Ijtimoiy sohani rivojlantirish umuminsoniy qadriyatlardan biridir
Download 34.5 Kb.
|
Ijtimoiy sohani
Ijtimoiy sohani rivojlantirish umuminsoniy qadriyatlardan biridir 02/09/2017 Ijtimoiy sohani rivojlantirish umuminsoniy qadriyatlardan biridir Ijtimoiy soha nima? Buning uchun oldin “ijtimoiy” so‘zi istilohini oydinlashtirib olsak. U, asli, arabcha “jam’” dan yasalgan bo‘lib, ko‘pchilik, to‘planish degan ma’nolarda ishlatiladi. “Jamoa”, “jamoat”, “jamiyat” so‘zlari ham bevosita shu “jam’” o‘zagidan kelib chiqadi. Tilshunoslik nuqtai nazaridan “jamiyat” so‘zi – ot so‘z turkumiga kiradi. Sifat yasash uchun unga odatdagi “-iy” sifat yasovchi qo‘shimchasini qo‘sholmaymiz, ya’ni tilimizda “jamiyatiy” degan so‘z shakli yo‘q. Shu sabab “jamiyat” kalimasining arab tilidagi sifat shakli – “ijtimoiy” so‘zini ishlatamiz. Bu aynan “jamiyatga, ya’ni ko‘pchilikka tegishli” degan ma’noni anglatadi. Biroq “ijtimoiy soha” yoki “ijtimoiy himoya” so‘z birikmalari siyosiy, ya’ni davlatshunoslikka oid atamalar hisoblanadi. Ma’no jihatidan “ijtimoiy soha” ko‘pchilikning manfaatlariga tegishli sohani anglatadi. “Ijtimoiy himoya” esa “ko‘pchilikni himoya qilish” degan tushunchani bildirgani bilan, u amalda aholining, asosan, muhtoj va nochor toifalarini moddiy va ma’naviy himoya qilishni nazarda tutadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgandan keyin kuchli ijtimoiy siyosat yurgizdi. Ijtimoiy soha hozirgi paytda ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi ushbu yil 7 fevraldagi farmonida beshta ustuvor yo‘nalishdan to‘rtinchisida aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Unda belgilangan vazifalarni o‘qigan har bir gazetxon ko‘z o‘ngida birinchi galda ana shu chora-tadbirlar bo‘yicha mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan ishlar gavdalanadi, albatta. Bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqasiga, ayniqsa, unga mohiyatan tamoman zid bo‘lgan boshqa tuzumga o‘tish hamisha murakkab kechadi. Bu aholining muayyan qismi hayotida keskin tarzda aks etadi. Bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tayotganda, xususan, eski ishlab chiqarish tizimi, mavjud iqtisodiy integratsiya o‘z-o‘zidan va tabiiy ravishda izdan chiqadi, ularning barini yangidan shakllantirishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mulkka egalik qilishning shakli o‘zgaradi, davlat korxonalari, hatto, ekin yerlari egalari o‘zgaradi, ishchi kuchi ham bevosita bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari asosida qayta taqsimlanadi. Kimdir oldingi ishidan ajralishi, uni o‘zgartirishga majbur bo‘lishi ham zamonning zayli hisoblanadi. Demak, ijtimoiy himoyaga muhtojlar safi o‘zgarib, ya’ni kamayib-ko‘payib turishi ham – tabiiy jarayon. Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin. Mustaqil O‘zbekistonda avval-boshdan bu borada oqilona yo‘l tutildi. Hayot – mudom harakatda. Uni bir zum to‘xtatib turish yoki tarix g‘ildiragini orqaga aylantirishning aslo iloji yo‘q. Jamiyat doimo oldinga intilaverar ekan, u bilan birga ong ham tinimsiz o‘zgarib, taraqqiy topib boraveradi. Lekin hech bir zamon ongni bir tuzumdan batamom voz kechib, ikkinchisiga o‘tish davridagidek o‘zgartirishga muhtoj bo‘lmaydi. Axir, tuzumni kim o‘zgartiradi? Odammi?
Islohot kim uchun? Odamlar uchunmi? Shunday ekan, o‘zgarishlar mohiyati ham shaxs, uning manfaatlari bilan bevosita bog‘liq, islohotlar mas’uliyati ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaro zimmasiga tushadi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov istiqlolning dastlabki yillaridanoq: “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerak”, – degan qat’iy pozitsiyani ilgari surdi. Ko‘rinib turibdiki, kuchli ijtimoiy himoya avval-boshdan mustaqil O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri bo‘lib keldi. Mamlakatimizda davlat byudjetining asosiy qismi aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan. Mamlakatda bu qat’iy qoidaga izchil amal qilib kelinyapti. Demak, islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad – xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, umrni ko‘ngilli o‘tkazishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iborat. 1997 yildan boshlab yillarni muayyan yo‘nalish bo‘yicha nomlash an’anasi yo‘lga qo‘yildi. O‘sha yili “Inson manfaatlari yili” bo‘lgan. “Inson manfaatlari” deganda esa, avvalo, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish ma’nosi ko‘zda tutilgan. E’tibor qilinsa, shundan buyon har bir yilning yo‘nalishida u yoki bu tarzda aynan ijtimoiy masala o‘rtaga qo‘yiladi. Esingizda bor, 2007 yil esa “Ijtimoiy himoya yili” bo‘ldi. Chindan ham, istiqlol yillarida ijtimoiy muhofaza muayyan tizimga aylandi. Muhtoj qatlam va guruhlarga moddiy yordam ko‘rsatishning o‘ziga xos, ya’ni milliy mexanizmi ishlab chiqildi. 2017 yilning aynan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi amalda ana o‘sha siyosatning izchil davomi ekanidan dalolat beradi. Bugunga kelib mamlakatimiz taraqqiyoti muhim bosqichga kirdi. Ijtimoiy siyosat borasida istiqlol yillaridagi katta tajribalarga suyangan, mavjud an’analarni izchil davom ettirgan holda yangi-yangi qadamlar tashlanyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida” shu yil 22 fevraldagi farmoni bilan 94 nafar shaxs davlatimiz fuqarosi bo‘ldi. Undan keyin qabul qilingan bir necha farmonlar asosida yana qanchadan-qancha kishilar fuqarolikka o‘tdi. Bu ham mamlakat tarixida muhim ijtimoiy hodisa sifatida baholanishi lozim. Harakatlar strategiyasi asosida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami esa har qanday insonni mamnun etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 15 avgustda qabul qilingan “2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoyishida muayyan ma’noda hozirgacha amalga oshirilgan ishlar bir sidra sarhisob ham qilindi. Hozirgi kunda Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 15 ta qonun hamda 700 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani qayd etildi, shuningdek, besh ustuvor yo‘nalish bo‘yicha qilingan ishlar qisqacha sanab o‘tildi. Jumladan, ijtimoiy sohadagi eng muhim ishlar ham sanalgan. Unda qayd etilishicha, “faqatgina joriy yilning birinchi yarmida 2,7 ming kilometr avtomobil yo‘llari qurildi va ta’mirlandi, 84 ming 300 ta ish o‘rni yaratildi. 2017 – 2020 yillarda shaharlarda energiya jihatdan samarador arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi amalga oshirilmoqda, uning doirasida 50 ming 286 ta xonadondan iborat 1 ming 136 ta ko‘p qavatli uylarni, bundan tashqari, namunaviy loyiha asosida qishloq joylarida 75 ming turar joylarni qurish mo‘ljallangan”. Ertangi istiqbolni belgilash uchun, tabiiyki, kecha va bugunning tajribalariga suyanish, ya’ni erishilgan yutuqlarni yanada ko‘paytirish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni esa so‘zsiz tuzatish tadorigini ko‘rish kerak. Mazkur farmoyishda ana shu qoidaga amal qilingan. Unda qayd etilishicha: “...Navbatdagi islohotlarni sifatli va oldindan rejalashtirish uchun 2017 yil yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalarni chuqur o‘rganish va puxta tahlil qilish zarur”. Ijtimoiy sohaga e’tiborning ko‘lamini tasavvur qilish uchun, loaqal, shu yilning o‘zida bu borada qabul qilingan qonunosti hujjatlarining muhimlarini sanash kerak. Ko‘rib o‘tilganidek, Harakatlar strategiyasida ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun aynan nimalarni amalga oshirish aniq-tiniq qilib belgilab berilgan. Arzon uy-joylar barpo etish mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarning insonparvarligini ko‘rsatib turibdi. Uy-joylar arzon narxlarda qurilsa, uni sotib oluvchilar soni ko‘payadi. Eng muhimi, bu birinchi galda aholining uy-joyga o‘ta muhtoj qatlamining manfaatlari chuqur o‘ylangan holda yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi paytda mamlakatimiz barcha mintaqalarida ikki sotixli namunali qishloq uylarini, shuningdek, ikki-uch xonali ko‘p qavatli uylarni qurish jadal davom ettirilyapti. Bu borada, ayniqsa, imtiyozli kreditlar joriy etilganidan aholi – bag‘oyat minnatdor. Bugungi kunda poytaxtimiz katta uy-joy qurilishi maydoniga aylandi. Xususan, Sergeli tumani hududida katta sur’atlar bilan bunyod etilayotgan har tarflama shinam, zavmonaviy qulayliklarga ega arzon ko‘p qavatli uylar peshma-pesh bitkazilyapti. Yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish yo‘nalishiga ham jiddiy e’tibor berilyapti. Sergeli tumanini shaharning asosiy qismi bilan bog‘lashga xizmat qilishi mo‘ljallangan yer usti metrosining jadallik bilan qurilayotganiga hammamiz guvohmiz. Metroga parallel ravishda Sergeli tumani hududini metroning Olmazor bekati bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘li ham quriladi. Shuningdek, bu hududni bir tomoni shahar katta aylanma yo‘liga bog‘laydigan, ikkinchi tomoni esa Bektemir tarafga yo‘nalgan yangi magistral yo‘lga ulaydigan yo‘l qurilishi ham jadallik bilan davom ettirilyapti. Shahrimizning yo‘l va ko‘chalariga yangidan asfalt yotqizilyapti. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tub burilish yuz berdi. Xabaringiz bor, shu yilning 30 iyun kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashib, nutq so‘zladi. Yurtboshimiz davlatning yoshlar siyosatini chuqur tahlil etib, bu borada yangicha ishlash prinsiplarini bayon qilib berdi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Yoshlar ittifoqiga aylantirildi. Bundan buyon 30 iyun Yoshlar kuni sifatida bayram qilinadigan bo‘ldi. Siyosatdagi barqarorlik va izchillik har qanday davlatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Hozir poytaxtimizning qaysi mahallasiga kirmang, aholi baxtli yashashi uchun qulay sharoitlar yaratishga qattiq kirishilganiga guvoh bo‘lasiz. Ko‘p qavatli uylar tashqi taraflari ta’mirlanyapti. Bu uylar orasidagi yo‘l va yo‘laklarga asfalt, sement yotqizilyapti. Bolalar uchun o‘yingohlar yangidan jihozlanyapti. Poytaxtning bo‘sh turgan inshootlarida yangi-yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etilyapti. Bu ko‘plab ish o‘rinlari paydo qilish imkonini bermoqda. Bularning bari – ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining turmush darajasini yanada ko‘tarishni ko‘zlab amalga oshirilyapti. Jamiyat – bir butun tana. Uning ayrim shoxlari gullab-yashnab ketsa-yu, boshqalari quruq-qaqshab qolsa, adolatdan bo‘ladimi? Yo‘q! Bu yildan e’tiboran mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimining huquqiy asoslari tubdan yangilandi. Demak, ijtimoiy himoyaga asoslangan davlatimiz siyosati zamirida quyidagi insoniylik tushunchalari yotibdi: Bu qat’iyat – umuminsoniy qadriyatlardan biri. Bu qat’iyat – muqaddas islom dinining ham o‘zak masalalaridan biri hisoblanadi. Bu qat’iyat – demokratiyaning ham asosiy talablaridan biriga to‘la javob beradi. Bu qat’iyat – o‘zbek milliy tiynatining ham mag‘zi-mag‘ziga singib ketgan. Download 34.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling