Ishlanadi ijtimoiy sug‘urta


VIII.BOB. MAJBURIY KASBIY SUG‘URTALASHNING TURLARI VA KASB KASALLIKLARI SUG‘URTASINI TASHKIL ETISH NAZARIYASI VA AMALIYOTI


Download 0.79 Mb.
bet91/96
Sana15.06.2023
Hajmi0.79 Mb.
#1479357
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   96
Bog'liq
24 04 lotin Ижтимоий суғурта ўқув қўлланма 2023 uz assistant uz

VIII.BOB. MAJBURIY KASBIY SUG‘URTALASHNING TURLARI VA KASB KASALLIKLARI SUG‘URTASINI TASHKIL ETISH NAZARIYASI VA AMALIYOTI


8.1-§. Ishlab chiqarish jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalardan majburiy sug‘urtalash va kasb kasalliklari

Har qanday zamonda va har qanday jamiyatda inson hayotiga va sog‘ligiga turli xil xavflar hamda risklar mavjud bo‘lgan: turmushdagi, transportdagi, ishdagi baxtsiz hodisalar; kasbiy faoliyat bilan bog‘liq kasalliklar. Bularning barchasi odamlarning mehnatga qilishga layoqati va ish o‘rinlarini yo‘qotishlariga olib keladi.


Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 10 sentyabrdagi PQ-174-sonli «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, sug‘urtalangan shaxsning u mehnat shartnomasi bo‘yicha o‘z vazifalarini sug‘urta qildiruvchining hududida yoki undan tashqarida bajarayotganda mehnatda mayib bo‘lishiga yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishiga olib kelgan va sug‘urtalangan shaxsni boshqa ishga o‘tkazish zaruriyatini keltirib chiqargan, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turg‘un yo‘qotishiga yoxud vafot etishiga sabab bo‘lgan hodisa ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa hisoblanadi. Sug‘urtalangan shaxsga unga ishlab chiqarishning zararli yoki xavfli omili taʼsiri natijasida uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turg‘un yo‘qotishiga sabab bo‘lgan o‘tkir yoki surunkali kasallik kasb kasalligini anglatadi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasining maqsadi fuqarolarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasiga bo‘lgan huquqlarini qonunda belgilab qo‘yish orqali ularni ijtimoiy himoya qilish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi oqibatida xodimning hayoti hamda sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi munosabati bilan sug‘urta tovoni to‘lanishini taʼminlash hamda mehnatni muhofaza qilish holatini va mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashdan iborat. Mazkur ijtimoiy sug‘urta turini moliyalashtirish, asosan, sug‘urta qildiruvchilarning sug‘urta badallari va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Sug‘urta tovoni dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari tarzida to‘lanadi.
Rivojlangan mamlakatlarda, xususan, Germaniyada ijtimoiy himoya tizimi ijtimoiy sug‘urta asosida tashkil etilgan bo‘lib, ishchilarni bunday risk turidan sug‘urtaviy himoya qilish ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan majburiy sug‘urtalash tizimi institutlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur institutlar tomonidan ishlab chiqarishda jarohatlanganlarga, nafaqat, kompensatsiya to‘lanadi, balki davolash va reabilitatsiya xizmatlari tashkil etilishida ko‘maklashadi. Buyuk Britaniyada ishchilarni bunday ijtimoiy risklardan himoyalash xususiy sug‘urta asosida tashkil etiladigan korporativ sug‘urta tizimiga tayaniladi. Kasb kasalliklari bo‘yicha sug‘urta tovoni sog‘liqni saqlash tizimi orqali davlat budjetidan to‘lab beriladi.
Fikrimizcha, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligidan ijtimoiy sug‘urtalash ish beruvchi va ishchilarning ijtimoiy sug‘urta ajratmalari hisobidan shakllantiriladigan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi zarur.
Kasbiy faoliyat sohasida «risk» tushunchasi «kasbiy» so‘zi bilan birga to‘ldiriladi va ishlab chiqarishdagi muhitning, mashinalar va jihozlarning, xom ashyo va materiallarning ishchilar sog‘ligiga hamda mehnat qilish layoqatiga taʼsirini xarakterlaydi. Shuningdek, ko‘ngilsiz hodisalar (baxtsiz hodisalar yoki kasbiy kasalliklar)ning yuz berish ehtimolligini ifodalaydi. Chunki bunday hodisalar yuz berishi ham, bermasligi ham mumkin.
Kasbiy risklarning kamida o‘nlab turli taʼriflari mavjud. «Ular riskning ehtimollik xarakteri va ishchilarning sog‘ligiga yetkazadigan zararlariga qarab, kasbiy risklar turkumiga xos belgilarni o‘zida mujassam etgan bo‘ladi»245. Bu esa mazkur tushunchaning mehnat xavfsizligini yuritish va texnik boshqarish tizimlarida keng ko‘lamda ishlatilishidan guvohlik beradi.
Ijtimoiy sug‘urta tizimida kasbiy risk, ishchining mehnatga layoqatsizlikka olib keluvchi baxtsiz hodisalar (kasbiy jarohatlar va kasalliklar)ning yuz berish xususiyatini o‘zida aks ettiruvchi, ijtimoiy risklarning ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. «Kasbiy risk tushunchasi ishchilarning ijtimoiy himoyasini tashkil etishdagi muhim vosita rolini ham o‘ynaydi»246.
Amaldagi xalqaro hujjatlarda «kasbiy risk» atamasi mehnat vazifasini bajarayotgan ishchi bilan sodir bo‘lgan jarohatlar va kasalliklarning ehtimolligi hamda og‘irlik darajasi bilan mos keladi.
Kasbiy riskning mazmuni va baholash uslublari u yoki bu fanning risklarning tabiatini o‘rganish borasidgi maqsadlariga, uslubiy qurollariga bog‘liq. Masalan: ijtimoiy sug‘urta, tibbiyot va mehnatni himoyalash, texnika xavfsizligi kabi ijtimoiy institutlar va ilmiy sohalar kasbiy risklarni yetkazadigan zararlari xususiyatlari nuqtai nazaridan qarab chiqadi. Bunday yondashuv ularga risklarning u yoki bu sohalardagi omillarini bir-biri bilan taqqoslash imkonini beradi. Bu sohalar quyidagilardir: texnika, texnologiya va ishlab chiqarish turi, mehnatni tashkil etish, xodimlarni mohirona tayyorlash va mehnatni himoyalash hamda mehnat tibbiyoti. Boshqacha aytganda, ilmiy fanlar kasbiy risklarni o‘z nuqtai nazari bo‘yicha o‘rganadi.
Kasbiy risklarni bir-biriga taqqoslash jarayonida ishlab chiqarish vaqtida yuz bergan jarohatlar, ishlab chiqarish va kasbiy kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda bo‘lib o‘tishi va ularning keltirib chiqaradigan og‘ir oqibatlariga taʼsir etadigan omillarni aniqlash ham amalga oshiriladi.
Kasbiy risk tushunchasi mehnat tibbiyoti (mehnat va kasbiy kasalliklar gigiyenasi) nuqtai nazaridan, ishchilarda kasb kasalliklari yuz berishidagi miqdoriy qonuniyatlarni ochish va ulardan ishchilarni ogohlantirish mexanizmlarini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish sifatida qaraladi. Bunda ishlab chiqarish sohasi muhiti (shovqin, vibratsiya, kimyoviy va biologik moddalar, nurlanishni keltirib chiqaradigan radiatsion va boshqa moddalar) va mehnat qilish jarayonidagi omillar (mehnatning tez bajarilish talabi va og‘irligi, ish surʼati) salomatlikka ziyon yetkazish manbasi sifatida o‘rganiladi. Mazkur yondashuv JSSTning kasbiy riskka bergan ushbu taʼrifida ham qayd etib o‘tilgan: risk – bu ishlab chiqarish muhitidagi zararli omillarga inson organizmining ko‘rsatadigan noxush reaksiyalari va kutilayotgan zo‘riqishlarini o‘zida aks ettiruvchi matematik konsepsiyadir.
Riskning xavflilik darajasi u yoki bu kasalliklarning aniq mehnat sharoitlarida (ishlab chiqarish muhiti holati, moddalarning xavflilik turlari va ularning konsentratsiyalarining sanitariya meʼyorlarini buzgan holda oshirilib yuborilishi) ishlayotgan muayyan kasblar guruhida qay darajada keng tarqalib ketganligi bilan aniqlanadi.
Texnika xavfsizligi va mehnatni himoya qilish nuqtai nazaridan kasbiy risk risklarning texnik va tashkiliy omillari (texnika, ishlab chiqarish texnologiyasi va turi, xodimlarni professional tayyorlash va mehnat qilishni himoyalash bo‘yicha profilaktika ishlarini olib borish) sifatida qaraladi. Bu omillar ishlab chiqarishda jarohatlar olish darajasi ko‘rsatkichlariga va bu ko‘rsaktkichlarni pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqishga taʼsir ko‘rsatadi.
Ijtimoiy sug‘urta nuqtai nazaridan, kasbiy risk tushunchasi sug‘urta qilinish holatlari kerak bo‘lgan kasb yoki sohalarda mehnat qilayotgan muayyan guruh kasb egalariga kelishi ehtimoli bo‘lgan risklarni bildiradi. Bunday risklar tufayli ishchi mehnatga layoqatini va daromadini yo‘qotishi natijasida davolanishi va realibitatsiya uchun maʼlum miыdordagi xarajatlarni talab qiladi. Shuni taʼkidlab o‘tish muhimki, bunda jarohat yoki kasbiy kasallik bilan og‘rish jarayoni sug‘urta qilish kerak emas (bunday jarayonlar ko‘rsatkichini nolga tushirishning iloji yo‘q, ularning ko‘rsatkichini faqatgina pasaytirish mumkin), balki baxtsiz hodisalar sababli mahrum bo‘linayotgan daromadlarni va bu risklardan jabr ko‘rganlarning davolanishi hamda realibitatsiya qilinishi uchun kerak bo‘lgan qo‘shimcha harajatlarni sug‘urtalash lozim.
«XMT va JSSTning mutaxassislari kasbiy risklarning 150 ga yaqin sinfini va taxminan 1000 dan ortiq ko‘rinishini ajratib ko‘rsatadi. Ular 2000 dan ziyod turdagi har xil kasb egalariga real xavf solmoqda»247. Bunda ushbu sinflar to‘liq hisoblanmaydi, faqat mehnat xavfsizligi va gigiyenasining alohida jihatlarini o‘z ichiga oladi.
Kasbiy risk tufayli ishchilarga quyidagi dastur bo‘yicha xavfga duchor bo‘lishlari mumkin: ishlab chiqarishda olingan jarohatlar (kasb kasalligi) – sog‘liqni yo‘qotish – mehnatga layoqatini yo‘qotish – oylik ish haqidan mahrum bo‘lish – kasallikdan davolanishning, realibitatsiya va kompensatsiya to‘lovlarining kechikishi. Bunda shuni taʼkidlab o‘tish muhimki, kun ko‘rish uchun topib turilgan mablag‘dan ham mahrum bo‘lish, nafaqat ishchining, balki uning oila aʼzolari ham buning orqasidan keladigan nochorlikdan qiynaladi.
Kasbiy risk tushunchasi ijtimoiy riskning kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘rinishi bo‘lib, turli xil (texnologik, tashkiliy, ijtimoiy va iqtisodiy) jarayonlarning natijasi hisoblanadi.
XMTning 102-sonli (32-band) Konvensiyasiga ko‘ra, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklarning oqibatlariga quyidagilar kiradi: ishchilarning mehnatga qilishga yaramay qolishi; kasb kasalligi (kasallik holati); hayot kechirish uchun butkul pul topa olmay qolish; ishchining vafotidan so‘ng boquvchisini yo‘qotgan uning turmush o‘rtog‘ining yashash uchun mablag‘dan ajralishi.
XMTning 102-sonli (32-band) Konvensiyasiga ko‘ra, jabr ko‘rgan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamning turlariga quyidagilar kiradi: zarur tibbiy yordam, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolingan davr uchun kasallik bo‘yicha moddiy yordami, mehnat qilish layoqatini doimiy yo‘qotganda beriladigan nogironlik pensiyasi va vafot etgan shaxsning turmush o‘rtog‘iga beriladigan pensiya.
Kasbiy risklarning paydo bo‘lishi va yuz berishi shartlari quyidagilar hisoblanadi: texnologik va ishlab chiqarishni tashkillashtirish sababli; kasb va ish joyi tanlashdagi erkinlik darajasi (xavfli kasblar va mehnat qilish uchun zararli sharoitlar); ishchilarni ijtimoiy himoya qiluvchi maxsus institutlarning tashkil etilishi va samarasi (mehnatni himoyalash va mehnat tibbiyotining milliy hamda koorporativ tizimlari, xavfsizlik texnikasi, majburiy ijtimoiy sug‘urta institutlari va h.k.). Masalan, kasb va ish joyini tanlash jarayonida katta ehtimollik bilan risklarning paydo bo‘lishi qator sabablarga bog‘liq: mablag‘ning, hayotda qulay boshqa variantlarni tanlash uchun imkoniyatlarining yo‘qligi. Shuning uchun kasbiy risklarni sinflarga ajratishda quyidagilarni alohida ajratib qo‘rsatish lozim bo‘ladi: riskning o‘z xohishi bilan yoki xohishisiz tanlanishi; kundalik va boshqa bo‘lmagan risklar; riskning qachon kelishini oldindan aytib bo‘lmaslik, shuningdek, ular natijalarining qamrov chegarasi va xarakteri.
Jamiyat rivojlanishidagi industrial bosqichning muhim tavsifi ishchilar, ish beruvchilar va davlat uchun kasbiy risklarga bo‘lgan eʼtiborining oshishi ekanligini taʼkidlab o‘tish lozim. Ularni oddiy holat, deb hisoblash esa, ko‘plab ishlab chiqarish korxonalariga katta miqdordagi zarar yetkazadi, riskni keltirib chiqaruvchi omillarning kelib chiqishini va ularning oldindan aytish qiyin bo‘lgan oqibatlarining ishchilarning sog‘ligiga, mehnat qilish layoqatiga salbiy taʼsirini sezilarli ravishda tezlashtiradi.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab sanoati rivojlangan ko‘plab davlatlarda kimyoviy va biologik moddalardan (hozirda bunday xil moddalarning 500 mingdan ziyod turi qayd etilgan) keng ko‘lamda foydalana boshlangan. Ularning 3-4 mingga yaqinigina xavfsizlik jihatdan qoniqarli deb hisoblangan, yaʼni bu kimyoviy va biologik moddalar umumiy miqdorining 2 foizini tashkil etadi.
Bundan tashqari sanoat texnologiyasida gen injenerligi, nurlananishni qaytaruvchi va o‘ziga singdiruvchi turli manbalar faol qo‘llanila boshlanganligini ham taʼkidlab o‘tish muhimdir. Bularning hammasi so‘nggi 50 yilda sanoatning turli sohalarida, qurilishda, qishloq xo‘jaligida va transport sohasida ishlab kelayotgan ko‘plab insonlarning hayot xavfsizligiga kerak vositalar bo‘lib qoldi.
Kasbiy risklarining bu darajada keng tarqalganligi industrial mehnatning yuqori darajada rivojlanganligi bilan tushuntiriladi. Texnika va texnologiyaning, kimyoviy va biologik moddalarning, turli ko‘rinishdagi energiya manbalari va nurlanishni keltirib chiqaruvchi vositalarning faol qo‘llanilishi kishilar hayot faoliyatining deyarli barcha sohalarida risklar paydo bo‘lishiga olib kelaveradi. Shu munosabat bilan kasbiy risklar tabiatini o‘rganish turli xil kasb egalarining ham kasbiy faoliyatiga aylanib qoldi. Bu jarayon uchun turli sohalar – biologiya va tibbiyot, iqtisod va moliya, yurisprudensiya va texnika fanlari, sotsiologiya va psixologiya, sug‘urtalash va matematikadan mutaxassislar jalb qilindi.
Kasbiy risklarni tizimli o‘rganish BMT tizimidagi xalqaro maxsus tashkilotlari – XMT, JSST, Ijtimoiy taʼminot xalqaro assotsiatsiyasi (ITXA) va boshqa shu kabi tashkilotlarning muhim vazifalari doirasiga qiradi. Shu munosabat bilan, bu faoliyat isboti sifatida, kasbiy risklar bo‘yicha XMT hamda JSST hamkorlikda amalga oshirgan tadqiqotchilik va nashriy loyihalarni taʼkidlab o‘tish yetarlidir. Masalan: XMT mutaxassislari va dunyoning 65 ta davlatidan hamkorlikka taklif qilingan 2000 dan ziyod ekspertlar tomonidan bajarilgan, kasbiy risklar tabiati va ulardan himoyalanish chora-tadbirlari batafsil bayon etib berilgan – «Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi ensiklopediyasi»248, bu hamkorlik mevasidir. Mazkur ensiklopediya 25 yil davomida to‘rt nashrda tayorlandi va chop etib kelindi.
Jahon hamjamiyati davlatlarining kasbiy risklarni baholash bilan bog‘liq bo‘lgan tajribalari XMT, JSST hamda Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tashkilotlarning hujjatlari va tavsiyalarida muhrlanib o‘tilgan. Ular keng ommaga mo‘ljallangan ilmiy adabiyotlar hisoblanishi bilan bir qatorda, mehnat xavfsizligi va gigiyenasining milliy tizimini shakllantirish hamda rivojlantirish borasidagi muhim nazariy hamda uslubiy baza bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, quyidagi muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan: risklarning xavfli taʼsirlarining oldini olish maqsadida ularni aniqlash va baholash; kasbiy risklar darajasini nazorat qilish davlat tizimini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqarish uchun kasbiy risklarning statistik bazasidan foydalanish; kasbiy risklarning xavfli taʼsirlarini minimal kamaytirish bo‘yicha ish beruvchilar uchun tavsiyalar ishlab chiqish uchun kasbiy risklarning muhim omillari va sabablarini aniqlash.

Download 0.79 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   96




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling