Iqtisodiyotni modernizatciyalash va diversifikatciyalash strategiyasi
Download 3.9 Mb.
|
portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI
Mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda davlat – xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish. Fuqarolik jamiyati qaror topishining muhim shartlaridan biri davlat bilan jamoatchilik tizimlari hamda xususiy sektorning yaqin hamkorligi, ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni amalda ta’minlashga erishishdan iborat. Biz mustaqil davlatchilik sari qadam qo‘yilgan dastlabki yillardayoq Asosiy qonunimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir asosiy prinsiplarning mustahkamlab qo‘yilgani, iqtisodiy faoliyat erkinligi va xususiy hayot daxlsizligi kafolatlangani barcha aholi qatlamlari manfaatlarini aks ettiradigan tuzilma hamda tashkilotlarning keng tarmoqlari vujudga kelishi, faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun qulay muhit yaratdi.
O‘tgan chorak asr mobaynida jamoat va nodavlat tashkilotlarining nufuzi ortdi, huquqiy maqomi mustahkamlandi, jamiyat boshqaruvidagi roli oshib bordi. Bugungi kunda mazkur tuzilmalar davlat bilan fuqarolik jamiyatining o‘zaro samarali aloqasini ta’minlash, odamlarning kayfiyatini aniqlash, ularning jamiyat va davlat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarga munosabatini bilishning muhim vositasi sifatida maydonga chiqmoqda. Demokratik yangilanishlar jarayonida fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 250 dan ziyod qonunlar, yuzlab farmonlar va Hukumat qarorlari qabul qilindi. Ushbu keng ko‘lamli huquqiy baza bu tashkilotlarning davlat organlari bilan teng muloqot olib borishi, huquqiy munosabatlarda kafolatli ishtirok etishining zamini bo‘ldi. Davlat bilan xususiy sektor tuzilmalari hamkorligining markazida inson va fuqaroning iqtisodiy hamda ijtimoiy sohadagi manfaatlarini ta’minlash masalasi turadi. Masalan, kasaba uyushmalari davlat organlari, ish beruvchilar bilan uch tomonlama ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomalar asosida mehnat qiluvchi xodimlarning fuqarolarning mehnat jarayonida mehnat huquqlari, ijtimoiy muhofazasi, ish haqi, dam olish, ishlovchi ayollarning yosh bolalariga parvarish berishi bilan bog‘liq imtiyozlardan foydalanish, pensiyaga rasmiylashtirish borasidagi va boshqa manfaalarini muhofaza qilishda salmoqli faoliyatni amalga oshirmoqda. Nodavlat va jamoat tashkilotlari fuqarolarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ijtimoiy ta’minot tizimidan foydalanish, buzilgan huquqlarini tiklash kabi qator sohalarda huquq va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari bilan bo‘ladigan munosabatlarda vositachi va ko‘makchi vazifasini o‘tamoqda. Bu yo‘nalishdagi faoliyatning huquqiy negizlarini yanada mustahkamlash maqsadida 2014 yilda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi, shuningdek, gumanitar muammolarini hal etish, aholi turli qatlamlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat tuzimlarining davlat idoralari bilan o‘zaro munosabatlarining aniq chegaralarini belgilash bo‘yicha huquqiy mexanizmlarini yaratadi. Qonun amal qila boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa davrda to‘plangan amaliy tajriba guvohlik berishicha, hali bu sohada tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yanada takomillashtirilishi lozim. SHu bois Harakatlar strategiyasi doirasidagi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida davlat va xususiy sheriklik (hamkorlik) shakllarini kengaytirishga yo‘naltirilgan “Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Unda davlat va xususiy sheriklik tushunchasi, tabiati (mohiyati), prinsiplari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlari, shakllari (vositalari), ishtirokchilari doirasi, ularning huquq va burchlari, bu borada amalga oshiriladigan ustuvor tadbirlar va munosabatlar tartibga solinadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarining huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish. Davlat boshqaruvi idoralarining aholi bilan aloqalarini kuchaytirish, hamkorlik mexanizmlarini yaratish muhim. Bir tomondan, aholini davlat boshqaruv organlari faoliyatidan muntazam ravishda xabardor qilib turish, ikkinchi tomondan, mahalliy davlat boshqaruv organlari qarorlarini qabul qilishga (qarorlar loyihasining muhokamasiga, mahalliy referendumlarga) keng jalb etishni yo‘lga qo‘yish- davr talabi. SHuningdek, davlat boshqaruvi bilan korporativ boshqaruvni yaqinlashtirish, ular nisbatining oqilona mezonlarini belgilash muhim o‘rin tutadi. Inson va fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquqlarini kafolatlashning tamoyillari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalarida mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, Konstitutsiyaning 29-moddasiga binoan: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”39. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalalari ular faoliyatida zamonaviy axborot - kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirilishi bugungi kunga kelib eng maqbul yo‘l sifatida baholanmoqda. Amalda mavjud bo‘lgan davlat xizmatlarini fuqarolarga, yuridik shaxslarga va davlat organlarining o‘ziga ko‘rsatishning yangicha tizimini amalga oshirish har qanday zamonaviy demokratik davlatning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2010 yil 12 noyabrda parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishida taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ilgari surilgan takliflarning amaliy ifodasi sifatida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunining loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Ushbu qonunning asosiy maqsadi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi, ochiqligini ta’minlash, davlatimiz ichki va tashqi siyosatining eng asosiy yo‘nalishlaridan aholini muntazam xabardor bo‘lib borishiga sharoit yaratish, shuningdek, fuqarolarning siyosiy faolligini yanada oshirishdan iboratdir. Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblarini aniq belgilab berishi, davlat hokimiyati organlariga o‘zlari qabul qiladigan qarorlar va ularning mazmuni bilan aholini, turli jamoat birlashmalarini xabardor qilish majburiyatini yuklashi bilan ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi orqali fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarining yuqori darajada ta’minlanishiga va pirovard natijada davlat hokimiyati organlarining o‘zlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar bo‘yicha majburiyatlarining oshishiga erishiladi. Ma’lumki, 2014 yil 5 mayda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi – davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini, ular faoliyati haqidagi axborotlardan ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining (axborotdan foydalanuvchilarning) keng foydalanishini ta’minlashga qaratilgan. Qonunning asosiy vazifalari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan jismoniy va yuridik shaxslarning erkin foydalanishini ta’minlash; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati haqidagi axborotlarni olishga bo‘lgan huquqni kafolatlash; davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar uchun javobgarligini oshirish; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati haqidagi axborotlarning tarqatilishi tartibini belgilashdan iborat. SHunga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi, ularning ustidan jamoatchilik nazorati bu idoralarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha bir qator chora–tadbirlar qabul qilish orqali ta’minlanadi. SHunday qilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini erkinlashtirish, ularni xalq ehtiyojlari va manfaatlariga yaqinlashtirish, ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sheriklik va hamkorligini rivojlantirish, hech shubhasiz, pirovardida davlat apparati faoliyati samaradorligini oshirishga, davlatning jamiyat manfaatlariga yanada ko‘proq xizmat qiluvchi institutga aylantirishga qulay imkoniyat yaratadi. Hozirgi davrda xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘ldi. SHu munosabat bilan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, shuningdek, mahallaning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish nazarda tutilmoqda40. O‘zbekiston Respublikasida mazkur soha taraqqiyoti uchun qator tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va bugungi kunga kelib qariyb ellikka yaqin qonun va qonunosti hujjatlari davlat va xususiy sektor faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va ulardan foydalanishni tartibga solib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz rivoji va islohotlarning muvaffaqiyatli kechishi ko‘p jihatdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalqqa sifatli va tezkorlik bilan xizmat ko‘rsatishi, bu borada o‘z faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va o‘z navbatida bu jarayonlardan keng aholining xabardorligi, ularga daxldorligida namoyon bo‘ladi. Zero, inson va fuqarolarning yuqori saviyadagi huquqiy madaniyatga ega bo‘lishlari demokratik jamiyat qurishning mustahkam poydevoridir. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorlik, qonun normalarini hurmat qilish va ularga qat’iy rioya qilish huquqiy demokratik davlat qurishning, siyosiy va huquqiy institutlar samarali faoliyat ko‘rsatishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Birinchidan, xalqimiz Prezident, Oliy Majlis, hukumat qanday farmon, qonun, qaror qabul qilyapti, bundan to‘la xabardor bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ayniqsa inson huquqiga daxldor hujjatlarni har bir odam yuragidan o‘tkazishi, bu qonunlar uning hayotiga qanday ta’sir qilishini anglab etmog‘i lozim. Uchinchidan, tayyorlanayotgan qonunlardan aholi ham xabardor bo‘lishi, ya’ni ularning qanday ishlanayotgani jamiyat nazoratida turishi zarur”41. SHu bois, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy bilimi va ongini yuksaltirish, ularning jamiyatdagi siyosiy faolligini oshirish ko‘p jihatdan ularning mamlakatda mavjud qonunchilikdan xabardorligiga, ya’ni, axborot bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq. Davlat boshqaruvi sohasini erkinlashtirish bu boradagi amaliy faoliyatni faollashtirish bilan bir qatorda jiddiy ilmiy izlanishlar olib borishni, sohadagi muammolarning ilmiy-huquqiy echimlarini topishni taqozo etmoqda. Fikrimizcha, bu borada davlat organlari tizimida markazlashtirishdan chiqarish masalalari, boshqaruv idoralari (respublika va mahalliy) funksiyalari hamda vakolatlarini oqilona me’yorga solish, ularning funksiyalarini qayta taqsimlash, ularni markazdan mahalliy bo‘g‘inlarga o‘tkazish muammolarini ilmiy tadqiq etish – dolzarb vazifa. Tobora avj olayotgan ma’muriy islohotlar davlat boshqaruvini optimallashtirish, davlat apparatini ixcham va kamxarajat qilish, davlat xizmati, ma’muriy sudlov va ma’muriy-protsessual qonunchilikni shakllantirish hamda takomillashtirish muammolarini dolzarb mavzular qatoriga qo‘shmoqda. Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat dasturida mamlakatimizda ma’muriy islohotlar konsepsiyasi hamda bu islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturini yaratish belgilangani e’tiborga molik. Ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Bunda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati samaradorligini oshirish va tuzilmasini takomillashtirish, davlat boshqaruvini markazlashtiruvdvn xoli qilish, takrorlanuvchi funksiyalarni bajaradigan davlat organlarining turli komissiyalarni bekor qilish yoki bir-biriga qo‘shish orqali davlat boshqaruvi va xizmatini tubdan isloh etish nazarda tutiladi. YAna bir muhim vazifa - bu davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashning usul va shakllarini ilmiy tahlil etish, amaliyotga taklif va tavsiyalar berishdan iborat. Download 3.9 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling