Ijtimoiy soha va uning


Rivojlangan mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi


Download 1.41 Mb.
bet22/59
Sana08.09.2023
Hajmi1.41 Mb.
#1674153
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   59
Bog'liq
Ijtimoiy soha iqtis ma\'ruzalar matni (2)

3. Rivojlangan mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi
tibbiy sug‘urta tizimi va uning mohiyati
Bozor munosabatlariga o‘tish davrida rivojlangan mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish tajribasini, kelajakdagi istiqbolini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiy rivojlangan davlatlarda aholining barcha qatlami tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lishi, tibbiy-profilaktik jarayonlarda qimmatbaho texnologiyalarning qo‘llanilishi, tibbiy xizmatlar narhining o‘sishi, ma’muriy xarajatlarning ko‘payishi sog‘liqni saqlash tizimida xarajatlarning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, hozirgi kunda tibbiy xizmatlar narxiningo‘sishini pasaytirishga, uning samaradorligini, sifatini oshirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar tibbiy sug‘urtalash jamg‘ar-malari yordamida samarali sog‘liqni saqlash tizimi shkallantirilib, yalpi xarajatlarni qoplashda bu jamg‘armalar asosiy manba sifatida qabul qilingan.
Rivojlangan davlatlar tajribasida tibbiy sug‘urtaning turli tashkiliy shakllari mavjud. Sug‘urta tizimi moliyalashtirishning asosiy manbai bo‘lib, uning quyidagi shakllari mavjud: davlat, ijtimoiy, xususiy, tibbiy, aralash sug‘urta tizimlari. Bundan tashqari, tibbiy sug‘urta tizimi ijtimoiy va davlat jamg‘armalaridan ham to‘la moliyalashtirilishi mumkin.
Hozirgi kunda ko‘pchilik iqtisodiy rivojlangan davlatlarda tibbiy sug‘urta tizimini, sug‘urtalash jarayonlarini davlat tomonidan unifikatsiyalash va sug‘urta jamg‘armalarini markao‘lashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu holda moliyaviy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, hamda hisobot tizimini takomillashtirish katta ahamiyatga ega, jumladan, tibbiy xizmatlarga muayyan narxlarni belgilash. Bunday narxlar preyskuranti kasalliklarning klinik-statistik gurhlariga asoslanadi. Bir turdagi bemorlar guruhini davolashda tibbiy xizmat narxlarini tabaqalashtirish, ko‘lamini aniqlash imkonini beradi. Davolash narxi kasalliklarning klinik-statistik guruhlari asosida shakllantirilgan me’yorlari bo‘yicha belgilanadi va u ko‘pgina davlatlarda keng qo‘llaniladi.
Jahon tajribasida aholining barcha qatlami uchun tibbiy xizmat olish imkonini beradigan tibbiy sug‘urta tizimini ideal modeli mavjud emas. Shu bilan birgalikda, xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganmasdan turib, respublikada tibbiy sug‘urta tizimini eoriy etib bo‘lmaydi.
AQSH da fuqarolarning sog‘lig‘ini xususiy va oilaviy sug‘urtalash (74% ni tashkil etadi) asosan, korxonalar tomonidan guruhli sug‘urtalash uslubida amalga oshiriladi, hamda “Mediker” (65 yoshdan oshganlar va nogironlar uchun – 13% ni tashkil qiladi) Davlat milliy dasturi va “Medikeyd” (kam ta’minlangan aholi qatlami uchun – 9% ni tashkil etadi) shtatlarning ijtimoiy dasturlari va xususiy sug‘urta manbalari hisobidan qoplanadi. AQSH aholisining 95 foizi kasallanish yoki jarohatlanish hodisasidan sug‘urtalangan.
“Medikeyd” dasturi sog‘liqni sug‘urtalash dasturi bo‘lib hisoblanmaydi, chunki sug‘urtalanuvchi sug‘urta badali va maxsus soliq to‘lamaydi. Bu dastur umumiy soliqlardan moliyalashtiriladi: 50 foizi federal byudjetdan va 50 foizi shtat byudjetidan. Bu dastur har bir shtatda o‘zining xususiyatlari bilan farq qiladi: sug‘urta berish shartlari, ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxat, ularning to‘lov muddati. Lekin, bu dasturlar federal qonunchiligi tomonidan belgilangan asosiy tamoyillar chegarasidan chiqmaydi. Kam ta’minlangan va 65 yoshdan oshganlar bir vaqtning o‘zida ikkita dastur bo‘yicha yordam olishi mumkin.
“Mediker” dasturi ko‘proq ambulatoriya xizmatini va o‘tkir kasalliklarni davolashni qo‘llab-quvvatlaydi. Dastur asosan hamma tibbiy xizmatlar uchun (stomatologik, optometrik xizmatlardan tashqari) xarajatlarni qoplaydi. Tibbiy asbob-uskunalar bilan tekshirishlar uchun narxlar an’anaviy klinik-diagnostik tekshirishlar usullaridan yuqoriroq, chunki bu qimmatbaho texnologiyalarni qo‘llash ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi. Notijorat xususiy tibbiy sug‘urta kompaniyalari tibbiy muassasalarga to‘lovlarni oldindan to‘laydi. Shuningdek, tijorat tibbiy sug‘urta kompaniyalarining ham sug‘urtalash shartlari turlicha. Odatda qo‘shimcha xarajatlar (“Medikeyd”, “Mediker” dasturlarida belgilanmagan) uchun to‘lovni xususiy tibbiy sug‘urta kompaniyalari qoplaydilar.
AQSH da xarajatlarni oldindan qoplash tizimi muvaffaqiyat bilan amal qilmoqda. Tibbiy sug‘urta kompaniyalari belgilangan xarajatlarni oldindan qoplaydi va kasalxonalar bu to‘lovlardan o‘zining byudjetini shakllantiradi. Bunda tariflar kasalliklarning klinik-statistik guruhlari asosida aniqlanadi. Bunday usulda me’yorlarda belgilangan xarajatlarning ortig‘iga tovon (kompensatsiya) to‘lanmaydi, tejalgan mablag‘lar qaytarilmaydi, tibbiy muassasalar esa ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini, samarasini oshirishdan manfaatdor bo‘ladilar.10
Lekin bu tizimning ham qator kamchiliklari bor, chunki bemorni muddatdan oldin chiqarib yuborish zarur tekshirishlarni o‘tkazmaslik hisobiga mablag‘ tejalishi mumkin. Bemorni kasalxonaga qaytadan yotqizish, tashxisni noaniq ifoda etish va boshqalar. Hattoki, tibbiy muassasalar faoliyatida suiiste’molchilik hollari ham uchrashi mumkin. Shuning uchun qator davlatlarda tibbiy xizmatlarga to‘lov tarifi tibbiy muassasalar assotsiatsiyalari, tibbiy sug‘urta kompaniyalari va joylardagi ma’muriy organ vakillari bilan birgalikda ko‘rib chiqilib, federal darajada tasdiqlanadi.
Hozirgi kunda AQSH da oilaviy tibbiy xizmatni kengaytirishiga mo‘ljallangan tashkilotlarni birlashtirishga qaratilgan maxsus konsorsiumni yaratish tajribasining amaliy ahamiyati ortib bormoqda.
Yaponiyada majburiy sug‘urta tizimi “Yaponiyaliklarning milliy xususiyatlariga” asoslangan. Yaponiyada sog‘liqni umumiy sug‘urtalash tizimi va quyidagi sug‘urtachilar mavjud: davlat, kattak va kichik shaharlar va qishloqlar, sog‘liqni sug‘urtalash ittifoqi. Davlat kichik va o‘rta korxonalar xizmatchilarining sog‘lig‘ini sug‘urtalash xukumat dasturi bo‘yicha tibbiy xizmat xarajatlarining 16% atrofida, katta va kichik shaharlar va qishloqlar boshqaruvidagi milliy sog‘liqni sug‘urtalash dasturi bo‘yicha xarajatlarning 50% miqdorida subsidiya ajratiladi. Aholi o‘z navbatida, sug‘urta tashkilotlariga sug‘urta badallarini to‘laydi va kasal bo‘lgan holda tibbiy xizmatlar uchun xarajatlarning 20-30 foizini o‘z jamg‘armasidan to‘laydi. Qolgan xarajatlarning 70-80 foizini tibbiy sug‘urta tashkilotlari to‘laydi. Davlatning yana bir muhim vazifasi shundan iboratki, u hamma tibbiy muassasalar uchun tibbiy xizmat muassasalar uchun tibbiy xizmatlarga yagona narxni belgilaydi.
Yaponiyada sog‘liqni saqlash tizimining quyidagi o‘ziga xos tomonlari mavjud: tibbiy sug‘urta tizimi bo‘yicha aholining barcha qatlamiga tibbiy xizmat ko‘rsatish kafolatlangan, bemorlar xoxlagan tibbiy muassasaga murojaat etishi mumkin, sug‘urta badallari aholining daromadlariga mutanosib va tibbiy xizmatning bir qismi fuqarolar tomonidan mustaqil to‘lanadi, ba’zi hollarda tibbiy xizmat uchun xarajatlar sug‘urtachi tomonidan to‘la qoplanadi, tibbiy muassasalarning boshqaruvi mustaqil, mamlakat bo‘yicha tibbiy xizmatlar uchun yagona tarif o‘rnatilgan, sug‘urtachi bo‘lib davlat, katta va kichik shaharlar va qishloqlar, hamda yuridik shaxslar hisoblanadi, ba’zi bir tibbiy sug‘urta turi aholi uchun majburiy.
Yaponiyada tibbiy muassasalarning ko‘pchiligi xususiy, lekin ular notijorat maqomiga ega, ya’ni olingan daromad muassasaning moddiy-texnik bazasini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
Buyuk Britaniyada milliy sog‘liqni saqlash tizimi mavjud bo‘lib, vazirlik tomonidan boshqariladi. Vazirlik islohotlarning o‘tkazilishini qat’iy tartibga solib turadi. Birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat bir guruh yoki shaxsiy notijorat maqomiga ega bo‘lgan umumiy amaliyot vrachlari tomonidan ko‘rsatiladi va ular mustaqil shartnoma asosida faoliyat yuritadilar. Trastlarda va gospitallarda ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Trastlar tashkiliy jihatdan vazirlikka bo‘ysunadilar va moliyaviy jihatdan unga bog‘langan. Ular muayyan mustaqillika ega bo‘lishi bilan birga vrachlarning maoshi davlat tomonidan belgilanadi.
Buyuk Britaniyada bemorlarning statsionarlarda davolanish kunlari juda kam.Rejali operatsiyalarning 50 foizigachasi bir kunlik statsionarlarda bajariladi. Lekn shuni ham aytib o‘tish kerakki, statsionarda rejali ravishda davolanish uchun9 oygacha navbatda turish mumkin.Statsionarlar davlat mulki hisoblanadi, lekin ular mustaqil faoliyat yuritadilar.
Islohotlar natijasida 1991 yildan boshlab, tibbiy xizmatlarning “ichki bozori” shakllantirilgan, tibbiy xizmatni moliyalashtirish uni ko‘rsatishdan ajratilagan: tibbiy xizmatlarni sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiy muassasalardan sotib oladi. Ularning munosabati aholini tanlash ehtiyojiga asosan, shartnoma bilan tartibga solinadi. Aholini kafolatlangan davlat dasturini joriy etishda qatnashayotgan tibbiy muassasalarni tanlashdan manfaatdor. Aholining ehtiyojini qondirayotgan talablardan foydalanayotgan tibbiy muassasalar birinchi navbatda moliyalashtiriladi.
Buyuk Britaniyada hamma xizmatchilarning sog‘lig‘i majburan sug‘urtalanadi, turmushga chiqqan ayollar bundan mustasno. Milliy sug‘urta tizimi etarli ta’minlamaydigan yoki umuman ta’minlamaydigan tibiy xizmatlar sohasini xususiy tibbiy sug‘urta tizimi qoplaydi.
Germaniyada an’anaviy ijtimoiy tibbiy sug‘urta tizimi mavjud. Aholining 90 foizi tibbiy sug‘urta polisiga ega. Korxonalar ish haqi jamg‘armasidan 13% miqdorida tibbiy sug‘urta jamg‘armalariga o‘tkazadilar. Bundan korxonalar sug‘urta harajatining 80% ini, xizmatchilar esa 20% ini to‘laydilar. Germaniyada tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplashning gonorar usuli keng tarqalgan. Bu usulning kamchiligi shundan iboratki, vrachlar xarajatlarga asoslanmagan ortiqcha va qimmatbaho muolajalarni qo‘shishlari mumin.
Buninng muqobil varianti sifatida bir qancha mamlakatda birinchi tibbiy bo‘g‘inda jon boshiga xarajatlarni qoplash usuli qabul qilingan. Bunda vrachning maoshi muayyan hududda yashovchi aholining soni bilan bog‘liq.
Kanadada 1971 yildan boshlab, aholi sog‘lig‘ini universal milliy sug‘urta tizimi joriy etilgan. Bu tizim bo‘yicha byudjet –ijtimoyi sug‘urta doirasida stomatologik xizmatlardan boshqa barcha xizmatlar xarajatlari qoplanadi. Sog‘liqni sug‘urtalash milliy tizimi aholining barcha qatlamlari tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishini ta’minlaydi. Sug‘urta dasturlarini moliyalashtirish sug‘urta badallari, davlat dotatsiyalariga asoslanadi. Shuningdek, bunga bemorlarning va xususiy sug‘urtaning mablag‘lari jalb qilinadi. Federal subsidiyalarning miqdori hududdagi sog‘liqni saqlash tizimi byudjetining 25% idan oshmaydi, har bir hududda davlat sug‘urta agentligi faoliyat ko‘rsatadi, ma’muriy xarajatlar umumiy xarajatlarning 2% idan oshmaydi. Sog‘liqni saqlash tizimi davlat dasturi hamma kanadalikni tibbiy xizmat bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bir qancha mamlakatlarda ambulatoriya-poliklinika bo‘g‘inida amaliyotchi vrachlar guruhi rag‘batlantiriladi. Vrachlar guruhi muayyan bir hududda yashaydigan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun majburiyat oladi, bu holda tibbiy sug‘urta tashkiloti tomonidan belgilangan badallar oldindan to‘langan bo‘lishlari shart. Shuning uchun vrachlar tibbiy-diagnostik xizmatlarni ko‘rsatishdan ko‘ra, profilaktik, sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishga harakat qiladilar, chunki ular bundan ko‘proq manfaatdor bo‘ladilar.
Rivojlangan mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimlari qator afzalliklari bilan birga bir qancha nuqsonlarga ega. Misol uchun, AQSH da 1988 yilda Xarris xizmati aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasini e’lon qilgan: aholining 10 foizi mavjud sog‘liqni saqlash tizimini “yaxshi” deb baholagan va unga “ba’zi bir” o‘zgartirish kiritish etardi deb, hisoblagan. Aholining 89 foizi esa sog‘liqni saqlash tizimining “ta’mirlash” lozim deb, hisoblagan. Kanadada sog‘liqni saqlash tizimini 61% amerikalik, Britaniya sog‘liqni saqlash tizimini esa 29% amerikalik afzal ko‘rgan (taqqoslash uchun: so‘rov o‘tkazilganda 56% kanadalik mavjud sog‘liqni saqlash tizimini “yaxshi” deb baholagan). Amerikalik 24 mln. aholi zarur tibbiy xizmatni ololmagan, 14 mln. amerikalik esa tibbiy xizmat qimmat bo‘lgani uchun tibbiy xizmatni olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan (Kanada aholisining 1% idan kamrog‘i tibbiy xizmatni ololmagan). “NBS Nyus” xizmatining 1989 yilda o‘tkazilgan so‘rovlari natijasida 92% amerikalik tibbiy xizmatga narxlarning o‘sishdan tashvishda ekanligi, 2/3 qismi esa milliy sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Demak, AQSH da aholining turmush darajasi tibbiy xizmatdan baxramand bo‘lishini belgilaydi. Shuningdek, onkologik kasalliklar, miya qon tomirlari, gripp va zotiljam, qandli diabet 1960 yil ko‘rsatkichlari darajasida. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ko‘rsatkichi bo‘yicha 20 ta rivojlangan mamlakatlar ichida ohirgi o‘rinda turadi.
Kanada sog‘liqni saqlash tizimida vrachlarga “gonorar usuli”da haq to‘lanishi natijasida vrachlar qancha ko‘p muolaja o‘tkazsa, daromadi shuncha ko‘payadi. Bunday tajriba zarur bo‘lmagan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga olib keladi. Kanada tizimi tibbiy xizmatning sifatini samarali nazorat qilinishini ta’minlay olmaydi. Profilaktik tadbirlar uchun mablag‘ kam ajratiladi. Yaxshi ta’minlangan kanadalik kam ta’minlangan kanadalikga nisbatan 4,5 yil ko‘p umr ko‘radi va 11 yil keyin mehnatga layoqatsiz bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash asosiy omili bo‘lib, aholining turmush darajasi hisoblanadi.11
Yaponiya aholining yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Lekin, shunga qaramasdan, Yaponiyalik ekspertlarning fikricha, sog‘liqni saqlash tizimida qator islohotlar o‘tkazish zarur. Bemorlar tizimida qator islohotlar o‘tkazish zarur. Bemorlar hohlagan tibbiy muassasani tanlash imkoniyatiga ega ekanligi natijasida qimmatbaho malakali xizmat ko‘rsatadigan statsionarlarda kasallikning engil shakllari bilan og‘rigan bemorlarning haddan tashqari ko‘pligi, ommaviy xizmat ko‘rsatadigan klinikalarda esa bemorlarning juda kamligi qayd qilingan. Bemorlarning statsionarda statsionarda o‘rtacha davolanish kunlari bo‘yicha Yaponiya rivojlangan mamlakatlar ichida ohirgi o‘rinlardan birida turadi. Ba’zi bemorlar tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lmasa ham statsionarda yotishi mumkin. Yaponiya ommaviy axborot vositalarini ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiyaliklarning 30 foizi sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqmagan.
Rivojlangan mamlakatlarning tajribasidan kelib chiqib aytish joizki, aholining barcha qatlami tibbiy xizmat olish imkoniyatiga ega emas. Ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan aholining ayrim qatlami tibbiy sug‘urtadan ko‘proq, ayrim qatlami kamroq naf ko‘radi.
Rivojlangan davlatlar sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish tajribasi Shuni ko‘rsatadiki, xarajatlarning asosiy qismi ijtimoiy sug‘urta, fuqarolarning shaxsiy mablag‘lari va xususiy sug‘urtalar hissasiga to‘g‘ri keladi (jadvalga qaralsin).
Hozirgi kunda mamlakatimizda tibbiy sug‘urtalashni bosqichma-bosqich joriy etish uchun asos tayyorlanmoqda. Bu maqsadlarda mavjud davolash-profilaktik muassasalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, ta’sischilar hisobiga qurilgan va belgilangan tartibda ro‘yhatdan o‘tkazilib, xususiy davolash profilaktik muassasalar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy sug‘urta hamda xususiy tibbiy sug‘urta badallari mavjud.
Xususiy tibbiy sug‘urta badallari ham xuddi ijtimoiy tibbiy sug‘urta badallari kabi maqsadli badallar yoki sug‘urtalovchi uchun tibbiy xizmatlarga sarflanishi nazarda tutilayotgan mablag‘ to‘lanishidir. Lekin, ijtimoiy sug‘urtadan farqli ravishda xususiy sug‘urtalash ixtiyoriydir. Har bir odam qachonlardir tibbiy yordam olishi yoki olmasligidan qat’iy nazar, badal to‘laydi.




Download 1.41 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling