Jahon adabiyoti tarixi


Vilyam Shekspir (1564-1616)


Download 2.24 Mb.
bet80/183
Sana16.11.2023
Hajmi2.24 Mb.
#1778915
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   183
Vilyam Shekspir (1564-1616). Vilyam Shekspir 1564 yilda Angliyaning Stretford shaharchasida qo‘lqopsoz kosib Jon Shekspir oilasida dunyoga kelgan. U dastlabki ma'lumotni “Grammatika maktabi”da olib, lotin tilini o‘rganadi va qadimgi Rim shoirlarining asarlarini katta qiziqish bilan o‘qiydi.
1587-yili London teatriga ishga kirib, sahna xizmatchisidan rejissyorgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Aynan shu davrdan Shekspirning ijodiy faoliyati boshlangan. Dastlab pyesalarni qayta ishlab saxnalashtirish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyinroq o‘zi dramatik asarlar yoza boshladi va tez orada dramaturg sifatida nom qozondi. 1599 - yilda Shekspir “Globus” teatriga qabul qilindi va o‘zining eng sara asarlarini ushbu teatrda sahnalashtirgan.
Shekspirning adabiy faoliyati uch davrga bo‘linadi. Hammasi bo‘lib u ikki poema, 154 sonet va 37 pyesa yaratdi.
Shekspirning adabiy faoliyati “Venera va Adonis”, “Lukretsiya” poemalari va qator sonetlar yozishdan boshlangan. Har ikki poemaning syujeti antik davr tarixi va mifologiyasidan olingan bo‘lsa ham, ularda Uyg‘onish davri ruhi aks etgan. “Venera va Adonis” (1593) poemasida kishining his-tuyg‘ulari va tabiat manzaralari real tasvirlangan. Kitobda muhabbat va go‘zallik ma'budasi Veneraning ko‘rkam yigit Adonisga muhabbati aks ettiriladi. Biroq yigit Veneraning ehtirosli sevgisiga e'tibor bermaydi. Uning istaklarini rad qiladi. Ovga mehr qo‘ygan Adonis Veneraning ogog‘hantirishlariga quloq solmaydi. Natijada bir kuni ov qilib yurgan vaqtida uni yovvoyi to‘ng‘iz yorib halok etadi.
Veneraning hayotga bo‘lgan ehtirosi poemaning markaziy mavzusidir. Bu ma'buda tabiat ramzi hisoblanadi. Yam-yashil dalalar, go‘zal o‘tloqlar, qushlarning yoqimli sayrashlari Veneraning hayotbaxsh intilishlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Adonisning o‘limi uning tabiatga zid xatti-harakatlarining oqibati deb qaraladi, poemada bu dunyo quvonchi o‘rta asr tarki dunyochiligiga qarshi qo‘yiladi.
Shekspir 1609 yilda 154 sonetdan iborat to‘plamini nashr ettirdi. Uning ilk sonetlarida Italiya Uyg‘onish davri poeziyasining dastlabki vakili Petrarkaning ta'siri ko‘rinsa ham, lekin Shekspir ijodiy evolyusiyasi davomida bu janrning shartli belgilari doirasini yorib chiqib, sonetlarni yangi mazmun bilan boyitdi. Shekspir sonetlari zamondosh Renessans shoirlari Sidney va Spenser sonetlaridan farq qiladi. Chunki ularning lirik ijodida umumlashtiruvchi holat yo‘q yedi. Shekspirning lirik qaxramon o‘ziga xos xususiyatlari bilan namoyon bo‘luvchi takrorlanmas hayotiy obrazlaridir. Shoir Uyg‘onish davri kishilarining asosiy xususiyatlari – sevgi va do‘stlik, ularning xushchaqchaq hayotga intilishlari, fikr va his-tuyg‘ularini aks ettiradi.
Shekspirning she'rlari musiqaviy-ohangdordir. Shu sababli zamondoshlari uni “shirin so‘z” deb ataganlar. To‘plamning 66-sonetida lirik harorat tovushlar garmoniyasi orqali to‘la ochiladi. Bir o‘rinda nafrat, qiziqqonlik, ikkinchi holda vazminlik hukmron. Uning ba'zi sonetlarida dramatik va lirik holat uyg‘unligi namoyon bo‘ladi.
Shekspir merosini olimlar uch davrga bo‘lib o‘rganadilar. Birinchi davrga adibning 1591-1601 yillarda yozgan “Venera va Adonis” (1593), “Lukretsiya” poemalari (1594), 154 sonet (1609) va tarixiy xronikalari kiradi.
Dramaturgning XVI asr tarixchisi Xolenshadning “Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikalari” (1377) dan olingan ma'lumotlar asosida yozilgan 10 ta dramasi tarixiy xronikalar deb atalgan turkumini tashkil etadi.
Shekspirning “Richard III” (1592), “Genrix IV” (1600), “Genrix V” (1599) tarixiy dramalari xronika janrining yuksak namunalari sanaladi Shuningdek, Shekspir bu davrda o‘zining “Tit Andronik” (1594), “Romeo va Juletta” (1595), “Yuliy Sezar” (1599) fojealarini, “Qiyiq qizning quyilishi” (1594), “Yoz oqshomidagi tush” (15994-1595), “Venetsiyalik savdogar” (1595), “Vindzorlik nozaninlar” (1597), “Yo‘q narsadan bir talay g‘avg‘o” (1598-1599), “Bu sizga yoqadimi” (1599-1600), “O‘n ikkinchi kecha yoki turfa hangomalar” (1690) nomli komediyalarini ham yaratgan.
Adib ijodining ikkinchi davriga uning 1601-1608 yillarda yaratgan mashhur sahna asrlari kiradi. Ular “Hamlet” (1600-1601), “Otello” (1604), “Qirol Lir” (1605-1606), “Makbet” (1606), “Antoniy va Kleopatra” (1607), “Koriolan” (1608), “Afinalik Timon” (1608) fojialaridir.
Shekspir ijodining uchinchi davriga mansub asar “Perikl” (Periclus) 1608-1612 yillarda yozilgan, “Sembelin” (1609-1610), “Qish ertagi” (1610-1611), “Bo‘ron” (1611) tragikomediyalari hisoblanadi.
Shekspir tragediyalarining eng mashxuri “Hamlet” tragediyasi hisoblanadi. Tragediyada tasvirlangan O‘rta asr Daniyasi shartli, ramziy ma'noga ega bo‘lib, Daniya orqali butun Angliya, qirol saroyi, ingliz aristokratiyasi tasvirlanadi. Dramaturg o‘z davri ruhini chuqur anglab yetgan va uni san'at vositalari orqali ifodalay olgan. Shekspir o‘z zamonasi oldinga surgan masalalar, voqea va xarakterlarni yuksak ijtimoiy-falsafiy umumlashtirishlar darajasiga ko‘tardi, kichik davlatda bo‘lib o‘tgan shaxsiy masala orqali Renessansning so‘nggi davrlarida Yevropa mamlakatlarining hammasida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy krizis, umumjahon tarixiy ahamiyatiga ega bo‘lgan ziddiyatlar, asrlar davom etgan ijtimoiy-iqtisodiy fomatsiyalar almashishi jarayonini ifoda ettirgan. Albatta, tragediyaning mazmuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu jarayonni tasvirlamaydi, ammo personajlarning psixologiyasi, fikr-tuyg‘ulari, xatti-harakatlarida chuqur ma'no bor, pyesada ana shu ulkan o‘zgarishlarning kishilar ongiga qanday ta'sir etayotganligi badiiy vositalar orqali aks ettirilgan. Hamlet uchun masala qirolning qatl etilishi, o‘ch olishda emas, balki nima uchun shunday bo‘ldi, insonning burchi, yashashning ma'nosi nimadan iborat ekanligini anglab yetishda.
Shekspir “Hamlet”i shoh asar deb tanilishining sababi unda jamiyatning eng katta muammolari – tarix, davlat, siyosat, falsafa, axloq, odob, estetika, din masalalarini qamrab, bularning xammasini san'at tili bilan insonning ruhiy kechinmalari orqali berilishidir.
Dunyo adabiyoti tarixida hali hech qaysi asar haqida shunchalik ko‘p va shunchalik qarama-qarshi tadqiqot yaratilgan emas (1877-1935 yillar orasida ikki mingdan ortiq kitob va maqolalar yozilgan).
Shekspir asarlari XX asrning 30-40 yillaridan boshlab, taniqli o‘zbek adiblari tomonidan ona tilimizga tarjima qilina boshlangan. Ayniqsa uning asarlari G‘.G‘ulom, M.Shayxzoda, Uyg‘un, B.Boyqobilov, J.Kamol tomonidan mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Demak, Uyg‘onish davrida Yevropa madaniyati, ilm-fani, san'ati beqiyos darajada rivojlandi va yuksaldi. Antik merosni o‘zlashtirgan Uyg‘onish davri vakillari poetik prinsplarni shakllana boshlagan milliy adabiyotlar nuqtai nazaridan idrok qildilar. Adabiyot va jamiyat munosabatlari, so‘z san'atining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va vazifalari yangicha talqin qilinib nasroniy cherkovining adabiyotga ta'siri susaya bordi. Aynan shu davrda “Adabiy til” tushunchasi paydo bo‘ldi va uning umumxalq tili bilan munosabati masalasiga oydinlik kiritildi, badiiy ijodning individual tabiati, san'atkorning ijodiy erkinligi e'tirof etildi, poeziya mavjudligining asosi sifatida inson – ijodkor markazga qo‘yildi. Natijada jahon adabiyoti tarixida muhim bosqich sanalgan Uyg‘onish adabiyoti keyingi davrlar adabiyotiga ijobiy ta'sirini o‘tkazdi.

Download 2.24 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   183




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling