Kutilayotgan natija:
Bolalar qismlar bo’yicha butunni va butun bo’yicha qismlarni topishni o’rganadilar.
Katta va kichik shakllarni 4 qismga bo’lish va katta va kichik qismlarni farqlashni bilib oladilar.
Bolalar katta va kichik shakllarning qismlarining o’lchamlari bir-biridan farq qilishi haqida tushunchaga ega bo’ladilar.
Kerakli jihozlar:
10x10 sm katta va 6x6 sm kichkina kvadrat shakllari (har bir bolaga 2 tadan).
Katta va kichik shakllarning bo’laklari.
“Mozaika” o’yini uchun suratlar (bo’yi 10 yoki 15 sm).
Faoliyatning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar, biz sizlar bilan shakllarni 2 va 4 ta teng qismlarga bo’lishni o’rganib olgan edik. Hozir sizlar bilan yana butun va qism haqida gaplashamiz. Hammamiz katta kvadrat shaklini olib uni buklaymiz, yana buklaymiz, endi buklangan chiziqlardan qirqib chiqamiz. Butun kvadratni birinchi qirqqanimizda necha qismga bo’ldik? Bu bo’laklarni yana bir marta bo’lsak nechta qism hosil bo’ldi?
Bolajonlar, endi kichkina kvadratni olib 2 marta buklaymiz va qirqamiz. Birinchi qirqqanimizda nechta qism hosil bo’ldi? Bu qismlarni yana bir marta bo’lsak nechta qism hosil bo’ladi?
Endi katta kvadratning bir qismini flanelagrafga mahkamlaymiz, kichkina kvadratning bir qismini ham uning yonidan qo’yamiz. Bu ikki qism bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? O’lchamlari bilan. Katta kvadratning 4 dan 1 qismi, kichik kvadratning 4 dan 1 qismidan katta. Kichik kvadratning 4 dan 1 qismi, katta kvadratning 4 dan 1 qismidan kichik.
Demak bolajonlar, agar buyum katta bo’lsa uning qismi ham katta bo’ladi, agar kichkina bo’lsa uning qismi ham kichkina bo’ladi.
Bolalar uchun amaliy ish.
Stol ustiga katta va kichik shakllar 4 ta qismga bo’lib aralashtirib qo’yiladi. Bolalar qismlarni to’g’ri topib birlashtirib, katta va kichik shakllarni yasaydilar.
Har bir shakl alohida rangda bo’lsa bolalar ularni birlashtirishda qiynalmaydilar. Topshiriqni murakkablashtirish uchun hamma shakllarni bir xil rangda qilish ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |