Katta xorazm


O‘qituvchi dars davomida quyidagi ishlarni bajaradi


Download 56.93 Kb.
Pdf ko'rish
bet2/2
Sana31.01.2024
Hajmi56.93 Kb.
#1831270
1   2
Bog'liq
6-мавзу

O‘qituvchi dars davomida quyidagi ishlarni bajaradi 
Tashkiliy qism: xonaning tayyorgarligi, jihozlanishi, sanitariya holati, talabalarning 
davomati – 2 minut 
Talabalar bilim darajasini aniqlash-8 minut 
Yangi mavzu bayoni – 50 minut
Mavzuni o‘zlashtirish darajasi – 7 minut
sinov savollar namunasi – 10 minut 
Uyga vazifa berish – 3 minut 
O‘rta Osiyodagi yana bir yirik davlat uyushmasi-Qadimgi Xorazm davlati hisoblanadi. 
“Katta Xorazm” va “Qadimgi Xorazm” masalasi bo‘yicha o‘zbekistonlik va xorijlik ko‘plab 
olimlar turli-tuman tadqiqotlar olib borgan bo‘lsalarda bu masalalar hamon tadqiqotchilarning 
bahs-munozaralariga sabab bo‘lib kelmoqda. Avesto va yunon-rim tarixchilari ma’lumotlari bu 
munozaralarning asosini tashkil etadi. Undan tashqari, o‘tgan asrning 50-60 yillaridan boshlab 
bugunga qadar olib borilgan arxeolgik tadqiqotlar natijalari ham Xorazm davlatchiligi tarixi 
bo‘yicha boy materiallar berdi. 
Avvalo, so‘ngi yillardagi ibtidoiy davr yodgorliklarining qiyosiy tadqiqotlaridan 
(X.Matyakubov) xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Xorazm mil.avv IV-III m.y. dayoq O‘rta 
Sharqning qadimgi sivilizatsiyalar olami bilan uzoq Shimolni bevosita bog‘lovchi xalqa rolini 
o‘tay boshlagan. Bronza davri Suvyorgan va Tozabog‘yob madaniyatlari qadimgi Xorazm 
yerlarini o‘zlashtirib bir-biri bilan qizg‘in aloqada bo‘lgan, Shimol va Janubdan ta’sir qabul 
qilib, yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilgan kabilalar madaniyati edi.


Ularning urug‘ jamoalari yarim yerto‘la uy -joylarda istiqomat qilib motiga dehqonchiligi 
va chorvachilik bilan shug‘ullanib, ibtidoiy ishlab chiqarish xo‘jaligi sari ilk qadam 
tashlaganlar. Ammo, ularning moddiy xo‘jalik taraqqiyoti darajasi O‘rta Osiyoning janubiy 
mintaqalari (Baqtriya, Marg‘iyona) dagi kabilalarga nisbatan ancha orqada edi. 
Amirobod madaniyati (mil.avv IX-VIII asrlar) davrida Amudaryo quyi havzasida 
yashovchi aholi hali davlatchilikdan bexabar bo‘lib, irrigatsiya xususiyati ibtidoiy urug‘-
kabilachilik an’analarini saqlab qolgan aholi jamiyatiga xos edi. O‘rta Osiyoning Janubiy 
mintaqalariga qaraganda Xorazm vohasi aholisi uzoq vaqt beqaror suv oqimi sharoitida, noqulay 
tabiat injiqliklari girdobida qolib kelgan. Qadimgi yozma manbalar ma’lumotlari va mavjud 
arxeologik yodgorliklarning qiyosiy tahliliga ko‘ra, Xorazmda davlatchilik ildizlarining paydo 
bo‘lishigan asos bo‘lgan ilk shaharsozlik madaniyati sohiblari - Xorazmiylar ko‘chib kelgach 
tarkib topdi va rivojlandi. 
“Xorazm” atamasining kelib chiqishi haqida ko‘plab fikrlar mavjud. Olimlarning katta 
guruhi “Xorazm” atamasining ikkinchi komponenti –zmi, - zamni hind-yevropa tillariga mansub 
– zemo – yer, o‘lka, mamlakat ma’nosini beradi degan xulosaga kelganlar. So‘zning birinchi 
komponentiga kelganda olimlar fikrlaridagi yakdillik yo‘qoladi va u turlicha – “Ozuqaga boy 
mamlakat”, “Unumdor yer” (Ye.Byurnuf, E.Zaxau, U.Geyger, U.Tomashek), “Go‘zal 
mamlakat” (F.Yusti), “Unumsiz, yomon yer” (F.Shpigel), “Pastlik yer” (P.Lerx, N.Veselovskiy, 
X.Klipert), “Quyoshli yoki Sharqiy o‘lka” (S.Tolstov, P.Savelev, F.Sulaymonova), “Sharqiy 
zamin”, “Kunchiqar mamalakat” (I.Mo‘minov) tarzida talqin etiladi. 
Yana bir guruh olimlar “Xorazm” atamasi uch leksima asosida (Uvarizami, u – “yaxshi”+ 
vara – “qal’a”,”qo‘rg‘on”+zimi-“yer”) paydo bo‘lgan deb hisoblab, mazkur tarixiy atamaning 
ma’nosini “yaxshi qo‘rali yer”, “Ajoyib qal’ali o‘lka” yoki “Mustahkam qo‘rg‘onli 
diyor”(Bogolyubov, A.Muhammadjonov) tarjima qiladilar. So‘ngi tadqiqodlarda “Xorazm” 
atamasining o‘zagi qadimgi turkiy asoslarga ega bo‘lishi mumkin degan fikrlar ilgari surilib 
(“Xuar” (“Suvar”) – “suv”(“xu”) – suv, “Ar”-yer, odam, “m”- birinchi shaxs qo‘shimchasi) va u 
“Suv(daryo) odamlari” yoki “suv egalari” (M.Zakiev, Sh.Kamoliddin, O‘.Nosirov) deb tarjima 
qilingan. 
Olimlarning ta’kidlashicha, Avestoda tilga olingan Aryoshayona yoki Aryanam Vaychax 
shu manbada eslatilgan Kavi Vishtaspning podsholigi bo‘lib, milloddan avvalgi IX-VIII asrlarda 
Drang‘iyona, Satagadiya, Ariya, Marg‘yona va Amudaryoning o‘rta oqimidagi viloyatlarni 
birlashtirgan. G‘arb tadqoqtchilari V.Xenning va I.Gershevichlar Kavi Vishtapsning davlati 
Marv va Xirot atrofida joylashgan “Katta Xorazm” deb hisoblaydilar. “Katta Xorazm” 
muammosi Gerodot ma’lumotlaridan boshlangan. U “Tarix” asarining uchinchi kitobida 
quyidagicha ma’lumot beradi: “Osiyoda bir vodiy bor. Uning barcha tomoni tog‘ bilan o‘ralgan, 
tog‘ni esa beshta dara kesib turadi. Bir vaqtlar bu vodiy xorasmiylarga tegishli bo‘lib, 
xorasmiylar, parfiyaliklar, saranglar va tamaneylarga chegaradosh yerlarda joylashgan. Vodiyni 
o‘rab turgan tog‘dan Akes nomli yirik daryo boshlanadi”. Shuningdek, Gerodot, Akes daryosida 
to‘g‘on qurilgani va bu to‘g‘on xorasmiylarga tegishli ekanligi haqida ma’lumot beradi. 
Gerodotdan sal oldinroq yashab o‘tgan Gekatey parfiyaliklarning sharqiy tomonida 
joylashgan “Xorazm”ni, “bir qismi tekisliklarda, bir qismi tog‘larda yashovchi xorazmliklarni” 
eslatib o‘tadi. Tadqiqotchi V.A.Livщis ham bu “Katta Xorazm”ni Marv va Hirotning to‘rtta 
rayoniga joylashtiradi.
S.P.Tolstov va Ya.G‘ulomovlar bu nazariyaga qarshi bo‘lib, xorazmliklar O‘rta 
Osiyoning janubidan ko‘chib kelmaganlar balki, Xorazm davlati Quyi Amudaryoda qadimgi 
zamonlardayoq vujudga kelgan deb xulosa qilganlar. Ammo bu davlatning chegaralari hozirgi 
Xorazm viloyati hududlaridan ancha keng bo‘lgan. 
O‘rta Osiyoning tarixiy geografiyasi bilan shug‘ullanuvchi olim I.N.Xlopin “Katta 
Xorazm”ning yirik siyosiy birlashma sifatida Ahamoniylardan oldingi davrda mavjud bo‘lganligi 
va Akesning Tajan-Xerirud daryosi bilan bir ekanligi haqidagi fikrlarni asossiz deb hisoblaydi. 
Olimning ta’kidlashicha, “Ahamoniylardan oldingi davrda O‘rta Osiyo hududida xalqlarning 
xorazmiylar boshchiligida xech qanday ilk davlat birlashmalari yo‘q edi”. Shu bilan birga u 


Ahamoniylardan oldingi davrda O‘rta Osiyoning janubida, “bir necha uncha katta bo‘lmagan 
markazlar” mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini e’tirof etadi. 
O‘rta Osiyo janubidagi dexqonchilik madaniyati va ilk shaharlar bo‘yicha mutaxassis 
hisoblangan A.A.Asqarov so‘nggi yillarda Qadimgi Xorazm masalalariga o‘z e’tiborini qaratdi. 
Olimning e’tirof etishicha, Xorazm vohasining qadimgi davri o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bu 
hududiy kenglik Amudaryoning quyi havzasi hisoblanib, O‘rta Osiyoning bu yirik daryosi bir 
necha yuz yillar davomida yuqori oqimlardan quyiga unumdor loyqa oqizib kelib, jaunbiy Orol 
bo‘ylarida sug‘orma dehqonchilik madaniyatining rivojlanishi uchun zamin yaratgan. Ammo, bu 
zamin eng qadimgi davrlarda ajdodlarimiz tomonidan o‘zlashtirilib, sug‘orma dehqonchilik 
madaniyatining Marg‘iyona va Baqtriya singari makoni bo‘la olmadi.
Arxeologik manbalarning ma’lumot berishicha, ilk temir davriga kelib Xorazm 
hududlarida paydo bo‘lgan Amirobod madaniyati davrida janubiy Xorazm aholisi Amudaryo 
quyi havzasining o‘zanlari bo‘ylab barpo etilgan keng va sayoz kanallar yordamida 
ziroatchilikka qulay joylarda dehqonchilik qila boshlaydilar hamda o‘troq hayot asta-sekin 
ularning turmush tarziga aylana boshlaydi. Ammo, Amudaryoning quyi havzalari, uning 
to‘qayzor va qamishzor keng maydonlari, serunum yaylovlari chorvachilik xo‘jaligining 
taraqqiy etishi uchun juda qulay edi. Shuning uchun ham qadimgi Xorazmda Quyi Sirdaryo sak-
chorvadorlarning Quyisoy madaniyati keng rivojlangan. 
Yunon geografi Strabon xorazmiylarning ajdodlari massagetlarga borib taqalishi haqida 
ma’lumotlar beradi. S.P.Tolstovning fikricha, Xorazm tarixining massagetlargacha bo‘lgan 
davrida bu zaminda Suvyorgan va Tozabog‘yob madaniyatlari aralashuvidan tarkib topgan 
Qovunchi kabilalari yashar edilar. Ular milloddan avvalgi II ming yillikning so‘nggi choragida
qadimgi Xorazmning massaget nomi ostida yuritilgan ko‘chmanchi kabilalarining asosini tashkil 
etgan. 
Qadimgi Xorazm xo‘jalik tartibining tuzilishi janubiy hududlardagi sug‘orish tizimini 
eslatsa-da, o‘lchamlari jihatdan ancha kichik. M.A.Itinaning fikricha, bu davrda 
urug‘doshlarning qishloqlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan manzilgohlarning maydonlari 
kengayganligi ko‘zatiladi. Bu manzilgohlarda katta oilalar yashagan bo‘lib, ular bir vaqtning 
o‘zida xo‘jalik vazifalari, jumladan, sug‘orish tarmoqlarini saqlash va rivojlantirish bilan 
shug‘ullanganlar. 
So‘nggi bronza davrida ham qadimgi Xorazm xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri 
chorvachilik xo‘jaligi edi. Bu davrga oid makonlardan juda ko‘plab turli hayvonlarning suyak 
qoldiqlari topib o‘rganilgan. Chorvachilik xo‘jaligida ot asosiy o‘rinda bo‘lib ulardan yuk tashish 
va safarga chiqishda foydalanilgan. Ayrim manzilgohlardan ot anjomlarining topilishi shu 
jarayondan dalolat beradi. Bu o‘rinda ta’kidlash joizki, olimlar orasida massaget kabilalari 
totemlarida ot kulti markaziy o‘rinda turishi haqidagi fikrlar ham bor.
O‘troq dehqonchilik kabilalarining chorvachiligi uy chorvachiligi xususiyatiga ega edi. 
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil. avv. I ming yillikning boshlariga kelib Orol bo‘yidagi 
xo‘jaligi asosini dehqonchilik va chorvachilik tashkil etgan kabilalar o‘rtasida farqlar shakllana 
boshlaydi. Mil. avv. VII-VI asrlarga kelib esa, ular madaniyati o‘rtasida keskin farqlanish 
seziladi.
Fikrimizcha, aynan mana shu davrdan boshlab, Sharqiy Orol bo‘yida yarim ko‘chmanchi 
chorvador xo‘jalik madaniy shakli ustunlik qilgan bo‘lsa, Amudaryoning janubiy o‘zanlarida esa 
yuqori darajadagi sun’iy sug‘orishga asoslangan o‘troq dehqonchilik xo‘jaliklari hal qiluvchi 
ahamiyatga ega edi. Mil. avv. I ming yillikning ikkinchi choragiga kelib Orol bo‘yida 
hunarmandchilik ajralib chiqishining dastlabki belgilari kuzatiladi. Ortiqcha mahsulotning 
ko‘payishi esa mulkiy va ijtimoiy tabaqalanish uchun imkoniyatlar yaratadi. 
Mil. avv. I ming yillikning birinchi choragiga kelib qadimgi Xorazm hududlarida 
sug‘orma dehqonchilikning taraqqiy etishi va ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi 
natijasida ibtidoiy jamoa munosabatlari o‘rniga davlatchilik tizimi shakllana boshlaydi. Ushbu 
tizimning shakllanishida qadimgi shaharlarning ahamiyati nihoyatda katta bo‘ldi. Ammo, 


ta’kidlash joizki, Xorazm ko‘hna shaharlari orasida eng dastlabki poytaxt qaysi shahar ekanligi 
hozirgacha aniq emas. Bu borada tadqiqotlar endilikda samara bermoqda. 
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qadimgi Xorazm shaharlarining rejaviy uslublari – ichki va 
tashqi tuzilishi, himoya inshoatlari, tabiiy joylashuvi nuqtai nazaridan ko‘p hollarda bir-biri bilan 
o‘xshashlik topadi. Tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilgan Xorazmning eng qadimgi shahar-
qal’alaridan biri bo‘lgan Ko‘zaliqirning quyi madaniy qatlamlarini S.P.Tolstov mil.avv. VII-VI 
asrlar bilan, V.Masson esa mil.avv. V-IV asrlar boshlari bilan belgilagan edi. So‘nggi 
tadqiqotlarda esa Qo‘zaliqirda hayot butun mil.avv. VI va V asrning birinchi yarmida mavjud 
bo‘lgan degan xulosalar ustunlik qilmoqda.
Ko‘zaliqir ko‘hna shahri ilgari tahmin qilinganidek, “Katta Xorazm” davlatining poytaxti 
emas, balki, yangi tadqiqotlarga ko‘ra, mil avv VI asrda Chirmanyob dehqonchilik markazini 
hosil qilgan kichik vohaning bosh shahri sifatida ushbu hududlarning siyosiy-ma’muriy va diniy 
markazi vazifasini o‘tagan. Fanda Xorazm sivilizatsiyasi va shaharsozlik madaniyati aynan 
Ko‘zaliqirdan boshlangan, degan xulosa ustunlik qilar edi. Ammo, so‘nggi yillardagi tadqiqotlar 
vohaning boshlanish qismida joylashgan Xazorasp shahri ham Ko‘zaliqirga zamondosh 
yodgorlik deb hisoblashgan asos bo‘lmoqda. Xususan, Xazorasp yaqinida mil. avv VI asrga oid 
sopol ishlab chiqarish markazi Xumbo‘ztepaning mavjudligi ko‘hna shaharning qadimiyligidan 
dalolat beradi. 
Fanda ma’lum bo‘lgan “Katta Xorazm” masalasi bugungi kunda o‘z yechimini topgan 
deb bo‘lmaydi. Avvalo, o‘tgan asrning boshlarida mavjud yozma manbalarning qisqa 
ma’lumotlariga tayangan I.Markvart tomonidan ushbu masala ko‘tarilgan edi. U Avestodagi 
“Aryanam Vayjo”ni Xorazm deb hisoblab, Ahamoniylarga qadar Shimoliy –Sharqiy Eron 
kabilalarining xorasmiylar boshchiligidagi katta davlat birlashmasi “Katta Xorazm”, degan 
taxminni ilgari surgan edi. Mazkur g‘oya V.Bartold, V.Tarnlar tomonidan qabul qilinib, 
S.Tolstov, V.Xenning, F.Altxaym va I.Gershevichlar tomonidan rivojlantirildi. 
S.Tolstov Amudaryoning quyi havzalari “Katta Xorazm” tarkibiga kirganligi haqidagi 
konsepsiyani ilgari surib, Xorazmda mil.avv VIII-VII asrlarda dastlab kabilalarning harbiy 
konfederatsiyasi paydo bo‘lib, undan davlat uyushmasi o‘sib chiqdi degan fikrga kelgan bo‘lsa, 
V.Masson bu fikrga qarshi chiqib, arxeologik materiallar tahlili Xorazmda Ahamoniylarga qadar 
markazlashgan davlat tashkil topganligini tasdiqlamaydi, degan fikrga keldi.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga tayangan V.T.Vorobeva, o‘tgan asrning 70-yillarida 
“Katta Xorazm”ning janubiy chegarasi Amudaryoning o‘rta havzalari (Qo‘shqal’a, Odoytepa 
atroflari)dan o‘tgan va uning shimoliy chegaralari Amudaryoning quyi havzalarini qamrab 
olganligi hamda qadimgi Xorazm davlati “Katta Xorazm” davlat konfederatsiyasining tarkibiga 
kirganligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi. B.Vaynberg va S.Baratovlar ham V.Vorobeva 
g‘oyalariga yaqin fikr bildirganlar. 
R.Fray “Katta Xorazm” davlatining hududi Marv – Hirot atroflarini qamrab olib, 
Ahamoniylar bosqinidan so‘ng bu hudud aholisi Oks (Amudaryo)ning shimoliga ko‘chganligi 
haqida fikr bildirgan bo‘lsa, I.Xlopin va I.Pyankovlar Xorazmdagi ahamoniylargacha bo‘lgan 
davlatchilikni inkor etadilar. A.Asqarov esa, xorasmiylarning Tajan (Herirud) va Xilmend 
daryolari havzalaridan shimolga, quyi Amudaryo havzalariga ko‘chishi mil.avv VI asrda ro‘y 
bergan bo‘lib, “Katta Xorazm” davlati konfederatsiyasining shimoliy chegarasi Amudaryoning 
o‘rta chegarasigacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olganligi haqidagi fikrlarni ilgari suradi.
Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, ahamoniylargacha mavjud bo‘lgan Xorazm davlatining 
poytaxti masalasi fanda aniq yechimini topmagan. X.Matyakubovning fikricha, qadimgi Xorazm 
davlatining poytaxtini aniqlash borasidagi izlanishlar o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z samarasini 
bera boshladi va Aqchaxonqal’a qadimgi Xorazm davlatining poytaxti bo‘lishi mumkinligi 
haqidagi ilk fikrlar aytildi. Tadqiqotlarga ko‘ra, umumiy maydoni 50 ga dan ziyod bo‘lgan 
Aqchaxonqal’a ichki va tashqi qal’adan iborat to‘g‘ri to‘rtburchak shaklga ega. Ular alohida 
himoya devorlari bilan o‘rab olingan. So‘ngi tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu ko‘hna shaharda saroy 
marosimlari va diniy e’tiqodlar bilan bog‘liq devoriy rasmlarning qayd etilishi, ular orasida 
shohona kiyimda boshiga toj kiygan hukmdor suratining mavjudligi, shoh boshiga ilohiy qush 


(Humo) qunib turganligi Aqchaxonqal’a qadimgi Xorazm davlatining poytaxt shahri 
ekanligining ramziy belgisi sifatida e’tirof etildi. 
Fikrimizcha, Xorazm qadimgi shahar madaniyati va davlatchiligining shakllanishida 
butun O‘rta Osiyo hududlarida bo‘lgani kabi tashqi ta’sir va madaniy aloqalarni inkor etmagan 
holda, bu hududlarda o‘troq dehqonchilikka o‘tish, sug‘orish tartibining shakllanishi, o‘troq aholi 
xo‘jaliklarining taraqqiy etishi keyingi davrlardagi davlatchilik an’analari shakllanishi uchun 
asos bo‘lganligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, butun O‘rta Osiyo mintaqasida 
bo‘lgani kabi qadimgi Xorazm shahar madaniyati va davlatchiligi asoslari hisoblangan ilg‘or 
xo‘jalik tizimi yuritish, sug‘orish tarmoqlarini saqlash va rivojlantirish, hunarmandchilik va 
savdo-sotiq kabilar – o‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar bilan bog‘liq edi. Bu jarayonlar ayniqsa
mil.avv.VI-V asrlarda ancha taraqqiy etgan bo‘lib, bu holat Xorazm davlatchiligining o‘ziga hos 
xususiyatlarida ham namoyon bo‘ladi. 
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mil.avv. VI-IV asrlarda Xorazm va unga qo‘shni bo‘lgan 
hududlarni urbanizatsiya jarayonlari qamrab olgan edi. Natijada bu hududlarda tarixiy-madaniy 
dehqonchilik vohalari paydo bo‘ladi va ular ilk davlatchilikning asosi edi. Mil.avv. VI asrdan 
boshlab esa hozirgi Xorazm vohasida davlatchilik shakllanib u qadimgi Sharq sivilizatsiyasi 
markazlaridan birga aylanib bordi. 
 

Download 56.93 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling