Kalvak tarixini o‘rganamiz
Download 19.3 Kb.
|
Kalvak tarixini o\'rganamiz. Akbarova Muhtaram
Kalvak tarixini o‘rganamiz Akbarova Muhtaram Jakbarali qizi - Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi To‘raqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 26- sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi geografiya fani o‘qituvchisi Kalvak so‘zining kelib chiqishi tarixi haqida turli fikrlar bor. Nodirjon Abdulahatov, Sherali Qo‘ldoshevlarning “Usmon Nosir media” nashriyotida 2022-yilda chop etgan “Mulla Shamsiddin Shavqiy“ nomli kitoblarining ”Mulla Shamsiddin Shavqiyning qishlog‘i” maqolasida Kalvak qishlog‘ining tarixi haqida bir necha manbalardan namunalar berilgan. Ixcham ma’lumotlardan iborat Abdulla Jabborning ”Namangan viloyati” nomli kitobida qishloq to‘g‘risida quyidagilar bayon etilgan: Kalvak- To‘raqo‘rg‘on tumanidagi shaharcha. Tuman markazidan - 9 kilometr, yaqin temiryo‘l bekati (Oqtosh) - 1,5 kilometr. To‘raqo‘rg‘on - Jomasho‘y yo‘li bilan boriladi. Shahand, Mozorko‘hna qishloqlari bilan chegaradosh. Qishloq nomini qadimda shu yerga kelib hovuz kovlagan Polvon ismli odam qo‘ygan deydilar. Aholisi 5025 kishi (2010-yil). Paxtachilik, pillachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shimoliy Farg‘ona kanalidan suv ichadi”. (Abdulla Jabbor. Namangan viloyati. “Namangan” nashriyoti, 2011.-B.88) Kalvak nomi bilan ataluvchi joy nomi Qo‘qon shahrida ham mavjud bo‘lib, mazkur atama to‘g‘risida Muhammad Yahyoxon Dadaboyev quyidagicha fikr bildiradi: “Mahalla nomi muomalada kamdan-kam qo‘llanadigan, tor sohaga oid atamadan kelib chiqqanligi tufayli aksariyat ko‘pchilik uning ma’nosidan bexabardir. Mahallaning o‘rtasidan mashhur Ulkansoy (Qo‘qonsoy) kesib o‘tgan. Soyning XVIII asrdagi o‘zani hozirgi o‘zanidan bir necha baravar keng bo‘lgan. Xo‘qand shahrining katta qismi Ulkansoy suvi bilan sug‘orilgan. Shu tufayli soyni ma’lum joylarda to‘g‘on bilan bo‘g‘ib, to‘g‘on yonidan ariqlar chiqarilgan. XVIII asrda soyning mahalladagi ko‘prigi o‘rnida to‘g‘on ko‘prik qurilgan. Bu to‘g‘onning ko‘tarilib - tushirilib turiladigan suv o‘tkazgich darvozasi bo‘lgan. Ariqlarga suv beriladigan paytda suv o‘tkazgich biroz tushirib qo‘yilgan. Suv berilmaydigan paytda esa ko‘tarib qo‘yilgan. Ham ko‘prik, ham to‘g‘on, ham suv taqsimlagich vazifasini o‘tovchi bu inshoot mahalliy mirobchilikda ”Kalvi” deb atalgan. Bu yerga qurilgan kalvi Zarafshon va So‘x daryolariga qurilgan kalvilardan biroz kichikroq bo‘lgani uchun, “Kalvi” so‘zi yoniga ”ak” kichraytirish qo‘shimchasini qo‘shib, “kalvak” deb ataganlar. “Kalvak” atama ma’nosi o‘z vaqtida odamlarga izohlab berilmaganligi sababdan izohi hali ham turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu izohimiz bahslarga chek qo‘yadi deb umid qilamiz”. (Dadaboyev Muhammad Yahyoxon. Xo‘qandi latif mahallalari va ko‘chalarining nomlanishi tarixi. -F. “Farg‘ona” nashriyoti, 2007. –B.112.) Kalvak qishlog‘ining nomi xususida tadqiqotchilar Z. Do‘simov va X. Egamovlar bo‘lsa boshqa fikrni keltiradilar: “Kalvak – qishloq. Namangan oblastining To‘raqo‘rg‘on rayonida. Toponimning birinchi qismi forscha kalpi yoki kalva so‘zidan. Bu so‘z ”to‘xtash joyi, ko‘prik, damba“ kabi ma’nolarga egadir. Ak forscha kichiklik qo‘shimshasi. Demak, Kalvak “Kichik bekat”, “kichik ko‘prik” oldidagi qishloqdir. (Do‘simov Z, Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lug‘ati.-T “O‘qituvchi”, 1977. –B.74.) Kalvak atamasi to‘g‘risida M. Ismoilov shunday yozadi: “Kal so‘zining kovlangan, o‘yilgan degan ma’nolari ham bor. ”Kapinga” so‘zi turkiycha bo‘lib ”tepalik”, “burun” deb ham izohlaydilar. XIX asrda yashab ijod qilgan shoir va tarixchi Shavqiy Namangoniy ham kalvaklik edi”. (Ismoilov M. Arxiyon - To‘raqo‘rg‘on tarixidan lavhalar. –Namangan. ”Namangan” nashriyoti, 2008. –B.31.) 1909-yili Farg‘ona shahrida chop etilgan “Farg‘ona viloyatining aholi yashaydigan joylar ro‘yxati” nomli kitobdagi ma’lumotlarga ko‘ra bu vaqtda Kalvak qishloq sifatida Namangan uyezdining To‘raqo‘rg‘on volost(bo‘lis)i tarkibiga kirgan bo‘lib, unda 110 ta xonadonda jami 634 nafar aholi istiqomat qilgan. Mana shu 110 ta xonadon uchun qishloqda 3 ta masjid faoliyat ko ‘rsatgan. (Spisok naselennix mesti Ferganskoy oblasti. Skobelev, 1909.S. 115.)[ Nodirjon Abdulahatov, Sherali Qo‘ldoshev. Mulla Shamsiddin Shavqiy “Usmon Nosir media” nashriyoti, 2022-yil. 6-8-sahifalar.] 1981-yilda chop etilgan ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga asoslangan 2006-2008-yilda Abduvahob Madvaliyev tahriri ostida chop etilgan 5 jidli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da Kalvak (forscha Kalvak- kichik bola; nodon, anqov, uyatsiz) Befarosat, noshud,- deya izoh berilgan. Abdulla Qodiriyning ”O‘tgan kunlar” asari qahramoni O‘zbekoyim tilidan: ”Bu kalvak o‘g‘lingiz marg‘lonlikning eshigida qul bo‘lib yotib oladir”,- degan parcha keltirilgan. (www.ziyouz. com kutubxonasi 297-bet) Abdulla Qodiriy Otabekni sodda degan ma’noda bu so‘zni ishlatgan bo‘lsalar kerak. To‘ra Nafasov va Vazira Nafasovalarning maktab o‘quvchilari, kollej va litsey talabalari uchun mo‘ljallangan “O‘zbek tili toponimlarining o‘quv izohli lug‘ati”da Kalvak To‘raqo‘rg‘on tumanidagi qishloq. Kal ob-ak (fors-tojik) kam suvli jilg‘a. So‘g‘d tilida kal-suv, daryo, jilg‘a,- deya izoh berilgan. (Toshkent. “Yangi asr avlodi”. 2007. www.ziyouz. com kutubxonasi 27-bet) Chindan ham Kalvak qishlog‘i aholisi shimol tomondan oqib keluvchi kichik jilg‘aning suvini iste’mol qilgan, ekinlarni sug‘organ, bog‘lar barpo etgan. 1890-yilda Rozenbax arig‘i, 1940-yilda uning o‘rniga xalq hashari bilan qurilgan Shimoliy Farg‘ona kanali qazilguncha, kichik jilg‘a asosiy sug‘orish manbai bo‘lgan. Qishda Shimoliy Farg‘ona kanali suvi pastlaganda, kanal ustidan kesib o‘tgan quvurdan oqib keladigan jilg‘a suvi bugungi kunda ham oqib turishi buning isbotidir. To‘ra Nafasov va Vazira Nafasovalarning o‘quv izohli lug‘atida izohlanganidek, so‘g‘d tilida kal-suv, daryo, jilg‘a ma’nolarini, ob fors-tojik tilida suv, -ak qo‘shimchasi kichraytirish ma’nolarini ifodalar ekan, Kalvak - kam suvli jilg‘a ma’nosini ifodalashi haqiqatga mos keladi. Kalvak qishlog‘i 1998- yildan boshlab Oxunboboyev MFY, 2004- yildan boshlab Kalvak MFY deb yuritila boshlagan. Kalvak janubda Bog‘ishamol MFY, sharqda Past Mo‘g‘ultoy MFY, shimoli-sharqda-Yuqori Mo‘g‘ultoy MFY, shimolda Chust ko‘prik MFY, shimoli-g‘arbda - Katta Qo‘rg‘oncha MFY, Kichik Qo‘rg‘oncha MFY, Kujron MFY, g‘arbda Zarbdor MFY, Mozorkuhna MFY bilan chegaradosh. 2020- yilga kelib fuqarolari soni 6000 mingdan ortdi, xonadonlar soni esa 1336 ta. Aholi yashaydigan maydon 106 gektardan ortiq. Milliy tarkibini o‘zbeklar tashkil etadi. Download 19.3 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling