Ilmiy tadqiqot haqida tushuncha va uni men uchun ahamiyati


Download 17.21 Kb.
Sana23.04.2023
Hajmi17.21 Kb.
#1387760
Bog'liq
Aminov Sarvar Esse


Ilmiy tadqiqot haqida tushuncha va uni men uchun ahamiyati

Ilmiy tadqiqot tushunchasi haqida mening ilk tasavvurlarim - oq xalat kiygan, ko’ziga shaffof, katta ko’zoynak taqib olgan professor olimlarning maxsus jihozlangan laboratoriyalarda qandaydir jonzotlar va o’zimliklar ustida olib boradigan tajribalari bilan to’la edi. Keyinchalik, maktab, litsey va oliygohlarda olgan bilimlarim, qiziqishlarim doirasida o’qib o’rgangan ma’lumotlarim asosida shakllangan dunyoqarashim menga ilmiy tadqiqot tushunchasi nafaqat laboratoriya tajribalari, balki tiriklik bilan bog’liq jamiyki bilimlarning asosi ekanligini anglashimga yordam berdi. Zero, tasdig’ini topgan har qanday ilmiy tushuncha asosida qaysidir olim yoki olimlar guruhining yillar davomida qilgan tadqiqot va izlanishlari yotadi.


Agar, ilmiy tadqiqot tushunchasining adabiyotlarda berilgan izohiga qaraydigan bo’lsak, ilmiy tadqiqot - bu inson, tabiat va jamiyat haqidagi ilmiy bilimlar hajmini oshirish, shuningdek, ushbu bilimlarni tatbiq qilishning yangi yo'nalishlarini izlab topish maqsadida tizimli asosda amalga oshiriladigan ilmiy faoliyatdir. Bundan ko’rinadiki, ilmiy tadqiqot bugun yoki kecha paydo bo’lgan tushuncha emas. Insoniyat yaralibdiki, hayoti davomida egallagan har qanday bilim va ko’nikma, qaysidir ma’noda ilmiy tadqiqot mevasi hisoblanadi. Insoniyatning dastlabki yillarida tadqiqot va ishlanmalar bir muncha sodda, primitiv xatti-harakat yoki o’ta oddiy tajribalar asosiga qurilgan bo’lsa, bugungi kunda ilmiy tadqiqot tushunchasi va uning atrofida jam bo’lgan bilimlarni o’rganuvchi butun boshli fan mavjud. Zamonaviy muammolar - zamonaviy yechimlarni taqozo etganidek, ilmiy tadqiqot samarali natija berishi uchun bugungi kunda turli xil vositalarni tatbiq etish maqsadga muvofiq. Moddiy vositalar, axborot vositalari, til va matematik vositalar shular jamlasidandir.
Men magistratura bosqichida ta’lim olishni boshlar ekanman, oldinda meni nihoyatda ma’suliyatli bo’lgan ikki yil, balki undan ko’proq, kutib turganini his qilardim. Chunki, ushbu ta’lim bosqichi mening kelgusi faoliyatimda muhim burilish yasashi mumkin. Mavzu tanlashdan tortib to himoyaning so’nggi bosqichiga qadar maksimal diqqat va qunt talab qiladigan ilmiy tadqiqotning ahamiyatini men quyidagi jihatlarda ko’raman. Birinchidan, pedagogik faoliyatdan uzoq sohada faoliyat olib boradigan men kabi izlanuvchilar uchun dastlabki qadam sifatida, shubhasiz, tadqiqot mavzusini tanlashni aytishim mumkin. Bunday holatda o’zimni xuddi ertaklarda bo’lgani kabi oldidan bir nechta yo’l turgan qahramonga o’xshataman. Qaysi yo’lni tanlashim - keyinchalik aynan shu yo’lda davom etishimni taqozo etishini anglab turaman. Tadqiqot mavzusini tanlashdan oldin, ushbu mavzuning dolzarbligi, muhimligi, izlanish olib borish imkoniyatlari haqida chuqur tahlillar olib borish zarur. Ilmiy tadqiqotga shunchaki, magistrlik diplomini olish uchun yoziladigan qog’ozlar uyumi deb emas, balki kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatda asos bo’ladigan dastur-ul amal sifatida yondoshish lozim deb hisoblayman. Tanlangan mavzuni o’rganish davomida ushbu sohadagi kamchilik va barataraf etilishini kutayotgan muammolarni aniqlash, yechimlarini izlash va bu borada takliflar berish, mening, qaysidir ma’noda yurtimizda ilm-fan rivojiga qo’shgan dastlabki kichik qadamim bo’ladi deb ayta olishim uchun ham ushbu tadqiqotga mas’uliyat bilan qarashim kerak deb bilaman.
Ikkinchidan, men ustida ishlaydigan ilmiy tadqiqot kelgusida o’zim singari sohada yangilik qilaman, nimadir yarataman, qaysidir kamchilikni tuzataman deb izlanish olib boradigan yosh ilm ahli – talabalar uchun ham foydali qo’llanma bo’la olishini, undan foydalanish davomida, muallif mehnatiga rahmat aytishlarini nafaqat men, balki har qanday muallif ham xohlasa kerak, albatta. Shunday ekan, tadqiqot ishining sodda tilda yozilishi, faqat so’z va varaq soni uchun qilinadigan olib qochishlarsiz, va ayni vaqtda foydali ma’lumot va axborotlar bilan boyishitish zarurati borligini his qilib turibman.
Yuqoridagi fikrlarimga xulosa qilib aytishim mumkinki, ilmiy tadqiqotga shunchaki sovuqqonlik bilan emas, balki uning ahamiyati va dolzarbligini chuqur his qilgan holda yondashish zarur. Tadqiqotchi o’zidan qog’oz yig’uvchining tarozisiga qo’yiladigan bir uyum axlat emas, balki bir necha 10 yillardan keyin ham kutubxonalarda qo’lma qo’l bo’ladigan, o’quvchilarga ma’naviy ozuqa bera oladigan, favqulodda foydali ishlanma – asar qoldirib ketishi zarur deb hisoblayman.
Download 17.21 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling