Jahon adabiyoti tarixi
Download 2.24 Mb.
|
Impressionizm (fr. Impression - taassurot) – san'atda rassomning, san'atkorning o‘z sub'ektiv mushohadasi, his-tuyg‘u va taassurotlarini aks ettirishga qaratilgan oqim bo‘lib, 1860-1870 yillarda bir guruh rassomlar: K.Mone, E.Mane, E.Dega, K.Pisarro, O. Renuar, A.Sisleylar ijodida namoyon bo‘ldi. Adabiyotdagi impressionizm – bu musiqiylik, ishoralar, yarim pardalar, qalqib turgan kayfiyatlar, mubham imo-ishoralar, noaniq sharpalar poetikasidir. Taniqli rus shoiri V.Bryusov, impressionizmda o‘ziga xos “hayot yaratish” sodir bo‘ladi va bu maktabda har bir so‘zning o‘zi ham, so‘z birikmasida kelganda ham – muayyan taassurot qoldiradi, deb yozgan edi.
Ba'zan simvolizm va impressionizm stilistikasini ajratish qiyin. Ular bir-biri bilan botiniy bog‘liq, ba'zida esa ularni ajratib bo‘lmaydi. V.Gyugo Stefan Mallarmeni impressionist shoir deb atagan. Impressionizmning xususiyatlarini simvolist shoirlar A.Rembo va P.Verlen, E.Zolya va ayniqsa, G. De Mopassan asarlarida uchtarish mumkin. Impressionistik uslub A.Fransning tanqidiy maqolalari uchun xos, bu an'analar keyinroq A.Chexov, I.Bunin, S.Kreyn, Sh.Anderson, E.Xemingueylarning kichik prozasida kuzatiladi. Simvolizm adabiy yo‘nalish sifatida XIX asrning 70-80 yillarida Fransiyada shakllandi. Keyinchalik Belgiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya singari mamlakatlarda ham simvolizm maktablari paydo bo‘ldi. Simvolizm atamasining paydo bo‘lishi narsa-hodisalarni konkret nomlanishiga qaratilgan shartli ravishdagi ishorani anglatuvchi simvol(ramz) so‘zi bilan belgilanadi. Simvolistlar ramzni umumlashtirgan realistik yoki romantik ma'noda emas, balki yozuvchining atrof-olamga bo‘lgan sub'ektiv munosabatining talqini sifatida tushunadilar. Bu yo‘nalishning Fransiyada P.Verlen, A.Rembo, S.Mallarme, Belgiyada M.Meterlink va E.Verxarn, Germaniyada Xauptman, Avstriyada Rilke va Gofmanstal singari vakillari bor. Simvolizm negizida Shopengauer, Nitsshe va Bergsonning idealistik falsafasi yotadi. Simvolistlarning tutgan yo‘li parnaschilarning g‘oyaviy nuqtai nazaridan kam farqlanadi. Ularda ham dekadentlarga xos kayfiyat – yolg‘izlik, umidsizlik, g‘am-g‘ussa, mavhum obrazlar hukmdor. Simvolistlar ifoda qilib bo‘lmaydigan narsalarni musiqiy ramzlar yordamida ko‘rsatishga intildilar. Ular narsa, hodisa haqida hikoya qilmaydilar, balki imo-ishora bilan cheklanadilar. Simvolistlar she'rning musiqaviy bo‘lishiga katta e'tibor qaratishib, bu borada birmuncha yutuqlarga erishdilar. Masalan, shoir Pol Verlen “Kuzgi qo‘shiq” she'rida mazmunni ochishga emas, balki tovushlarning bir-biriga ohangdosh bo‘lib kelishiga erishgan. Uning “Poeziya san'ati” she'ri esa simvolistlarning adabiy dasturiga aylandi. Download 2.24 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling