Istiqlol davri romanchiligi mavzuning badiiy talqini, odamning orzu-umidlari, shaxs intim kechinmalari, inson psixologiyasini tahlil etish yoʻlidan bormoqda
ISAJON SULTONNING IKKI ROMANI HAQIDA
Download 92.67 Kb.
|
Isajon sultonning ozod ramanining tahlili
ISAJON SULTONNING IKKI ROMANI HAQIDA
“OZOD” ROMANI HAQIDA OʻYLAR Zamonaviy oʻzbek nasri tobora globallashib, butun insoniyat taqdiriga daxldor muammolarni badiiy talqin etib bormoqda. Oʻzbek yozuvchisi olam va odamni anglashda, uning maqsad va vazifalarini belgilashda sharqona badiiy-falsafiy konsepsiyani ilgari surmoqda. Shu maʼnoda, zamonaviy oʻzbek nasrini tadqiq etishda jahon adabiyotshunosligining yangicha talqin, tahlil metodlariga tayanish davrning talabidir. Mustaqillik davri oʻzbek romanchiligi haqida soʻz borganda, qariyb oʻttiz yilga teng vaqt oraligʻidagi badiiy tafakkur namunalari nazarda tutiladi. Oʻtgan davr mobaynida turli mavzu va yoʻnalishdagi yuzlab romanlar dunyo yuzini koʻrdi. Ayniqsa, istiqlolning dastlabki oʻn yilligida tarixiy, ijtimoiy mavzusidagi romanlar koʻp yozildi. “Ulugʻ saltanat” (M.Ali), “Bozor” (X.Doʻstmuhammad), “Muvozanat” (U.Hamdam.) kabi romanlar bunga yorqin misol boʻladi. Soʻngi oʻn yillikda esa falsafiy-ramziy romanlarning koʻpayganini koʻrishimiz mumkin. Ayniqsa, “Shovqin” (E.Azam), “Goʻroʻgʻli” (N.Eshonqul), “Yoʻl” (U.Hamdam), “Boqiy darbadar”, “Ozod” (I.Sulton) kabi romanlar alohida eʼtiborga molik. Yozuvchi Isajon Sultonning “Ozod” romani sharqona mumtoz falsafa va bugungi postmoderncha dunyoqarashni oʻzida sintez qilgan asardir. Romanni oʻqir ekansiz, musulmon sharqiga xos dunyoqarashning zamonaviy falsafiy ifodasiga duch kelasiz. Unda bugungi global dunyoda oʻzligini yoʻqota yozgan insoniyatning saodatga erish yoʻli xususida soʻz boradi. Tom maʼnoda, yozuvchi olam va odamning sharqona konsepsiyasini yangicha ifoda yoʻsinida bayon qiladi. “Ozod” romani badiiy-ifodaviy jihatdan ham sharq adabiyoti bilan tutashadi. Zero, asar syujeti Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarlaridagi syujetga mohiyatan yaqin turadi. “Mantiq ut-tayr” asarida Semurgʻni izlab yoʻlga otlangan qushlar 7 vodiyni bosib oʻtadilar. Bu vodiylar tasavvufdagi Haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning ramzidir. “Ozod” romanida ham baxtu saodatga yetkazuvchi sirli lolani izlab yoʻlga otlangan Ozod 7 ta maskanni bosib oʻtadi: “Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas” (1). Birgina shu misoldan anglash mumkinki, yozuvchi odam va olam mohiyatini idrok etish yoʻlida sharq mumtoz adabiyotiga, aniqrogʻi islom taʼlimotiga tayanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Isajon Sulton Ator va Navoiy anʼanasiga tayanib asar voqealarini muayyan yoʻlda tasvirlaydi. Bu oʻrinda ijodkor uchun qahramon yetib borgan manzil emas, balki bosib oʻtilgan YOʻL badiiy-falsafiy qiymatga ega. Aytish mumkinki, mazkur asarlarni umumlashtiruvchi jihat ham muayyan sinovlari bilan insonni komillik sari eltuvchi YOʻL obrazidir. Bugun jahon madaniyatiga sharqona dunyoqarash tobora kuchliroq taʼsir etib bormoqda. Mashhur rus olimi Yuriy Borev “Yangi davr – yangi paradigmalar demakdir” (2) deb yozadi. U insoniyat tarixidagi paradigmalarni tartibi bilan sanarkan, soʻnggi, modernizmdan keyingi (hozirgi) davrni “Sharq modeli” deb ataydi. Unga koʻra: “Sharq madaniyatlari olgʻa surayotgan paradigma jamiyat hayotining ideal va maqsadlarini koʻrsatmaydi, balki donishmandlik va purtadbirlik ila uning yoʻlini belgilab beradi” (3). Uning Sharq falsafasi haqidagi fikrlari Ator va Navoiyning yuqorida eslab oʻtilgan asarlarining (shu jumladan “Ozod” romanining) mazmun-mohiyatiga ham mos keladi. Bu asarlarning voqealarida anglangan manzil (ideal) tasviri emas, balki shu manzilga eltuvchi yoʻl va unga qadar yoʻlovchining toblanib borishi muhimroq. Yuqoridagi kabi gʻoyalarni ilgari surgan asarlar sirasiga jahonga mashhur yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” romanini ham qoʻshish mumkin. Zero, asar sharqona falsafani oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatli. “Alkimyogar”da ham yoʻlovchi obrazi tasvirlanadi. “Alkimyogar” romanining xazina izlab yoʻlga tushgan Santyago ismli qahramoni oʻz manziliga yaqinlashib borarkan, komillikka erisha boshlaydi. U manzilga yetib kelganda esa, izlagani oʻz yurtida ekanligini tushunib yetadi. Yaʼni xazina oʻzi bilgan xaroba binoning ostiga koʻmilgan edi. Ammo Santyago oʻz hayotining mazmuniga aylangan bu xazinani (aslida, xazina keng maʼnoda baxtni anglatadi) uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtmasdan topa olmagan boʻlar edi. Xuddi shunga oʻxshash voqelik “Ozod” romanida ham aks etadi. Roman qahramoni ham baxtning timsoli lolani qidirib yoʻlga chiqarkan, manzilga qadar turli voqealaru sinovlarni boshdan kechiradi. Ahiyri, manzilga yetgan Ozod lolaning oʻziday nochor, uning oʻziday baxtga orzumand maxluqot ekanligi koʻrib bariga tushunadi: “Baxtu saodat nima ekanini endi-endi anglamoqdaman… yoʻlimda uchragan hamma narsa aslida xulosa chiqarishim va maʼnisini anglashim uchun ataylab yoʻllarimga sochib qoʻyilganini ham tushunyapman.” Shunda Ozod oʻzidagi mislsiz kuchni yurtiga qaytgandagina his qiladi. Ayni shu jihatlar, har roman syujetini Sharq mumtoz adabiyoti namunalariga borib tutashtiradi. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun oʻzbek yozuvchisi ilgari surayotgan olam va odam konsepsiyasining asl ildizlari, ijtimoiy, falsafiy va tarixiy asoslarini belgilash zamonaviy adabiyotshunosligimizning dolzarb muammolaridan biridir. 1.Isajon Sulton. Ozod. –T.: “Sharq”, 2012. B. 7. 2. Yu.Borev. Inson va insoniyat hayotining oliy maqsadi va maʼnosi//Sharq yulduzi. 2011 y., №4. B.160. 3 Shu asar. “ Download 92.67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling