Jahon adabiyoti tarixi
Jan- Pol Emar Sartr(1905-1980)
Download 2.24 Mb.
|
Jan- Pol Emar Sartr(1905-1980) va ekzistensializm.
XX asr fransuz adabiyotining taniqli namoyandasi, faylasuf va yozuvchi, ekzistensiyachilik ta'limotining asoschisi Jan-Pol Sartr 1905 yil 21 iyun kuni Parijda tug‘ildi. La-Roshel va Parijdagi litseylarda o‘qib, keyinchalik oliy maktabni tamomlagach, Gavr, Lion, Parijlani litseylarda falsafadan dars berdi. 1933-1934 yillarda Germaniyada chet el va nemis ekzistetsiyachilik nazariyasini, Edmund Gusserl fenomenologiyasi va Xaydegger ontologiyasini chuqur o‘rgandi. Sartrning ilk falsafiy asarlari “Tasavvur” va “Hayajonlar nazariyasiga chizgilar” 1936-1940 yillarda yozdi. Aynan shu davrda uning birinchi adabiy asarlari “Behuzurlik”(1938) va “Devor”(1939) ham bosmadan chiqdi. Sartr 1943-1949 yillarda yozilgan “Ozodlikning yo‘llari”, “Pashshalar”(1943), “Yopiq eshik ortida”(1945), “Ko‘milmagan mayyitlar”(1946), “Iflos qo‘llar”(1946), “Iblis va Xudo”(1951), “Nekrasov”(1956) kabi badiiy asarlarida, “Bodler”(1947), “Avliyo Jene”(1952) asarlarida esa tanqidiy fikrlarini bayon qildi. “Holatlar”(1947-1956) asarida uning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-tanqidiy fikrlari o‘z ifodasini topgan. “Ekzistensiyachilik, bu – hayotbaxshlilik, harakat haqidagi ta'limotdir”, - deb yozadi Sartr. Ekzistensializm – bu kun ko‘rish falsafasi. Kun ko‘rishning asosi – kechinma. Shaxs o‘zining borliq – olamdagi mavjudligini kechinmalari orqali idrok etadi. Shunga ko‘ra shaxsning ongi doim boshqa bir narsalarga qaratilgan. Boshqa narsalar hamisha uni o‘ziga tortib mashg‘ul qilib turadi, kechinmalarni uyg‘otadi, qo‘zg‘atadi, ularga yo‘nalish beradi. “Behuzurlik” romani ekzistensiyachilik g‘oyasini bilish uchun o‘ziga xos darslik vazifasini bajarishi mumkin. Asar kundalik shaklida yozilgan bo‘lsa-da, o‘ziga xos turi: u individuum(har bir mustaqil tirik organizm)ning kundaligi emas, individ(shaxs)ning kundaligi. “Sizga kundalikni o‘qish jarayonida ham, uni tugatgandan keyin ham muallifi haqida hech narsa ma'lum bo‘lmaydi. Bu shaxsning kundaligi emas, zotning kundaligi”, - deb yozgan edi Antuan Arkanten. Odam daf'atan, hech bir sababsiz atrofidagi olamga va jumladan, o‘ziga ham o‘zgacha qaray boshlaydi. U hamma qatori odatiy hayot kechiradi va to‘satdan olam parchalanib ketayotgani, odat bo‘lib qolgan narsalar nodatiy bo‘la boshlayotganini xis qilayotganini sezib qoladi. Tushunib olish maqsadida kundalik yozishni boshlashga qaror qiladi. U o‘z fikrlarini yozib borar ekan, qo‘qqisdan bu dunyodagi barcha narsalar, jumladan, uning o‘zi ham shunchaki yashayotganini, tasodifan ekanini anglaydi. Juda chiroyli manzara: quyosh nurlari tushib turgan oppoq devor, did bilan kiyingan yigit va qiz peshvoz yurib kelmoqda, hamma ularning uchrashishi va bir-biridan bo‘sa olishlarini kutmoqda, biroq ular... to‘xtamay o‘tib ketadilar. Bu uning hayolida yaratilgan manzara. (Sartrning turmush o‘rtog‘i adiba Simona Dyubuaning “Dilbar odam”( yoki “Go‘zal manzaralar”) romanining qahramoni dekoratsiya ishlovchi rassom, dizayner, u ba'zi alohida predmetlardan yaxlit surat yasash ustida ishlaydi. Ayol vitrinalar yonidan o‘tib borar ekan, qo‘lqoplarni ko‘rib qolib, juda ham sotib olmoqchi bo‘ladi, sotib olgach, uyiga kelganida qo‘lqopni tomosha qilib, nima sababdan sotib olganini tushunmaydi. Biroq u o‘z kasbining ustasi, shuning uchun qo‘lqop, go‘zal manzarani yaratish uchun kerakli va yetishmayotgan detal ekanini anglaydi). Sartrda ham shunga o‘xshash vaziyat yuzaga keladi. Unga olamning manzarasi bo‘lmasligi ma'lum bo‘ladi. Uning o‘rnida xaos(turli elementlarning tartibsiz joylashishi) mavjud bo‘lib, odam uning oldida yalang‘och va sarpoychang, u qabul qilishi yoki rad etishi mumkin. Asar qahramoni Rokanten tanlash payti kelganda, oldinga qadam tashlaydi va erkinlikni his qiladi. U “daraxt” deb ataluvchi predmetni, predmet turi ma'noda emas, balki qandaydir noyob narsa ma'nosida ko‘radi. Qahramon qandaydir nodir narsani ko‘rgandek, bu po‘stloqni, uning g‘adir-budurliklarini, har bir yaproqni, bu novdalarni, bu ildizlarni ko‘radi, u o‘zini shu daraxt deb sezadi, bu betakror, ajoyib daraxtning hayotini his qiladi. Muallifning fikricha mana shu holat reallikdir. Rokanten o‘zining yozuvchilik, tadqiqotchilikka iqtidori borligini his qiladi. U o‘z ichki dunyosi va u orqali tashqi olam narsa-hodisalarini to‘xtovsiz kuzatadi, ular ustida o‘y suradi. U mushohada odami. Ko‘zi tushgan narsalarga uzoq tikiladi. Tikilib turganida goho kutilmaganda bir qo‘rqinch paydo bo‘ladi. Ba'zan kuzatayotgan narsalari unda intihosiz nafrat qo‘zg‘atadi. Nafrati behuzurlikka aylanadi. Lekin uning mushohadalari o‘tkir va juda nafis. U o‘zida fikr paydo bo‘lishini shunday kuzatadi: “Fikrlarim so‘z libosiga burkanmaydi, ko‘pincha ular tuman parchalariga aylanadi, g‘alati, noayon shakllarga kiradi, biri uzra boshqasi qalashadi va men ularni o‘sha zahoti unutaman...” Sartrning “Behuzurlik” romani ekzistensializm falsafasi mohiyatini o‘zida to‘la mujassam etgan asaridir. Yozuvchining “Pashshalar”, “Yopiq eshik ortida” pyesalari hamda “Hayot va o‘lim” falsafiy asari Ikkinchi jahon urushi yillari yozildi. “Pashshalar” pyesasida odamlar uchun dunyoda ob'ektiv ma'naviyat mavjud emas va ular o‘zlariga ma'qul bo‘lgan tanlovni qabul qilishga haqlidirlar, degan g‘oya yotadi. Antik davr syujeti asosida yozilgan pyesa qahramoni Orest Zevs oldida otasiga xiyonat qilgan o‘z onasini o‘ldirgani uchun kechirim so‘rashdan bosh tortadi. Fransiya fashistlar Germaniyasi tomonidan istilo qilingan bir davrda asarda ozodlik va erkinlikka ehtirosli chaqiriq bor edi. “Yopiq eshik ortida” pyesasi do‘zahga loyiq topilgan uch personajning suhbatidan iborat bo‘lib, ekzistensializm iborasi bilan aytilganda, mavjudlik mohiyatdan oldinda, insonning xarakteri muayyan harakatlarni bajarganda shakllanadi, hal qiluvchi daqiqada qahramon cho‘chisa, u mohiyatan qo‘rqoq bo‘ladi. Sartrning fikricha, ko‘pgina odamlar o‘zlarini atrofdagilar qanday baholasalar, shunday deb qabul qiladilar. “Hayot va o‘lim” falsafiy asarida Sartr ong o‘z –o‘zidan bo‘lmaydi, tashqi olamni, atrofimizdagi narsalarni anglash bor, degan fikrni ilgari suradi. Odamlar o‘z qilmishlari uchun o‘zlarining oldida javob beradilar, umuman kishilar buning uchun hisob beradilarmi-bermaydilarmi, har qanday harakat qandaydir qiymat kasb etadi, deydi muallif29. Sartrning estetikasi ko‘proq amaliy xarakterga ega; u butun ijodining uzviy qismini tashkil qilib, falsafiy va badiiy ijodga bog‘lanadi. Uning estetikasida muayyan tizimning o‘zi yo‘q, biroq asosiy estetik g‘oya va tamoyillarni ko‘rish mumkin. U o‘zining “Adabiyot nima?” risolasida zamonaviy jamiyatdagi san'atkor va adabiyotning mavqyei haqida fikr yuritib, yozuvchilarni so‘zlardan foydalanuvchi odam, u anglatadi, isbotlaydi, ishontiradi, ishora qiladi desa, shoirlarni so‘zdan foydalanishni inkor qiluvchi odamlar, ular uchun so‘zlar tabiiy narsalar deydi. “Nasr reallik bilan, she'riyat tasavvur bilan bog‘liq. Nasrda ijod ongli ixtiyor, mas'uliyat va muallifning axloqi bilan shartlanadi, she'riyatda esa ijod – muallifning anglab yetmagan dunyosi, anglab yetmagan tajribasi mahsuli: “Nosir o‘z suratini chizgan bir paytda, deydi Sartr , – she'riyat inson haqida afsona yaratadi”.30 Sartrning faoliyatida adabiy ijod va san'atga katta o‘rin ajratilgan. Yozuvchi hamma ijodkorlar kabi, umuman, barcha narsa haqida so‘zlashi kerak, shuningdek, sub'ektiv va ob'ektiv dunyo haqida ham. Inson hayotidagi hech qanday muammo uning uchun qorong‘i yoki begona bo‘lishi mumkin emas. Inson hayotidagi hech qanday muammo uning uchun qorong‘i yoki begona bo‘lishi mumkin emas. Insoniyat hamda inson dunyosiga tegishli hamma narsa yozuvchi va ijodkorning ijodiy qarashlari sohasiga tegishlidir. Faylasufning tushunchasida nasr bu – muhim ramz, nishonalarni yaratadigan idrok quroli kabi semantik tildir. She'riyat – assemantik til. U tasvir va kuy kabi hissiy hamda tuyg‘un, jo‘shqin narsalarning xususiyatlari va ma'nosini ochib beradi31. 1964 yili “erkinlik ruhi bilan sug‘orilgan va mohiyatni izlagan g‘oyalarga boy, davrimizga ulkan ta'sir ko‘rsatgan ijodi uchun” Sartrga xalqaro Nobel mukofoti berildi, biroq u mukofotdan voz kechib, o‘z qarorini mukofotning shuhrati uning siyosiy faoliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi bilan izohladi. Jan-Pol Sartr 1980-yili Parijda vafot etdi. Download 2.24 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling