Ilmiy tadqiot mavzularini tanlash va asoslash
Fanda bashorat ijod shakli sifatida
Download 30.44 Kb.
|
ILMIY TADQIOT MAVZULARINI TANLASH VA ASOSLASH
Fanda bashorat ijod shakli sifatida
Ilmiy bashoratni sub’ektning borliq sirlarini va o’rganilayotgan ob’ektning rivojlanish mexanizmlarini o’zlashtirish borasidagi ijodiy faolligining shakli sifatida ko’rib chiqmasdan ilmiy ijod metodologiyasini tadqiq qilish mumkin emas. Epistemologik va gnoseologik jihatlardan bashorat tuzilishini ilmiy bilish shakli sifatida, bashorat metodlarining xususiyatlarini va ilmiy bilishning o’sishiga ularning ta’sirini falsafiy analizdan o’tkazish e’tiborga molikdir. Bugun, insoniyat qadam qo’ygan yangi ming yillik va yangi XXI asrning boshida kishilik jamiyatining progressiv taraqqiyotini ilmiy tushuntirish va ilmiy prognozsiz tasavvur qilish ham mumkin emas. Olim ilmiy bashorat sohasida ijodiy faoliyat bilan shug’ullanar ekan, ijtimoiy taraqqiyot qayerga, qay yo’nalishda harakat qilyapti, bu harakatning sur’atlari qanday, ularni qanday yaxshilash, jadallashtirish (yoki, aksincha, sustlashtirish), maqbullashtirish kerak va nihoyat, mazkur rivojlanishning yaqin tarixiy istiqboldagi yakuniy maqsadi qanday, degan savollarga javob topishga harakat qiladi. Hozirgi zamon olamining qiyofasi shu qadar jadal o’zgarmoqdaki, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida yalpi globalizatsiya jarayonlari sodir bo’layotgan bugungi kun sharoitlarida har qanday ilmiy prognozlar qilish alohida olimlar hamda ilmiy jamoalar, maktablar va institutlar ijodining qiziqarli o’yiniga aylanadi. Ilmiy bilishning hozirgi zamon epistemologiyasi ilmiy bashoratga bizni qiziktirayotgan hodisalar va jarayonlarning mohiyati xamda ularning kelgusida rivojlanish tendensiyalari haqidagi to’g’ri bilimga asoslangan noma’lum narsa to’g’risida bilim deb qaraydi. Ilmiy bashorat bu bo’lg’usi hodisalarni, shuningdek, u yoki bu hodisalar, voqealar, jarayonlarning oqibatlari xususiyatini (qaytariladigan yoki qaytarilmas, foydali yoki zararli, xavfli va h.k.) oldindan aytib berish real imkoniyatidir. Ilmiy prognoz hisoblangan fanda bashorat ilmiy faktlarga, barcha holatlar va shart-sharoitlarni qat’iy e’tiborga olish negiziga quriladi. Ilmiy bashorat jarayoni kelajakda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan voqealar, hodisalarni oldindan aytib berishni o’z ichiga oladi. Ilmiy bashorat bilishning o’ziga xos shaklidir. O’tmish yoki bugungi kunning voqea hodisalari haqidagi ma’lumotlardan iborat oddiy bilimlardan farqli o’laroq, ilmiy bashorat kelajakda sodir bo’lishi yoki kashf etilishi mumkin bo’lgan narsalar haqidagi axborotni ifoda etadi. Binobarin, u extimoliy xususiyatga egadir. Bu bilish ob’ekti hali kelmagan kelajakning xususiyati bilan belgilanadi. Kundalik hayotiy tajribaga, sog’lom fikrga, xar xil hodisalarni oddiy kuzatishga yoki diniy e’tiqodga asoslangan diniy bashoratlar va empirik farazlardan farqli o’laroq, (ilmiy bashorat tabiat va jamiyat haqidagi ilmiy bilimni ob’ektiv, teran va har tomonlama analizdan o’tkazishga asoslanadi). Tabiiy va ijtimoiy hodisalarni o’rganishda ilmiy bashoratni tafovut etish zarur. Tabiat insonga ham, insoniyatga ham bog’liq bo’lmagan qonunlarga ko’ra, ob’ektiv rivojlanadi, shuning uchun ham bu yerda bashorat ozmi ko’pmi bir ma’noli xususiyatga ega bo’ladi. Ijtimoiy jarayonlar sohasida ilmiy bashoratda butunlay boshqa vaziyatga duch kelish mumkin. Birinchidan, ijtimoiy taraqqiyotning ob’ektiv konuniyatlari muayyan odamlarning sub’ektiv niyatlari bilan to’qnashadi va ixtilofga kirishadi hamda bunday to’knashuv jarayonida bu niyatlarga tuzatish kiritiladi, binobarin, ilmiy prognozning ruyobga chiqishi imkoniyatlari bu yerda omonat, muttasil o’zgaruvchandir. Ikkinchidan, jamiyat xayotini o’rganayotgan shaxs o’zi bu jamiyatning a’zosi bo’lib, o’rganilayottan jarayonlar, ob’ektiv va sub’ektiv omillarning bevosita ta’sirini o’zida muttasil his etadi, bu esa unga o’z tadqiqotchilik va prognostik ijodiy faoliyatida to’liq ob’ektiv bo’lishiga xalaqit beradi. Ilmiy ijodda bashorat gipotezalarni va ularni tekshirish metodini shakllantirish usuli sifatida ishtirok etadi, zotan, bu gipotezalarning to’g’ri yoki noto’g’riligini kelajakning o’zi tasdiqlaydi. Birinchi holda gipoteza ilmiy nazariyaga, ikkinchi holda esa yanglishish va xatoga aylanadi. Ilmiy bashorat bugungi kunda informatika va elektronika, global kompyuter tarmog’i va globalizatsiya asri insoniyat oldiga qo’yayotgan ko’pgina muammolarni hal qilishga qodir. Ilmiy bashorat va prognoz yordamida inson hayotiy faoliyati rivojlanishining nomaqbul, zararli, xavfli, boshi berk yo’nalishlarini oldindan aytib berish, shuningdek, ularning oqibatlarini yumshatish yoki to’liq bartaraf etish mumkin. Hodisalarni bashorat qilish, ularni ilmiy tushuntirish, hodisalarning teran aloqasi va mohiyatini ochib berish, ijtimoiy amaliyotga xizmat qilish qobiliyati bu fanning ijodiy, prognostik imkoniyatlarining ko’rinishlaridir, zero, ilmiy bilishning asosiy vazifasi tabiiy va ijtimoiy muxitda insonga yo’l ko’rsatish va uni bu muhitga moslashishiga yordam berishdan iborat. Bashorat bu odamlarning bilish va amaliy o’zgartirish faoliyati o’rtasida bog’lovchi bo’g’in, jamiyat hayotini tashkil etish va boshqarish vositasi bo’lib xizmat qiladi. Ilmiy bashorat bugungi kundan kelajakka, ma’lumdan noma’lumga yo’naltirilgan bo’lib, bu gnoseologik noaniqlikni vujudga keltiradi, binobarin, ilmiy ijod jarayonida ilmiy bilish va prognoz qilish amalga oshiriladigan tizimlarning rivojlanish yo’llari prinsipial xilma-xil bo’lishini nazarda tutadi. Shuning uchun ham bashorat ilmiy bilishda kelajakni mutlaqo aniq bilishni da’vo kilmaydi Hodisalarning jo’shqinligi, o’zgaruvchanligi, rivojlanishning yo’nalishi va sur’atlarini u yoki bu tomonga og’diruvchi fluktuatsiyalarning mavjudligi ilmiy bashorat aytilgan muddatdan oldin yoki keyin sodir bo’lishi, yo umuman sodir bo’lmasligiga sabab bo’lishi mumkin. Ilmiy bashoratning ro’yobga chiqish yo’llari har xil bo’lishi mumkin. Bu yerda ilmiy prognoz qiluvchi tadqiqotchilar tafakkurining o’ziga xosligi, ularning ijodkor shaxs sifatidagi xususiyatlari yorqin namoyon bo’ladi.(Bu yerda umumiy mushohadalardan xususiy mushohadalarga (deduksiya) va xususiydan umumiyga (induksiya) o’tish, taqqoslash, solishtirish, ekspert baholash, analiz va sintez qilish mumkin.) Ilmiy rejalar va prognozlar to’liq yoki qisman o’z ifodasini topadigan odamlar amaliyoti ilmiy bashorat va prognozning to’griligi mezoni bo’lib xizmat qiladi. Ilmiy bilishning evristik prognostik funksiyasi mavjud ilmiy bilimning qimmatini va butun insoniyat uchun axamiyatini oshiradi, zotan, ilmiy bashoratning ro’yobga chiqarish, uni potensial imkoniyatdan dolzarb voqelikka aylantirish inson aql zakovati ijodiy faoliyati imkoniyatlarining cheksizligi va bitmas tuganmasligiga bo’lgan insonning ishonchini mustahkamlaydi. Download 30.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling