JK 7-moddasidagi jismoniy azob berish va inson qadr-qimmatini kamsitish deganda, jismoniy va ruhiy xususiyatdagi har qanday azob emas, balki faqat jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari qo‘llash mohiyatidan kelib chiqmaydigan yoki tasodifan kelib chiqadiganlarini anglash lozim. Keltirilgan modda qoidalariga muvofiq, jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari ortiqcha azob va kamsitishlarni keltirib chiqarmasligi kerak, chunki bunday harakatlar shaxsning o‘z hayot faoliyatini davom ettirish qobiliyatiga putur yetkazadi. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga binoan jazo jinoyat sodir etgan shaxsdan o‘ch olish maqsadida emas, balki kodeksning insonparvarlik g‘oyalariga tayanib, uni tarbiyalash va jamiyatga qaytarishni ko‘zda tutadi.
Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan jazo tayinlash unga jismoniy azob berish yoki qadr-qimmatini kamsitishni nazarda tutmasdan uning qayta tarbiyalanishi va yangi jinoyat sodir etmasligi uchun zarur va yetarli ta’sir choralari insonparvarlik prinsipining mohiyatini belgilaydi.
3.O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining odillik prinsipi mazmun-mohiyatini ochib bering.
Asos: JK 8-modda
Nazariy javob:
Odillik prinsipi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-, 18- moddalarida mustahkamlangan bo‘lib , xalqaro huquq tamoyillaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Mazkur asosiy qoidaning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida mustahkamlanishi jinoyat huquqiga doir qo‘llaniladigan konstitutsiyaviy me’yorlarning mantiqiy amalga oshirilishi hisoblanadi.
Adolat umumiy kategoriya sifatida o‘zida hayotiy voqelikning ayrim qimmatlik va qadriyatlarini, xususan, voqelikning to‘g‘ri va haqqoniy baholanishini aks ettiradi. Odillikning bunday tushunilishi jinoyat huquqiga ham xos bo‘lib, uning xususiyati o‘zida adolat mezonining bir oz boshqa jihatini nazarda tutadi.
Jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida odillik prinsipi jinoyat subyektlarining tengligini belgilovchi fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipini amalga oshirishda mavjud bo‘lgan bir qator rasmiyatchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Odillik prinsipi jinoyat ishlarini ko‘rishda odil sudlovni amalga oshirishda fuqarolarning qonun oldida haqiqiy tengligiga erishishning obyektiv imkoniyatini ifoda etadi. Fuqarolarning qonun oldida tengligi va odillik prinsipining birgalikda tatbiq qilinishi keng ma’noda qonunni amalda to‘g‘ri qo‘llash imkoniyati hamda huquqni qo‘llash faoliyatida jinoyat huquqi subyektlari tengligining real asoslarini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |