Ilmiy tadqiqot metodologiyasi
Download 305.59 Kb.
|
Ilmiy tadqiqot metodologiyasi
Verifikatsiya tamoyili – mohiyat-e’tibori bilan formal mantiqni etarli asoslash tamoyilining o‘xshashi. Uning asosiy mazmuni juda sodda–ilmiy bilim tizimiga kiritiladigan qoidalar asoslangan bo‘lishi kerak. Ammo haqiqiy yoki asoslangan ilmiy bilimning umum e’tirof etilgan mezonlarini tanlash muammosi haqida bunday deyish mushkul. Afsuski, bu erda olimlar o‘rtasida yakdillik yo‘q. Mantiqiy pozitivizmda har qanday bilimni eng sodda atomar empirik mulohazalar, qaydlarga bog‘lash orqali empirik asoslash imkoniyati mana shunday mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Falsifikatsiya tamoyili–mazkur tamoyilga binoan, faqat inkor etish orqali tekshirib ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lgan bilimgina ilmiy bilim bo‘lishi mumkin. An’anaviy ilmiy bilimni soxta, mistik, ezoterik va boshqa shunga o‘xshagan ta’limotlardan ajratishda falsifikatsiya tamoyili ayniqsa katta samara beradi. Masalan, kimdir osmonda illyuminatorlaridan o‘zga sayyoraliklar qarab ketayotgan uchar likopni ko‘rdim deb aytsa, mazkur bilimni ilmiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqish uchun uning yolg‘onligi yoki haqiqiyligini tanqidiy tekshirish imkoniyati (guvohlar, fotosurat, qayd etilgan radiosignallar va sh.k.) bo‘lishi kerak. Mazkur tamoyilni K. Popper ta’riflab bergan. Ammo uning asosiy g‘oyasi ozmi, ko‘pmi aniq darajada ilgari ham tadqiq qilingan edi. Masalan, F. Nitsshe «YAxshilik va yomonlikning narigi tomonida» asarida: «Nazariyani inkor etish mumkin emasligi uning eng muhim jihatlaridan biridir. Aynan mana shu jihati bilan u eng nafis aql egalarini o‘ziga tortadi»82, deb yozadi. Reduksiya tamoyili–ma’lum yaxlitlik, tizim, «murakkablik»ni uning nisbatan sodda tarkibiy qismlari, unsurlari orqali bilishdir. Boshqacha qilib aytganda, reduksiya tamoyili–tadqiq qilinayotgan ob’ektlar (yaxlitliklar, tizimlar)ning ma’lum integral xossalarini mazkur ob’ektlarning tarkibiy qismlari orqali bilish. Bu tamoyil jonli va jonsiz tabiatning ma’lum ob’ektlarini, ijtimoiy tizimlarni, ijtimoiy-tabiiy tizimlarni ilmiy bilishga ko‘proq xos. Masalan, atomning ba’zi bir xossalarini uning yadrosi va elektronlarining xossalaridan, tirik hujayraning xossalarini uning tarkibidagi organoidlardan, jamiyatning xossalarini uni tashkil etgan ijtimoiy tabaqalar, iqtisodiyot, jug‘rofiy-siyosiy holatning xossalaridan keltirib chiqarish mumkin va h.k. Kontrreduksiya tamoyilida oliy immanent «metayaxlit» xossalarning mavjudligi va mazkur tizim yaxlitligini yanada yuksak darajada uyushgan tizimning tarkibiy qismi, unsuri sifatida gnoseologik nuqtai nazardan tadqiq qilish mumkinligini e’tirof etiladi. Bu erda aynan immanent, ya’ni mazkur yaxlitlikka avvaldan xos bo‘lgan xossalar to‘g‘risida so‘z yuritilayotganligi maxsus qayd etiladi. Kontrreduksiya tamoyili elementar zarralardan tortib to ijtimoiy-tabiiy tizimlargacha bo‘lgan barcha tabiiy ob’ektlarga, shu jumladan, tabiiy tilga nisbatan amal qiladi. Xullas, kontrreduksiya tamoyili deganda ob’ekt (yaxlitlik, tizim)larni nisbatan yuksak darajada uyushgan tizimlarning tarkibiy qismlari sifatida, shu jumladan, tadrijiy rivojlanayotgan tabiiy tizimlarning tarkibiy qismlari sifatida tadqiq qilish jarayonida mazkur ob’ektlarning «metayaxlit» xossalarini bilish tushuniladi. Tadqiq qilinayotgan ob’ektlarga nisbatan kontrreduksiya tamoyilini qo‘llash natijasida aniqlangan immanent «metayaxlit» xossalarni oliy narsalar va kelajak haqidagi immanent «xotira» deb nomlash ham mumkin. Kontrreduksiya tamoyili «butunning xossalari uning tarkibiy qismlari xossalarining yig‘indisidan katta», degan ma’lum qoidaga asoslanibgina qolmasdan, tabiiy tuzilmalar (yaxlitliklar)ning oliy (metayaxlit) xossalarini ajratadi. Muayyan ob’ektning aniqlangan yaxlit xossalari, agar ular tarkibiy qismlarning xossalariga bog‘liq bo‘lmasa, «metayaxlit xossalar» bo‘lmasligi mumkin. Kontrreduksiya tamoyilini tabiatshunoslik sohasida amalda qo‘llash ob’ektlarning oliy xossalarini faqat statistik moddiy tizimlar yoki aksiyalashtirish vaqti cheklangan tizimlar (masalan, sun’iy tashkil etilgan kimyoviy jarayonlar yoki alohida muayyan organizmlardagi jarayonlar)dagi ob’ektlarning oliy xossalarini tadqiq qilish bilangina cheklanmaydi. Metodning imkoniyatlari ancha keng, chunki kontrreduksiya metodiga nisbatan uning yuqori darajada uyushgan tizimi, deganda zamon va makondagi har qanday, shu jumladan tadrijiy rivojlanayotgan tabiiy tizimni tushunish lozim. Zamon va makondagi tizim (yoki xususiy holatda makondagi temporal tizim)ni deganda biz zamonda ma’lum darajada o‘zgaruvchi (noorganik, organik, ijtimoiy) tushunamiz. Biz uni ma’lum invariant belgilariga qarab, yaxlitlik hamda tadqiqotning ma’lum ob’ekti sifatida ajratamiz. SHunga o‘xshash har qaysi tizim uchun elementar vaqt bo‘lagi, ya’ni tizimida ko‘rilayotgan o‘zgarishlar ahamiyatsiz bo‘lgan eng katta vaqt oralig‘i tushunchasini muomalaga kiritish lozim. Mazkur vaqt bo‘laklarining miqdori kosmologiya uchun ming va undan ortiq yillar, geologiya uchun o‘nlab va yuzlab yillar, mikrobiologiya uchun bir-ikki generatsiya davri (taxminan minutlar) bilan, kimyoviy genetika uchun sekundning ulushlaridan soatlargacha, jamiyat va madaniyat tarixi uchun esa o‘nlab va yuzlab yillar bilan o‘lchanadi. Download 305.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling