’risidagi belgi, pochta kvitantsiyasi, yozma yoki elektron xabar va shu kabilar) kreditorlarni aniqlash va korxonaning tugatilishi to’g’risida ularni yozma ravishda xabardor qilish chora-tadbirlarini ko’radi;
d) bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to’g’risida e’lonlar berilishini tashkil qiladi, e’lonlarda quyidagilar ko’rsatiladi:
korxonaning to’liq va qisqartirilgan nomi;
korxonaning joylashgan joyi (pochta manzili), soliq to’lovchi identifikatsiya tartib raqami;
ro’yxatdan o’tkazilgan sanasi va ro’yxatdan o’tkazgan organ to’g’risidagi ma’lumotlar (nomi va manzili);
ixtiyoriy tugatish to’g’risida qabul qilingan qaror to’g’risidagi ma’lumotlar (sanasi, tartib raqami);
kreditorlarning talablari ko’rsatilgan holdagi arizalarni qabul qilish muddati; ushbu muddat ko’rsatib o’tilgan e’lon chiqqan vaqtdan boshlab ikki oydan kam bo’lmasligi kerak.
Korxona davlat ro’yxatidan o’tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organi ro’yxatdan o’tkazgan organning bildirishnomasini olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida korxonaning moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirishga (taftish qilishga) kirishadi, uning muddati o’ttiz kalendar kundan oshmasligi kerak.
Tekshirishda korxonaning oxirgi tekshirish o’tkazilgan sanadan boshlab (agar korxonani tekshirish davlat ro’yxatidan o’tkazilgan sanadan boshlab amalga oshirilmagan bo’lsa - davlat ro’yxatidan o’tkazilgan sanadan boshlab) korxonani tugatish to’g’risida qabul qilingan qaror haqida ro’yxatdan o’tkazgan organ xabardor qilingan sanagacha bo’lgan davr mobaynidagi moliya-xo’jalik faoliyati qamrab olinadi, biroq bunda da’vo qo’zg’atishning quyidagi muddatlariga rioya qilinishi shart:
moliya hisoboti taqdim etgan soliq to’lovchilar bo’yicha - uch yil;
soliq summasining 20 foizdan ortiq miqdorda pasaytirib ko’rsatilgani (yashirilgani) aniqlangan taqdirda - besh yil.
Tekshirish yakunlariga ko’ra soliq qonunchiligi buzilishlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati organi qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko’radi.
Kreditorlar tomonidan talablar taqdim etilishi uchun belgilangan muddat tugagach va davlat soliq xizmati organi tomonidan o’tkazilgan tekshirish natijalarini hisobga olgan holda tugatuvchi oraliq tugatish balansi loyihasini tuzadi. Oraliq tugatish balansi korxona muassislari tomonidan tasdiqlanadi.
Tugatuvchi oraliq tugatish balansi tasdiqlangandan keyin besh ish kuni mobaynida, tasdiqnomani olgan holda har qaysi kreditorni uning talablari e’tirof etilgani yoki rad qilingani, e’tirof etilgan talablar summasi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab tugatuvchi tomonidan kreditorlarga quyidagi navbat bo’yicha pul summalarini to’lash amalga oshiriladi:

  • birinchi navbatda - fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishga va mualliflik shartnomalari bo’yicha pul to’lovlariga doir talablarini, shuningdek fuqarolarning hayoti va salomatligiga etkazilgan zarar uchun korxona tegishli vaqtbay to’lovlarni soqit qilish yo’li bilan javob beradigan talablarini qondirish;

  • ikkinchi navbatda - byudjetga, davlat maqsadli fondlariga va byudjetdan tashqari jamg’armalarga to’lovlar;

  • uchinchi navbatda - boshqa kreditorlarning talablari.

Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun pul mablag’lari etarli bo’lmagan taqdirda tugatuvchi tomonidan mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun mustaqil baholovchi jalb etiladi va korxona mol-mulkini ochiq savdolarda sotish tashkil etiladi.
Savdoga qo’yilgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida sotilmagan mol-mulk kreditorlarga baholash summasida, yuqorida keltirilgan navbatga rioya etgan holda mulk etib qabul qilish taklif etilishi kerak.
Kreditorlarning talablarini to’liq hajmda qondirishning mumkin emasligi aniqlangan taqdirda tugatuvchi korxonani to’lovga qodir emas (bankrot) deb e’tirof etish to’g’risidagi ariza bilan xo’jalik sudiga murojaat qilishi shart. Korxona to’lovga qodir emas (bankrot) deb e’tirof etilgan vaqtdan boshlab ixtiyoriy tugatish to’xtatiladi va bundan keyingi tartibot bankrotlik to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tugatuvchi tomonidan tugatish balansi loyihasini quyidagi shartlar bajarilgandan keyin tuziladi.:

  • kreditorlar bilan hisob-kitoblar tugallangandan keyin;

  • soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar, moliyaviy sanktsiyalar summasi, shu jumladan, tekshirishlar yakunlari bo’yicha to’langandan keyin;

  • korxonaning mol-mulki mol-mulkka egalik qilish yuzasidan buyumlar bo’yicha huquqlarga yoki ushbu korxonaga nisbatan majburiyatlar bo’yicha huquqlarga ega bo’lgan muassislar o’rtasida taqsimlangandan keyin.

Tugatish balansi korxonaning muassislari tomonidan tasdiqlanadi va davlat soliq xizmati organiga topshiriladi.
Tugatish balansi qabul qilingandan keyin davlat soliq xizmati organi, korxonaning soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha qarzi bo’lmagan taqdirda, bir ish kuni mobaynida tugatuvchiga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha qarz yo’qligi to’g’risida ma’lumotnoma berishi shart.
Ushbu ma’lumotnoma olingandan keyin tugatuvchi korxonaning asosiy hisob raqami ochilgan bankka hisob raqamini yopish to’g’risidagi ariza-topshiriqnoma bilan murojaat qiladi. Bank bir ish kuni mobaynida korxonaga tegishli bo’lgan hisob raqamini yopadi va tugatuvchiga ma’lumotnoma beradi.
Tugatuvchi asosiy hisob raqami yopilgandan keyin uch ish kuni mobaynida davlat arxiviga korxonaning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha buxgalteriya va boshqa hujjatlarini topshiradi.
Tugatuvchi korxonani davlat reestridan chiqarish uchun ro’yxatdan o’tkazgan organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda chiqqan korxonaning ixtiyoriy tugatilganligi to’g’risidagi e’lonni;

  • davlat ro’yxatidan o’tkazilganlik to’g’risidagi guvohnomani;

  • korxonaning barcha hisob raqamlari yopilganligi to’g’risida xizmat ko’rsatuvchi banklarning ma’lumotnomalarini;

  • korxonaning muhr va shtamplarini;

  • vakolatli organning, agar mavjud bo’lsa, chiqarilgan qimmatli qog’ozlarini bekor qilish to’g’risidagi ma’lumotnomasini;

  • agar mavjud bo’lsa, barcha litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning asl nusxalarini;

  • davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha qarz yo’qligi to’g’risidagi ma’lumotnomasini;

  • korxona hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani.

Ro’yxatdan o’tkazgan organ hujjatlar olingandan keyin ikki ish kuni mobaynida davlat reestriga korxona tugatilganligi to’g’risidagi yozuvlarni kiritadi. Ro’yxatdan o’tkazgan organning qarori u qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni mobaynida tugatuvchiga beriladi yoki unga pochta orqali jo’natiladi.
Korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati ro’yxatdan o’tkazgan organ ixtiyoriy tugatish to’g’risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan boshlab to’qqiz oydan oshmasligi kerak.

Download 312.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling