Inflyatsiyaning mohiyati


Download 66 Kb.
Sana22.04.2023
Hajmi66 Kb.
#1379783
Bog'liq
Mushtariybonu


Reja:

  1. Inflyatsiyaning mohiyati.

  2. Investitsiya loyihasiga ta’sir etuvchi inflyatsiyani hisoblash ko‘rsatkichlari.

Inflyatsiya lotincha “inflatio” so‘zidan olingan bo‘lib “ishish”, “bo‘rtish”, “ko‘pchish” degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z XIX asrning o‘rtalaridan boshlab iqtisodchilar tomonidan iqtisodiy termin sifatida ishlatilguncha qadar, u tibbiyotda xavfli o‘sma kasalini ifodalashda qo‘llanilgan.


Tarix haqiqatda ham bu so‘zning har tomonlama xavfli ekanligini ko‘rsatdi. Chunki inflyatsiya qandaydir alohida olingan bozorda tovarlar va xizmatlar narxining o‘sishidangina iborat bo‘lmasdan, bu umumiqtisod uchun xavfli hodisadir. Inflyatsiya so‘zining iqtisodiy o‘girtmasi – muomalada mavjud bo‘lgan tovarlar va ularning bahosiga nisbatan ko‘p pul chiqarish degan ma’noni anglatadi.
Iqtisodda inflyatsiyaning yakuni tovarlar bahosining o‘sishiga, qoniqtirilmagan, lekin qisman to‘lanishi mumkin bo‘lgan talablarning vujudga kelishga olib keladi. Odatda inflyatsiyaning bu turi – klassik inflyatsiya deb yuritiladi. Inflyatsiya so‘zi pul muomalasi sohasida AQSh ning Shimoliy va Janubiy shtatlari o‘rtasida grajdanlar urushi bo‘lganda muomalaga juda ko‘p miqdorda (450 mln. grin bek) qog‘oz dollar chiqarilgan vaqtdan boshlab qo‘llanila boshlagan. Ularning sotib olish qobiliyati ikki yildan keyin 50 foizlargacha tushib ketgan. Agar tarixga e’tibor beradigan bo‘lsak, urush va boshqa ofatlar sababli davlat xarajatlarning oshib ketishi, inflyatsiya bilan uzviy bog‘liq. Masalan, Angliyada kuchli inflyatsiya XIX asrning boshida Napoleon bilan urush davrida, Fransiyada - fransuz revolyusiyasi davrida, Rossiyada XIX asrning o‘rtalarida namoyon bo‘lgan. Germaniyada juda yuqori sur’atlardagi inflyatsiya 1923 yillarda bo‘lib, muomaladagi pul massasi 496 kvintillion markagacha yetgan va pul birligi trillion marta qadrsizlangan. Bu tarixiy misollar ko‘rsatadiki, inflyatsiya hozirgi davr jarayoni bo‘lmasdan, tarixan mavjud bo‘lgan jarayondir.
Inflyatsiya va uning rivojlanishi alohida olingan mamlakatda ma’lum xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Hozirgi davr inflyatsiyasi, o‘tgan davr inflyatsiyasidan farq qiluvchi xususiyatlarga ega. Oldingi inflyatsiyalar vaqtinchalik bo‘lib, ular odatda urush vaqtida harbiy xarajatlarni qoplash uchun qog‘oz pullar chiqarilishi natijasida yuzaga kelgan. Biror daromad olmasdan turib, ya’ni ishlab chiqarish va tovarooborot sur’atlarini oshirmasdan, yoki bu ko‘rsatkichlar kamayib ketgan holda davlat tomonidan bo‘ladigan xarajatlarni moliyalashtirishning asosiy yo‘llaridan biri qog‘oz pullarni muomalaga chiqarishdan iborat bo‘lgan. Natijada muomalaga chiqarilgan pullar, muomala uchun zarur bo‘lgan oltin miqdoridan oshib ketgan va pulning real qiymati uning nominal qiymatidan tushib ketgan, ya’ni, xaqiqatda pul birligi o‘zida ko‘rsatilganidan kam oltin miqdorni ifoda qila boshlagan.
Oldingi inflyatsiyalarning yana bir xususiyati shundaki, ular ma’lum davrda namoyon bo‘lgan. Hozirgi davr inflyatsiyasi esa odatda doimiy (xronik) xarakterga ega bo‘lib xo‘jalik hayotining barcha sohalarini qamrab olishi bilan, pul omillaridan tashqari boshqa iqtisodiy omillarga ta’sir qilishi bilan farqlanadi.
Oxirgi yillarda inflyatsiya tez-tez uchrab turadigan jarayon bo‘lib sifati ham o‘zgarib bormoqda. Buning sababi shundaki, hozirgi kunlardagi inflyatsiya: birinchidan, uzluksiz baholarning oshishiga; ikkinchidan pul muomalasi qonunining buzilishi natijasida umumxo‘jalik mexanizmining ishdan chiqishiga olib keladi. XX asr inflyatsiyasining asosiy sababi tovar kamyobligigina bo‘lib qolmasdan, ishlab chiqarish va qayta ishlab chiqarishda krizislar mavjudligi bilan ifodalanadi.
Hozirgi davr inflyatsiyasi birinchidan – pul talabining tovar taklifidan oshishi natijasida pul muomalasi qonunining buzilishi; ikkinchidan – ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlar salmog‘ining o‘sishi natijasida tovarlar bahosining oshishi va shu sababli pul massasining ortib borishi bilan ifodalanadi.
Inflyatsiyaning asosiy sababi – bu xalq xo‘jaligining turli sohalari o‘rtasida vujudga kelgan nomutanosiblikdir. Bu avvalam bor jamg‘arma va iste’mol o‘rtasidasidagi, talab va taklif, davlatning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi muomaladagi pul massasi va xo‘jaliklarning naqd pulga bo‘lgan talabi o‘rtasidagi nomutannosibliklardan iboratdir.
Inflyatsiyani yuzaga keltiruvchi omillarga qarab uning sabablarini ichki va tashqi sabablarga bo‘lish mumkin.
Inflyatsiyaning ichki omillari monetar-pul siyosati bilan va xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq turlariga bo‘linadi. Xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq omillar bu xo‘jalikdagi va iqtisoddagi mutanosiblikning buzilishi, ishlab chiqarishda yakka xukmronlikka yo‘l qo‘yish, iqtisodning siklik rivojlanishi, investitsiyalashda nomutanosiblik, baholarni tashqil qilishda davlatning yakka xoqimligi, kredit siyosatining notug‘ri olib borilishi va boshqalar hisoblansa, pul bilan bog‘liq omillarga davlat moliyasi sohasidagi krizislar; davlat budjetning defitsiti, davlat qarzlarining o‘sishi, pul emissiyasi, pul muomalasi qonunining buzilishi, kreditlashda avtomatizmga yo‘l qo‘yish va boshqalar kiradi.
Inflyatsiyaning tashqi omillariga jahon iqtisodida bo‘lgan krizislar, (xom-ashyo, yoqilg‘i, valyuta bo‘yicha) davlatning valyuta siyosati, davlatning boshqa davlatlar bilan tashqi iqtisodiy faoliyati, oltin va valyuta zahiralari bilan bo‘ladigan noqonuniy operatsiyalar va boshqalar bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy ishlab chiqarish rivojlanishida yuzaga keluvchi disproporsiyalar sababli tovarlar va xizmatlar bahosining umumiy yoki to‘xtovsiz o‘sishi va natijada pul muomalasi qonunining buzilishi oqibatda pul biriligining qadrsizlanishiga inflyatsiya deb aytiladi.
Inflyatsiya quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:

  1. Tovar va xizmatlar bahosining uzluksiz va tartibsiz o‘sib borishi natijasida pulning qadrsizlanishi va uning sotib olish qobiliyatining tushib borishi;

  2. Chet el valyutasiga nisbatan milliy valyuta kursining tushib ketishi;

  3. Milliy pul birligida oltin narxining oshib borishi va boshqalar.

Ba’zi bir iqtisodchilarimizning6 fikricha inflyatsiya – bu barcha tovarlar baholarining oshishini bildirmaydi. Inflyatsiya juda tez o‘sgan taqdirda ham ayrim tovarlar bahosi barqaror bo‘lib qolishi, boshqalarniki tushishi ham mumkin ekan. Bizning fikrimizcha, bunday xulosalar 70-80 yillarning inflyatsiyasiga mos kelishi mumkin.
Albatta, inflyatsiya davrida baholarning oshishi doim bir xil sur’atlarda bo‘lmasdan, sakrab turadigan bo‘lishi mumkin. Lekin, ba’zi tovarlar bahosining tushishi yoki barqaror bo‘lib turishi XX asrning inflyatsiyasi uchun mos deb to‘liq ishonch bilan uqtira olmaymiz. Ba’zida davlat aralashuvi bilan aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan ayrim bir tovarlar bahosining ma’lum davrda barqaror ushlab turish mumkin, ammo inflyatsiyaning kuchayib borishi shu tovarlar baholarining ham oxir oqibatda oshishiga olib keladi. Bizning fikrimizcha, baholar oshishi to‘g‘risida gapirganda, inflyatsiya darajasida baholar oshishi va umuman baholar oshishi tushunchalarini to‘g‘ri talqin qila olish kerak. Masalan, hamma vaqt ham ba’zi tovarlar bahosining oshishi inflyatsiyani anglatmasligi mumkin. Tovarlar bahosi oshishi inflyatsiya bo‘lmagan davrda, oltin pul muomalasi sharoitida ham bo‘lishi mumkin.

Xalqaro amaliyotda bozorda tovarlar va xizmatlar bahosining o‘sib borishiga qarab inflyatsiyani bir necha turlarga bo‘lib qaraladi:



  • sudraluvchi inflyatsiya. Baholarning o‘rtacha yillik o‘sishi 5-10% dan oshmaydi. Inflyatsiyaning bu turi ko‘proq rivojlangan mamlakatlarga xos bo‘lib, mamlakat iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab baholar oshishi 3-4% atrofida ham bo‘lishi mumkin. Bu inflyatsiya aksincha ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishni rag‘batlantiruvchi omil sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Pulning qiymati barqarorligidagi o‘zgarish sezilmasligi mumkin.

  • shiddatli inflyatsiya. Baholarning o‘rta yillik o‘sishi 10-100% (ba’zida 200% gacha) bo‘lishi mumkin. Inflyatsiyaning bu turi rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘proq uchraydi.

  • giperinflyatsiya. Baholarning o‘sish sur’atlari yiliga 200% dan oshib ketadi. Bu inflyatsiya mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining inqirozli davriga mos keladi va u iqtisodiyot tarkibiy qismlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Hozirgi davrda XVF baholar oyiga 50% dan oshgan vaqtda bu giperinflyatsiya deb qabul qilgan. Giperinflyatsiya davrida baholar kun sayin oshib boradi va baholar bilan ish haqi o‘rtasidagi farq juda yuqori bo‘ladi. Aholining yashash sharoiti qiyinlashadi, korxonalar faoliyati yomonlashadi. Xo‘jalik faoliyati, bozor faoliyatida naturallashtirish avj oladi.

Inflyatsiyaning kelib chiqish sabablariga qarab uning ikki toifasini ko‘rsatish mumkin: talab inflyatsiyasi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq inflyatsiya (taklif inflyatsiyasi).


Talab inflyatsiyasi. Inflyatsiyaning bu an’naviy turi talab oshib ketganda yuzaga keladi. Ishlab chiqarish sohasi aholining talabini to‘la kondira olmaydi, taklifga nisbatan talab oshib ketadi. Natijada tovarlar bahosi o‘sadi. Kam miqdordagi tovarlarga ko‘p pul massasi to‘g‘ri keladi.
Talab inflyatsiyaning yuzaga kelish sabablari quyidagilardan iborat.
a) harbiy xarajatlarning o‘sishi va iqtisodning militarlashuvi.
Harbiy texnika sotib olish va boshqa harbiy xarajatlarni qoplash bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar muomalaga keragidan ortiqcha pul chiqarishning omili hisoblanadi.
b) davlat qarzlarning o‘sishi va budjet defitsitining mavjudligi.
Budjet defitsiti odatda zayomlar chiqarish yoki banknotalar emissiya qilish yo‘li bilan qoplanadi. Bu o‘z navbatida qo‘shimcha muomala vositalari bo‘lishiga, qo‘shimcha talab yuzaga kelishiga olib keladi. O‘zbekistonda budjeti defitsitini qoplash yuqorilardagidan tashqari 1996 yildan boshlab davlat qisqa muddatli majburiyatlarini (DQMO) sotish orqali ham qoplanmoqda.
v) xalq ho‘jaligiga ortiqcha kreditlar berish natijasida muomalada kredit bilan bog‘liq muomala vositalari yuzaga keladi. Bular tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshiradi.
g) chet el valyutasining mamlakatga kirib kelishi va uning milliy valyutaga almashinuvi natijasida, muomalada pul massasi ortib boradi, milliy pulga nisbatan chet el valyutaning qadri oshadi.
d) xalq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlarini keragidan ortiqcha investitsiyalash ham oborotga qo‘shimcha pul ekvivalentlarini chiqarishiga olib keladi.
Shunday qilib, talab inflyatsiyasi umumiy talabning o‘sishi natijasida baholar o‘sishi bilan namoyon bo‘ladi.
Ishlab chiqarish bilan bog‘liq (taklif) inflyatsiyasi.
Bu inflyatsiyaning sabablari quydagilar bo‘lishi mumkin:
a) har xil jarayonlar va tarkibiy o‘zgarishlar tufayli mehnat unumdorligining pasayishi natijasida mahsulot ishlab chiqarishga ketgan xarajatlar oshadi. Umuman xalq xo‘jaligi bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi, binobarin, tovarlar bo‘yicha taklif qisqaradi va tovarlar bahosi oshadi. Korxonalarning foyda hajmi qisqaradi.
b) har xil yangi xizmat turlari paydo bo‘ladi ishlab chiqarishga nisbatan kam mehnat unumdorligida yuqori ish haqi olishga imkoniyat tug‘iladi. Natijada tovar va xizmatlarga bo‘lgan baho oshib boradi.
v) aholini sotsial jihatdan himoyalash maqsadida ish haqining oshishi, tovarlar bahosining oshishiga olib keladi va yana ish haqi oshadi va h.q. bu zanjir uzluksiz davom qilish mumkin.
Inflyatsiya jamiyatning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mamlakat iqtisodiy ahvolini tang holga olib keladi:


- ishlab chiqarish hajmi tushib ketadi baholarning oshib borishi ishlab chiqarish istiqbollariga to‘g‘onoq bo‘ladi.


- kapitalning asosiy qismi ishlab chiqarishdan savdo (muomala) sohasiga, vositachilik sohasiga oqib o‘tadi. Chunki ishlab chiqarishdan ko‘ra savdo sohasidagi kapital tezroq va ko‘proq foyda keltiradi;
- baholarning o‘zgarib turishi olib-sotarlikni rivojlantiradi, arzon vaqtida olib, qimmat bo‘lganda sotish jarayoni, tovar zaxiralarini yashirish jarayonlari avj oladi;
- kredit berish jarayonlari cheklangan bo‘ladi. Qarz oluvchilar ko‘payadi-yu, qarz beruvchilar soni qisqaradi, chunki qarz bergan yutkazishi mumkin;
- davlatning moliya resurslari qadrsizlanadi va h.q.

Aholining kam daromad oluvchi qismining sotsial jihatdan ahvoli yomonlashadi. Ularning real daromadlari kamayadi. Nominal daromadning baholar o‘sishidan tushib ketishi natijasida aholining hayot darajasi pasayadi. Ayniqsa, nafaqa, davlat tashkilotlaridan maosh oluvchilarning ahvoli qiyinlashishi mumkin. Inflyatsiya aholi jamg‘armalarininig qadrsizlanishiga olib keladi. Ba’zida inflyatsiya aholi ba’zi qatlamlarining (savdo-sotiq sohasida) boyishiga olib keladi.


Davlat aholining daromadlar darajasini tenglashtirish maqsadida daromad va soliqlarni indeksatsiya qilib boradi.


Inflyatsiya ta’siri baholarning o‘sishi yuqori bo‘lmagan holda ham investitsiya loyihasini baholashda har doim hisobga olinishi lozim bo‘lgan omillardan biri hisoblanadi. Inflyatsiya har qanday sharoitda ham, nafaqat, ichki bozor uchun, balki tashqi bozorga mahsulot eksport qilishga mo‘ljallangan barcha loyihalarning foydaliligiga sezilarli, ba’zida jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday holat investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda puxta tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi.
Nazariy jihatdan qaraganda, inflyatsiyani o‘rtacha baholarning o‘sish jarayoni deb tushunish mumkin. Shunga ko‘ra, inflyatsiyani aniqlash baholarning o‘sishini, birinchi navbatda, baholarning foizlarda o‘sish ko‘rsatkichini aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Masalan, baholarning o‘sishi yil davomida 1,2 mln. so‘mdan 2,0 mln. so‘mgacha yuz bersa, u holda ularning o‘sishi 66,7% ni ((2,0/1,2)x100-100) tashkil etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.

  1. O‘zbekiston respublikasi prezidentining “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3272-son sonli Qarori

  2. 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Xarakatlar strategiyasini “ Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturini o`rganish bo`yicha ilmiy-uslubiy risola. T.: 2017y

  3. Abdullayeva Sh.Z. Bank risklari va kreditlash. T.: Moliya, 2002.

  4. Abdullaeva Sh.Z. Bank ishi. Darslik. - T.: Iqtisod-moliya, 2010.

Download 66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling