Iqtisodiyot / Sanoat]
Suyultirilgan uglevodorod gazi (SUG)ga qo‘yiladigan talablar
Download 135 Kb.
|
226 16.03.2019
2.2. Suyultirilgan uglevodorod gazi (SUG)ga qo‘yiladigan talablar
19. Gaz ballonli qurilmalarning germetikligini gazning ishchi bosimi ostida aniqlovchi asbob bilan yoki sovun ko‘pigidan foydalanib tekshirishga ruxsat etiladi. Barcha maishiy gaz ballonlari besh yilda bir marta texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. 20. Gaz bilan to‘ldirilgan ballonlar loyiha bo‘yicha maxsus ajratilgan joylarda saqlanadi. 21. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlarning pollari tekis, sirpanmaydigan va turli jismlar zarbidan uchqun chiqarmaydigan materiallardan tayyorlanadi. 22. Omborxonada to‘ldirilgan va bo‘sh ballonlar alohida saqlanishi kerak. Ularning o‘rni “To‘ldirilgan ballonlar” va “Bo‘sh ballonlar” degan yozuvlar bilan belgilab qo‘yiladi. 23. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlarni yengil alangalanuvchi moddalar va yonish jarayonini kuchaytiradigan texnik gazlar (kislorod) bilan birgalikda saqlashga ruxsat berilmaydi. 24. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlar (yoki ochiq maydonlar) atrofidagi 20 metr masofa hududida turli yonuvchan materiallarni saqlash hamda ochiq olov bilan bog‘liq bo‘lgan temirchilik, payvandlash, kavsharlash va shu kabi boshqa ishlarni bajarish taqiqlanadi. 25. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlanadigan omborxonaning eshigida begona shaxslarning kirishi, chekishi va ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi ogohlantirish belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. 26. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlash uchun mo‘ljallangan omborning ko‘rinadigan joyida to‘ldirilgan va bo‘sh ballonlar bilan ishlash hamda ularni xavfsiz saqlash qoidalari ilib qo‘yilgan bo‘lishi kerak. 27. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlarni loyihasiz qurilgan bostirmalar ostida saqlash taqiqlanadi. 28. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma va plakatlar ilib qo‘yilishi zarur. 29. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar vertikal holatda turg‘izilib, qalpoqlari burab qo‘yilgan holda saqlanishi hamda ventillarining yon tomonidagi shtutsyerlarida tiqin bo‘lishi kerak. Ballonlarni qulash va shikastlanishidan himoyalash maqsadida ular maxsus uya (o‘rin)larga o‘rnatiladi yoki to‘siq bilan ajratiladi. 30. Boshmoqlari bo‘lmagan ballonlar gorizontal holatda yog‘och ramalar yoki stellajlarda saqlanishi mumkin. Boshmoqli ballonlarni ochiq maydonlarda saqlashda ularni gorizontal qatorlari orasidagi arqon, yog‘och yoki rezinadan tayyorlangan prokladkasi bo‘lgan shtabellarga o‘rnatishga ruxsat beriladi. Ballonlarni shtabellarga o‘rnatishda ularning balandligi 1,5 metrdan oshmasligi kerak. Ballonlardagi ventillar bir tomonga qaratilgan bo‘lishi lozim. 31. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlar yashindan himoya qilingan zonada joylashgan bo‘lishi zarur. 32. Suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlarni saqlash omborlarida quyidagi yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalari bo‘lishi kerak: a) xona ichida (har 50 kvadrat metrga): 5 litr hajmdagi kukunli o‘t o‘chirgichlar — 2 ta; 0,5 kub metr hajmli qum solingan quti — 1 ta; belkurak — 1 ta; 2×2 metrli kigiz yoki asbest mato — 1 ta; b) ombor hududi to‘siqlari chegaralarida (yong‘inga qarshi punkt — shitda): 5 litr hajmdagi kukunli o‘t o‘chirgichlar — 2 ta; temir ilgak — 2 ta; lom — 1 ta; qizil rangga bo‘yalgan chelak — 2 ta; yong‘in boltasi — 1 ta; sig‘imi 200 litr bo‘lgan suv to‘ldirilgan bochka — 2 ta. 5 litr hajmdagi kukunli o‘t o‘chirgichlar bo‘lmagan holatlarda ularni uglekislotali o‘t o‘chirgichlarga almashtirish mumkin. Ombor hududida joylashtiriladigan yong‘inga qarshi qalqonlarning soni va ularning joylashtirilishi yong‘in xavfsizligi qoida va me’yorlariga asosan belgilanadi. Gidrantlar mavjud holatlarda suv to‘ldirilgan bochka talab etilmaydi. 33. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uchun qo‘llaniladigan gaz bilan kesish postlari muqim bo‘lishi lozim. SUGda ishlaganda ular ko‘chma bo‘lishi mumkin. 34. Bevosita gaz bilan kesish posti yonida faqat bitta suyultirilgan uglevodorod gaz ballonini o‘rnatishga ruxsat etiladi. 35. Muqim gaz bilan kesish postlari gaz iste’mol qilinadigan joylardagi devor, ustun va boshqa konstruksiyalarga quyidagi minimal masofalarga rioya etib o‘rnatilishi mumkin: a) izolatsiyalangan sim va elektr kabellarigacha — 1 metr; b) ochiq simlargacha — 2 metr. SUGning gaz bilan kesish postlarini ochiq yerto‘la, quduq va boshqa chuqurliklargacha 10 metrdan yaqin masofaga o‘rnatish taqiqlanadi. SUGning gaz bilan kesish postigacha 25 metrdan kam masofada joylashgan yerto‘la va o‘ralarda xabarlovchisi bo‘lgan avtomatik gaz analizatorlari o‘rnatilishi, ular SUGning miqdori alangalanish quyi konsentratsiya chegarasining 20 foizidan kam bo‘lganda ishlab ketishi kerak. Quduqlar ikkita qopqoq bilan jihozlanishi hamda gaz bilan kesish postlari mexanik shikastlanishlardan muhofazalangan bo‘lishi lozim. 36. Muqim gaz bilan kesish postlari shamollatish uchun teshiklari bo‘lgan metall shkafga joylashtiriladi. Kislorod va yonuvchan gaz uchun gaz bilan kesish postlari orasidagi masofa kamida 5 metr bo‘lishi zarur. Ish paytida javon eshikchalari ochiq bo‘lishi hamda gaz bilan kesish postidan foydalanuvchi ishchi bo‘lmaganda shkaf qulflangan bo‘lishi lozim. Gaz bilan kesish postlari javonlarining bo‘yog‘i va ulardagi ogohlantiruvchi yozuvlar belgilangan talablarga mos bo‘lishi kerak. 37. Atsetilen gaz ballonlaridan yoki atsetilen generatori va uning o‘rnida ishlatiladigan agregatlardan chiqayotgan gazlarning muqim gaz bilan kesish postlari tegishli berkitish armaturasi va yopiq turdagi suyuqlik ochib-yopqichi yoki quruq ochib-yopqich bilan jihozlanadi. Suyuqlik ochib-yopqichlari qish faslida muzlamaydigan suyuqlik bilan to‘ldiriladi. Tabiiy gaz va SUG uchun saqlash ochib-yopqichlari o‘rniga teskari klapan o‘rnatishga ruxsat beriladi. Suyultirilgan yoki quruq turdagi saqlash ochib-yopqichlari, shuningdek teskari klapanlar loyiha bo‘yicha yasalishi va gazning qabul qilingan bosimi va sarfiga tegishli ravishda ishlatilishi lozim. 38. Gaz alanga uskunasi oldidagi yonuvchan gazlarning bosimi gaz va uskuna turiga ko‘ra o‘rnatiladi. Atsetilen o‘rnida ishlatiladigan birinchi darajali gazlar uchun bosimning quyi chegarasi yondirgich yoki keskich tavsifida ko‘rsatilgan (3,0 kilopaskal)dan past bo‘lmasligi kerak. 39. Gaz bilan kesish postlariga tabiiy yoki SUG berishda quvurlardagi gaz bosimi 0,15 megapaskaldan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Bosim 0,15 megapaskaldan ko‘p bo‘lsa, suyuqlik yoki quruq zatvor yoxud teskari klapan oldiga gazni rostlash uskunasi (reduktor) o‘rnatilishi lozim. 40. Gaz bilan kesish postini gaz bilan ta’minlaydigan ballonda bosimni pasaytirish uchun reduktor o‘rnatiladi. 41. Bitta suyuqlik yoki quruq zatvorga yoxud teskari klapanga faqat bitta keskichni ulash mumkin. Agar operator gaz bilan kesish postida bitta mashinaga xizmat ko‘rsatsa, mashinaga o‘rnatiladigan yondirgich yoki keskichlar soni faqat zatvor yoki klapanning o‘tkazish quvvati bilan cheklanadi. 42. Binodan tashqaridagi gaz ballonlari yopiladigan ikki eshikli metall shkaflarda yoki gaz ballonlarining tepa qismini berkitadigan yopiluvchan g‘iloflarda o‘rnatiladi va binoning tashqi devoriga mahkamlanadi. Shkaflarda ballonlarni o‘rnatish uchun uyalar va devorining orqa qismida bosim rostlagichini mahkamlash uchun tugun o‘rnatiladi. Shkaf va g‘iloflarda shamollatish uchun maxsus teshiklar yasaladi. Shkaflar ichida va g‘iloflarda turgan gaz ballonlari birinchi qavat eshik va oynalaridan 0,5 metrdan kam bo‘lmagan masofada, binoning pastki qismi va yerto‘la qavatlarining eshik va oynalaridan hamda quduq va kavlangan chuqurlardan kamida 3 metr masofada o‘rnatiladi. Gaz ballonlari uchun shkaflar va g‘ilof ostidagi gaz ballonlari cho‘kish ehtimoli bo‘lmagan, yonmaydigan asoslarga o‘rnatilgan bo‘lishi va bino poydevoriga yoki devorlariga mahkamlanishi talab etiladi. 43. Gaz ballonli qurilmalarning gaz ballonlari gaz ta’minoti tashkiloti ishchilari tomonidan o‘rnatiladi va almashtiriladi. Loyiha hujjatlarisiz o‘rnatilgan va texnik ko‘rikdan o‘tmagan maishiy gaz ballonlaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. 44. Iste’molchilarga ballonlar maxsus jihozlangan avtomashinalar yoki talab bo‘yicha jihozlangan oddiy bortli yuk mashinalarida yetkazib beriladi. 45. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlarni jihozlangan oddiy yuk avtomashina-lari bortida ham vertikal ham gorizontal holatda tashish mumkin. 46. Ballonlarni gorizontal holatda tashishda ularni o‘chirish moslamalarini mashina ichiga qaratilgan holatda joylashtirib, o‘z o‘lchamiga teng bo‘lgan kataklarga joylashtiriladi. 47. Ballonlar kataklarga ajratilgan yoki ularning qulashi yoxud bir-biriga urilishini istisno etuvchi maxsus kuzovli avtomashinalarda tashiladi. Shuningdek, maxsus moslamalarga ega bo‘lgan oddiy kuzovli yuk avtomashinalarida ham yuqorida ko‘rsatilgan shartlarga rioya qilgan holda tashishga ruxsat beriladi. Maxsus moslamalar sifatida katakli yog‘ochli brusoklar va rezina yoki arqonli halqalardan foydalaniladi. 48. SUG to‘ldirilgan ballonlarni tashuvchi maxsus va oddiy avtomashinalar kuzovining konstruksiyasi yo‘llarda harakatlanish vaqtida ballonlarning tushib ketishidan himoyalangan bo‘lishi talab etiladi. 49. Ballonlarni yuklash va tushirish ishlarini bajaruvchilar maxsus kiyim-bosh va qo‘lqoplarda xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda ishlashlari zarur. 50. Ballonlarni avtomashinalardan qopqoqlarini pastga qaratgan holda tushirish, shuningdek, ularni irg‘itish qat’iyan taqiqlanadi. 51. Sig‘imi 12 litrdan ortiq bo‘lgan ballonlarni amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq himoya qopqoqlari burab yopib qo‘yilgan holda tashiladi. 52. Ballonlarni tashish yoki ularni iste’molchiga o‘rnatish vaqtida nosozlik aniqlangan holatlarda ulardan foydalanish taqiqlanadi, ballonlar gaz ta’minoti tashkiloti yoki gaz to‘ldirish stansiyasi (punkti)ga qaytariladi. 53. Ballonlarni tashish vaqtida gaz sizib chiqishi aniqlanganda nosoz ballonni zudlik bilan avtomashinadan tushirib olib, uni gazdan (imkon qadar ochiq maydonlarda, yerto‘lasi bo‘lgan binolardan uzoqroqda va boshqa xavfsiz joylarda) bo‘shatiladi va gaz ta’minoti tashkiloti yoki gaz to‘ldirish stansiyasi (punkti)ga qaytariladi. 54. Ballonlarni yuklash va tushirish, tashish va saqlashda tik holatdan qulab ketishi, shikastlanishi va ifloslanishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim. 55. To‘ldirilgan ballonlarni avtomashinaga yuklash hamda bo‘sh ballonlarni tushirish vaqtida avtomashina dvigateli o‘chirilgan bo‘lishi zarur. 56. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlarni o‘tkir hidli va portlovchi moddalar, shuningdek yonish jarayonini kuchaytiradigan texnik gazlar (kislorod) va radioaktiv moddalar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi. 57. To‘ldirilgan va bo‘sh ballonlar ortilgan avtomashinani nazoratsiz qoldirish mumkin emas. 58. SUG bilan to‘ldirilgan ballonlar tashiladigan avtomashina kuzovida odamlar bo‘lishi qat’iyan taqiqlanadi. 59. SUG tashuvchi har bir avtomashinada: dvigatelidan chiqarilgan so‘ndirgich (glushitel) mashinaning oldi tomoniga o‘tkazilgan bo‘lishi; so‘ndirgichda uchqunni o‘chiruvchi setkasi bo‘lishi shart; SUG bilan to‘ldirilgan ballonlarni yong‘inni o‘chirish uchun birlamchi vositalar (5 litr hajmdagi uglekislotali o‘t o‘chirgich) bilan ta’minlanmagan va yerga ulanadigan simi (zazemleniye) bo‘lmagan barcha turdagi yuk mashinalarida tashish taqiqlanadi; avtomashina haydovchisi maxsus o‘quv kurslarida o‘qigan, attestatsiyadan o‘tgan va SUG ballonlarini tashish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lishi zarur. 60. SUG to‘ldirilgan avtonom gaz ta’minoti tizimlarida o‘rnatilgan bosim ostida ishlaydigan sig‘imlarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida amalga oshiriladi. Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalariga 3-ILOVA Download 135 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling