Jamiyatning falsafasiy tahlili Reja


Download 22.58 Kb.
Sana17.10.2020
Hajmi22.58 Kb.
#134178
Bog'liq
Jamiyatning falsafasiy tahlili Reja


Aim.uz

Jamiyatning falsafasiy tahlili
Reja:

1. Jamiyat haqidagi falsafiy ta’limotlar tarixi.

2. Jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy va siyosiy asoslari.

3. Mаdаniyat, uning tuzilishi vа funktsiyalаri.

4. Jamiyat hayotiga madaniyat va sivilizasiyaning ta’siri.
Darsning maqsadi inson, shaxs, individ tushunchalari, antropologiya, falsafiy muammolar, inson tabiati, mohiyati, erkinlik, inson huquqlari, mustaqillik, inson qadr-qimmati, maqsadi, inson muammosini o’rganishning tarbiyaviy zarurati, ahamiyati orqali ularning bilim va malakalarini oshirish.

Jamiyat — tabiatning bir qismi, ya`ni ijtimoiy borliq bo’lib, odamlar uyushmasining mahsus shakli, kishilar o’rtasida amal qiladigan juda ko’plab munosabatlar yig`indisi, degan turlicha ta`riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda rivojlanuvchi, takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keladi. Milliy mustaqillik tufayli jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish ehtiyoji paydo bo’ldi. Prezident Islom Karimovning qator asarlarida jamiyat mohiyatini yangicha tushunishning uslubiy asoslari yaratildi.

Jamiyat moddiy va ma`naviy omillar birligidan iborat. Hozirga qadar adabiyotlarda moddiy va ma`naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar edi. Moddiy hayot tadqiqiga ko’proq e`tibor berilar. Holbuki, jamiyatning tub mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy bog’liq. Huddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo’lmagani singari, jamiyatning moddiy va ma`naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini ikkinchisidan ustun qo’yish mantiqqa ziddir. Prezident Islom Karimov asarlarida jamiyatning moddiy va ma`naviy manfaatlarini uyg`unlashtirish ijtimoiy taraqqiyot asosi ekani ta`kidlangan. Inson ma`naviyatini yuksaltirish orqaligina iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkin. Shuning uchun ham hozirgi davrda aholi ma`naviyatini yuksaltirishga, milliy G’oya va mafkura asoslarini shakllantirishga katta e`tibor berilyapti. Zero, kishilar iqtisodiy jihatdan qashshoq bo’lgani uchun ilmsiz bo’lmaydi, balki, aksincha — ilmsiz bo’lgani uchun qashshoq bo’ladi. Shuning uchun yurtimizda halq ma`naviyatini yuksaltirish orqali iqtisodiy farovonlikni ta`minlashga katta e`tibor berilyapti.

Jamiyatning vujudga kelishi. Kishilarni oila bo’lib, jamoa bo’lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug`mutafakkirlar e`tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish — uni ilohiy kuch, hudo bilan boQlab izohlashdir.

Dunyoviy qarashlarga ko’ra, odamlar o’zlarining moddiy va ma`naviy ehtiyojlarini qondirish uchun birgalikda yashashga, jamoa bo’lib birlashishga ko’nikkan. Kishilar hayotiy tajriba, aql va tafakkur tufayli jamiyat bo’lib yashashning qulay, afzal va zarurligini tushungan. Bu jarayonda o’zaro munosabatlarga kirishgan kishilar ana shu munosabatlarni takomillashtirish, yanada rivojlantirish orqali ma`naviy kamolotga erishgan. Bu kishilarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan, moddiy va ma`naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini bergan.

Ijtimoiy munosabatlarning amal qilish jarayonida odamlarni uyushtirishning tarixiy shakllari — oila, davlat, jamoa (qishloq, shahar) vujudga kelgan. Odamlar o’rtasida amal qiladigan ahloqiy, diniy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, mafkuraviy kabi munosabatlarning barchasi bir so’z bilan ijtimoiy munosabatlar deyiladi. Ijtimoiy uyushmalar kishilarning moddiy va ma`naviy ehtiyojlarini qoldirishga yordam beradi. Ular mohiyatan inson va jamiyat mavjudligining zarur sharti hisoblanadi. Masalan, oila, davlat, ta`lim-tarbiya, mahalla, Vatan kabi qadriyatlarsiz inson va jamiyat o’z mohiyatini yo’qotadi.

Insonning moddiy ehtiyojlari oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, uy-joy, transport vositalari, o’zini himoyalash, zurriyot qoldirish kabilardan iboratdir. Ma`naviy ehtiyojlarga olamni bilish, o’zlikni anglash, dunyoqarash, donishmandlikka intilish, bilim, san`at, G’oya, mafkura go’zallik bilan, ma`naviy kamolot yo’lidagi intilishlar kiradi. Insonning asl mohiyati moddiy ehtiyojlarni madaniy shakllarda qondirilishida yaqqol namoyon bo’ladi. Inson aqlli mavjudot sifatida moddiy ehtiyojlarini madaniy shakllarda qondirish uchun tabiat va jamiyat mohiyatini bilishga, moddiy va ma`naviy olamni uyg`unlashtirishga, tabiat va jamiyatni o’z maqsadlariga mos ravishda o’zgartirishga harakat qiladi. Ilm-fan va tehnika insonning ma`naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish quroli, muhim vosita bo’lib hizmat qiladi. Inson yuksak ma`naviyat tufayligina o’z ehtiyojlarini madaniy shakllarda oqilona va to’laroq qoldirish imkoniga ega bo’ladi.

Mamlakatimizda ma`naviyat masalalariga alohida e`tibor berilayotganining sababi ham ana shunda. Jamiyatning moddiy va ma`naviy hayoti kishilarning moddiy va ma`naviy ehtiyojlari bilan uzviy bog’liq holda vujudga keldi.

Jamiyatning moddiy hayotiga quyidagilar kiradi:

- kishilarning yashashi, shahs sifatida kamol topishi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy shart-sharoitlar;

- oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg`i, kommunikasiya vositalari;

- moddiy ne`matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste`mol qilish;

- ishlab chiqarish jarayonida kishilar o’rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui;

- moddiy boyliklar, tabiiy zahiralar.

Jamiyatning ma`naviy hayotiga olamni tushunish, jamiyat va inson tug’risidagi qarashlar, nazariyalar, ta`limotlar, g’oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, ta`lim-tarbiya, ahborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari va boshqalar kiradi.

Jamiyatning moddiy va ma`naviy hayotini boshqarish, kishilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o’rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-huquqiy jihatlari ham muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o’zlashtirilishi jamiyatning barqaror yashashi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamiyat rivoji, kishilarning moddiy va ma`naviy ehtiyojlari qondirilishida mehnat, mulk va mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi beqiyos ahamiyatga ega. Mehnatning kishilarning qobiliyatiga qarab ijtimoiy taqsimlanishi natijasida muayyan kasb-kor bilan shug`ullanadigan toifalar, guruh, qatlam va sinflar vujudga keladi va ular jamiyat strukturasida o’ziga hos o’rin egalaydi, jamiyat taraqqiyotiga muayyan hissa qo’shadi.

Jamiyat taraqqiyoti tug’risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Hususan, nemis faylasufi Hegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbah din bilan bog`lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Fransuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma`naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o’zgarishlar bilan bog’lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun`iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va hato ekanini ko’rsatdi.

Jamiyat taraqqiyoti ko’p bosqichli jarayon ekani tug’risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko’ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida sivilizasiyali yondashuv G’oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko’ra har bir halq o’zining betakror, noyob, o’ziga hos va o’ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa halqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o’ziga hos modelini yaratadi.

Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham hos. Har bir inson o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo’lgani kabi, jamiyat ham o’z oldiga qo’ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi.

Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko’rsatish imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg`unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy tizimning tanazzuli alomatidir.

Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan almashib turishi ham mumkin. Jamiyatning ma`naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach, ijtimoiy imkoniyatlar ruyobga chiqarilib bo’lgach, uning bundan keyingi taraqqiyoti yo’lida yangi muammolar tug’iladi va ularni hal etish vazifasi paydo bo’ladi. Jamiyat a`zolarining ma`naviy salohiyati, milliy psihologiyasi, tabiiy ravishda mavjud siyosiy tuzum kishilarni boshqarishning o’ziga hos usullarini hayotga tadbiq etadi. Insoniyat hayoti tarixida jamiyat barqarorligini ta`minlashning monarhiyaga asoslangan, aristokratik, totalitar va demokratik usullari tajribadan o’tgan.

Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o’tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psihologiyasidagi salbiy o’zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo’qolishida, g’oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo’lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o’z ifodasini topadi.

Jahon tajribasi har bir mamlakat va halqning o’z taraqqiyot yo’lini tanlash huquqiga ega bo’lishi umumiy havfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash garovi ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan keyin o’z milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, o’ziga hos va mos taraqqiyot yo’lini tanlash, rivojlanishning o’zbek modelini yaratish imkoniga ega bo’ldi.

Taraqqiyotning o’zbek modeli – jamiyatning tadrijiy rivojlanish konsepsiyasi sifatida. Ijtimoiy rivojlanishning o’zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg`or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va halqimiz mentalitetiga tayanadi.

Ijtimoiy rivojlanish borasida halqlar odatda ikki yo’ldan — inqilobiy va tadrijiy yo’ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o’zgarishlar yo’li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy (evalyucion) taraqqiyoti barqaror — tabiiy rivojlanish yo’li ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov ijtimoiy taraqqiyotning tadrijiy yo’li mohiyatini shunday izohlaydi: «Sohta inqilobiy sakrashlarsiz, evalyucion yo’l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o’tish tanlab olingan yo’lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Bozor iqtisodi sari buyuk sakrashlar, inqilobiy o’zgarishlar yo’li bilan emas, balki sobitqadamlik va izchilik bilan — bosqichma-bosqich harakat qilish kerak. Har bir bosqichning qancha davom etishi hal qilishi lozim bo’lgan muammolar doirasiga, tashqi omillar qanchalik qulay bo’lishiga, aholining mehnat faoliyatiga bog’liqdir» .

O’zbek modelning asosiy tamoyillari quydagilardir:

- iqtisodning siyosatdan ustuvorligi;

- davlatning bosh islohotchi ekanligi;

- qonun ustuvorligi;

- kuchli ijtimoiy himoyalash;

- bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo’l bilan o’tish.

O’zbek modelining o’ziga hos hususiyatlari davlatchilik asoslarining, milliy qadriyatlarning qayta tiklanishi, o’zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga hos hususiyatlarining tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi va inson huquqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o’z ifodasini topmoqda.

O’zbek modelining hayotiyligi jahon jamoatchiligi tamonidan e`tirof qilindi. O’zbekiston tajribasi qator mamlakatlar uchun namuna bo’lib hizmat qilmoqda va uni o’rganishga bo’lgan qiziqish ortib bormoqda. O’zbekona taraqqiyot yo’li ma`naviy hayot va iqtisodiy rivojlanishi bir-biri bilan uzviy bog’liqlikda amalga oshirishda, ma`naviyat, ma`rifat, madaniyatga bo’lgan e`tiborning kuchayishida yaqqol ko’zga tashlanadi. Ma`naviy salohiyatning kuchayishi, inson intelektual va ahloqiy qobiliyatlarining rivojlanishi iqtisodiy rivojlanish uchun puhta zamin yaratadi. Kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkur, tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishda zamonaviy ilm-fan, tehnika va tehnologiya asoslarini egallash muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamiyat va oila. Jamiyat va oila mohiyatan bir-biri bilan uzviy bog’liq. Oilada jamiyatning tub mohiyati o’z aksini topadi. Shu ma`noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir jamiyat a`zosi oila bag’rida voyaga etadi, ijtimoiy munosabatlarni o’zlashtiradi va insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga, mehnatga tayyorlash oilaning muqaddas vazifasidir. Oilani mustahkamlash jamiyat barqarorligi va qudratining muhim shartidir. Shu boisdan ham davlat oilani o’z himoyasiga oladi.

Jamiyatdagi ma`naviy-ahloqiy muhitning sog’lomligi ko’p jihatdan oilaviy madaniyatga bog’liq. Oila qanday bo’lsa, jamiyat ham shunday bo’ladi. Oilada er va hotining mavqei, oilaviy munosabatlar harakteri turli halqlarda turlichadir. Mamlakatimizda milliy mustaqillik yillarida ma`naviyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, oila qadriyatlarini, eng ilg’or an`analarni tiklashga qaratilgandir. Ona va ayol muqaddasligi o’zbekona qadriyatdir. Hadisi sharifda ona va ayolning muqaddasligi tug’risidagi g’’oyalar oilaviy munosabatlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Ulug’ mutafakkirlar jamiyatning madaniy darajasi ayolning jamiyat va oiladagi ahvoli, mavqei bilan belgilanishini alohida ta`kidlaganlar. Sog’lom, barkamol avlod tarbiyasi ko’p jihatdan ayolning ma`naviy salohiyati, bilimi, uddaburonligi va erkinligiga bog’liqdir. Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan qator tadbirlar ayolning oila va jamiyatdagi mavqei va rolini kuchaytirishga qaratilgandir.

Oila muammolarini ilmiy asosda o’rganilganligi va ularni oqilona hal etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazining tashkil etilganligi ham davlatimizning oilaviy munosabatlarini takomillashtirishga alohida e`tibor berayotganidan dalolat beradi.

Mustaqillik yillarida o’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz hususiyatlariga mos bo’lgan yangi alifboga o’tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, o’z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta`sir ko’rsatdi.

Davlatning jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyati. Davlat – jamiyatni boshqarish, tartibga solish, ijtimoiy barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan alohida bir muassasadir. Davlat umuminsoniy qadriyat, insoniyat ma`naviy taraqqiyotining muhim yutug’idir.

Jamiyat ma`naviy salohiyatining yuksalib borishi bilan siyosiy boshqarish shakllari va usullari ham takomillashib boradi.O’zgargan tarixiy sharoitda davlatning mohiyati, mazmuni va vazifalariga yangicha yondashish zarurati vujudga keladi. Mustaqillik yillarida milliy davlatchilik an`analarining tiklanishi bilan davlatning tashkilotchilik, bosh islohotchilik faoliyati yangicha mazmun va ahamiyat kasb etdi.

Prezident I.A. Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning o’zbek modeli koncepciyasining amalga oshirilishida davlat hal qiluvchi o’rin tutadi. Mamlakatimizning siyosiy, huquqiy hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar siyosiy boshqaruvni yanada takomillashtirishga, yurtimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etishga, kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o’tishga qaratilgandir.

Jamiyat hayotida turli jamoalar, tashkilot va uyushmalar ham faoliyat ko’rsatadi. Ularni shartli ravishda davlat va nodavlat tashkilotlariga ajratish mumkin. Ularga siyosiy partiyalar, siyosiy harakatlar, kasaba uyushmalari, yoshlar uyushmalari, turli jamg’armalar, hotin-qizlar tashkilotlari, fahriylar uyushmasi, mahalla qo’mitalari va boshqalar kiradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson salohiyatini yanada yuksaltirishga, yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgandir.

Fuqarolik jamiyatini barpo etish — O’zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi. Fuqarolik jamiyati kishilarning yuksak ahloqiy-siyosiy va huquqiy madaniyatiga asoslanadigan demokratik jamiyat taraqqiyotining yuqori bosqichidir. Bunday jamiyat erkin uyushmalarning ko’pqirrali aloqasi bo’lib, davlat qonunlarini hurmat qilib bajaruvchi jamiyat tarkibiga kiruvchi elementlarning nisbiy mustaqilligiga asoslanuvchi, turli ziddiyat va ihtiloflarni qonun doirasida o’zaro kelishuv, sabr-toqat va muzokaralar orqali hal etishga asoslanuvchi jamiyatdir.

Fuqarolik jamiyati umuminsoniy tamoyillar, milliy davlatchilik hususiyatlari, o’ziga hos turmush tarzi va hayot falsafasi negizida qaror topadi. O’zbekiston milliy mustaqilligining dastlabki yillaridanoq yurtimizda fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi.

Fuqarolik jamiyatida davlatning qator vazifalari fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlari qo’liga o’ta boshlaydi, mahalliy hokimiyat organlarining vakolati kengayadi. Fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish kishilarning yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy faolligiga tayanadi. Mamlakatimizda mahalla hokimiyat organlarining tashkil etilishi, ular vakolatining kuchaytirilishi halqimizning o’z-o’zini boshqarish, idora etish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla kishilarda yahshi insoniy fazilatlarini kamol toptirish, o’z-o’zini boshqarish, demokratik qadriyatlarni ro’yobga chiqarish maktabidir.

Yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etish barkamol inson shahsini shakllantirishni talab etadi. O’z navbatida, ma`naviy etuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shadi. Shunday etuk kishilarni tarbiyalashda jamiyat tug’risidagi falsafiy bilim va qarashlarni o’zlashtirish va hayotga tatbiq etish alohida ahamiyatga egadir.
Tayanch tushunchalar

Jamiyat, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy uyushma, davlat, civilizaciya, taraqqiyot, milliy davlatchilik, taraqqiyotning o’zbek modeli, jamiyat tarkibi, fuqarolik jamiyati, oila.


Takrorlash uchun savollar

1. Jamiyat deganda nimani tushunasiz?

2. Jamiyatga hos belgilarni sanang.

3. Jamiyatning kelib chiqishi tug’risidagi qanday nazariyalarni bilasiz?

4. Fuqarolik jamiyati nima?

5. Jamiyatning rivojlanishida ma`naviyat qanday o’rin tutadi?



6. Jamiyatning tadrijiy rivojlanishi deganda nimani tushunasiz?


ADABIYOTLAR:


  1. Karimov I.A. Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch. T., «Ma`naviyat», 2008 yil.

  2. Karimov I.A. O’zbekiston – mustaqillikka erishish ostonasida. T., 2011.

  3. Karimov I.A. Demokratik islohotlarni yahada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish – mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy mezoni. 19 jild.T. O`zbekiston, 2011.

  4. Karimov I.A. Tarixiy xotira va inson omili – buyuk kelajagimizning garovidir. T., O’zbekiston, 2012.

  5. Falsafa asoslari. T., 2005.

  6. Falsafa qomusiy lug’at. T., "Sharq", 2004.

  7. Falsafa. T., 2006 yil.

  8. Choriyev A. Inson falsafasi. T., 2007.

Download 22.58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling