Jalil rahmat
Download 0.5 Mb.
|
Munisaning munchog\'i
Munisaning munchog’i
9 Gulnisanig qirq marosimi o’tishi bilan, Qahhor kichkina to’y qilib, Zulfiyani uyiga boshlab keldi. Keyingi paytda Qahhorni mahalla-kuy, qo’ni-qo’shni yo’qlamay qo’ygan edi. To’y ham hamtovoqlari bilangina o’tkazildi. Zulfiya Qahhorning xonadoniga kelin bo’lib tushishi bilan hafta o’tar-o’tmay qo’chqordek o’g’il tug’ib berdi. Xonadonda chaqaloqning tug’ilishi Munisa erkinligi va erkaligining bug’ilishiga olib keldi. Qahhor tong saharda ishga ketib, yarim tunda qaytar, ko’p hollarda kelmas ham edi. Ro’zg’or yuritish ixtiyori butunlay Zulfiyaning qo’liga o’tgan edi. Bu orada yetti yashar Munisaga hovli chetidagi kichkina bir uy ajratib berilgan, uning yotib-turishi, ovqatlanishi alohida edi. Zulfiya esa keng, shinam uylarda o’ziga o’xshagan ikki-uchta nozaninlar bilan kunora bazmi jamshid tashkil qilardi. Munisa xonadonning jajji cho’risiga aylangan, faqatgina qoldiq ovqatlar hisobidan kun kechirardi. Zulfiya va uning dugonalari Munisani yetimcha deb xo’rlashar, tinmay ish buyurar, turli hayosiz qiliqlar qilib, uni masxaralashardi. Kun o’tgan sayin Zulfiyaning zulmi, zo’ravonligi avj olib, Munisani azoblashdan rohatlanadigan, lazzat oladigan odat chiqardi. Uning ko’z o’ngida, Gulnisaning Qahhor bilan birga tushgan rasmlarini xazonlar uyumiga tashlab yoqib yuborar, jodugarning joni do’zax o’tida, surati xazon o’tida yonmog’i shart deb, murg’ak qalbga ayanchli ozor yetkazardi, O’gay onam qo’yar etim chimchilab, Og’rib turgan jonimni ming qamchilab, Qaroqda yosh qalqir tomchi-tomchilab, Yig’lay desam, yig’lamoqqa ruxsat yo’q. Saharda ko’z ochsam yurak bezillar, Ko’zim yumsam, kimdir ruhim ezg’ilar, O’z dadam ham nahot mendan bezdilar, Boshimni bir silamoqqa fursat yo’q. Yuzim silar subhning salqin sabosi, Ko’kka yetar ko’ksimning oh, nidosi, Madad berar desam, onam siymosi, Undan najot tilamoqqa surat yo’q. Surat yonar xazonlarga qo’shilib, Alangasin vujudimga ko’chirib, Bu gunohni bo’larmi hech kechirib, Yurak bag’rim tig’lamoqqa jur’at yo’q. Yig’lay desam, yig’lamoqqa ruxsat yo’q… * * * Yer dumaloq, cheti ko’rinmas, Zulm, qiynoq cheki ko’rinmas. Olam yuzi yarmi qoramtir, Odamizot neki ko’rinmas. Neklar qaqshab qolgan qaydadir, Beklar ajab so’zni aytadir. Bu dunyoning go’yo bor g’ami, Mug’anniy jon solgan naydadir. Neklarga nay navosi pur g’am, Beklarga may safosi xurram. Qayga boqsang zim-ziyo zulmat, Dilga tushmas bir tola nur ham. O’z inida ilon betoqat, Iblisga it qilmas itoat. Yalmog’izlar yalangoyoqlab, Yovuzlikdan tinmas bir soat. Munisaning nigohida mung, Kun qahrli, vahimali tun. Mittigina bir yetim boshga, Selday balo yog’dirar gardun. 10 Kech kuz. Izg’irin shabada etni chimchilaydi. Xazin yaproqlar bir-biriga shivirlab vido aytishadi. Ularning ko’nglidagi dardini, ko’ksidagi zardini yolg’iz o’zlarigina anglab yetishadi, xolos. Yaproqlar har holda odamlardan yaxshi, bir-birini eshitib tushuna oladi. Shamol sal kuchayib, shoxlarning so’nggi ilinji bo’lib omonatgina ilinib turgan yaproqlar uzilib, yer bag’ridan qo’nim topadi. Odamlar bunday ayanchli manzarani, Alloh qanchalar aql-idrok ato etgan bo’lsa-da na tasavvurlariga, na tafakkurlariga sig’dira olishadi. Turmush tashvishlari ila to’rt tarafga shoshilib, shundayga ham ezilib yotgan yaproqlarni tovonlari ostida ezg’ilab, tuproqqa qorishtirib o’tishadi. Kun kelib, ularga ham xazonrezlik davri kechishi muqarrarligini xayollariga keltirisholmaydi. Omonatgina titrab, Xazin yaproq ingraydi. Hasrat qilsa qaltirab, Uni kim ham tinglaydi. Borliq qalqib oyoqqa, Daraxt qo’yar o’ksinib. Uzilgan har yaproqqa, Tuproq tutar ko’ksini. Odamlar bunda loqayd, Parvo qilmas yaproqqa, Tovonda ezib faqat, Qorishtirar tuproqqa. Yer emas, ko’kka boqib, Kechar umr yo’limiz. Og’ir gunohga botib, Bormoqda o’ng, so’limiz. Daraxtlar uzilgan eng so’nggi umidlariga aza tutadi, bor alamini yurakka yutadi, erta bahorda yana yangi kurtaklar kulgusini kutadi, o’tmishini unutadi. Qiziq, bu xususiyat jihatdan ular ham xuddi odamlarga o’xshaydi. Yayov o’tdi, qo’l siltashar to’rttasi, Otliqqa oq yo’l tilashar ertasi, Boyo’g’lilar bo’ldi bog’ning erkasi, Biz botganmiz loqaydlikning loyiga. Eskisini eslashga ham erinib, Yangisiga yalinamiz evrilib, Ketmoqdamiz keng ko’chada kerilib, Biz boqqanmiz zamonaning boyiga. G’animat deb, faqat hozir-huzurni, Somondayin sovuramiz umrni, Bilarmiz na qanoat, na shukrni, Qo’l cho’zamiz tag’in ko’kning oyiga. Ko’krak mushtlab, gunohlarni orqalab, Yurak ushlab borarmiz jar yoqalab, Yiqqanlarni dona-dona, chaqalab, Oqizamiz oxiratning soyiga. G’alvirda suv tashib meshga g’amlama, Yalmog’izday duch kelganni yamlama, Tanishlarga tayanib joy tanlama, Xudo yo’llar, har kimni o’z joyiga. Download 0.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling