Innovatsiyalarning mohiyati va xususiyatlari
Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari
Download 1.19 Mb.
|
INTELLEKTUAL MULK OB’EKTLARINI HUQUQIY MUHOFAZA QILISH VA ULARDAN FOYDALANISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlariIqtisodiy va ilmiy-texnik munosabatlar globallashuvi sharoitida intellektual mulkni muhofaza qilish masalalari, uning tizimini takomillashtirish xalqaro va mahalliy standartlar, qonunchilik va me’yoriy hujjatlarning bir-biriga mosligi jihatidan ko‘rib chiqiladi. Intellektual mulkni muhofaza qilish masalalarida hozirgi vaqtda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bosh rol o‘ynamoqda. BIMT ni ta’sis etadigan konvensiya 1967 yilda Stokgolmda imzolanib, 1979 yilda kuchga kirgan. BIMT ga butun dunyoda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va turli hududiy tashkilotlarning ma’muriy boshqaruvini ta’minlash yo‘li bilan intellektual mulkni muhofaza qilishga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan. BIMT hukumatlararo tashkilot bo‘lib, BMT tarkibiga kiradigan 16 ixtisoslashtirilgan muassasalardan biridir. 150 ga yaqin mamlakatlar BIMT ishtirokchisi bo‘ldi. Sanoat mulki ob’ektlaridan ularning xususiyatlarini hisobga olgan holda foydalanishni samarali boshqarish uchun quyidagi to‘rt holatni bilmoq, o‘zlashtirmoq va aniq tasavvur qilmoq lozim: ayrim ob’ektlarning tarkibi va mazmuni (yuridik va ma’nodor, ularning bir-biriga mosligi); xalqaro standartlar hamda qonunchilik va me’yoriy materiallar o‘zaro munosabatdorligi; intellektual (sanoat) mulk ob’ektlarini hisobga olish va ulardan foydalanishning tengligi; sanoat mulki ob’ektlari qiymatini baholashga doir yagona yondashuv. Dastlabki ikki holat ekzogen (tashqi) xarakterga ega bo‘lib, innovatsion korxonalarga uncha bog‘liq bo‘lmaydi, keyingi ikkitasi endogen (ichki) xarakterga ega bo‘lib, innovatsion faoliyatni amalga oshiradigan korxonalarga bevosita bog‘liq. Agar moddiy va nomoddiy aktivlar ahamiyati, ularning nisbati hisobga olinsa, uchinchi va to‘rtinchi holatlar korxonalar uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin, ayniqsa to‘liq va professional ravishda innovatsion biznes bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun. Shu bois intellektual mulk ob’ektlarini nomoddiy aktivlar (NMA) sifatida hisobga qabul qilish va ularni xo‘jalik aylanmasiga kiritish masalasi g‘oyat muhimdir. Nomoddiy aktivlar ob’ektlar tarkibi, huquqiy tartibi, qo‘llash xarakteri va hokazolarga ko‘ra turlichadir. Nomoddiy aktivlarning asosli hisobi uchun ularni tartibga solish lozim, bu esa xalqaro standartlar (MSFO) ga o‘tishda ayniqsa muhimdir. Bu maqsadlarda barcha nomoddiy aktivlarni quyidagi jihatlar bo‘yicha tasniflash mumkin: olish uslubiga ko‘ra – korxona (tashkilot) ning o‘zida yaratilgan yoki chetdan olingan aktivlar; huquqiy tartibga ko‘ra – belgilangan foydali xizmat muddatiga ega bo‘lgan xavfsizlik hujjatlari bilan himoyalangan nomoddiy aktivlar (masalan, sanoat namunasi – patenti 10 yil muddatga, ixtiro – patenti 20 yil muddatga, foydali model – guvohnoma 5 yil muddatga); amal qilishi hech qanday cheklovlarga ega bo‘lmagan xavfsizlik hujjatlari bilan himoyalangan nomoddiy aktivlar (masalan, tovar belgisi, tovarning kelib chiqish joyining nomi); mustaqil baholash imkoniyatiga ko‘ra – nomoddiy aktivlar yo alohida, yo birlashgan holda baholanadi; ishlab chiqarishda ishtirok etish darajasiga ko‘ra – hozirgi vaqtda korxonaga foyda keltiradigan amaldagi nomoddiy aktivlar; hozirgi vaqtda qo‘llanmaydigan, lekin kelajakda istiqbolli bo‘lgan nomoddiy aktivlar; korxonaning bozor qiymatiga ta’sir etish darajasiga ko‘ra – realizatsiyadan foyda keltira oladigan va korxona qiymatiga bevosita ta’sir ko‘rsata bilgan nomoddiy aktivlar (foydali modellar, sanoat namunalari); korxonaning bozor qiymatiga bilvosita ta’sir etadigan nomoddiy aktivlar (savdo markasi, brend, gudvill). Asosan intellektual mulk ob’ektlaridan tashkil topgan nomoddiy aktivlar tasnifi quyidagi maqsadlarda muhimdir: intellektual mulk ob’ektlari (intellektual mulk natijalari) inventarizatsiyasi; ularni hujjatda rasmiylashtirish; turli (daromadli, chiqimli yoki qiyosiy) usullarni qo‘llagan holda qiymatni (shu jumladan, bozor qiymatini) baholash; intellektual mulkni nomoddiy aktivlarni korxona mulki sifatida e’tirof etish asosida buxgalterlik hisobiga olish va hisoboti. Birinchi, inventarizatsiya bandi bo‘yicha metodik jihatdan ma’lum tajriba mavjud, ammo bu tajriba amaliy jihatdan boshqa aktivlarga tegishli bo‘lsada, ko‘rilayotgan ob’ektlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Ikkinchi band – hujjatda rasmiylashtirish bo‘yicha huquqiy va tashkiliy asoslar (qonunlar, me’yoriy hujjatlar va h.k.) yaratilgan va yaratilmoqda, intellektual mulkni huquqiy tartibga solish masalalari hal etilmoqda. Uchinchi band – qiymatni baholash bo‘yicha baholash tamoyillari aniqlanib, baholash usullari (beso‘naqay, uncha asosli bo‘lmasa ham), standartlar va h.k. lar ishlab chiqilgan. Bunda ushbu usul va standartlarni xalqaro standartlar talablari bilan moslashtirish harakatlari qilinmoqda. Shunday qilib, yuqorida qayd etilgan dastlabki uch holat bo‘yicha nomoddiy aktivlarni, xususan, intellektual mulk ob’ektlarini, korxonalar faoliyatining xo‘jalik aylanmasiga jalb etishga yordam beradigan kerakli ishlar (qisqartirilgan ko‘rinishda bo‘lsa ham) olib borilishi mumkin. To‘rtinchi band – buxgalterlik hisobi va hisobotga kelsak, korxonalarning amaliy faoliyatida ushbu band eng murakkab va kam ishlanganlarga kiradi. Intellektual mulk ob’ektlarini hisobga olish (uning metodik va mazmunan ishlanganligi) ularni xo‘jalik aylanmasiga jalb etish jarayonida oxirgi bo‘g‘in sifatida nihoyatda muhimdir. Ta’kidlash lozimki, o‘z aktivlarida yangi texnologiyalar, bilimlar, yangi boshqaruv metod va uslublari, savdo markalari, sheriklarda yuqori biznes obro‘siga ega bo‘lgan zamonaviy kompaniyalarda (ularning hajmidan qat’i nazar) ularning moddiy aktivlari qiymati, ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, ularning bozor qiymatining 25-30% inigina tashkil qiladi. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa ma’lumotlar intellektual mulk ob’ektlarini son jihatdan asosli va aniq xo‘jalik aylanmasiga jalb etish naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi. Bu shu borada ham muhimki, Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari korxonalarimizda amal qilinadigan hisobga olish metodlarini ko‘pgina intellektual mulk ob’ektlarining nomoddiy aktivlar sifatida e’tirof qilinishi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Bunda tovar, tijorat bitimi predmeti sifatida aylanmaga kiritila oladigan mutlaq mulk huquqlari g‘oyat muhim. Mutlaq mulk huquqlarining bunday xususiyati ularni korxonalarning bir qismi sifatida ko‘rishga va yuridik shaxsning mulk majmuiga qo‘shishga imkon beradi. Shu sababli mutlaq mulk huquqlari tashkilotlarda nomoddiy aktivlar sifatida hisobga olinadi. Intellektual mulk muhofazasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 iyuldagi 609-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi to‘g‘risidaNizom”ga muvofiq Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish; intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasi holatini kompleks tahlil qilish, mazkur sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish; intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish; intellektual mulk masalalari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni o‘zaro muhofaza qilish haqida xalqaro shartnomalarni tuzish orqali o‘rnatish va mustahkamlash; intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va boshqa ishlarni amalga oshirishda ishtirok etish; jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish. Agentlik o‘ziga yuklatilgan bu vazifalardan kelib chiqgan holda quyidagi funksiyalarni bajaradi: I.Intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish sohasida: intellektual mulk sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va takliflarini ishlab chiqadi hamda Adliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamentlarida belgilangan muddatlarda keyinchalik kelishish (viza qo‘yilishi) uchun kiritadi; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, elektron hisoblash mashinalari (keyingi o‘rinlarda EHM deb ataladi), ma’lumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyasi uchun muhofaza hujjatlarini berish yuzasidan talabnomalarni ko‘rib chiqishga qabul qiladi; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi, talabnoma topshirilgan ob’ektlarning ustuvorligini belgilaydi, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, ma’lumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalarining rasmiy ekspertizasini o‘tkazadi; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni, EHM uchun dasturlarni, ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiradi, muhofaza hujjatlarini beradi, O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgilari Ro‘yxati va tegishli reestrlarini yuritadi; ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomlari, EHM uchun dasturlar, ma’lumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalariga topshirilgan talabnomalarning o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish natijalari bo‘yicha muhofaza hujjatlarini berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi; ko‘rsatilgan seleksiya yutuqlarining patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligini belgilash natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xulosalari asosida muhofaza hujjatlarini berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi; muhofaza va boshqa zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilaydi; depozitariyda saqlanayotgan intellektual mulk ob’ektlarining ochiqligi va ulardan erkin foydalanishni ta’minlovchi depozitariy funksiyasini bajaradi, shu jumladan depozitariyga zarur bo‘lgan nusxani depozitariy bilan shartnoma asosida olish uchun murojaat qilgan har qanday shaxsga imkoniyat yaratadi; intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanishga huquqlar berish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomalarini, shuningdek ularni to‘liq yoki qisman berish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazadi va tegishli reestrlarni yuritadi; intellektual mulkning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, ularning saqlanishi va foydalanilishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlaydi; Davlat patent fondini jamlash ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi, undan iqtisodiyotning real sektoridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan samarali foydalanish uchun uning saqlanishi va qulayligini ta’minlaydi; Agentlikning byulletenlarini va boshqa rasmiy nashrlarini, shuningdek intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish masalalari bo‘yicha boshqa ma’lumotlar va materiallarni chop etishni tashkil qiladi hamda amalga oshiradi; patent vakillarini attestatsiyadan va ro‘yxatdan o‘tkazadi, patent vakillarining davlat reestrini yuritadi; audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash va fonogrammalarni tayyorlashga litsenziyalar beradi, shuningdek litsenziatlar tomonidan litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi. II.Intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasi holatini kompleks tahlil qilish, mazkur sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish sohasida: intellektual mulk sohasining rivojlanish holatini, jumladan, ushbu sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar metodologiyasi va mezonlarini hisobga olgan holda har tomonlama tahlil qiladi va baholaydi; intellektual mulk ob’ektlarini ishonchli huquqiy himoyasi va muhofazasi ta’minlanishiga, shuningdek, ushbu sohani rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tizimli muammolar va kamchiliklarni tahlil qiladi hamda natijasi bo‘yicha ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi; intellektual mulk sohasining kelgusidagi rivoji va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi; intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlariga takliflarni tayyorlaydi va kiritadi; zamonaviy tendensiyalar hisobga olingan holda qonunchilikni izchil rivojlantirishga, intellektual mulk sohasida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda kiritadi; intellektual mulk ob’ektlarining ishonchli huquqiy muhofazasi va himoyasini ta’minlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi qabul qilgan xalqaro majburiyatlar bajarilishining monitoringini o‘tkazadi; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro mavqeini, jumladan, jahon hamjamiyatiga mamlakatda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xolisona axborot yetkazish orqali mustahkamlash, obzorli, ma’lumotnoma va boshqa materiallarni tayyorlash choralarini ko‘radi. III.Intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida: davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning tatbiq etilishi amaliyotini o‘rganadi va tahlil qiladi; huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili natijalari bo‘yicha qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda kiritadi; aniqlangan qonunbuzarliklar, ularning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha umumlashtirilgan materiallarni davlat organlari va tashkilotlariga yuboradi; intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni noto‘g‘ri va ziddiyatli qo‘llash amaliyotini, shuningdek, ushbu sohada huquqbuzarliklar sodir etilishiga yordam beradigan salbiy omillar, sabablar va sharoitlarni bartaraf etishga doir amaliy choralar ko‘radi; normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari yuzasidan o‘z xulosasini shakllantiradi va yetkazadi; qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini umumlashtiradi hamda intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida davlat siyosatining amalga oshirilishi holatini tahlil qiladi, uning asosida huquqni qo‘llash faoliyatini takomillashtirish choralarini ishlab chiqadi; intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi, soliq va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qiladi; mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun buzilishlari to‘g‘risida belgilangan tartibda xulosa beradi; qonunchilikka muvofiq ravishda intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga bo‘lgan huquqlarni himoya etish masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi; IV.Intellektual mulk masalalari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni o‘rnatish va mustahkamlash sohasida: intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi sohasida xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalarni amalga oshiradi; xalqaro shartnomalarni tuzish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritadi, intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra ushbu shartnomalarni imzolaydi; tegishli xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi va intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida belgilangan tartibda idoralararo shartnomalar tuzadi; xorijiy patent idoralari, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan patent hujjatlari va patent-huquqiy adabiyotlarning xalqaro almashinuvini amalga oshiradi, intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida chet el tajribasini o‘rganish va ulardan foydalanilishini tashkil qiladi; belgilangan tartibda intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va ushbu hamkorlik doirasida intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ishida ishtirok etadi; O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini o‘z vakolati doirasida ta’minlaydi. ntellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va boshqa ishlarni amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek, jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish sohasida: intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida manfaatdor shaxslarga uslubiy yordam ko‘rsatadi; intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi masalalari bo‘yicha idoralararo axborot almashinuvini amalga oshiradi; intellektual mulk sohasidagi faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qiladi va ularda ishtirok etadi; mamlakatning sotsial-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun intellektual mulk ob’ektlariga huquqlarni huquqiy muhofaza va himoya qilishning maqsadi va ahamiyatini keng tushuntirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazadi; intellektual mulk masalalari bo‘yicha xalqaro va milliy ilmiy anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi hamda ularda ishtirok etadi; intellektual mulk ob’ektlarini himoya qilish va ulardan qonuniy foydalanish masalalarida aholi keng qatlamlarining huquqiy madaniyati hamda savodxonligini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi; intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasini ta’minlash sohasida o‘z vakolati doirasida tegishli tadbirlarni amalga oshiradi va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi intellektual mulk ob’ektlariga patent berish haqidagi talabnomalarni qabul qiladi va ularni ekspertizadan o‘tkazadi. Amaldagi qoidalarga mos kelgan ilmiy g‘oyalar, texnikaviy yangiliklar, san’at va adabiyot asarlari Intellektual mulk agentligi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinadi, patentlar beriladi va rasmiy axborotnoma nashr etiladi. Patent –ixtiro uchun alohida huquq beruvchi hujjat, ya’ni patent egasining roziligisiz hech kim ixtirodan foydalana olmaydi. Foydalanish huquqiga ega bo‘lish uchun muallif bilan oddiy, alohida yoki to‘liq litsenziya olish haqida shartnoma tuzish lozim. Shartnomaga ko‘ra oddiy litsenziyada, uni sotib olganga, muayyan sharoitlarda patentlangan ixtirodan foydalanish imkoni beriladi, shuningdek, patent egasi undan foydalanish va boshqa birovlarga berish huquqini saqlab qoladi. Shartnomada kelishilgan alohida litsenziyada sotib olgan shaxsga shartnoma doirasida favqulodda huquqlar beriladi. Bunda muallif o‘z huquqidan mahrum bo‘lmaydi, biroq uni boshqalarga taqdim eta olmaydi. To‘liq litsenziya haqidagi shartnoma uni sotib olgan shaxsga shu shartnomada ko‘rsatilgan davrda patent huquqlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi, iqtiro egasi o‘z ixtirosidan foydalanish huquqini yo‘q qiladi, ya’ni yo‘qotadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi 979-son qarori bilan tasdiqlangan “Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasi to‘g‘risida Nizom”ning 37- bandiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy- texnik faoliyat natijasida ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat sub’eklari tomonidan olingan intellektual mulk ob’ektlariga huquq davlatning ilmiy va oliy ta’lim, shuningdek, davlat boshqa muassasalari nomidan, agar intellektual mulk ob’ektlari muallif (mualliflari) bilan tuzilgan shartnomalarda boshqacha ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, davlatga tegishli bo‘ladi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi“Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3855-son Qarori bilan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini bajarish doirasida muassasalar tomonidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari, davlat ilmiy-texnik loyihalar yakunlanganidan va (yoki) ular belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin tijoratlashtirilishi2hamda 2Fundamental tadqiqotlar natijalari, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi loyihalar bundan mustasno; muassasalarning ilmiy kengashlari ishlab chiqarish siri (nou-xau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual (nomoddiy) natijasini qo‘riqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagiPQ-3855-son Qarorida: patentlangan intellektual mulk ob’ektlari mualliflariga muassasaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida; mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablag‘larning tegishli ravishda 40 va 30 foizi miqdorida rag‘batlantirish belgilangan. Patent olish jarayoni, patent oluvchining ma’suliyatlari va eksklyuziv huquqlari turli mamlakatlarda turlichadir. Shunday bo‘lsa ham, har bir patent olish uchun yozilgan arizada ixtironing biror-bir yangilik kiritayotgani haqida ma’lumot bo‘lishi kerak. Aksariyat mamlakatlarda berilgan eksklyuziv huquqlar boshqalar tomonidan patentlangan ixtironi ruxsatsiz yasashi, qo‘llashi, sotishi yoki tarqatishi holatlarining oldi olinadi. Butunjahon Savdo Tashkilotining mualliflik huquqlari bo‘yicha shartnomasiga ko‘ra, bu tashkilotga a’zo mamlakatlarda har qanday sohadagi ixtiro uchun patentlar mavjud bo‘lishi zarur. Yuqorida qayd etilganidek, mamlakatimizda patent O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiro muallifiga yoki ariza bo‘yicha huquqiy vorisiga beriladi. Ko‘pgina davlatlardagi qonunlariga ko‘ra, patent 15-20 yil muddatga beriladi. Ba’zi mamlakatlarda ixtirolarni himoyalash vaqti odatda kamida 20 yil bo‘lishi kerak. Patent odatda shu patent chiqarilgan mamlakat hududida amal qiladi. Xalqaro amal qiluvchi patentlar ham mavjud. Ba’zi mamlakatlarda ma’lum bir sohalardagi ixtirolar uchun patent berilmaydi. O‘zbekistonda ixtirolar, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qo‘yiladigan patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda Intelektual mulk agentligining bunday hujjatni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 6 mayda qabul qilingan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunida belgilab berilgan. Yurtimizda ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar qatori intellektual mulk muhofazasining huquqiy asoslari yaratilgani, mulk egalarining barcha huquqlari, qabul qilingan qonun va qoidalar orqali to‘la himoyalanadi. Yuqorida qayd etilganidek, intellektual mulk asosini fan-ijod, texnika va ishlab chiqarish bo‘lib, bular bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Eng yangi ilmiy ijod mahsulidan, uning amaliyotga tadbiq etilishigacha bo‘lgan yo‘lni tashil etadi. Bundagi ilmiy-texnikaviy rivojlanish, milliy iqtisodiyot ishlab chiqarish va xizmat sohasida iqtisodiy qonunlariga asoslangan holda, muntazam ravishda fan va texnika yutuqlarini amaliyotda qo‘llab borish bilan olib boriladi. Ilmiy-texnikaviy rivojlanishda, mamlakatdagi ixtirochilikga bo‘lgan munosabat o‘ta muhim hisoblanadi. Ixtirolarning milliy iqtisodiyotda qo‘llanilishi natijasida olingan iqtisodiy samara ilmiy-texnikaviy rivojlanishning hal qiluvchi omillaridan hisoblanadi. Shuning uchun ham intellektual mulk bo‘lgan ixtiro patentlarning yangi texnologiya, texnika sifatida milliy iqtisodiyotga tadbiqi yurtimiz iqtisodiyotiga yalpi ishlab chiqarish sur’atini jadallashtiradi. Iqtisodiyotimizning jadal rivojlanish vaqtida mavjud va bo‘lajak intelektual mulkning muhofazasiga yurtimizda katta e’tibor berilayapti, bunga ayniqsa yuqorida keltirilgan, mustaqillik yillarida qabul qilingan qonun va qoidalar buning isboti bo‘la oladi. Download 1.19 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling