Ызбекистон Республикаси Олий ва ырта махсус таьлим вазирлиги


-Mavzu: Istiqlol davri adabiy tanqidchiligining o’ziga xos xususiyatlari


Download 372.25 Kb.
bet36/61
Sana23.04.2023
Hajmi372.25 Kb.
#1385958
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   61
Bog'liq
ozbek adabiy tanqidi 1 mavzu

15-Mavzu: Istiqlol davri adabiy tanqidchiligining o’ziga xos xususiyatlari
Reja:

  1. Adabiy tanqid yangi bosqichda

  2. Adabiy tanqiddagi yangilanish tamoyillari va omillari

  3. Istiqlol davridagi adabiy tanqid metodologiyasining yangilanish tamoyillari

  4. Tanqid va adabiy jarayondagi izlanishlar



Foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati


  1. Назаров Б. ва бошқалар. Ўзбек адабий танқиди тарихи. T. Чўлпон НМИУ. 2012

  2. Озод Шарафиддинов замондошлари хотирасида. Т. O‘ZBEKISTON. 2007

  3. Каримов Ҳ. Истиқлол даври адабиёти. Т. Yangi nashr. 2010.

  4. Расулов А. Танқид, таҳлил, баҳолаш. Т. Фан. 2006.

  5. Раҳимжонов Н. Мустақиллик даври ўзбек шеърияти. Т. Фан. 2007.

  6. Тўйчиев У. Ўзбек адабиётида бадиийлик. Т. Янги аср авлоди. 2011.

  7. Расулов А. Бадиийлик – безавол янгилик. Т. Шарқ. 2007.

  8. Норматов У. Ижод сеҳри. Шарқ. 2007.

  9. Ҳаққул И. Тақдир ва тафаккур. Т. Шарқ. 2007.

  10. Йўлдошев Қ. Ёниқ сўз. Т. Янги аср авлоди. 2006.

  11. Ёқубов О. Сўз. Т. Шарқ. 2019.

  12. Каримов Б. Руҳият алифбоси. Т. Ғ.Ғулом номидаги нашриёт матбаа-ижодий уйи. 2016.

  13. Қуронов Д. Мутолаа ва идрок машқлари. Т. Akademnashr. 2013.

Mavzuga oid qisqacha annotatsiya

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha sohalarda erkin rivojlanish boshlandi. Bu hol ilm-fan, adabiyot va san’at taraqqiyotida ham o‘z ifodasini topdi. Sho‘ro davri iskanjasidan va siyosatlashgan mafkura tazyiqidan qutilgan badiiy tafakkur erkin ijod yo‘liga o‘tdi. Adabiy tanqid badiiy asarlarga milliy g‘oya va umumbashariy mezonlar asosida baho bera boshladi. Ayni vaqtda, ana shunday yo‘nalishlarda yangi asarlar yaratilishiga ta’sir ko‘rsatishni asosiy maqsad qilib qo‘ydi.


O’zbek adabiy tanqidchiligi istiqlol yillariga kelib har tomonlama ko’lamdorlik kasb etdi. Badiiy asarga baho berish, yni jahon miqyosida tahlil etish ufqlari kengaydi. Ayniqsa ijd erkinligining, fikrlash ozodligining rivoj topishi adabiy-tanqidiy qarashlar salmog’ini oshirib yubordi. Munaqqidlik sohasida etuk olimlar faoliyat ko’rsatdilar. Adabiy tanqidning barcha janrlarida barkamol asarlar maydonga keldi. Taniqli munaqqidlardan O. Sharafuddinov, N. karimov, U. Normatov, B. Nazarov, A. Rasulov, I.Haqqulov va boshqalar sermazmun asarlar yaratdilar. Istiqlol davri adabiy tanqidchiligi katta jarayonni hosil qiladi.
Mustaqillik davri o‘zbek tanqidchiligining istiqlol g‘oyalariga esh ekanligi.
Tanqidchilikning yana bir xosiyati-milliyligidadir. Milliylik va baynalminallik dialektikasi hozirgi zamon badiiy tanqidchiligidagi o‘zak masalalardan biri sanaladi. Zero, san’atning milliy o‘ziga xosligi va milliy harakter, umuminsoniylik dialektikasi, qardosh millatlar badiiy madaniyatlarining bir-biriga o‘zaro ta’siri va bir-birini boyitishi hozirgi badiiy jarayonning botiniy estetik mohiyatiga tegishli jahonshumul muammolaridir. Chinakam xalqchil tanqidchilik bu muammolarii o‘z tahlilidan chetda qoldirmaydi. Chunki hozirgi badiiy jarayonning o‘zi milliy hayot va milliy ong estetik in’ikosi sifatida harakat qiladi.
Sotsialistik realizm metod haqidagi nazariy qarashlarning inqirozi. Tanqidchilik metodologiyasida yangilanishlar. «Boy ila xizmatchi», «Yo‘lchi yulduz», «Jangchi Tursun», «Ko‘kan», «Jontemir», «Zaynab va Omon» singari asarlarga xolis yondashuv. «Sarob» romani haqidagi bahs. Hamza, A.Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlarning yangicha talqini, baholanishi.
Badiiy asarni baholashda mafkuraviylik, sinfiylik, partiyaviylik, soxta xalqchilik prinsiplaridan voz kechilishi.
Tanqidchilik uchun metodologik asos bo‘lib kelgan eski ta’limotga oid prinsiplar o‘rnini umumbashariy xolis meyorlar egallay boshlashi. Bu meyorlarning o‘z qadriyatlarimiz asosidagi milliy mezonlar bilan boyitilishi. Qur’on motivlari, Hadis talqinlari zamiridagi hamda Amir Temur shaxsi yoritilgan, o‘tmishimiz, tariximizni badiiy aks ettirgan asarlarga munosabatda o‘zbek tanqidchiligi bashariy meyorlar bilan bir qatorda o‘zining mustaqil mezonlarini ham o‘rtaga qo‘yishi.
Mustaqidlik davri o‘zbkek tanqidchiligining istiqlol g‘oyalariga esh ekanligi.
Badiiy asarga biografik, tarixiy-funksional, ontologik, genetik yondashuvning kuchayishi. Biografik metodning tanqidchilikda keng qo‘llanilishi.
Germenevtik, izox, sharx, talqin haqidagi yangicha qarashlar.
Aksiologaya – baholash nazariyasi. A.Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya asarlarining yangi taxlillari.
Badiiy asarni talqin qilish, baholashda sub’ektivlik muammosi.
Tanqidchilikda ijtimoiy taxlil qatori mikroanaliz, qiyosiy-tarixiy talqinning kuchayib borayotganligi.
O‘zbek adabiy va tanqidchiligiga ilg‘or jahon adabiyoti va tanqidchiligi ta’siri kuchayganligi. Badiiy adabiyotga Kafka, Kamyu; tanqidchilikka Baxtin, Ortegelar ta’siri. Badiiy adabiyot xayotni realistik aks ettirib qo‘ya qolmay ongdagi oqimni mukammal aks ettirishta intilishini, badiiy qahramon obrazini ochishda o‘ziga xos izlanishlar paydo bo‘layotganini adabiy tanqid ham
mutanosib idrok etayotgani. Bu boradagi bahslar. Modrenizm, absurdizm, avangardizm, neorealizm, postmodrenizm, strukturalizm, ekzistensializm, singari oqim va tushunchalarga adabiy tanqid munosabati. Adabiy asarni anglash qonunyatlari retseptiv estetika haqida o‘zbek tanqidchiligidagi fikrlar. Yangi zamondagi yozuvchi, kitobxon, jamiyat aro uzviy uchlik bog‘lanishi muammolari yangi o‘zbek tanqidchiligi talqinida. «Anglashning azobli yo‘li» (Q.Yo‘ldoshev) singari maqolalardagi o‘zbek tanqidchiligining sifat o‘zgarishlari. Adabiy tanqid matnni o‘qish, uqish mashaqqatlari haqida. O‘zbek adabiyotida paydo
Adabiy tanqid san’atkorning fikr doirasini kengaytirishga, mahoratining takomillashuviga ko‘maklashmog‘i kerak. U estetika an’analarini rivojlantirish bilan birga g‘oyaviy-badiiy jihatdan beriladigan baholarning aniq bo‘lishini, estetik talabchanlikni chuqur ijtimoiy taxlil bilan, iste’dodga, uning samarali izlanishlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bilan qo‘shib olib borishi kerak.
Adabiy tanqid shakllanish va rivojlanish jarayonita ega hodisa bo‘lib, ilmiy-estetik tafakkur taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega. Bu jarayon mustaqillik yo‘lida izlanayotgan ayni kunlarimizda ham o‘z kuchini saqlab qolayapti. Shu sababli tanqid tarixini o‘rganish faqat tarixiy-ma’rifiy jihatdan emas, balki ijtimoiy-estetik jihatdan ham dolzarb ahamiyatga molikdir: adabiy-badiiy tanqid tarixi saboqlari san’at va adabiyotning bugungi hamda ertangi taraqqiyoti vazifalari va yo‘llarini tayinlashga yordam beradi. Adabiy-badiiy tanqidchilik oldida estetika an’analarini rivojlantirish vazifalari turadi. Demak, tanqid: 1) ijtimoiy hayotda ham; 2) ijodkor faoliyatida ham; 3) kitobxon estetik kechinmalarida ham o‘z o‘rniga ega. U: a) ijtimoiy hayotdagi dolzarb masalalarni; b) ijodkorlarning ilg‘or qarashlarini, v) kitobxonning istak-mulohazalarini aks ettiradi, san’atning o‘z-o‘zini anglash shakli sifatida ko‘rinadi, muayyan davr estetik tafakkurining umumiy va ichki rivojlanish qonuniyatlarini oydinlashtiradi.
Badiiy adabiyotning asosiy vazifasi insonni va uni o‘rab olgan voqelikni badiiy tasvirlash vositasida komil insonni tarbiyalashdan iborat. Binobarin, adabiy tanqidning vazifasi ham komil inson harakterini, uning estetik didini tarbiyalashga qaratilgan bo‘ladi. Zero, Belinskiy ta’kidlaganidek, "adabiyotning vazifasi tanqidning vazifasidir. "Hukm qiluvchi tanqid bilan, hukm qilinuvchi adabiyotning mazmuni birdir".
Adabiy tanqid "harakatdagi estetika"dir. Adabiy tanqid adabiyot hodisalarini, adabiy asarlarni tahlil qiladi, ularga baho berar ekan, o‘zining bir qancha xususiyatlarini kashf eta boradi. Ilg‘or adabiy tanqid har doim: 1) badiiy asarlarni keng targ‘ib etishga; 2)kitobxonlarning estetik didi va zavqini oshirishga; 3) so‘z san’atkorlarining ijodiy takomiliga xizmat qiladi.
V.G. Belinskiy adabiy tanqid va ijtimoiy fikr o‘rtasidagi aloqani ko‘zda tutib, haqqoniy tanqid hamisha jamiyatning o‘y va orzularini ifodalaydi, deya e’tirof etgan edi.
Tanqid, yuqorida qayd etilganidek, ayrim paytlarda o‘z davri uchun tamoman yangi bo‘lgan haqiqatlarni kashf etib, o‘z davrining san’at va adabiyoti rivojida yangi bosqichning boshlanishiga asos solishi mumkin. Ammo bu hodisa. Belinskyning ta’biri bilan aytganda, "buyuk va nodir hodisadir".
Tanqidning yana bir xususiyati - uning publitsistika bilan chambarchas aloqadorligidadir. Joriy adabiy jarayonning hodisalarini va badiiy ijodning ayrim asarlarini tahlil etib, ularning qimmatini keng ommaga tushuntirib berishga va ommaning estetik didini tarbiyalashga mo‘ljallangan tanqid o‘z o‘quvchisiga matbuot-jurnal va gazetalar orqali murojaat etadi. Bu, ayniqsa, xalq va uning adabiyoti tarixida boshlanayotgan yangi davrlarga oiddir. XIX asrning birinchi yarmida Belinskiy: "Tanqid allaqachon bizning ommaning (o‘quvchilar va tomoshabinlar ommasining) ehtiyoji bo‘lib qoldi. Hech bir jurnal yoki gazeta tanqid va bibliografiya bo‘limisiz yashay olmaydi", -deb yozgan edi. Bu hol hamma madaniy xalqlar tarixi, shu jumladan, keyingi davrlarda O‘rta Osiyo xalqlari tarixidagi dalillar bilan ham tasdiq etiladi. Shuni esda tutish kerakki, tanqidning adabiyotshunosliqdan uning mustaqil qismi sifatida ajralib chiqishi qator xalqlarda, asosan, XIX asrning ikkinchi choragida sodir bo‘ldi. Hatto Belinskiy zamonasida ham, jumladan, uning asarlarida adabiyotshunoslik ko‘pincha bir butun hodisa sifatida maydonga chiqqan.
O‘zbekistonda esa tanqid ilk bor mahalliy matbuotning yuzaga kelishiga aloqador holda XIX asrning so‘nggi choragida kurtak ota boshlaganliti ma’lum haqiqatdir.
Tanqidning obrazliligi o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, ilmiy-tahliliy mazmunga singgan holda namoyon bo‘ladi. Yozuvchi o‘z qarashlarini, orzu-istaklarini obrazlar vositasida qalbining "dardi", his-hayajoni bilan o‘quvchilar ommasiga yetkaesa, asosiy maqsad qilib o‘quvchilar ruhiy olamiga, ruhiyatiga ta’sir qilishni nazarda tutsa, adabiy tanqidchi o‘z fikr-muloxazalarini va qarashlarini izchil mantiq vositasida muntazam va aniq bayon qilish yo‘li bilan ommaga yetkazadi, asosiy maqsad qilib kitobxon aqliga ta’sir qilishni nazarda tutadi. Binobarin, tanqidchi badiiy asarlarni baholash jarayonida shu asar tufayli qalbida tug‘ilgan his-hayajonni ifodalab berishi lozim.
Xudda shu nuqtada adabiy tanqidning o‘ziga xos ilm va sanat ekanligi ko‘zga tashlanadi: tanqidchi ilmiy tafakkuriga, mantiqiga o‘z badiiy tafakkurini bo‘ysundirgandagina ularning o‘zaro dialektik birligini ta’minlagandagina o‘z vazifasini bajarishga qodir bo‘ladi. Chunki, his-hayajon va obrazlilik bilan charxlangan fikr sovuqqon, hissiz fikrga nisbatan o‘quvchida kuchli ishonch hosil qiladi va hayajon bilan qabul qilinadi.
Tanqidchi obrazli fikrlashi kerak, lekin obrazli fikrlash ilmiy fikrlashga bo‘ysunishi va bu tabiiy kechishi shart. Bunda tanqiddagi obrazlilikni adabiyotdagi obrazlilik tushunchasiga tenglashtirmaslik, badiiy tafakkurni ilmiy tafakkurdan yuqori qo‘ymaslik lozim. Aytaylik, rus yozuvchisi Ye.Vinokurov: "Men adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamini roman kabi o‘qishni xohlardim", – deganida shu tamoyilni yoqlagandek ko‘rinadi. Tanqidchi, albatta, obrazli fikrlashga haqli, obrazli fikrlashi shart ham, biroq obrazli tafakkur ilmiy tafakkurga bo‘ysunishi va tabiiy bo‘lmog‘i lozim.
Tanqidchi badiiy adabiyot asarini tekshirishda ikki me’yorga tayanib ish ko‘radi: birinchi o‘lchov-real hayot, ikkinchisi - estetik qonunlar, bular ob’ektiv dunyo demokratiyasidir. Shu ikki me’yorga- hayot haknqati va estetika qonunlariga binoan asar tekshirilganidagina uning ijtimoiy-estetik qimmatini chinakam ilmiy asosda belgilash imkoni barqarorlashadi.
Tanqidchilikning yana bir xosiyati- milliyligidadir. Milliylik va baynalminallik dialektikasi hozirgi zamon badiiy tanqidchiligidagi o‘zak masalalardan biri sanaladi. Zero, san’atning milliy o‘ziga xosligi va milliy harakter, umuminsoniylik dialektikasi, qardosh millatlar badiiy madaniyatlarining bir-biriga o‘zaro ta’siri va bir-birini boyitishi hozirgi badiiy jarayonning botiniy estetik mohiyatiga tegishli jahonshumul muammolaridir. Chinakam xalqchil tanqidchilik bu muammolarii o‘z tahlilidan chetda qoldirmaydi. Chunki hozirgi badiiy jarayonning o‘zi milliy hayot va milliy ong estetik in’ikosi sifatida harakat qiladi.
Xullas, tanqidchilikning tor ma’noda tushunilgan bevosita tadqiqot ob’ekti – milliy-badiiy jarayondir. Jarayonning baynalminal va milliy qirralari bo‘lib, bu uning badiiy dialektikasida zuhur etadi. Zero, milliyliksiz haqiqiy badiiy in’ikosning, chinakam badiiy obrazning, chinakam badiiy adabiyotning bo‘lishi mumkin emas.
Adabiy-badiiy tanqid jahon miqyosida amal qilayotgan baynalminal hodisadir. O‘zbek tanqidchiligining jahon miqyosiga ko‘tarilish uchun tinmay izlanayotganligi ijobiy xususiyatlaridan biridir.
Adabiy tanqid tor adabiy mavzular doirasida o‘ralashib qolmasligi va umumestetik mezonlarni yo‘qotib qo‘ymasligi uchun adabiy jarayonning yetakchi tamoyillarini tinmay kuzatib turishi, u yoki bu yozuvchining ijodiy portretiga xos qirralarni, ijodiy yo‘liga xos xususiyatlarni yoritishi, badiiy asarni hozirgi davrning ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ma’naviy muammolari doirasida tahlil etishi kerak.
Adabiyotning hozirgi muammolari, g‘oyalari va qahramonlarini tarixiylik tamoyili asosida qay darajada aks ettirayotgani tanqidning diqqat markazida turishi va u badiiy asarning g‘oyaviy-estetik tahliliga shu nuqtai nazardan yondashuvi lozim.
Tanqidiy fikr qanchalik haqqoniy va talabchan bo‘lsa, hozirgi adabiyotimizning muhim masalalarini qanchalik dadillik bilan ko‘tarsa - uning mavqei shunchalik kuchli, natijasi esa shunchalik samarali bo‘ladi. Fidoyi munaqqidlarning erkin fikr borasidagi chiqishlari yozuvchilarni ham yangi mazmundagi asarlar yozishga chorladi,milliy istiqlol g‘oyalariga hamohang asar yaratish,tarixu madaniyatimizga ehtirom tuyg‘usini oshirishga e’tibor kuchaygani hammaga ma’lum. Shu xildagi xolis talabchanlikka sug‘orilgan chiqishlar hozirgi kunlarda mustaqillik g‘oyalarini mustahkamlash ma’naviy-estetik ehtiyojga aylangan bir sharoitda, ayniqsa, avj olishi kerak. Shundagina adabiy tanqidchilik ilmiy-estetik hodisa sifatida istiqlolni kuylovchi adabiyotimizning taraqqiyotiga yanada samaraliroq ta’sir ko‘rsatajak.
Istiqlol davri tanqididagi yangilanish tamoyillari keng qamrovli bo‘lib,unda yangilanayotgan metodologik asoslarni chuqur anglash, adabiy tanqid tafakkuridagi yangilanish jarayoni hamda omillarini o‘rganish, madaniy merosni,xususan, XX asr o‘zbek adabiyotini qayta baholash yuzasidan adabiy jarayonda kechgan izlanishlarni turli yondashuv va usullar asosida o‘rganishni kasb etish,masalaga milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan yondashish tamoyillarini o‘zlashtirish ,ayni chog‘da adabiy jarayondagi xilma xil shakl,uslub izlanishlarini badiiylikning yangicha mezonlari asosida tadqiq etish muhim masalaga aylandi.
Mustaqillik davrida badiiy adabiyotning estetik tamoyillari o’zgardi. Mustaqillik adabiyoti degan atama paydo bo’ldi. Yangicha ifoda usullari, yangicha shakllar, dunyoni idrok etishning yangi yo’nalishlari adiblar ijodiy faoliyatlariga tadbiq etilmoqda. Biroq ana shunday rang-barang asarlar g’oyaviy mazmunining asosini milliy mafkura, milliy g’urur muxtasar aytganda milliylik tashkil etishi darkor (1999 7 may № 9. “O’zAS”). Zotan, bugun zamon o’zgardi, ijtimoiy, siyosiy vaziyat o’zgardi. Yangi jamiyat qurildi. Kechagi salbiy qahramon bugun ijobiy qahramonga aylandi. Kechagi ijobiy qahramon esa salbiy bo’lib qoldi. Biroq adabiyot rivojlanishdan to’xtab qolgan emas. Yangi-yangi romanlar paydo bo’layapti. Bundan keyin milliy nasrimizdagi tamoyillar, uning uslublari qay darajada rivojlanishi kerak? Mazmun har bir yozuvchining o’z ixtiyorida, lekin o’zbek nasrining san’at yo’li qayoqqa qarab ketayapti? Adabiyotimizdagi mahorat masalasi, san’atkorlik masalasi qanday? Bugun biz mana shu masalalarni tahlil etishga, ana shu savollarga javob berishimiz lozim. Adabiyotshunos Qozoqboy Yo’ldoshevning ta’kidlashicha adabiyot bozorga moslashib bormoqda, bozorbop badiiy mahsulotlar ko’plab yaratilayotgani, milliy adabiyotimizda sarguzasht, sirli voqyealarni tasvirlashga moyillik kuchayib borayapti. Adabiyot-adabiyotga da’vogardir. Adib esa betizgin vaqtni tizginlashga urinadigan zot. Birgina 1998 yilda hikoyalarga nisbatan qissalar ko’proq yozildi. 1998 yilda o’n sakkizta qissa chop etilgan. O’sha qissalarning yettitasi sof detektiv janrda, yana to’rttasida shunday unsurlar yetakchilik qiladi. Inson tuyg’ularini tadqiq qilishga, uning taqdiridagi murakkabliklarni mahorat bilan ko’rsatishga erishilgan qissalar juda oz.
Shu narsani ham alohida qayd etish lozimki, istiqlol davri adabiyoti istiqloldan keyin paydo bo’lgan, deb qarash unchalar to’g’ri emas. Bu davr adabiyoti qanchalar g’alati ko’rinmasin, istiqloldan oldinroq shakllana boshlagan va muayyan darajada mustaqilligimizning amalga oshishiga ham ta’sir ko’rsatgan, deyish mumkin. Chunki millat miqyosida ro’y bergan har qanday ijtimoiy hodisa avval millatning ruhida, shuurida, tafakkurida sodir bo’ladi va so’nggina kelajakka aylanadi. Milliy ruhiyatdagi evrilishlar esa ma’lumki, adabiyotda bo’y ko’rsatadi. Shu ma’noda istiqlol davri mustaqillik adabiyotining mevasi sifatida paydo bo’ldi, deyish ham mumkin (“O’zAS”, 2000 yil 4 avgust). Mashrab Boboyevning ta’kidlashicha, bugunning qahramoni ham har bir davrning qahramoni singari inson, jonli inson bo’lishi kerak. Sho’rolar davridagi qishloq hayotidan yoz, sanoatni yoz, degan mafkuraviy yo’riqlar yo’q. Mana shu yo’riqlar juda ko’p hollarda yozuvchilarimizni yo’ldan adashtirgan, ular zamon talabiga javob beraman, deb sun’iy qahramonlar siymosini chizgan edi. Endi, yana takrorlanmaydi, zamon o’zgardi. Biroq, Inson, jonli inson siymosini chizar ekanmiz, baribir, uning qay millat, qanday yurt, qaysi davrga mansub ekanini unutmasligimiz lozim. Mustaqillik tuyg’usi, yurtni e’zozlash, yurtga fidoyilik tuyg’usi har bir qahramonning e’tiboriga aylanishi kerak. Shu o’rinda yana bir narsani aytib o’tish zarurati bor. Men ko’pgina asarlarda qahramonlar muallifning “topshirig’ini bajarib”, u chizib bergan chiziqdan chiqmay, demakki, sun’iy harakat qilishini kuzatganman. Qahramon o’zi tabiiy harakat qilsin, biz buni qog’ozga tushiraylik. Qahramon o’zini Mustaqil O’zbekiston fuqarosi sifatida tutsin, uni libosidangina emas, yuragidan, madaniyatli, muomilasidan ham o’zbek sifatida taniylik. Toir Islomov: Bugungi adabiy-tanqidning asosiy vazifasi bugunning qahramonini payqashda, ko’pchilik ichidan ajrata bilishda, deb biroz kesatiqli tarzda “bugunning qahramoni kim?” degan savolga javob beradi: Eshikdan kirib kelgan bemorning hamyoniga emas, dardiga e’tibor qilgan shifokor, operasiya lozim taqdirda avval haq masalasini hal qilishni o’ylab o’tirmay ishga kirishadigan jarroh bugungi kunning qahramoni. Tarozidan urmagan, birni o’nga pullayotgan insofli tijoratchi bugunning qahramoni. Katta ishda ham, mayda ishda ham qonun ustuvorligini birday turib himoya qila oladigan qozi yoki mirshab, muruvvatli, sahovatli bobodehqon, o’z mansabini suiiste’mol qilmaydigan, fuqarolar manfaatidan ko’z yummaydigan hokim, ko’cha-kuylarimizga ko’rk baxsh etadigan muhtasham binolarni, yangi avtomobillar va samolyotlarni yaratayotgan ishchi-muhandislar, qo’yadigan bahosiga pul olmaslikni jasorat emas, hayot tarzi deb his etuvchi oliy maktab mualliflari bugunning qahramoni... (“O’zAS” 2000 yil 7 iyul). Mustaqillik davri adabiyotida N.Eshonqul, Salomat Vafo, Ne’mat Arslonov, Sotiboldi Topiboldiyev, Jamila Ergasheva kabi modern usulida asar bitayotgan adiblarning ham o’z o’rni bor. Endilikda moderncha adabiyotga ishtiyoq va did ham o’quvchilarda tez shakllanib borayotganligini ham alohida qayd etish lozim bo’ladi. Modernizm dastlab X1X asr avvalida G’arbiy Ovro’pa zaminida paydo bo’ldi. U G’arb kishisi ruhiyatida ro’y bergan ma’naviy inqirozning adabiyot va san’atdagi aks-sadosi degan qarashlar ham eshitilib qoladi.
Kafka, Joys va M.Prust singari bu yo’lning daholari bor. Modernizm jahonni zabt etdi, realizm go’yo eskirdi, degan qarashlar ham, bahsli munozaralar ham bo’lib turibdi. Mas, Suvon Meli (“O’zAS”, 2000 18 avgust). Chunki, zamon, dunyo evrildi, faqat manguliklar yashab qolishiga ishondik. Xullas, Ovrupa realizmidan ham uzoqlashib, boshqacha, ya’ni donishmandona bir adabiyotga yetishamiz. Mohiyat, maqsad aniq, mag’zi to’la adabiyot yaratiladi. Bu esa o’sha “Chor darvish”, Sa’diyning “Guliston”, “Bo’ston”, Faxriddin Attorning “Mantiq ut-tayr” va boshqa klassiklarimizning yo’lini davom ettiradigan adabiyot bo’ladi. Rasul Gamzatovda “Mahorat, sen qanisan, qaylarda qolding? Senga yetishguncha yemirilib bo’ldim” degan bir she’r bor. Ha, shoir aytgandek mahorat doimo adabiy tanqidchilikning bosh mavzusi bo’lib qolaveradi. Sh.Xolmirzayevning fikricha: 70 yillik sho’rolar davrining o’z qonuniyatlari, o’z yo’nalishlari bor edi. O’sha vaqtdagi asarlar ham boshqacha bo’lishi kerak edi... Shunisi qiziqki, u adiblar adabiyotning bosh mavzui inson ekanligini tushunishmadi. Bosh mavzu mafkura deb bildilar. Vohalanki, Sharq adabiyotida komil inson tushunchasi bor. Bugungi kunda biz, bizdan keyingi avlod, mana shu narsani anglab, miyaga quyib olish kerakki, o’shalarning shunday bo’lishi sabablarini tahlil etib, teran tushunib, demak, undan kerakli xulosalar qilish lozim. Ha, kelajakda o’zbek adabiyotida g’aroyib asarlar paydo bo’ladi. Ular, shubhasiz, to’xtab qolgan Abdulla Qodiriy prozasiga yaqin proza bo’ladi. Men ishonamanki, oddiy hikoyalardan ko’ra hikoyatlar ustun keladi. Rivoyat tariqasidagi hikoyalar ustun bo’ladi. 1998 yilda Mirjamid Zokirovning “Sizdan chiqqan chaqmoqlar”, Normurod Norqobilovning “Uvlayotgan it”, Ulug’bek Abdulvahobning “Yolg’izlik”, Shoyim Bo’tayevning “Sho’rodan qolgan odamlar”, Nazar Eshonqulning “Tun panjalari” qissalarini, Said Ahmadning “Qorako’z Majnun”, Ahmad A’zamning “Go’zallikning qirralari” hikoyalari badiiy jihatdan ancha pishiq hikoyalar sifatida talqin etildi. Shuningdek, Isajon Sulton, Abduqayum Yo’ldoshev, Shodiqul Hamroyev, Luqmon Bo’rixon kabi yosh hikoyanavistlar ijodi ham diqqatga sazovordir. 1998 yilda ko’plab romonlar yozildi. Yo’ldosh Sulaymonning “Armon”, Abduqahhor Ibrohimovning “Uyqu kelmas kechalar”, Omon Muxtorning “Maydon”, Murodjon Mansurning “Judolik diyori”, Asad Dilmurodning “Mahmud Tarobiy”, “Fano dashtidagi qush”, Ne’mat Arslonning “Mavhumot”, Uyg’un Ro’ziyevning “Atirgul” romanlari shular jumlasidandir. Umuman, mustaqillik davrida yozilgan romanlarning ifoda jihatidan, uslubiy-shakliy o’ziga xosliklari jihatidan rang-barang ekanligi kishini quvontiradi. Masalan, Omon Muxtor romanlarining yangicha mushohada tarzi, ramziylikning quyuqligi, tilning o’ziga xosligi bilan e’tiborni jalb etadi. Asad Dilmurodning “Fano dashtidagi qush” romani milliy dunyoqarashning, badiiy tafakkurning ildizlarini eslatishi bilan, “Zarbulmasal”ga xos yangicha ifoda yo’nalishi bilan diqqatga sazovor. “Mustaqillik davrida jahon miqyosidagi taraqqiyotga erishdik” deb bong o’rayotganlar ham yo’q emas. “...Xolis tanqid bo’lishi kerak. Va undan ranjish shaxsiyatparastlik va kuchsizlikning ayni o’zidir. Ammo mening fikrimcha, “noo’rin talqinlar” qanchalik tanqid qilinmasin, o’rinli talqinga aylana qolmaydi. Qo’ldan kelsa, yangi talqin, yangi tadqiqotlarni amalga oshiraverish lozim” (I.Haqqul. «Meros, mohiyat va talqinlar”, O’zAS. 16 may, 20-son). Biz o’z tariximizning sho’rolar davrini yakunlab, yangi mustaqillik davriga qadam qo’ydik. Bu insoniyat tarixining navbatdagi bir asri oxiriga to’g’ri keldi: biz o’ta mafkuralashgan eski dunyo bilan, boshqa ilg’or mamlakatlar ancha avval tark etgan totalitar tuzum bilan xayrlashdik. Va bozor iqtisodi, deb atalayotgan o’ta moddiylashtirilgan, hatto xayolni, orzu-istakni g’oyalashtirish odati o’z o’rnini endilikda moddiylashtirish bilan almashtirila boshlandi. Bu jarayonning yutuq va kamchiliklari bor. Davr o’zgardi, kecha buyuk deb yurgan kishini bugun ba’zan buyuk deyishga ham uyalasan (O.Muxtor). Biz Sharq va G’arb orasida turgan buyuk mamlakatmiz. XX1 asrda o’zbek adabiyoti bularning ikkisini ham anglab yetgan holda yuksaklikka ko’tariladi, deb o’ylayman. Hozir adabiyot G’arb va Sharqqa bo’lingan, bir-biriga o’xshamagan ikki ohangda faoliyatini davom ettirib kelayotgandek! Buning ustiga o’tayotgan asr bizni biroz “majruh” qilib qo’ygan edi. Bugungi oddiy kitobxon emas, duppa-durust ziyolilarimiz ham ba’zan o’tmish shoirlarimiz g’azalini deysizmi, baxshilarimiz to’qib qoldirgan xalq dostonlariga deysizmi!-tishlari o’tmay turishadi. Xolbuki, o’z o’tmish madaniyatimizdan, ayniqsa, rivoyatlar, ertaklar, eski o’zbek nasri namunalaridan uzilgan holda kelajak adabiyoti yaratilishi mumkinmi... Adabiyotshunos Yo’ldosh Solijonov “Yozuvchi” gazetasining 2000 yil 10 avgust sonida e’lon qilingan “Tuyg’ular musavviri” maqolasida talantli shoir Farida Afro’zning ijodi haqida shunday yozadi: “Uyg’oq ruhning teran nigohi bilan dunyoni anglab, inson qalbini, dardini tushunib, o’ziniki, deb bilgan shoiraning she’rlarini jo’ngina o’qish mumkin emas:
Bu kunlar ham g’animat,
Qorlar bahor bitmoqda.
Kelsa, bahor omonat,
O’tsa, umr o’tmoqda.
Kel, ey mening mensizim,- deya pokiza muhabbatni sog’inib, sog’inchlari to’lqinlantirayotgan qalb nolalarini faqat to’liqib, jo’shib o’qish mumkin. Shoiraning “Sochlarimni rayhon o’pdi”, “Sen osiysan, men noshukur”, “Nadomat” she’rlari kitobxonning mudroq tuyg’ularini uyg’ota boshlaydi, sof muhabbatni sog’inib, qadriga yetib yashashga, o’zlikni, haqiqatni anglashga chorlaydi. Beixtiyor ko’ngilga sezdirmay nozik chertib o’tadi. Farida Afro’z tuyg’ulari uyg’oqligini inson tirikligining mezoni, deb biladi. Adabiyotshunos Matnazar Abdulhakimning “Lahzadagi mangulik” (“O’zAS”, 1 yanvar, 2001 yil) maqolasi ham adabiyotshunoslik tarixi, ayniqsa, navoiyshunoslik bobida ma’lum darajada yangicha tashlangan qadam bo’ldi. Maqolada kechmish ming yillikning ulug’ siymolaridan hazrat Navoiyning vaqt haqidagi poetik mulohazalari bilan o’quvchi oshno qilinadi. Alisher Navoiy inson umrining o’tkinchi ekanligini ta’kidlarkan, she’rxonni yelib borayotgan vaqtni e’zozlashga da’vat etadi. “Hamsa”da shunday baytlar bor:
Soqol oqi o’lumga peshiravdur,
Yigitlik maysasi uzra qiravdur.
Ani uzmoq yigit bo’lmoq g’amida.
Soqol yulmoq erur o’z motamida.
Ikki uchni yulub yuz aylagan resh
Topar besh-olti kundin so’ng o’n-o’n besh.
Shoir raqamlar tadriji bilan ta’kidlayotgan ma’no-o’tayotgan vaqtga bizning bog’liqligimiz, bizni yana ham faolroq bo’lishga, fanoga erishmakka, ya’ni umrning o’tkinchiligini anglab, boqiy qoladigan ishlarni amalga oshirmoqqa da’vat. Bu haqda u gapiribgina qolmasdan, betimsol bir ibrat namunalarini ham ko’rsatib ketgan. A.Navoiy hatto Ollohdan Vaqtni o’tkazmay turishini iltijo qiladi, “Jondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz” ruboyisida. Umuman, M.Abdulhakimning mazkur maqolasi Navoiy haqida hali aytilmagan yangi fikrlarga boyligi bilan ajralib turadi. Umuman, an’anaviy bir qolipdagi sho’rolar adabiyotini inkor qilish va yaratilajak yangi adabiyotga umidvorlik kayfiyati nafaqat bizda, balki boshqa xalqlar adabiyotida ham mavjud edi. Rus yozuvchisi Ye.Dobrenko shunday yozadi: “Asr so’nggida hamisha eski adabiyotning tanazulli va yangi adabiyot haqida gapirayapti. Biroq tanazzul ham, yangi adabiyot ham bo’lmaydi. Faqat kurashlar jarayoni bor, xolos. Istiqlol adabiyotining qanday bo’lishi kerakligi haqida boshlangan bahs 1993-1995-yillar orasida bir oz susaygan bo’lsa-da, so’nggi uch yil ichida yana shiddatli tus oldi. Bu jarayonni “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi muntazam yoritib bordi. Ayniqsa “Bahs” rukni ostida berilgan munozarali maqolalar, undan keyinroq tashkil etilgan “Jarayon” ruknidagi yoshlarning erkin chiqishlari bugungi tanqid va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolarini hal etishda muhim ahamiyatga egadir. Bahslarda hozirgi ijobiy jarayonda yuzaga kelgan turli xil janrlarga xos badiiy asarlarni qanday tamoyillarga asoslanib tahlil qilishdan tortib, adabiyotning bosh mezoni nima bo’lish kerakligi, matndagi shakl va mazmun uyg’unligi masalalariga aniqlik kiritish imkon qadar yoritildi. Unda yosh ijodkorlar va munaqqidlar faol ishtirok etdilar. Buni Umarali Normatov shunday izohlaydi : “Avvalida “Bahs”ni yangilikka chanqoq yoshlar davom ettirdi, tajribali ustozlar, munaqqidlar sukut saqlab turdilar, ochig’i, ular bunaqa kutilmagan, keskin “janglar”ga tayyor emasliklarini sezdirib qo’ydilar. Jamiyat hayotining, adabiy tafakkurning keskin burilishi, yangilanish, tozarishni umumjahon adabiy me’yorlaridan kelib chiqish bunyod etilishida muhim ahamiyat kasb etadi. “Bahs” va “Jarayon” ruknlari ostida e’lon qilingan maqolalarni ko’zdan kechirar ekanmiz, ularning mazmuni va salmoqi balandligining guvohi bo’lamiz. Taniqli adabiyotshunos ustoz olimlar O.Sharafiddinovning “Inson yo’l izlaydi”, U.Normatovning “Adabiyot jarayonidagi g’aroyib robitalar”, “Tafakkurning tozarishi”, “Bahs bahsga chorlaydi”, Norboy Xudoyberganovning “Sirlar ko’pu, saboqlarchi?”, “Ijodiy fikrlash mevalari”, “Yombi boru, ammo?”, “Tanqiddan tonamizmi?” N.Karimovning “Zamin va zamon”, H.Abdusamatovning “Yangi zamon va yangi adabiyot” maqolalari qatorida bugungi adabiy jarayonda o’zlarining keskin va dadil chiqishlari bilan faol ishtirok etayotgan yosh munaqqidlardan R.Qo’chqorning “Assalom, erkin ijodiy ruh”, “Sen tanqidni sog’inmadingmi?”, U.Abdulvahobning “Yangi manzil - Inson”, “Zamonaviylik va tag qatlam “, R.Rahmatning “Sifat darajalari”, “Ko’ngilsiz inson ijodkormi?”, S.Melining “Bu maydon yoxud badiiylik qonuni”, “Tanqidchiligimizning kelajagi yaxshi bo’lishiga umid bor”, A.Ulug’ovning “So’zga munosabat”, A.Yoqubning “Omma adabiyoti”, “Arxiv mulkiga aylandi” kabi maqolalarida Istiqlol adabiyotining kelajagi ijoddagi badiiy so’zning mislsiz qadru qimmati, inson ruhiyatidagi cheksizliklarni va ziddiyatlarni ochib berishda, mustaqillik ruhi bilan yo’g’rilgan ijodiy erkinlik haqidagi turli xil qarashlar o’z ifodasini topgan. Biz maqolalarning har biriga to’xtalib o’tish imkoniyati yo’qligi tufayli mazmuni va mohiyati yaqinligiga qarab ularni muayyan turkumlarga ajratib oldikki, bu ishimizga aniqlik kiritadi, deb o’ylaymiz. Ma’lumki, adabiyotda umuminsoniylik tamoyili yetakchi o’rinni egallaydi. Shu bois yangi asr adabiyoti ham insonni tushunish, uning ruhiy dunyosi, qalb kechinmalari, aqliy faoliyati, turmush tarzi, orzu-umidlarini badiiy ifodalash adabiyoti bo’ladi. Bir guruh mualliflar o’z maqolalarida istiqlol adabiyotida inson jumbog’ini, uning sir-sinoati, murakkabliklari, muqaddasligi va notavonligi, olijanobligi va xudbinligi, gunohi va savobini badiiy obrazlar orqali yoritishni ilgari suradi. U.Normatovning “Go’zal inson madhi”, M.Qarshiboyning “Haq gapning o’zi kifoya emas” maqolalarini bunga misol qilish mumkin. Hozirgi adabiy jarayonda o’z fikr-mulohazalari bilan qatnashayotgan mualliflar, U.Abdulvahob iborasi bilan aytganda, “go’yo bir manzilga turli yo’llardan kelayotgan kishilarni eslatadi, manzil esa-Inson”. Inson jumbog’i haqida astoydil bosh qotirish yetakchi tamoyillarning asosiy vazifasiga aylanmoqda. Istiqlol adabiyotida yana bir muhim tamoyil - badiiylikdir. Chunki insonning teran ma’naviy olami badiiy obrazlar orqali o’z aksini topadi. Biz yuqorida adabiyotimizda So’zga, badiiy So’zga munosabat o’zgarganligini ta’kidlagan edik. Bahsda ishtirok etganlarning aksariyati badiiylikning yetakchi tamoyil sifatida muhim o’rin egallashini asoslashga harakat qilishgan. Bu o’rinda Ya.Qosimning “Erkin ijod va ijod erkinligi”, J.Eshonqulning “Ommaviylik mezon emas” kabi maqolalarini alohida ta’kidlash joiz. “Dunyoda avval ham, hozir ham minglab asarlar yoziladi, kitoblar kashf etiladi. Lekin faqat bir qismigina yashab qoladi. Demak, yaratilajak adabiy asarlarni beshafqat saralaydigan bir kuch, qonun bor. U hyech kimga bo’ysunmaydi, na shohga, na gadoga. Bu - badiiylik qonunidir” deb yozadi S.Meli. Istiqlol adabiyoti tamoyillari haqida gapirar ekanmiz, unda milliylik ham muhim mezon ekanligini unutmasligimiz kerak. Zero, badiiylik faqat milliy shaklda voqye bo’ladi. Ayniqsa, adabiyotimiz kelajakda jahon miqyosiga chiqib, o’z o’rnini topganda ham milliy o’ziga xoslikni inkor etaydi. O.Sharofiddinovning “20-30-yillar jadid adabiyoti”, R.Rahmatning “Xazina”, B.Ro’zimuhammadning “Uyg’onish fasli” kabi maqolalarda adabiyotning milliyligi haqidagi o’ziga xos qarashlarni kuzatish mumkin. Bahs-munozaralarda, shuningdek, mustaqillik adabiyotida tarixiylik, xalqchillik, mafkuraviylik tamoyillari ham o’z aksini topishi haqida fikrlar bildirilgan. Bundan tashqari, adabiyotda yangilikdan sekin-asta aniq tamoyilga aylanib borayotgan absurd adabiyotiga xos talqinlarning paydo bo’lishi qizg’in tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Birov bunga XX asr g’arb adabiyotining ta’siri, deb qarasa, boshqa birov yangilik sifatida qarab g’arb adabiyotiga taqlid, demoqda; yana kimdir bu tamoyil adabiyotimiz uchun yangilik emasligini, bu ko’rinishlar mumtoz adabiyotimizdan o’tgan meros, deb ta’kidlamoqda.
Xullas, asrimiz so’nggida yangi asr bo’sag’asida adabiy hayotdagi yangiliklar, ular atrofidagi munozaralar, bir-birini tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi qarashlarning bo’lishi tabiiy hol va ayni paytda sog’lom tarixiy-madaniy jarayondir. Zero, yangi asr adabiyoti qanday bo’lishi o’tmish va bugunning saboqlari bilan belgilanadi. XXI asr o’zbek adabiyoti tom ma’noda erkin adabiyot bo’ladi,-deydi Suvon Meli (O’zAS”, 1999 yil 1 yanvar). Chunki u mustaqil millat va mustaqil mamlakat adabiyoti. U xalqimiz, boshqa xalqlar va davrlar yaratgan bilim va tajribani o’ziga singdirib, erishilgan barcha badiiy yutuqlardan ijobiy foydalangan holda, o’tgan davr adabiyoti yo’l qo’ygan xato va kamchiliklarni aylanib o’tib, milliy ma’naviyatimizga mos, o’ziga xos badiiy ijod yo’lidan boradi. Milliy ma’naviyatga asoslangan tom ma’nodagi realistik adabiyot bo’ladi. XXI asr adabiyotida kurash, menimcha, haqiqiy iste’dod bilan chala iste’dod, tom ma’nodagi badiiylik bilan badiiynoma asarlar orasida kechadi. Badiiy adabiyot o’zining tub mohiyati bilan ijtimoiy hodisa. Yakka shaxs yaratadigan, lekin ko’pchilikka mo’ljallangan xalqona. Shu tufayli u jamiyatning ruhiy atmosferasi bilan chambarchas boqliq. Jamiyatga ijtimoiy ideal kerak. Prezidentimiz tomonidan tashlangan “Kuchli davlatdan-kuchli jamiyat sari” shioridagi kuchli jamiyatning yetakchi belgisi, o’z ijtimoiy idealiga ega bo’lishidir. Ijtimoiy ideal misoli mayoq bo’lib, jamiyat qayoqqa va qanday maqsadda qadam otishida g’oyaviy mafkuraviy va ma’naviy-ruhiy yo’l ko’rsatib turishi lozim. Ijtimoiy ideal zaruriyati shunda. Badiiy adabiyot ijtimoiy idealga muhtoj. “Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” risolasida ilgari surilgan da’vatlar mohiyatini xalqimiz, yosh avlod qalbi va ongiga singdirish, istiqlol mafkurasi, milliy e’tiqodni shakllantiruvchi asosiy manbaga aylantirish bugun bizning bosh maqsadimiz bo’lmog’i kerak. Negaki, millatimiz, xalqimizning yangi asrdagi taraqqiyot yo’li bizning mana shu jarayonning nechog’li faol ishtirokchisi bo’lishimiz, binobarin, yangi asrning uyg’oq vijdonli ijodkori bo’la olishimiz orqali ruyobga chiqadi. Biz XX asrda Qodiriy nasri sehridan bahramand bo’ldik. Cho’lpon, G’.G’ulom, Mirtemir she’riyatining toza mavjlaridan hayratlanib yashadik. Oltmishinchi va yetmishinchi yillar she’riyatidagi erk va ozodlikka tashnalik ruhi, bu davrning dilbar poeziyasi XXI asr o’quvchisining ham ma’naviy mulki bo’lib qolishi shubhasizdir.
Adabiy tanqid keng qamrovli soha.Unda har bir ijodkor o‘z dastxatini qoldirishga intiladi. Munaqqid faoliyati halollik, shijoat, qanoat, sinchkovlikni talab etadi.Badiiy asarni xolis baholash, ma’nolar qatini ochish tanqidchiga katta mas’uliyat yuklaydi.U badiiy asarni uqib,satrlar qariga teran nigoh tashlasagina maqsadiga erishadi.Adabiy asarni anglash qonuniyatlari retseptiv estetika haqidagi ta’limotga rioya etishni talab qiladi. Yangi zamondagi yozuvchi, kitobxon, jamiyat aro uzviy uchlik bog‘lanishi muammolari yangi o‘zbek tanqidchiligi talqinida. «Anglashning azobli yo‘li» (Q.Yo‘ldoshev) singari maqolalardagi o‘zbek tanqidchiligining sifat o‘zgarishlari. Adabiy tanqid matnni o‘qish, uqish mashaqqatlari haqida. O‘zbek adabiyotida paydo bo‘lgan modern asarlar haqidagi maqola, sharh, taqrizlar. X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, Faxriyor, B.Ro‘zimuhammad, P.Qodirov, B.Sarimsoqov, U.Normatov maqolalari.
U.Normatov taqdirida O‘zbekiston Milliy universiteti.
Deyarli yarim asrlik o‘zbek adabiy jarayonida U.Normatovning sistemali ravishda oldingi safdagi faol tanqidchilardan biri ekani. Ma’lumot, dalil, materialni misqollab yig‘ish, uni umumlashtirish, analizdan sintezga, sintezdan analizga o‘tish U.Normatov uslubining yetakchi xususiyati. Hikoya, qissa, roman, lirik she’r, ballada, poema singari janrlar takomilini o‘rganishdagi U.Normatov roli. Olim maqolalari, tadqiqotlaridagi shakliy, janraviy rang-barangliklar... taqriz, maqola, diolog, baxs, maktub, o‘y-mulohoza, suhbat shakllarining keng qo‘llanilishi. Munaqqidning ijodkorlar bilan suhbatlari: Uning Said Ahmad, Nazir Safarov, Hamid G‘ulom, Mirmuhsin, Asqad Muxtor, Shuhrat, Rahmat Fayziy, P.Qodirov, O.Yoqubov, E.Vohidov, Sh.Xolmirzayev, X.To‘xtaboyev, O‘.Hoshimov bilan qurgan suhbat-maqolalari tarkibi, tartibi. Suhbat-maqolada munaqqid va yozuvchi obrazi. Adabiy jarayondagi tezkor maqolalar asosida jamoatchiligimizda simpatiya-antipatiyalarning namoyon bo‘lishi. U.Normatovning Mahmud Nurmatov, Usmon Azimov bilan suhbat – «jangi» namoyon bo‘luvchi yozuvchi, faylasuf, tanqidchining ijodiy harakteri. U.Normatov maqola, taqrizlarida kelgusidagi yirik muammoviy tadqiqotlarning qiyofa-mohiyati zohir bo‘lishi. Hikoya janridagi asarlar haqida yaratilgan o‘nlab taqrizlaridan shu janr
kamoloti izchil o‘rganilgan asarlarning yetishib chiqishi. M.Qo‘shjonov bilan hammualiflikdagi «Mahorat sirlari» (1968), «Janr imkoniyatlariya» (1970)kitoblari. U.Normatovnint 70-yillardagi maqolalarida shu davr adabiyotining tarakkiyot tamoyillari o‘rganilishi. Olimning «Nasrimiz ufqlari» (1974), «Nasrimiz av’analari» (1978) kitoblarida o‘zbek adabiyotining turli davrlar va boshqa xalqlar adabiyoti bilan qiyosiy tadqiq etilishi.
U.Normatovning «Said Ahmad» (1979), «Shuhrat», «Go‘zallik bilan uchrashuv» (1976), Mirmuhsin haqidagi «Ijodning – qo‘sh qanoti» adabiy portreti, «Talant tarbiyasi» (1680) asarlarida 80-yillar o‘zbek adabiyotidagi mahorat muammolarining yoritilishi.
Milliy istiqlol yillarida U.Normatov ijodi yangi bosqichga ko‘tarilganligi. «Umidbaxsh tamoyillar» (2000), «Qalb inqilobi», «Tafakkur yog‘dusi» (2005) kitoblarida milliy mustaqillik davri adabiyotining yetakchi tamoyillari tahlil etilishi.
U.Normatovnin A.Qodiriy, A.Qahhor ijodi haqidagi «Qodiriy bog‘i» (1995), «Qahhorni anglash mashaqqati» (2000) kitoblarida bu san’atkorlar ijodiga yangicha yondashuvlar. Ushbu asarlarni shu adiblar ijodi haqida avvalgi bosqichlarda yaratilgan tadqiqotlar bilan qiyosiy o‘rganish.
So‘nggi yillarda U.Normatov maqolalarida modern oqim, absurd yo‘nalishdagi asarlar tadqiqi. Modern adabiyot haqidagi U.Normatov qarashlariga tanqidchilikning munosabati.
U.Normatovning adabiy-tanqidiy tafakkur haqidagi qarashlari. Munaqqid uslubi.
N.Karimovning yangi o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchilikdagi o‘rni. Hamid Olimjon mahorati haqidagi dastlabki maqolalari deyarli 50 yil davomida N.Karimov diqqat markazida bo‘lgan muammolar tasnifi va ularning munaqqid tomonidan o‘rganilish tadriji.
N.Karimov qarashlarida she’riyatdagi badiiylikning ichki qonuniyatlari, badiiy shakl muammolari. «Hamid Olimjon» (Shoir hayoti va ijodidan lavhalar) (1979) asarida badiiy asarning yaratilish tarixi va ijodkor biografiyasi bilan mustahkam aloqadorlikda o‘rganilishi. 1). H.Olimjon hayotining muhim voqealarn, 2). Shoir fitratini yoritib beruvchi ko‘zgular. 3). Ijodkor hayoti va dunyoqarashining qaltis nuqtalari tanqidchi transformatsiyasida tahlil materialiga aylanadi.
N.Karimovning «Urushdan keyingi davr o‘zbek sovet adabiyoti»
(1982) nomli tadqiqotida davr adabiyotining yutuq va kamchiliklari xolis o‘rganilishi. Adabiyotshunosning «O‘zbek adabiyotida janrlar tipologiyasi va uslublar rang-barangligi» 1983) to‘plamidagi “Sahiy iste’dod sohibi”, “She’riy shakllar va uslubiy yo‘nalishlar” maqollarida badiiy asarning nazariy muammolari bilan aloqadorlikda tadqiq etilishi. N.Karimov Oybek hayti, ijodi, asarlari tarixini o‘rganuvchi yirik mutaxassis. «Oybek» (1985), «Ilhom chashmasining ajib mavjlari» (1982), «Oybek va Zarifa» (2005) asarlarida olimnint Oybek hayoti, ijodining biografik metod asosida o‘rganinsh mahorati. Olimning 20 jildlik Oybek mukammal asarlar to‘plamini nashr etishdagi xizmatlari.
Qatag‘on qilingan yozuvchilar hayoti va ijodining o‘rganishda N.Karimovning o‘rni va roli. Uning bu yo‘nalishdagi publistik faoliyati. «Usmon Nosir» (1993), «Usmon Nosirning so‘nggi kunlari» (1994) asarining o‘zbek adabiyotshunosligidagi o‘rni.
H.Olimjon, Oybek, U.Nosir haqidagi asarlar misolida o‘zbek adabiyotida ajoyib kishilar hayoti, turmushdagi singari biografik ilmiy-badiiy janrga asos solinishi. Bu asarlarga ilmiy va badiiy-estetik fikrlash uyg‘unligi.
N.Karimovning Cho‘lpon haqidagi risola va tadqiqotlari. Ularning O.Sharafiddinov, S.Mamajovov, D.Quronov va boshqalar yozgan. Cho‘lpon haqidagi tadqiqotlari bilan qiyosiy tahlili. N.Karimovning «Cho‘lpon» (2003) ma’rifiy romani o‘zbek adabiyotidagi biografik janrning yangi ko‘rinishi sifatida. Roman haqidagi ilk taqrizlar .
N.Karimovning A.Qodiriy, Hamza, Shayxzoda, Shukrullo, A.Oripov, H.Xudoyberdiyeva haqidagi hujjatli biografik maqolalarida ilmiy-estetik uyg‘unlik.
Oliy ta’lim va o‘rta maktablar uchun yangi tipdagi adabiyot darsliklarining yaratilishida N.Karimovning o‘rni.
Abdug‘afur Rasulov so‘zni qadrlaydigan,ma’no qatlamini teran idrok etadigan adabiyotshunos.U ilmiy manbalarni chuqur o‘zlashtirish barobarida nazariy masala mohiyatini sinchiklab o‘rgangan.Sharq va g‘arb adabiyotshunosligidagi yangilanish tamoyillarini muqoyasa etib,unga birinchilardan munosabat bildirgan. Atoqli olim “Ilmi g‘aribani qo‘msab”,”Tanqid,talqin,baholash”,”Badiiylik-bezavol yangilik”,”Betakror o‘zlik”asarlarida sohaga doir muammolarga e’tibor qaratib, tanqid ilmining estetik mohiyatini,metodologik asosini izchil yoritadi.Asarlarda jarayon davomiyligi,an’ana barhayotligi turli davr san’atkorlarining falsafiy,estetik qarashini uyg‘unlashtirishda ko‘zga tashlanadi.Olim har bir masala negiziga urg‘u berib,genezisini puxta o‘rganadi. Tanqid ilmi, shakllanishi, yangilanish tamoyillari doim ziyraklik bilan kuzatilgan.Adabiy oqim ,ularga mansub asarni baholash me’yori,ijodkorga munosabat nozik masala.Ba’zan badiiyat namunasini nohaq qoralab muallifni jazoga hukm qilish tarixda kuzatilgan. Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabilar mafkura qurboni bo‘lgani ma’lum. Abdug‘afur Rasulov sho‘ro tanqidchiligining xato siyosatini ko‘rsatib,sotsialistik metodning salbiy oqibatini dalillar bilan asoslaydi.Badiiy matn poetikasini o‘zlashtirish nafosatiga alohida to‘xtalib,mafkuradan holi baholashga chorlaydi.Yaratilgan asardan sinfiy kurash tasvirini emas,so‘z jozibasi, ohangi, salmog‘ini axtarib uni xolis,asosli tahlil qilish fikrini bildiradi.”Tanqid saralamoqdir”aqidasini to‘g‘ri anglash,fikr,tuyg‘u oqimini ilg‘ay olish,tovush,so‘z mohiyatiga qunt qilish ruhiy ma’naviy ta’sirni orttirishi ta’kidlanadi. Muallif yozuvchi, badiiy matn,kitobxon uchligi,uyg‘unligini lo‘nda ifodalaydi:” Bu shunday uzviy bog‘liqlikki, unda abiyotshunoslik, tanqidchilik, estetika, psixologiya fanlarining juda ko‘p tomonlari oydinlashadi.Yozuvchi-badiiy matn-kitobxon bog‘liqligida ichki bir harakat,biridan ikkinchisiga o‘tish,o‘tkazish jarayoni borki,u badiiy kommunikatsiya nomi bilan mashhur.Badiiy kommunikatsiya ijod psixologiyasi,badiiy idrok etish estetikasi;semiotika va strukturalizm; adabiy, badiiy tanqid,tanqidchi; asarni talqin qilish (germenevtika) ,baholash (aksiologiya) nazariyasini keltirib chiqaradi .
Talqinshunos asar ruhiga kirib,ma’no salmog‘i,tayanch nuqta(semiotik markaz)ni belgilab oladi. U avvalo,sarlavha, ilk jumla, ismlarga e’tibor qaratib muallif badiiy niyatini uqishga kirishadi. Asarni yaxlit qurilma sanab, har bir qatlamiga nigoh tashlaydi. Matn ostidagi nihon ma’no mag‘zini chaqib,ma’no nuqtalarni jamlab aniq,izchil fikr aytishni qadrlaydi.U asarlarni sinchiklab kuzatib voqea, holat, obrazlarning jahon adabiyotidagi o‘xshash jihatini topib,muqoyasa orqali tahlilni davom ettiradi.Xususan,darbadar,devona obrazlari dunyoadabiyotida ham uchrashi,ularning sa’y harakati orqali haqiqat,adolatga ishora qilinishi,hayot hikmatini uqishga chorlanishi e’tirof etiladi. Shu bilan bir qatorda badiiy adabiyotda xarakter yaratish masalasi yillar davomida munaqqid tomonidan sinchiklab kuzatiladi.U xarakter,tiynat,fitrat,siyrat kabi tushunchalar etimologiyasiga e’tibor berib, atamalar haqidagi ma’lumotni lug‘atlar vositasida aniqlab boradi.Aristotel,Immanuel Kant,Gegel kabi mutafakirlarning muammoga doir qarashlari sharq allomalari fikri bilan yaxlit tarzda o‘rganiladi.So‘ng mumtoz ijodkordan tortib zamonaviy qalamkashlar yaratgan betakror xarakterlarni talqin etishga kirishadi. Bunda adabiy xarakter ruhiga kirib,insoniylik asrori nozik yoritilib, mohiyati singdirib boriladi.
So‘zshunos talqinchi matnni o‘zlashtirish ,xususiyatini mukamal o‘rganishga intildi. Munaqqid asarlar poetikasini teran uqib,ilmiy qarashini ilgari suradi. Munaqqid faoliyatida ijodkor hamda adabiyotshunoslar haqidagi adabiy portret,maqolalar ko‘p.U “Iste’dod va e’tiqod”asarida Ozod Sharafiddinovning olimlik qiyofasini,odamiylik fazilatini yoritib berdi.Ustoz fitratidagi matonat ,so‘zga sadoqatini ilmiy yaratiqlari kontekstini izchil o‘rganish orqali asoslab berdi.”Betakror o‘zlik” asarida Ozod Sharafiddinovni anglashda katta vaqt tushunchasi mohiyatini uqishga chorlaydi. Abdug‘afur Rasulov Matyoqub Qo‘shjonov, Homil Yoqubov, Ibrohim G‘afurov, Baxtiyor Nazarov kabi munaqqidlarning tanqidchilik maydonidagi o‘rniga e’tibor qaratadi.Uning Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon haqidagi portreti bolalar adabiyotining solnomasiga munosib hissa bo‘ladi.Zero,tarix,jamiyat,bola dunyoqarashi uyg‘un namoyon bo‘ladi. Munaqqid”Ardoqli adib”asarida biografik ma’lumotni jamlab, O‘tkir Hoshimov ijodiga yangi chizgilar kiritadi.”Uslub-iste’dod portreti” asarida Erkin A’zam ijod laboratoriyasi sinchiklab kuzatiladi.Olimning ijtimoiy faoliyati
Begali Qosimov adabiy-ijodiy, ilmiy-pedagogik foliyatiga nazar tashlanganda, yuqorida sanalgan sifatlarning ko‘pchiligiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunday muazzam sifat va fazilatlarga ega bo‘lish uchun, tabiiyki, so‘z san’atiga, badiiy adabiyotga mehr-muhabbat, adabiy manbalar talqini uchun chuqur nazariy bilim, o‘z ishiga fidoyilarcha yondashuv lozim bo‘ladi. Begali Qosimov shaxsiyatida ayni jihat yuksak darajada edi.
Uning u qadar uzun bo‘lmagan umr yo‘li, ijodiy faoliyat davrini kuzatgan, har bir inson agar chin dildan istasa, ilm-ma’rifat kishisi qisqa vaqt ichida ham ulkan ishlarni amalga oshirishi mumkinligiga guvoh bo‘ladi. B.Qosimovdan qolgan salmoqli ilmiy-adabiy meros, hech ikkilanmay, shunday dadil xulosa chiqarishga imkon beradi.
U mumtoz adabiyot deb atalmish azim dengiz mavjlarini nozik his qila olgan, bu dengiz tubidagi javohirlar koniga qadar sho‘ng‘ish va topildiq lazzatini tuyish sharafiga noil bo‘lgan katta olim edi. Zotan, B.Qosimovning Yusuf xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Atoyi, Sakkokiy, Lutfiy, Fuzuliy, Muhammad Solih, Bobur, Mashrab, Turdi Farog‘iy, Ogahiy kabi sharq mumtoz adabiyotining faxri bo‘lgan o‘nlab ijodkorlar haqidagi tadqiqotlarining har birida ayni xulosamiz uchun yetarli asos bor.Milliy uyg‘onish davri adabiyotini o‘rganishga munosib hissa qo‘shgan olim talabalar uchun darslik yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
Tanqidda,badiiy ijod,san’atdagiday,iste’dod daholik o‘ta muhim sanaladi.Qobiliyatli ijodkor,fidoyi munaqqidlar jarayonni jonlashtirishga ,uyushtirishga xizmat qiladilar.

Mustahkamlash uchun savollar:


1.Adabiy portret yaratgan munaqqidlardan kimlarni bilasiz?
2.U.Normatovning qodiriyshunoslikka qo‘shgan hissasi
3.N.Karimov uslubiga xos jihatlar
4.A.Rasulovning talqin borasidagi qarashlari
5.Mustaqillik davri tanqidchiligiga xos xususiyatlarni ayting.
6.Adabiy tanqid tarixiy asarlarga qanday munosabatda bo‘ldi?
7.Istiqlol davri tanqidchiligi Qodiriy, Cho‘lpon kabi chin ziyolilarga qanday munosabatda bo‘ldi?



Download 372.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   61




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling