Jalil rahmat
Download 0.5 Mb.
|
Munisaning munchog\'i
To’rga tushgan to’lin oy.
12 Ko’klam. Dala, adirlar mayin shabadaga yayrab, bor ko’rku tarovatini olamga, nainki olamga ahli odamga ko’z-ko’z qiladi. Go’yo, inson o’z tasavvuri va tafakkuriga sig’dira oladigan barcha go’zalliklar ayni shu pallada yer betida jamlangan. Tog’ cho’qqilari ko’kimtir bulutlarni boshiga kiyib olib, atrofga viqor bilan boqadi. Bunday manzara shoirlarning shohona misralari, musavvirning musaffo, rangin jilolari yaralishiga turtki bo’lishi tabiiy bir hol. Bu yilgi qish ancha erta kelgan bo’lsa-da, ha deganda bahorga ham o’rnini bo’shatib bergisi kelmadi. Qish davomida haddan ziyod ketma-ket yoqqan qor ancha-muncha suv toshqinlariga sabab bo’ldi. Shiddatli oqim tog’ yon-bag’ridagi ko’pgina daraxt, buta, katta-kichik toshlarni oqiza boshladi. Tabiiy ofatni tugatish chora-tadbirlari ko’rildi. To’satdan boshlangan to’z-to’polon tinchigach, yerlik aholi yana o’z kundalik tashvishiga sho’ng’ib ketdi. Qahhor hayotida ro’y bergan ketma-ket fojialardan gangib, bor alamini ichkilikbozlik va maishatdan ola boshladi. Sirli tarzda yuz bergan Zulfiyaning o’limi va Munisaning yo’qolib qolishi voqealaridan so’ng, hali bir yoshga ham to’lmagan o’g’ilchasini bolalar uyiga topshirib, bisotidagi eng so’nggi boyligi, hovlisini ham kattagina pulga sotib yuborib, bu pullarni ulfatlar va duch kelgan qiz-juvonlar yo’liga sovura boshladi. Qahhor o’ziga o’xshagan yaqin bir-ikki og’aynisi bilan bugun ham adir qo’ynida, xush havo, soya-salqin anhor bo’yida navbatdagi bazmi jamshidni tashkil qildi. Rejaga asosan keyinroq bu yerga yana ikki nafar yosh juvon paydo bo’ldi. Bir zumda maysa uzra gazetalar dasturxon sifatida yozilib, turli xil ichimlik, yaxna go’sht, non va gazak bilan bezatildi. Qadahda may qalqidi, Til aylandi yolg’on-rost. Xayollar ham chalg’idi, Qo’zg’aldi xush ehtiros. So’z ochildi sevgidan, Uvol bo’ldi u so’zlar. Mastona may sehridan, Suzildi xumor ko’zlar. Xullas xushtor bo’yniga, Oq bilaklar osildi, Singib ketib qo’yniga, Sharm pardasi ochildi. Yayrab yarim yalang’och, Suvda suzar suluvlar, Yoyib ikki yon quloch, Biri birini quvlar. Dam qirg’oqda, dam suvda, Avjida ishq o’yini. Anhor oqar osuda, Nimadandir kuyunib. Hayo ketdi hayqirib, Iblis yengdi iboni, Iymonidan ayrilib, Banda buzar dunyoni. Qahhor kayfi oshib, ruhi bilan taloshib, o’zini dam maysa, dam nayza ustida yotgandek his qilar, osmonning olis-olis nuqtalariga nigohini qadab, o’tkinchi umri davomida o’zi-o’zini aldab yashayotganini sezar, bu dunyoda hech bir dardkashi, mehribon kasi, na gulu na xasi qolganida o’ksib ezildi. Uning yuragi bexos bezovtalanib, bir seskanib tushdi-da, butun vujudi bo’ylab allaqanday titroq boshlandi. Shu tobda sheriklari qahhorni chaqirib, anhorga tashlangan to’rga kattakon baliq tushganini, uni qirg’oqqa chiqarish uchun yordam so’rashdi. Qahhorning ko’ziga hamtovoqlari negadir dunyodagi eng xunuk maxluqlar qiyofasida ko’rindi. U bu hayratli mo’jizadan qah-qah urib kula boshladi. Vujudidagi tobora kuchayib borayotgan titroqni bosolmay, istar-istamas, qo’rqa-pisa “maxluqlar” tomon yura boshladi. Sheriklari Qahhorning bunday g’ayri tabiiy qilig’idan ajablanib, fursatni boy bermaslik maqsadida, uni kutmasdan, to’rni suvdan zarb bilan tortib, qirg’oqqa irg’itishdi. O’lja aynan Qahhorning oyog’i ostiga kelib tushdi. To’rdagi o’lja baliq emasligini sezgan Qahhor unga sinchkovlik bilan nazar soldi. Uning ko’zi, shishgandan yorilgudek holatdagi bola jasadiga tushib, yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Xayolida, unga ma’yus jovdirab, qo’llarini cho’zib turgan Munisa gavdalandi. Butun vujudi bo’ylab o’rmalayotgan og’riq va titroq zo’rayib, Qahhorni yerga qulatdi. Ekspertlar murda shaxsini aniqlashdi. Ikki qishloq ahli Munisani onasining yonboshida dafn etishdi. Qattiq betob bo’lib, ruhiy shifoxonada yotib qolgan Qahhor dafn marosimida qatnasha olmadi. To’rga tushgan to’lin oy qizim, Nurga o’xshab ko’rin oy qizim, Diling yorib dardining yoy qizim, Mening ham bor so’zim bolamey. Olti oydir olam sukutda, Sohil sokin, soy ham sukutda, Dunyolarni kuydirar o’tda, Bo’g’zimdagi bo’zim bolamey. Qoraygan tosh yo’lingga qarab, O’lib turib, o’limga qarab, Qolmasdan bir kuningga yarab, Oqib tushdi ko’zim bolamey. Toraymoqda tobora go’rim, Yer ostida ham yo’qmi o’rnim, Tag’in qaydan bunchalar ko’rim, Xudo bersin to’zim bolamey. Tuproq uzra to’lg’onar kurak, Qisirlaydi qisilib suyak, Qabrga ham sig’may jonsarak, O’zim bilan o’zim bolamey. Kim edi-yu kim bo’ldi otang, Qah-qah urib jim bo’ldi otang, Onang o’ldi, gum bo’ldi otang, Qolmadi bir izim bolamey. Qora sharpa izing qoralab, Quvdimi qir, adir oralab, Tushing suvga aytdingmi, yo Rabb, Sabr qilmay bir zum bolamey. Tushing soyga sochilib ketdi, Husning oyday ochilib ketdi, Ruhing qayga shoshilib ketdi, Jonso’zon dilso’zim bolamey. Tan bir tuproq, jon ming firoqda, To qiyomat tikka oyoqda. Ruhlar sarson kezar har yoqda, Bir qisqa, bir uzun bolamey. Anchagina qarib, cho’kib qolgan Abdunabi ota kun bo’yi qabr boshida uzundan-uzun tilovat, mahzundan-mahzun hasrat qildi. Ko’kka ko’char nolam mening, Ko’zda qalqir jolam mening, Huvillar bog’, dalam mening, Essizgina bolam mening, Ekkan gulu lolam mening. Bir juft oqqush gir aylanar, Oqqushmi, yo hur aylanar, Atrofida nur aylanar, Essizgina bolam mening, Ekkan gulu lolam mening. Oqqushlarga don sepaymi, Marvarid, marjon sepaymi, Qatra-qatra jon sepaymi, Essizgina bolam mening, Ekkan gulu lolam mening. Bu dunyo bunchalar arzon, Gul xazon, g’unchalar xazon, G’urbatu g’ussalar har on, Essizgina bolam mening, Ekkan gulu lolam mening. Chelakda suv, supam quruq, Elakda un, supram quruq, Vujud qarib, so’nmoqda ruh, Essizgina bolam mening, Ekkan gulu lolam mening. Oqshom tushib oy balqidi, Sokin oqqan soy qalqidi, Chuchmomalar bosh chayqadi, Essizgina bolam mening, Uzilgan jon tolam mening. 13 Asarda voqealar rivojining eng yuqori nuqtasiga yetib, ortga qaytar ekanman, beixtiyor Zulfiya va Munisaning sirli fojeasi ruhimda, ko'nglimda, ko'z o'ngimda namoyon bo'la boshladi. Qahhor bir haftalik xizmat safari bilan Toshkentga ketish oldidan nima uchundir xayollari chalkash, ko’ngli g’ash edi. Gulnisa vafotidan so’ng qaynota bilan buzilgan munosabatni endigina tiklayotgan Qahhor qizi Munisani Abdunabi otanikiga oborib qo’ydi. Munisa dadasi safardan qaytishiga bir kun qolganga qadar buvasinikida yashab turdi-da, dadasining gapiruvchi qo’g’irchoq sovg’a qilish va’dasini eslab, o’z hovlilariga qaytishni istab xarxasha qildi. Oqshomga yaqin tog’asi Munisani hovlisigacha kuzatib qo’ydi. O’gay ona Zulfiya ham Munisani o’z odaticha emas, aksincha xushmuomalalik bilan qarshi oldi. Ular birga ovqatlanishdi, televizor tomosha qilishdi, oila kenjatoyini beshikka boylab qo’shilishib alla aytishdi. Shundan so’ng Munisa hovli chetidagi o’z xonasiga uxlash uchun kirib ketdi. Chunki u, bir tomondan kun bo’yi o’ynab, yo’l yurib charchagan, ikkinchi tomondan esa tezroq tong otishini, dadasi olib keladigan qo’g’irchoq bilan suhbatlashishni intiqlik bilan kutardi. Qahraton qahrli qilichini qayrab eshik qoqar, tabiat talvasaga tushib tun vahimasini oshirar, shamolning kuchli shovillashi yurakka g’uluv solardi. Zulya ayni shu damlarda borliqdan butunlay uzilgan holda, o’zining ehtirosli xayollari bilan band bo’lib, xushtorini kutardi. U dasturxon tuzatib, yasanib, pardoz qilishga ham ulgurdi. Kelishilgan tunggi soat o’n ikkidan ham vaqt o’tib borar, Zulya toqatsizlanib dam hovliga chiqar, dam umidsizlikka tushib yana ichkariga kirardi. Go’yo, shamol uni masxaralab, har joy-har joydan taqqilllagan tovushni yetkazib turardi. Zulya bir necha bor darvoza ortidan aldanib qaytdi. Asab tolalari tarang tortilib, uzilay-uzilay deb turgan bir lahzada, nogoh yurak urishi tezlashib, oyoq-qo’li bo’shashib, tanasini titroq bosdi. Sudralgudek darajada xonaga kirib, ne umidlar bilan solingan o’ringa o’zini tashladi. Alam alangasi vujudini yondirib, u yoqdan-bu yoqqa to’lg’ona boshladi. Xo’rlikka chidolmagan Zulya, bo’sh qolgan yostiqni quchoqlagan-cha, o’ksib-o’ksib yig’ladi. Alamini kimdan olishni bilmay, ko’ksidan iymon qushi, boshidan aqlu hushi uchib ketdi. Nazarida vahimali tun uni o’zining qora pardasiga o’rab, oppoq badan, oqqush bo’yin, oy yuzlarga qora dog’larni chaplab, qah-qah urib kulardi. Zulya telbalarcha hovliga chiqdi. Supaning qoq o’rtasiga yetganda, hayratdan qotib qoldi. Go’yo, hovli ochiq mozorga o’xshab huvillar, dov-daraxtlar shoxida ilonlar o’rmalar, yer betida qora qurt, chayonlar g’imirlab yurardi. Shu payt ro’parasida, beso’naqay gavdasi chayqalib, sovuq iljayib turgan sharpa ko’rindi. Qo’rquvdan eti jimirlab, seskanib ketdi. Lablari titrab, tili zo’rg’a kalimaga keldi. Zulya: Buncha xunuk, bu manzara, Sen kimsan ey badbashara?, Sharpa: Bu men asl qiyofangman, Siyratingda siyorangman. Zulya: Ko’p vaysama, shayton bola, Har kim xudoga havola. Sharpa: Tilga olma sen xudoni, Buzib bo’lding bu dunyoni. Zulya: Qay bir go’rdan paydo bo’lding, Bu zaminga shaydo bo’lding?, Sharpa: Panoh topib panangda men, Yashab keldim tanangda men. Zulya: Senmiding bag’rim kemirgan. Iymonimni yeb semirgan?, Sharpa: Oqaverib kir qoningda, Bezib ketdim qo’rg’oningda. Zulya: Endi ket ko’zga ko’rinma, Meni avrashga urinma. Sharpa: Qilaverma ko’p tantana, Biz birgamiz bitta tana. Zulya: Unda aytchi, muammong ne, Maqsading ne, muddaong ne?, Sharpa: Tirnog’imda ko’zing o’ymoq, Bo’g’zing tirnab-tirnab so’ymoq. Zulya: Yo’q, yo’q, yo’qol, yo’lim to’sma, Uzuntirnoq qo’ling cho’zma. Sharpa: Bilsang o’lim sharpasiman, Naqd do’zaxning darchasiman. Zulya: Kel bir qosh, bir ko’z bo’lamiz, Qaytadan chin do’st bo’lamiz Sharpa: Biz o’lmasak, yer bulg’anar, Shaytonvachchalar ulg’ayar. Zulya: Ulg’aysa, yaxshi yanada, Kuzatamiz biz panada. Sharpa: Shaytonga dars bersang bo’lar, Makringdan qarz bersang bo’lar. Zulya: Yashab keldim senga qulday, To’zg’ib ketmay bir kaft kulday, Sharpa: Shaytonni ham yo’ldan urib, Chiqmoqchisan suvdan quruq, Azroilga arzing o’tmas, Iblisona darsing o’tmas, Quvilasan jahannamga, Bir zog’ qo’nmas sag’anangga. Zulfiya shayton vasvasasiga tushib, o’zi bilmagan holda dam hovli bo’ylab, dam Munisa yotgan uy atrofida kim bilandir xayolan quvlashar, baqirib chaqirib shovqin solar, o’kirib yig’lar, qah-qah urib kulardi. Tun bo’yi toliqqan, bir qatim nurga zoriqqan ruh, saharga yaqin o’z tanasini tark etmoqqa chog’lana boshladi. * * * Qo’qqisdan uyg’onib ketgan Munisa qiya eshik ortidagi qora sharpaga ko’zi tushib, dahshatdan qotib qoldi. Baqirishga ham tili aylanmay, murg’akkina yurak qinidan chiqib keta yozdi. Sharpa g’ayri tabiiy harаkatlar qilib, dam eshikda, dam hovli tomondagi deraza ortida paydo bo’lar, ajinalar kabi baqirib-chaqirardi. Nogoh, Munisaga g’oyibdan bir kuch paydo bo’ldida, chorbog’ tomondagi derazani zarb bilan ochib, sovuq, izg`irinni pisand etmay, ko’ylakchan, oyoqyalang boshi oqqan tomonga chopib ketdi. Uning xayolida, qora sharpa va vahimali chinqirig’u xunuk qiyqiriqlar ta’qib qilib izma-iz kelardi. Shu topda Munisa borliqni butunlay unutgan, u na shamolning shovullagan nolishiga va na yomg’irning iltijoli yolvorishiga e’tibor qilardi. Shamol: Shoshma qizim, erka qizim, Senga hali erta qizim. Seni bunday kunga solgan, Kirsin qaro yerga qizim. Shoshma qizim, shoshma qizim, Sabring soyga sochma qizim. Dunyoning dun ishlaridan, O’zni olib qochma qizim. Etagingdan tortib bir zum, To’xtatolmay dog’man qizim. Esish uchun yaralganman, Qo’lim yo’qdir, yo’qdir izm. Toleingni tilab-tilab, Esaveray soching silab. Ko’ngillar ko’z yoshi bo’lib, Yomg’ir quyilsin tomchilab. Yomg’ir: Kemtik ko’ngil bardoshiman, Ezgulikning ko’z yoshiman. Bilay deb, bu dunyo sirin, Eh odamlar, ko’p shoshilmang. Qizim, qayon chopqillaysan, Qoyalarga qoqilasan. Johil joni kuysa kuysin, Sen ne uchun yoqilasan. Ortingga qayt, ortingga qayt, Dadang eshik chertar shu payt. Xushro’ygina kulib turgan Qo’girchoqqa qo’shig’ing ayt. Bulutlardan bor o’tinchim, Quyilsin zor-zor o’kinchim. Eh essizlar eslab qoling, Tiriklik yolg’on, o’lim chin. Munisa to’satdan o’ziga kelib, xayollarini jamlolmay, kechganlari o’ng yo tushligini anglolmay qoldi. Tun asta chekinib, xijolatdan bekinib, o’rnini ufqdan yorishib, oqlik va poklikka qorishib kelayotgan tongga bo’shatib berayotgan edi. Nogoh, Munisaning nigohi soy yoqalab, buvasinikiga olib boruvchi tanish yo’lga tushdi. Uning yuragi itlarning yoqimsiz vovullashi, yovvoyi qushlarning xunuk xonishidan hapriqib, pastakkina buta va na’mataklar oralab, o’sha tanish so’qmoq yo’lga qarab talpindi. Butalarning tikanakli shoxlari nima uchundir, Munisaning jajji qo’llarini tilib, mayin sochlarini yulib bo’lsada ushlab qolishga harakat qilar, qizaloq esa, ulardan yulqina-yulqina yo’lida davom etardi. Munisani kuzatib oqayotgan soy shiddatsiz, jur’atsiz, horg’in va sokin edi. Munisa es-hushini yig’ib, sohilga urilgan to’lqin va yomg’irda sirpanchiq bo’lgan mayda toshlarga tayrila-tayrila oldinga intilardi. Na’matak: Bizlar guvoh, sohil, soy guvoh, Ko’kda kumushkokil oy guvoh. O’sha o’tli o’tmish damlarga, Har tosh guvoh, guvoh har giyoh. Qir bag’rini yopib cho’g’ gilam, Yashil libos kiyganda dalam, Husni oydan ortiq o’n hissa, Suluv bo’lib tug’ilding bolam. Ko’ngil ko’kka ko’chib xayolan, Yashnar edi bu ko’hna olam. Bizlar bilgan o’sha muhabbat, Ne’matisan bisang jon bolam. Qo’ling tortib olma seskanib, Qo’llar dag’al bag’rimiz yumshoq. Bu dunyoga keldik es tanib, Odamlardan bizlar yaxshiroq. 14 Toshchalarga tayrilib nogoh, Qaliqib ketdi Munisa sho’rlik. Zamin ingrab osmon chekdi oh, Tag’in zo’rlik, tag’in-da xo’rlik. Qayrag’ochga uzatgandi qo’l, Ilindi bir shoda munchog’i. Nahotki yo’q, endi boshqa yo’l, Ro’parada ajal quchog’i. Suvda qalqib borar Munisa, Chang solib har o’t, har giyohga. Bu dunyodan u ko’ngil uzsa, Qay bir banda qolar gunohga. Ko’kdagi ko’k bulutni yorib, Kimdir yeldek uchib kelmoqda. Yaratganga ming-ming yolvorib, To’g’ri suvga tushib kelmoqda. Munisaning eti seskanib, Onasini tanib qichqirdi. Onaizor sekin iymanib, Bolasiga nedir ichirdi. Munisasin manglayin silab, Quchog’iga oldi Gulnisa. Ajab, ona-bolani siylab, Suv betida bir juft gul unsa. Sohil bo’ylab, goh sho’ng’ib suvga, Charx uradi mushtipar ona. Urinishlar balki behuda, To’lgan bo’lsa agar paymona. Ikki dunyo oralig’ida, Kechar ona-bola suhbati. Qora qolsin qoraligicha, Oqligicha, oqlar surati. * * * Munisa: Yana mahzun allangni ayta, Tirildingmi onajon qayta. Nasib qilsa endi birgamiz, Qizg’aldoqlar ungan qirdamiz. Gulnisa: Yo’q, yo’q, bolam unaqa dema, Boshqa-boshqa biz suzar kema. Hali senga erta juda ham, Menga o’sha tinch osuda dam. Munisa: O’gay ona zulmi tugaydir, Endi bizga o’zi o’gaydir. Oh, onajon, qancha og’rindim, Issiq bag’ring biram sog’indim. Gulnisa: Bolam, ha deb meni qiynama, Tig’ urmagin o’ksik siynama. Alloh seni asrasin bunda, Men osmonga qaytaman zumda. Munisa: Oh, onajon, cho’chib boryapman, Suzgan sayin cho’kib boryapman. Bu balodan bolangni qaytar, Qayrag’ochlar shoxini tutqar. Goh suvga cho’kib, goh suv betida qalqib borayotgan Munisa jussasini girdob bir aylantirdi-da o’z qa’riga yutib yubordi. Ruhiy olam vakili, moddiy olam vakili bo’lmish jigarporasiga o’z ta’sirini o’tkaza olmadi. Ona ruhi shiddat bilan oqayotgan soy uzra charx urib, faryod cheka-cheka, yolg’iz qodir xudoga yolvora-yolvora, osmonga ko’tarildi-da endigina ufqdan bosh ko’tarayotgan quyoshning zarrin nurlariga qo’shilib g’oyib bo’ldi. Download 0.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling