Ilmiy dunyoqarashni shakllantirish va o`quvchilarni aqliy tarbiyalash


Download 42.74 Kb.
Sana24.01.2020
Hajmi42.74 Kb.

Aim.Uz

Ilmiy dunyoqarashni shakllantirish va o`quvchilarni aqliy tarbiyalash
REJA:


  • Bilim ilmiy dunyoqarashning asosidir.

  • Dunyoqarash mohiyati va uning turlari.

  • Kishilar ongi, dunyoqarashida yangicha fikrlashni shakllantirish zarurati.

  • Milliy istiqlol mafkurasi mohiyat - mazmuni. Tarbiya jarayonida milliy ong va tafakkurni shakllantirish.

Yosh avlodda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish hamma davrlarda millatning ilg’or kishilari diqqat markazida bo’lib kelgan. Insoniyat boshidan kechirgan barcha tuzumlarda davrning o’qimishli, ziyoli, bilimdon kishilari dunyo ilm faniga umuminsoniy madaniyatiga salmoqli hissalarini qo’shganlar. Bilim ilmiy dunyoqarashning asosi bo’lib hisoblanadi. Bilim olish albatta yoshlikdan boshlanadi. «Yoshlikda olingan ilm toshga o’yilgan naqshdir»,- deydi dono xalqimiz. Bilimli kishi hech qachon tarix sahifalaridan, xalqimizning qalbidan o’chmaydi. Shunday kishilar qatorida Sharq musulmon dunyosi mutafakkirlaridan al - Kindiy, G`azzoliy, Beruniy, Xorazmiy, Naqshbandiy, Yassaviylarni, G`arb allomalari I. Kant, F. Gegel, L. Feyerbax, A. Shopengauerlarning nomlarini tilga olmasdan bo’lmaydi. Eng buyuk allomalaru donishmandlar, o’zlarining noyob asarlari, ta’limotlari bilan insoniyat rivojiga ulkan hissa qo’shganlar. Ular umrlarini ilmu fanga bag’ishlab, bu yorug’ olamdan ketar chog’i hayot ilmini chuqur egalladingizmi? degan savolga hech narsa bilmay ketyapman degan ekanlar. Ne ajab, hayot ilmi sirli va murakkabki, anglab yetmoqqa butun insoniyat umri ham yetmaydi.

Bilim ilmiy dunyoqarashning asosi deb aytib o’tdik, shunday ekan dunyoqarashning o’zi nima? Uning qanday shakllari bor?

Dunyoqarash - faqat insongagina xos xususiyat bo’lib, hayvonot dunyosi boshqa narsa , buyumlar va mavjudodlar uchun bu hol yotdir. Ularda dunyoqarash kishilarning olam va uning o’zgarishi, rivojlanishi haqidagi ilmiy falsafiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik diniy, qarashlari va tasavvurlari tizimidan iborat. Demak, dunyoqarash bu olam haqidagi yaxlit umumiylashtirilgan bilimlar to’plamidir. Kishilar tevarak-atrofdagi narsa va hodisalar to’g’risida qancha ko’p ma’lumotlarga, bilimga ega bo’lsa, ularning dunyoqarashi ham shu darajada mukammal va puxta bo’ladi. Avvalo ta’kidlash lozimki, ilmiy dunyoqarash turlicha buladi. Turli kasb egalari turli xil dunyoqarashga ega bo’ladi.

Dunyoqarash kishilarda olam haqida yaxlit umumlashtirilgan bilimlar, g’oyalar turkumini hosil qiladigan ularni muayyan ijtimoiy guruhlar, sinflar, siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, davlatlar maqsadidan kelib chiqib, baholaydigan va shunga qarab hayotdagi o’z o’rnini, amaliy faoliyat yo’nalishlarini , maqsadlarini aniqlab olishga imkoniyat beradigan ko’p qirrali va sermazmun tushunchadir.

Dunyoqarashning ikkita darajasi mavjud. Birinchisini, kishilarning kundalik hayotiy amaliy tajribasi hamda kasbiy faoliyati asosida to’plangan bilimlar, tasavvurlar, qarashlar tashkil qilsa, ikkinchisini ilm-fan tufayli to’plangan nazariy bilimlar, g’oyalar yig’indisi tashkil etadi. Ularning ikkalasi bir-biri bilan uzviy bog’langan bulib, bir-birini to’ldiradi.

Dunyoqarash ijtimoiy borliqning in’ikosidir. Unda ijtimoiy turmush aks etadi va u ijtimoiy tuzumga bog’liq bo’ladi.

Dunyoqarashning doimo o’zgarib, rivojlanib turishi uning tarixiy turlarining almashuvida yaqqol namoyon bo’ladi.






Mifologik ( yunoncha - mifos-naql, rivoyat, logos- tushuncha, ta’limot) dunyoqarash - ijtimoiy taraqqiyotning eng boshlang’ich davriga xos bo’lgan xalq og’zaki ijodi- naql va afsonalarda gavdalantirilgan ijtimoiy ongning asosiy shaklidir.

«Olam qanday paydo bo’lgan? Quyosh, oy va yulduzlarni kim yaratgan? Bu sir-sinoatga to’la borliqning so’ngi qayerda?» degan savollar odamzotni azaldan qiziqtirib kelgan.



Ushbu savollarga odamzot topgan dastlabki javoblar miflarda ifodalangan va ular butun bir mifologik tizimni hosil etgan.

Qadimiy turkiy xalqlarda ham shunday mifologik tizim mavjud bo’lgan. Misol tariqasida yer, osmon, yulduzlarning paydo bo’lishi, tuzilishi va o’zaro munosabati haqidagi mifologik naqllarni keltiramiz:

1. Yer(ning) ustidan osmon do’ppiday yopib turadi. Eng balandda, o’rtada Temir qoziq yulduzi turadi. Jami yulduz yer bilan temir qoziqning (atrofida) chir aylanadi. Yerning ostidayam bir temir qoziq yulduzi bor. Ikki temir qoziq tortishib, yer qimirlamay turadi.

2. Hulkar avval yetti yulduz bo’lgan. Birovini Yetti qaroqchi olib, oltitasi qolgan. Yetti qaroqchi Hulkar bilan Qambarning o’rtasia tushib, ularni yuz ko’rmas qilib qo’ygan. Avval ular bir-birini yaxshi ko’rishgan. Hozir Hulkar botsa, Qambar chiqadi. Qambar botsa, Hulkar tug’adi. Hulkar- qiz, Qambar- yigit deyishadi. Oxiri qiyomatda Hulkar bilan Qambar ko’risharmish.

3. Osmon qavat-qavat bo’lar ekan. Nechanchidir qavatida bir daraxt bor ekan. Har bir odamning oti yozilgan barg shu daraxtda bo’lar ekan. Odam o’lsa, barg so’lib, uzilib tushar ekan. Barg yerga tushayotganda, biror odamga tegib ketsa, shu odamning qulog’i chimirlar ekan. Shunday vaqtda kalima qaytarishi kerak ekan.

Diniy dunyoqarash mifologiya (afsona)negizida shakllangan va rivojlangan, voqelikning kelib chiqishi, rivojlanishi, istiqbolini xayoliy obrazlar, tasavvurlar va tushunchalarda aks ettiruvchi dunyoqarashdir. Diniy dunyoqarashning xalq ongiga singib, qalbida chuqur ildiz otib ketishining boisi shundan iboratki, ular oddiy kishilarning ruhiyatiga moslab, ularning hissiyoti, tafakkuriga ta’sir etadigan va ko’p vaqtgacha esda saqlanib qoladigan yorqin obrazlar, afsona va rivoyatlar shaklida izhor qilinishidadir.

Islom ta’limotidagi har bir afsona va rivoyatlarda katta hikmat, falsafiy fikr, ma’no mavjuddir. Shuning uchun ham ular barhayot bo’lib, avloddan-avlodga o’tib, bizning davrimizgacha yetib keldi. Bunday ma’naviy boylikni ehtiyot qilishimiz lozim.

Falsafiy dunyoqarash - bu olam haqidagi yaxlit va tizimlashtirilgan bilimlar yig’indisidir. Mifologik va diniy dunyoqarash hissiy a’zolarimiz orqali erishilgan ma’lumotlar asosida shakllansa, falsafiy dunyoqarash hissiy va aqliy a’zolarimiz tufayli ilm-fan yordamida to’plagan bilimlar yig’indisidir. Falsafiy dunyoqarash kishilarga tabiat, jamiyat, inson tafakkuri rivojlanishining umumiy qonuniyatlari haqida ma’lumot beradi. Shu bilan birga u insonni qurshab turgan olamni, dunyoni va uning taraqqiyot qonunlarini bilish mumkinligini, bilish esa murakkab, ziddiyatli jarayondan iboratligini ta’kidlaydi.



Hozirgi kunda dunyoqarashda yangicha fikrlashni hosil qilish mohiyati nimadan iborat va bu nima uchun zarur?

Hozirgi kunda kishilarning ongi dunyoqarashida yangicha fikrlash yo’sini mustahamlanmasa, milliy istiqlol g’oyasi, mazmuni va mohiyati ularga tushuntirilmasa katta o’zgarish sodir bo’lmasligi mumkin. Hozirgi muhim dolzarb masalalardan biri kishilarning eskicha dunyoqarashini o’zgartirish iqtisodiy, siyosiy, madaniy jabhalarda fikrlashni o’rgatish, mustaqillikni mustahkamlashda o’z haq - huquqlarini anglab olish va noo’xshov holatlarning hayotga kirib qolmasligiga qarshi kurashishga undashdan iborat.

Milliy ong va mafkurani shakllantirish xozirgi kun talabi ekan, bu tushunchalar mohiyatini ham chuqur bilishimiz zarur.

Xo’sh, ong, milliy ong va mafkura nima? (Savollar yuzasidan qisqacha munozara uyushtiriladi)

Ongni arabcha «aql» so’zidan olingan, deb ta’kidlaydi bir qator olimlar. Lekin ong va aql iboralari o’rtasida farqlar ham bor.

Odamning fikrlash qobiliyati nazarda tutilganda, ong va aql atamalari bildirgan ma’nolar bir-biriga mos keladi, ong ham, aql ham odam miyasining mahsulidir. «Odam onglaydi (anglaydi), aql yuritadi, fikrlaydi. Ong, shuningdek, kishining ruhiy, ruhoniy, siyosiy, falsafiy nuqtai nazarlari, diniy, badiiy qarashlarining ham majmui hisoblanadi»1

Milliy ong - bevosita har bir millat yoki elatning uzoq tarixiy etnogenez davri, turmush tarzi, iqtisodiy ishlab chiqarish usuli, diniy e’tiqodlari, madaniyati, boshqa xalqlarning o’zaro ta’siri tufayli shakllangan dunyoqarashi, iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy va madaniy-ma’naviy sohalarda faollik darajasi.

«Milliy ong - O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlashning samarali omillaridan biridir». Milliy ongni davr talabi darajasiga ko’tarish uchun davlatimizda katta ishlar amalga oshirilmokda. Bunda ta’lim-tarbiya muassasalari-ning roli ayniqsa muhimdir.

Mafkura (arabcha «mafkura» - nuqtai nazarlar va e’tiqodlar tizimi, majmui) - jamiyatdagi muayyan siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, badiiy, falsafiy, ilmiy qarashlar, fikrlar va g’oyalar majmui.

Mafkura ijtimoiy borliqning, ya’ni keng ma’noda jamiyat hayotining ma’naviy-siyosiy in’ikosidir, uning inson ongida aks etishi, inson tomonidan anglanib, bir butun tizim holiga keltirilishi va bu tizimning amaliy faoliyatda nazariy asos hamda ruhiy tayanch bo’lib xizmat qilishidir.

Ongimiz va dunyoqarashimizda milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishimiz kerak ekan, dastlab bu mafkuraning mohiyatini chuqur anglab olishimiz kerak. Bu haqda oldingi mavzularda, boshqa fanlarni o’tish jarayonida ham kup to’xtab o’tilgan. Shu fikrlarni, bilimlarni yana bir esga tushiraylik.

«Aqliy hujum» usuli qo’llaniladi. Talabalar guruhlarga bo’linib , «Milliy istiqlol mafkurasi - xalqimiz manfaatlari ifodachisi», «Milliy mafkuraga qo’yilgan talablar», «Milliy mafkuraning vazifalari», «O’quvchilarga milliy mafkurani singdirish yo’llari» haqida guruh bilan muhokama qilib, o’z xulosalarini beradilar.

«Aqliy hujum» qoidalari yozilgan chizma doskaga osib qo’yiladi.

Muhokamalardan so’ng chiqariladigan

XULOSA:

O’zbekiston jamiyatining milliy istiqlol mafkurasi, o’z mohiyatiga ko’ra, xalqimizning asosiy maqsad - muddaolarini ifodalaydigan, uning o’tmish va kelajagini bir - biri bilan bog’laydigan, asriy orzu - istaklarini amalga oshirishga xizmat qiladigan g’oyalar tizimidir.



Milliy istiqlol mafkurasi:

  • O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, demokratiya tamoyillariga asoslanadi;

  • xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviyati, an’ana va udumlari, ulug’ bobokalonlanrimizning o’lmas merosidan oziqlanadi;

  • adolat va haqiqat, erkinlik va mustaqillik g’oyalari hamda xalqimizning ishonch va e’tiqodini aks ettiradi;

  • yurt tinchligi , Vatan ravnaqi va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi;

  • jamiyat a’zolarini, aholining barcha qatlamlarini O’zbekistonning buyuk kelajagini yaratishga safarbar etadi;

  • millati, tili va dinidan qat’iy nazar, mamlakatimizning har bir fuqarosi qalbida ona Vatanga muhabbat, mustaqillik g’oyalariga sadoqat va o’zaro hurmat tuyg’usini qaror toptiradi;

  • jamoatchilik qalbi va ongiga fikrlar xilma - xilligi, vijdon erkinligi tamoyillariga rioya qilgan holda ma’rifiy yo’l bilan singdiriladi.

Milliy mafkura faqat bugun emas, balki hamma zamonlarda ham dolzarb siyosiy - ijtimoiy masala, jamiyatni sog’lom, ezgu maqsadlar sari birlashtirib, uning o’z muddaolariga erishishi uchun ma’naviy - ruhiy kuch - quvvat beradigan poydevor bo’lib kelgan.

U har bir vatandoshimizning oilasi, jamiyat, el - yurt oldidagi burch va masuliyatini qay darajada ado etayotganini belgilaydigan manaviy mezondir.

O’zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma - xilligi asosida rivojlanadi.

Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o’rnatilishi mumkin emas.

Bu qoida O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan partiyalar, harakat va ijtimoiy - siyosiy guruhlardan birortasining dasturiy g’oyalari yagona davlat mafkursi bo’la olmasligini anglatadi.

Milliy istiqlol mafkurasi turli siyosiy partiya va ijtimoiy gurhlar mafkurasidan ustun turadigan sotsial fenomen - ijtimoiy hodisadir. Bu mafkurada biron - bir dunyoqarash mutloqlashtirilmaydi yoki u mavjud siyosiy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida siyosiy qurolga aylantirilmaydi. Milliy istiqlol mafkurasi, o’z mazmun - mohiyatiga ko’ra, O’zbekistonning ijtimoiy - siyosiy taraqqiyotiga xizmat qiladi, barcha siyosiy partiyalar, guruh va qatlamlarning - butun xalqimizning quyidagi umumiy manfaatlarini ifodalaydi:


  • mamlakatning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, sarhadlar dahlsizligi;

  • yurtning tinchligi, davlatning harbiy, iqtisodiy, g’oyaviy, ekologik, informatsion tahdidlardan muhofaza etilishi;

  • mamlakatda fuqarolararo va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik muhitini ta’minlash;

  • har bir oila va butun xalqning farovonligi;

  • jamiyatda adolat ustuvorligi, demokratiya, o’z - o’zini boshqarish tamoyillarining amal qilishi.

Istiqlol mafkurasi tom ma’nodagi milliy mafkuraga aylanishi uchun quyidagi talablarga javob berishi zarur:inson qalbi va ongiga ijobiy ta’sir etadigan tushuncha va tuyg’ular, go’zal va hayotiy g’oyalar tizimini o’zida mujassam etishi;

  • millat, xalq va jamiyatni birlashtiruvchi kuch, yuksak ishonch - e’tiqod manbai bo’lishi;

  • har qanday ilg’or g’oyani o’ziga singdirishi va har qanday yovuz g’oyaga qarshi javob bera olishi;

  • zamon va davr o’zgarishlariga qarab, o’zi ifodalaydigan manfaat, maqsad - muddaolarni amalga oshirishning yangi - yangi vositalarini tavsiya etadi.

Milliy istiqlol mafkurasi ana shu talablarga javob bergan taqdirdagina quyidagi asosiy vazifalarni bajara oladi:

  • mustaqil dunyoqarash va erkin tafakkurni shakllantirish;

  • hur fikrli, mutelik va jur’atsizlikdan holi bo’lgan, o’z bilimi va kuchiga ishonib yashaydigan insonni tarbiyalash;

  • odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning irodasini baquvvat qilish, iymon - e’tiqodini mustahkamliligiga xizmat qiladigan ma’naviy muhit yaratish;

  • vatandoshlarimiz tafakkurida o’zlikni anglash, tarixiy xotiraga sadoqat, muqaddas qadriyatlarimizni asrab- avaylash, vatanparvarlik tuyg’usini kamol toptirish;

  • xalqimizga xos bo’lgan iymon - e’tiqod, insof - oqibat, sharmu hayo kabi fazilatlarni yanada yuksaltirish;

  • mamlakatimizning ko’p millatli xalqi ongi va qalbida "O’zbekiston - yagona Vatan" degan tushunchani shakllantirish va rivojlantirish.

«Mafkura jamiyatda yashaydigan odamlarning hayot mazmunini, ularning intilishlarini o’zida mujassamlashtiradi»2.

Istiqlol mafkurasini yoshlar qalbi va ongiga singdirishda jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olish, ta’lim - tarbiya, targ’ibot va tashviqotning samarali usul va vositalaridan oqilona foydalanish taqozo etiladi.

(Mustaqillik davrida O’zbekistonda amalga oshayotgan buyuk o’zgarishlarni tasvirlovchi videosyujetlar namoyish etiladi.)

Topshiriq

1. «Oilada milliy istiqlol mafkurasini yoshlar ongiga singdirish yo’llari» mavzusida esse yozing.



2. G.Tulenovaning «Milliy ong va milliy iftixor o’sishining tarbiyaviy ahamiyati»3 maqolasi bilan tanishib chiqing.


1 Иброхимов А., Султонов Х., Жўраев Н. Ватан туйg’уси. Т.: «Ўзбекистон»,199. 30- бет.

21. Миллий истиqлол g’ояси: асосий тушунча ва тамойиллар. Тошкент: «Ўзбекистон», 2000. 43-46-бетлар.

32. Туленова Г. Миллий онг ва миллий ифтихор ўсишининг тарбиявий аhамияти //«Халq таълими», 1997 , 2-сон.14-19- бетлар.

Download 42.74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling