Kirish Hadis ilmiyning paydo bo’lishi


Hadislarning mazmuni va tarbiyaviy ahamiyati


Download 63.71 Kb.
bet6/6
Sana16.01.2023
Hajmi63.71 Kb.
#1095410
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
HADIS ILMINING PAYDO BO\'LOSHI AL BUXORIY, A TERMIZIY ASARLARI

Hadislarning mazmuni va tarbiyaviy ahamiyati
Hadislarda insonning kamolotga erishishi uchun talab etiladigan insoniy fazilatlar ifoda etilgan bo’lib, ushbu fazilatlar sirasiga o’zgalarga mehr-oqibat ko’rsatish, saxiylik, ochiq ko’ngillik, ota-ona, kattalar va qarindoshlarga nisbatan muruvvatli bo’lish, ularga g’amxo’rlik qilish, vatanga muhabbat, mehnat va kasb-hunarni ulug’lash, halollik, poklik, do’stlik, oliyjanoblik, rahm-shafqatlilik, kamtarlik, rostgo’ylik va vijdonlilik kabi xislatlar kiritiladi. Bundan tashqari, insonning o’zini yomon illatlardan tiyishi, yaxshilik sari intilishi kerakligi borasidagi pand-nasihatlar ham o’z aksini topganki, bularning barchasi Qur’oni Karimda qayd etilgan ko’rsatmalarga asoslanilgan va komil insonni shakllantirishda asosiy mezon bo’lib xizmat qiladi.
Islom ta’limoti g’oyalariga ko’ra har bir musulmon eng avvalo iymonli bo’lishi kerak. Qur’oni Karimda ta’kidlanganidek, Islom dini ta’limotining yaratilishidan muddao, murod kishilarda iymon, e’tiqodni shakllantirishdir. Hadislarda iymonning mukammal va mustahkam bo’lishi quyidagi uch shartga qat’iy amal qilinishiga bog’liqligi ko’rsatilgan:
- to’g’ri e’tiqodli bo’lmoq;
- kishilar bilan yaxshi munosabatda bo’lmoq;
- kishi o’z ustida ishlamog’i va o’zini ibodat va itoatga chaqirmog’i1 (Keyingi misollar ham ushbu kitobdan olindi).
Iymon daraxtga tenglashtiriladi va uning 60 dan ortiq shoxlari bor deya iymonning belgilari sanab o’tiladi. Sanab o’tilgan belgilarning har biri inson ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi va mukammallashtiruvchi xislatlardir. Bular quyidagilardan iborat: “qo’li bilan va tili bilan o’zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir”, “o’zingiz yaxshi ko’rgan narsani birodaringizga ravo ko’rmaguningizcha hech biringiz chinakam mo’min bo’la olmaysiz” (3-4-boblar); “Uchta xislatni o’zida mujassam qilgan kishining iymoni mukammal bo’lgaydir:
- insofli va adolatli bo’lmoq;
- barchaga salom bermoq;
- kambag’alligida ham sadaqa berib turmoq” (20-bob).
Bundan tashqari, kishilar uchun xos bo’lmagan munofiqlik xislati xususida ham so’z yuritiladi, chunonchi, «Rasululloh sallallohu alayhi vassalam aytganlar: “quyidagi to’rtta xislat kimda bo’lsa, aniq munofiq bo’lg’aydir, kimdaki, ulardan bittasi bo’lsa uni tark etmaguncha munofiqlikdan bir xislati bor ekan, deyiladir:
- omonatga xiyonat qilgaydir;
- so’zlasa yolg’on so’zlaydir;
- shartnoma tuzsa, shartida turmagaydir;
- urishib qolsa, kek saqlagaydir va nohaqlik qilaydir (25-bob).
Hadislarda inson ma’naviy kamolotining mezoni, uning tafakkur doirasi, dunyoqarashining kengligi, ilmiy bilimlarni qay darajada egallaganligi, o’z bilimi bilan atrofdagilar va jamiyatga foyda keltirguvchi shaxs bo’lib yetishishida muhim omildir deya ko’rsatiladi. “Tolibi ilm qilish farzdir. Tolibi ilmga har bir narsa istig’for aytadi, hatto dengizdagi baliqlar ham”. Bilimsizlik kishilarning nodonligiga zamin hozirlashi, ilmsiz jamiyatda esa jaholat hamda razolatning hukmronlik qilishi aloqida ta’kidlab ko’rsatiladi. “Ilm o’rganmoq va o’rgatmoqning fazilati” borasidagi hadis (21-bob) da ilm o’rganish ko’p yoqqan yomg’irga qiyoslanadi va ilm ahli quyidagi uch turga bo’ladi: “Ba’zi yer sof, unumdor bo’lib, yomg’irni o’ziga singdiradi-da, har xil o’simliklar va ko’katlarni o’stiradi va ba’zi yer qurg’oq, qattiq bo’lib, suvni emmasdan o’ziga to’playdir, undan Olloh taolo bandalari foydalangaydir. Odamlar suvdan ichgaydirlar, hayvonlari va ekinlarini sug’orgaydirlar. Ba’zi yer esa tekis bo’lib, suvni o’zida tutib qolmaydir, ko’katni ham ko’kartirmaydir. Bularni quyidagicha muhoyasa qilish mumkindir: Bir kishi Olloh ilmini (Islomni) teran o’rganadir, teran tushunadir va undan manfaatlanadi va Olloh yuborgan hidoyatni o’zi o’rganib, o’zgalarga ham o’rgatadir. Ikkinchi bir kishi ilm o’rganib, odamlarga o’rgatadir. Ammo o’zi amal qilmaydir. Uchinchi bir kishi mutakabburlik qilib, o’zi ham o’rganmaydir, o’zgalarga ham o’rgatmaydir”.
Ammo ilmga e’tiborsizlik va nodonlik (jaholat)ning avj olishi jamiyatning inqiroziga olib keladi. Hatto “Rasululloh quyidagilar qiyomat alomatlaridir, deganlar:
- ilmning susaymog’i;
- jaholatning kuchaymog’i;
- zinoning avj olmog’i;
- xotinlarning ko’paymog’i;
- erkaklarning ozaymog’i”
Demak, qiyomatni odamlarning o’zlari sodir etadilar. «Ilm ravnaq topmagan mamlakatda zino avj olgan, o’zaro urushlar kuchayib, erkaklar ozayib ketganda albatta, qiyomat qoyim bo’ladi” (22-bob). SHu bois “Ilmga amal va rioya qiluvchi bo’linglar, uni faqat hikoya qiluvchi bo’lmanglar”, -deyiladi (637-hadis). Islomda ikki xil ilm haqida so’z yuritiladi: biri huquqiy (fikh), diniy yo’l-yo’riqlar to’g’risidagi ilm bo’lsa, ikkinchisi dunyoviy ilmlardir. Har ikki turdagi bilimlarni chuqur egallash va ularga qat’iy amal qilish har bir mo’’min uchun farz hisoblanadi.
“Ilmning ofati unutishdir. Uni noahil kishiga gapirish esa uni zoye qilishdir”1 mazmunidagi hadis orqali o’zlashtirilgan ilmni takrorlab borish, faqat chuqur va puxta bilimlargagina ega bo’lgan kishilarning atrofdagilarga ilm berishining maqbul ekanligiga urg’u beriladi. SHuningdek, hadislarda ilmning kishilarni fahm-farosatli, o’tkir zehnli, zukko hamda xotirani kuchli qilishdagi ahamiyati ham ta’kidlanadi va “Ilmu hunarni Xitoydan bo’lsa ham borib o’rganinglar”, -deya da’vat etiladi. “Olim bo’l, ilm beruvchi bo’l yoki ilm o’rgatuvchi bo’l yoki tinglovchi bo’l. Beshinchisi bo’lma, halok bo’lasan” mazmunini ilgari suruvchi hadisning bayon etilishi orqali ham ilmli bo’lish insonni falokat va uning yomon oqibatlaridan saqlovchi omil ekanligiga urg’u beriladi (41-hadis).
Bir qator hadislarda ilmning ibodatdan ustun ekanligi ko’rsatib o’tiladi. Xususan, “Ilm ibodatdan afzal va u taqvo dinining ustunidir” (268-hadis). Biroq ilmning manfaatsiz holda sarflashdan saqlanish maqsadga muvofiq ekanligi aytiladi va ilm ahlini ana shunga da’vat etiladi (173-hadis), haqiqiy komil insonning bilimga boy, xushxulq, sog’lom bo’lishi (182-hadis), uni faqat foydali ishlar va insonlarning farovon hayot kechirishlari yo’lida sarf etish kerakligi ham uqtiriladi: “Boshliq bo’lmasingizdan avval ilmni chuqur o’rganing! Rasulloh sallallohu alayhi-vassalamning sahobalari yoshlari ulg’ayganda ham ilm o’rganganlar. Rasulloh sallollohu alayhi-vasallam: ikki narsadan o’zgasiga hasad qilmoq joiz emas, biri-kishiga Olloh taolo halol mol-dunyo bersa-yu, uni Haq yo’lida sarflayotgan bo’lsa, ikkinchisi-kishiga Olloh taolo ilmu hikmat ato etsa-yu, u shu tufayli oliy maqomga erishib, hukm surayotgan, odamlarga bilganini o’rgatayotgan bo’lsa”, – deydilar»1.
Ma’lumki, islom ta’limotida eng yuksak xislatlardan biri sifatida ota-onaga g’amxo’rlik, ularni e’zozlash, ota-ona haqqini o’z o’rniga qo’yish, farzandning ular oldidagi haqqi borasidagi masalalarning yoritiligiga alohida e’tibor beriladi. Hadislarda ham ana shu talablar o’z ifodasini topgan. Ota-onani xafa qilib yig’latish eng katta gunohlari sifatida e’tirof etilgani quyidagi, ya’ni, Olloh Taoloning mavjudligiga shirk keltirish, odam o’ldirish, urush maydonidan qochish, afifa (o’zini pokiza saqlagan) xotinni fohisha deb tuhmat qilish, ribo (ijaraxo’rlik), yetimlar molini yemoq, Olloh Taoloning qudrati va irodasini inkor qilish, odamlarni masxara qilish hamda ularni kamsitish kabi holatlar qatorida tilga olib o’tiladi. Hadislarda ota-onaning dilini og’ritib, ozor berish, ularni xafa qilib, buyruqlarini bajarmaslik ham qoralanadi: “Abdulloh ibn Amr (Roziyollohu anhu) aytadilar: bir kishi Rasulloh huzurlariga hijrat qilmoq uchun bay’at qilishga keldi. Ammo ota-onasi uning ketishiga rozi bo’lmay, xafalikdan yig’lab qolgan edilar. SHunda Rasulloh: “Sen hozir ota-onang oldiga bor! Hijrat qilaman deb ularni xafa qilganingdek, endi hijrat qilmaydigan bo’ldim, deb ularni xursand qil”, -dedilar (13-hadis). Islomda eng katta gunoh Olloh Taologa shirk keltirish va ota-onaga oq bo’lish hisoblanishi 15-hadisda alohida ta’kidlanadi. Ota-onaning ham o’z navbatida farzandlarini tarbiyat etmog’i, odob o’rgatishi, yaxshilik qilishi lozimligi ta’kidlanadi: «Namir ibr Avs aytishlaricha, o’tmish kishilari bolalarning solih-qobil bo’lishlari Olloh Taoloning tavfiqi bilan bo’ladi, ammo ularga odob-axloq o’rgatish otalari vazifasidir, der edilar” (92-hadis)»2.
Har bir kishining ota-onasiga yaxshilik qilganidek, bolalariga ham yaxshilik qilishi shartligi, zero, inson bo’ynida ota-onaning haqqi bo’lganidek, bolaning ham haqqi borligi xususidagi g’oyalar qur’oni Karimda ham, Hadisi SHarifda ham uqtiriladi.
Hadislarda kishilarning bir-biri bilan do’st, tinch-totuv yashashlari, o’zaro muruvvatli, mehr-shafqatli bo’lishlari kerakligi haqidagi g’oya ham ilgari suriladi. Bu g’oya opa-singil, aka-uka, qarindosh hamda qo’shnilar o’rtasida tashkil etiladigan muomala va munosabatlar mazmunining ochib berishga yo’naltirilgan hadislar mohiyatida aks etadi. Ma’naviy-axloqiy xislatlarga ega bo’lgan inson ota-ona, opa-singil, aka-uka va qo’shnilarga yaxshilik qiladi, bu yaxshilik ular o’rtasidagi totuvlikni keltirib chiqaradiki, pirovardida jamiyat taraqqiy etadi, tinchlik barqaror bo’ladi, aholi farovon hayot kechiradi.
Har bir inson qilgan ezgu amallari va odob-axloqi bilan yaxshi nom qoldiradi. Mazkur holat hadislar mazmunida shunday talqin etiladi: «Mo’’min kishiga vafotidan keyin savobi tegib yetib turadigan amali solihlar quyidagilardir:
1. Tarqatgan ilmi.
2. Qoldirgan solih farzandi.
3. Meros qoldirgan qur’oni.
4. Qurgan masjidi.
5. Yo’lovchilar uchun qurgan mehmonxonasi.
6. Qazigan arig’i.
7. Tirikligida va sog’lomligida sadaqa - ehson uchun ajratgan moli”1.
Haqiqatdan ham inson hayotdan o’tadi, lekin u ilm-ma’rifat, ziyo tarqatishda, xalq farovonligi yo’lida qilgan ishlari bilan xalq orasida abadiy qoladi. Ana shunday xislatlardan eng muhimi saxovatdir.
Bir qator hadislar mazmunan insonning saxovatli bo’lishga undaydi. Saxovatli inson jamiyat taraqqiyotiga ham katta hissa qo’shadi, uning ravnaqi yo’lida mehnat qiladi, atrofdagilarni o’zi ega bo’lgan ne’matlardan bahramand etadi.
Hadislarda kishilar ana shu xislatga egaliklariga ko’ra quyidagi to’rt guruhga bo’linadilar:
1. Alloh taolo bir bandaga mol bergan va ilm bergan. U bandaga berilgan mol va ilmning tasarrufida taqvo qiladi va silai rahm qiladi. Ilmi va molidan Alloq uchun xaq ajratadi. Bu eng afzal o’rin.
2. Bir banda bor. Alloh unga ilm bergan, lekin mol bermagan. Lekin uning niyati to’g’ri: agar Alloh menga mol bersaydi falonchiga o’xshab sarf qilardim. U shu niyatiga qarab teng ajr oladi.
3. Bir banda bor. Alloh unga mol bergan, ilm bermagan Mol tasarrufida Allohdan qo’rqmaydi. Molidan qarindoshlariga bermaydi. Bu esa eng yomon o’rindir.
4. Bir banda bor. Alloh unga mol ham, ilm ham bermagan. U aytadiki, agar Alloh menga ham bergandaydi falonchiga o’xshash ish qilardim. U shu niyati bilan o’sha kishiga barobar hisoblanadi (savob va gunohda)1.
Hadislarda insoniy xislatlardan ezgulik, iffat, sabr-qanoat, shukronalik kabilar ulug’lansa, isrofgarchilik, ta’magirlik, ochko’zlik. nafsu havo hamda shahvoniy hissiyotlarga berilish, baxillik, johillik kabi illatlar qoralanadi. Aksariyat hadislar mazmunini yoritishda «yaxshi siyrat» va «iqtisod» tushunchalari qo’llaniladi, chunonchi, «YAxshi siyrat, chiroyli hay’at va har bir ishda iqtisodchilik yetmish xislatdan bir bo’lagidir» (468-hadis)2. «YAxshi siyrat» tushunchasi yaxshi muomala, go’zal odob-axloq, ibratli hayot, shuningdek, chiroyli hayot-tashqi ko’rinish ma’nosini anglatsa, «iqtisod» tushunchasi har bir xatti-harakatni tashkil etishda ma’lum me’yorga amal qilish maqsadga muvofiq ekanligini nazarda tutadi. Ushbu g’oya quyidagi hadisda ham o’z ifodasini topgan: “Sizlarning uchta ishingiz uchun Olloh Taolo rozi va uchta ishingiz uchun g’azablik bo’ladi: birinchisi, ibodatni Ollohning o’zigagina qilib, ibodatda boshqa narsalarni unga sherik qilmasliklaringizga; ikkinchisi, Olloh Taoloning dini va qur’oniga e’tiqod qilmog’ingizga; uchinchisi, Olloh Taolo sizga boshliq qilib qo’ygan kishiga xayrixoh bo’lmog’ingizga rozi bo’lsa, bo’lar-bo’lmas gapni naql qilishib yurmog’ingizga, ko’p surishtiraverishlik yoki so’rashlik (gadoylik qilish) va molni noo’rin yerlarga sarf qilib zoye qilmog’ingizga g’azablanadi” deganlarini isbotlaydi” (206-bob, 242-hadis).
SHu bilan birga, hadislarda yana kishilarni baxillik va mol-mulkka hirs qo’yishdan saqlanish kerakligi, shuningdek, kelajakka nisbatan ishonch bilan yashash xususidagi fikrlar ham o’rin olgan. CHunonchi, “Birortangiz ekish uchun qo’lingizda biror ko’chatni ushlab turgan vaqtingizda qiyomat qoyim bo’lib qolsa-yu, qoyim bo’lishidan ilgariroq uni ekib olishga ko’zingiz yetsa, albatta ekib qo’ying”, - degan fikrlar hayotga bo’lgan umid, kelajakka bo’lgan ishonchning yorqin ifodasidir.
Xulq-odob haqidagi hadislardan ezgu insoniy xislatlar ulug’lanib, gunoh sanalgan illatlar qoraladi.
Bundan tashqari, sha’riy udum va urf-odatlarga amal qilish, ularni o’tkazishga oid xulq-odob qoidalari ham bayon etiladi. Turli marosimlarning o’tkazish tartibi, safar qoidalari, salomatlikni saqlash, salomlashish, muomala madaniyati, bemor kishi holini so’rash odobi, kiyinish qoidalari, yemoq-ichmoq, so’zlashish odobi va hokazolar haqida turli tavsiyalar beriladiki, ular bevosita keyingi davrlarda yaratilgan odob-axloq qoidalari borasidagi risolalarning mazmunini yoritishda asos bo’lib xizmat qiladi.
Hadislarda jamiyat ravnaqi, insoniyat taraqqiyotining ta’minlanishiga ta’sir etuvchi muammolarga ham jiddiy e’tibor berilgan. Ularning orasida ekologik muammolarga alohida o’rin ajratilgan bo’lib, necha asrlardan buyon o’z dolzarbligini yo’qotmagan. Ana shunday muammolar mohiyatini o’z mazmunida aks ettirgan hadislarda ekin hamda ko’chatlarni o’tkazish, ularni himoya etish, ariq-zovurlar qazish va ularni vaqti-vaqti bilan tozalab turish, suv chiqarish kabi ezgu ishlarni amalga oshirishga undovchi g’oyalar mujassamlangan. Masalan, tirik jonivorlarni o’ldirmaslik (shariatdan o’ldirishga buyurilgan ilon va chayondan bo’lak), jonivorlarga g’amxo’rlik qilish, ularga ozor bermaslik, inson yashaydigan joyni unga ozor beradigan narsalardan tozalash (227 va 446-hadislar), kishilarga soya beruvchi daraxtlarni kesmaslik, hovli sahnlarini toza tutish haqidagi hadislar1 shular jumlasidan.
Hadislarda yomon ishlar, yomon illatlar, yomon hatti-harakatlar “gunoh” sifatida qoralansa, inson farovonligi, jamiyat ravnaqi uchun qilinadigan yaxshi, ezgu hatti-harakatlar, faoliyat “savob” tarzida olqishlanadi.
SHunga ko’ra, yetim molini yeyish, mol-dunyoga hirs qo’yish, yolg’onchilik, g’iybatchilik, tuhmat, zino, ichkilikbozlik, giyohvandlik, foydasiz gapni ko’p gapirish va boshqa illatlar gunoh hisoblanasa, ota-ona, keksalar, zaiflar va muhtojlarga g’amxo’rlik qilish, ularni yo’qlab turish, marhumlarni yaxshi so’zlar bilan xotirlash, birov ularning ustidan kulmasligini ta’minlash, omonatga xiyonat qilmaslik kabilar savob sanalishi alohida ta’kidlanadi.
Ma’lumki, inson kamoloti bevosita uning salomatligi bilan bog’liqdir. Zero, sog’lom insongina ham oila, ham jamiyatning ravnaq topishi yo’lida faoliyat ko’rsatuvchi kishilar bo’lib yetishadi. Hadislar, umuman, Islom ta’limotida tozalik va poklik, shu jumladan, ruhiy va jismoniy poklikka katta e’tibor beriladi. “Haq taolo o’zi pok, poklikni yaxshi ko’radi. o’zi toza, tozalikni yaxshi ko’radi. o’zi oliyhimmatdir, oliyhimmatlikni yaxshi ko’radi. O’zi ochiqko’ngil, ochiqko’ngillikni yaxshi ko’radi. Eshiklarning oldini pokiza tutinglar” (190-hadis).
Hadislarda inson erki, ozodligi va unga dahl qilmaslik masalalarining yoritilishiga ham katta ahamiyat berilgan.
Islom ta’limotida har tomonlama yetuk bo’lishi uchun insonning erkin bo’lishi kerakligi borasidagi fikrlar qur’oni Karimda ham, Hadisu SHarifda ham birdek e’tirof etilgan. Xususan: “Olloh taologa farzlardan so’ng amali solihlarning eng sevimlisi musulmon kishining diliga xursandchilik solishdir” (33-hadis); “Olloh o’zi kechirguvchi zot, kechirguvchini yaxshi ko’radi” (191-hadis); “Olloh taolo zulm qilmagan qozi bilan birgadir. Agar qozi jabr qilsa, Olloh undan uzoqlashadi va shayton unga yaqinlashadi” (194-hadis) kabi hadislar6 buning yaqqol dalilidir. CHunki inson qanchalik qadrlansa, barcha ezgulik va yaxshiliklar, insonga yo’naltirilgan bo’lsa, uning manfaati uchun xizmat qilsa, inson ham shunga ko’ra kamol topaveradi, yuksaklikka ko’tariladi, o’z navbatida bunday insonlar yashaydigan jamiyat ham rivojlanaveradi.
Demak, Hadislar Muhammad payg’ambarimizning sunnatlari bo’lib, mazmunan har bir mo’minning ishonchi, e’tiqodini mustahkamlaydi, shu bilan insonni ma’naviy kamolotga yetaklaydi. «Islom dini ma’rifatga asoslangani uchun ham har bir shaxsni aqliy, jismoniy jihatdan kamolga yetkazishga oid e’tiqod va iymondan iborat bo’lib, faqat ezgulikka xizmat qilish, oliyjanob bo’lish, pokiza yurish, bir burda luqmani halol qilib yeyish, jaholat va jaholatparastlikka yo’l qo’ymaslik, o’z birodarining, qarindosh-urug’larining, millatining va vatanining qadriyatlarini asrashdan iboratdir»7. SHunday ekan, hadislar komil insonni shakllantirishda muhim manba bo’lib xizmat qiladi va undan yoshlar tarbiyasida foydalanish shu kunning dolzarb muammolaridan sanaladi.


  1. Imom Al-Buxoriy ilmiy mеrosining hadisshunoslikda tutgan oʻrni

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy zehni oʻtkir, xotirasi kuchli, juda uquvli, tez yodlab olishi bilan birgalikda zakovatli, fatonatli, iqtidorli, keng tafakkurli va istagan narsasini juda tez esga olib takrorlashi bilan tengdoshlari orasida oʻxshashi yoʻq edi. U 10 yoshidanoq hadis tinglashni boshlaydi va 15 yoshigacha 70 mingga yaqin hadisni yod oladi. U oʻzi haqida shunday deydi: “Men boshlangʻich maktabda oʻqib yurgan kezlarimdayoq hadis yodlash menga ilhom qilindi”. Eng avvalo, u Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiʼ ibn al-Jarrohning hadis toʻplamlarini toʻliq yod oladi. Muhammad ilm talab qilish va hadis oʻrganishga shu darajada kirishib ketdiki, u bamisoli bu ish uchun yaratilgandek edi. Talabalik davrida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bilimi va maʼlumoti chuqur ekanligiga dalil boʻladigan koʻpgina voqea va hodisalar boʻlib oʻtgan. U yodlab olishi uchun bir marta koʻrishi yoki eshitishi yetarli edi. Bir marotabasida, ustozi imtihon qilganda 15 000 ga yaqin hadisni yoddan aytib beradi. Muhimi shundaki, u bu hadislarni yozib bormagan edi. U barcha oʻtilgan hadislarni birma-bir aytib berganda qolgan tengdoshlari yozgan daftarlaridagi xatolarini toʻgʻrilab olishadi.


Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy Buxoroda Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Jaʼfar ibn al-Yamon al-Juʼfiy al-Musnadiy, Muhammad ibn Salom al-Biykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Biykandiy va bir qator olimlar jamoasidan taʼlim oladi va ilmini yanada mustahkamlaydi. Lekin ular katta ustozlari emaslar.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 16 yoshida onasi va birodari Ahmad bilan birgalikda haj ziyoratiga borish chogʻida islom oʻlkalaridagi ilm markazlariga sayohat qiladi. Onasi va birodari Buxoroga qaytayotganlarida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ilm oʻrganish istagi bilan Makkada qoladi. U Hijozda olti yil istiqomat qiladi va u yerda hadis ilmi bilan yanada mukammal shugʻullanadi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 18 yoshida “Kitob qazoyas sahoba vat tobeʼin” va “at-Tarix al-kabir” nomli asarlarini yozadi.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy juda koʻp ilmiy sayohatlar uyushtirgan. U Balxda – Makkiy ibn Ibrohimdan hadis tinglaydi. U Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning katta ustozlaridan birinchisi hisoblanadi. Marvda – Abdon ibn Usmon, Ali ibn al-Hasan ibn Shaqiq va Sadaqa ibn al-Fazldan, Nishopurda – Yahyo ibn Yahyodan, Rayda – Ibrohim ibn Musodan, Bagʻdodda – Muhammad ibn Iso ibn al-Tobbaʼ, Surayj ibn an-Nuʼmon, Muhammad ibn Sobiq va Affondan, Basrada – Abu Osim an-Nubayl, al-Ansoriy, Abdurrahmon ibn Hammod ash-Shuʼusiy, Muhammad ibn Arʼara, Hajjoj ibn Minhol, Badl ibn Muhabbir va Abdulloh ibn Rajoadan, Kufada – Abdulloh ibn Muso, Abu Nuʼaym, Xolid ibn Maxlad, Tolq ibn Gʻannom va Xolid ibn Yazid al-Muqriydan, Makkada – Abu Abdurrahmon al-Mukriy, Xallod ibn Yahyo, Hasson ibn Hasson al-Basriy, Abul Valid Ahmad ibn Muhammad al-Avzoʼiy va al-Humaydiydan, Madinada – Abdulaziz al-Uvaysiy, Ayyub ibn Sulaymon ibn Bilol va Ismoil ibn Abu Uvaysdan, Misrda – Saʼid ibn Abu Maryam, Ahmad ibn Ishkob, Abdulloh ibn Yusuf va Asbagʻadan, Shomda – Abul Yaman, Odam ibn Abu Iyos, Ali ibn Ayyosh, Bashr ibn Shuaʼyb, Abul Mugʻiyra Abdulquddus, Ahmad ibn Xolid al-Vahbiy, Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiy, Abu Musʼhir va yana juda koʻpgina ilm ahlidan hadis tinglagan va taʼlim olgan.
Zahabiyning taʼkidlashicha, “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tahsilini tamomlab kitob yozishga va hadis rivoyat qilishga boshlagan paytida hali yuzida bir tuk chiqmagan oʻspirin edi”[1]. Faqat kitob yozishga kirishishi hadis talabini soʻngiga yetganini bildirmaydi. “Kishi oʻzidan katta boʻlganlardan, tengdoshlaridan va oʻzidan kichik boʻlganlardan ilm olmaguncha kamolga erishmaydi”, degan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 1080 ta kishidan hadis tinglab, ilm oʻrgangan[2].
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy mashgʻul boʻlib faoliyat olib borgan ilmlarni quyidagicha tartiblash mumkin:

  1. Hadis ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hadislarni yod olish bilan birgalikda ularning isnodlarini va uni xilma-xil yoʻllarini mukammal oʻrgangan ushbu sohada tengsiz edi. Uning bu ilmning eng choʻqqisiga chiqqanligini tasdiqlovchi juda koʻp hayotiy misollar mavjud. Jumladan, Yusuf ibn Muso al-Marvarruziy deydi: «Men Basra masjidida edim. Muazzin baland ovozda: “Ey ilm ahli! Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tashrif buyurdi”, dedi. Shunda biz unga qarab yuzlandik. Biz soqollari qop-qora yosh yigitni koʻrdik. U ustun orqasida namozni ado qildi. Namozdan soʻng odamlar uni oʻrab olib, ularga hadis aytib yozdirishni soʻradilar. U bunga rozilik bildirdi. Muazzin ikkinchi marta masjidda baland ovozda: «Ey ilm ahli! Barchangizga maʼlum boʻlsinki, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bizlarga hadis aytib, yozdirishga rozilik bildirdi. Allohning izni bilan ertaga shu yerda yigʻilamiz”, dedi. Ertasi kuni muhaddislar, hofizlar, faqihlar, usul olimlar qisqasi Basra shahrining barcha olimlari va fozillari birma-bir yigʻilib 1000 ga yaqin odam toʻplandi. Abu Abdulloh hadis soʻzlash uchun kelib oʻtirdi. U yozdirishni boshlashdan oldin shunday dedi: “Ey ahli Basra! Men bir yigit boʻlsam ham mendan sizlarga hadis aytib berishimni soʻradingiz. Men foydali boʻlishi uchun sizlarga maʼlum boʻlmagan shahringizdan boʻlgan roviylar rivoyatidan aytib beraman”. Shunda odamlar uning soʻzidan ajablandi. U hadis aytib bera boshladi. Aytgan hadislari biz bilmagan shahrimizdan boʻlgan roviylar rivoyatlari edi.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men mingdan ortiq hadis ulamosidan hadis tingladim. Ularni har biridan oʻn mingta yoki oʻn mingdan ortiq hadis oʻrgandim. Men bilgan hadislarni barchasini isnodi bilan bilaman”.
Abul Azhar dedi: “Samarqandda 400 ta hadis toliblari 7 kun davomida toʻplanib, Muhammad ibn Ismoilni xatoga tushirmoqchi boʻladilar. Ular Shom isnodini Iroq isnodiga, Yaman isnodini Haromayn(Makka va Madina) isnodiga aralashtirib, matnlarni ham chalkashtirib yuboradilar. Muhammad ibn Ismoil barcha hadislarni isnodlari bilan joy-joyiga qoʻyib aytib beradi”.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men hadis isnodidagi barcha roviylarni tugʻilgan va vafot etgan yili, yashab istiqomat qilgan joylarini bilmaguncha qabul qilmadim. Sahoba va tobeʼinlardan (mavquf)hadislarni Qurʼon va Rasululloh (s.a.v.) hadislarida asli boʻlmasa rivoyat qilmadim. Men 100 000 ta “sahih”(toʻgʻri) va 200 000 ta “gʻayri sahih”(notoʻgʻri) hadisni isnodlari bilan yod olganman”.

  1. Tafsir ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy buyuk muhaddis olim boʻlish bilan birgalikda Qurʼon oyatlari nimaga dalolat qilishini juda yaxshi bilar edi. U Qurʼon va hadisdan sharʼiy masala boʻyicha hukm chiqara olish qudratiga ega edi. Uning “sahih”idagi tafsir kitobini va “at-Tafsir al-kabir” asari bu sohada ham tengsiz ekanligiga yorqin misol boʻladi.

  1. Fiqh ilmi. Hadislardan hukm olishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligini aʼlo darajada oʻrgangan Imom al-Buxoriy hadis ilmi bilan shugʻullanish bilan birgalikda fiqh ilmi bilan ham mashgʻul boʻlgan. U yoshligidan boshlab “ahli ray” mazhabini juda yaxshi oʻrgandi. U sahobalarni soʻzlari va tobeʼinlarni fatvolarini yaxshi oʻrgandi. U hatto 18 yoshida ularga bagʻishlab bir mustaqil asar yozdi. Uni buyuk faqih va tengsiz mujtahid ekanligini juda koʻp ustozlari taʼkidlaganlar:

    1. Nuaʼym ibn Hammod al-Xazzoiʼy: Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir, dedi;

    2. Muhammad ibn Bashshor(Bundor) dedi: Muhammad ibn Ismoil zamonamizning eng faqihidir. U Basraga kelganda esa, bugun faqihlar sayyidi tashrif buyurdi, degan;

    3. Abu Musʼab az-Zuhriy dedi: Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ichimizda eng faqihimizdir. U hadisda hatto Ahmad ibn Hanbaldan ham bilimdon va mohirdir. Shunda yonidagilardan biri, juda oshirib yubordingku, dedi. U dedi: agar sen Molik ibn Anas bilan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyni bir oraga keltirib qiyoslab koʻrsang, ularni hadis va fiqhda teng ekanliklarini koʻrasan. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyni faqihligiga va Molik ibn Anas bilan bir darajada ekanligiga yorqin dalil sifatida ustozi Isʼhoq ibn Rohvayh xuzurida fatvo berishidir. U dedi: “Men Isʼhoq ibn Rohvayh xuzurida oʻtirgan edim. Bir kishi kelib, bilmasdan taloq qilish toʻgʻrisida savol soʻradi. Ustozim oʻyga choʻmib, uzoq sukut saqladi. Shunda men dedim, paygʻambar (s.a.v.) shunday deganlar: “Alloh ummatimni bilmasdan qilgan amalini va aytgan soʻzlarini kechirdi”. Bu hadisdan koʻrinib turibdiki, insonni qalbi va amali yoki qalbi va soʻzi bir boʻlishi lozim. bilmasdan taloq qilgan odam esa, qalbi bilan ishonmagan. Ustozim Isʼhoq: “Sen meni quvvatlading, Alloh seni quvvatlasin” dedi va bu bilan fatvo berdi”.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “sahih”ini boblarini tartibga solishga fiqhiy gʻoya asos qilib olingan. U buni shu darajada noziklik va latiflik bilan amalga oshirganki, koʻpchilik osonlikcha tushunib olmaydi. Tushunish uchun chuqur bilim va maʼrifatga ega boʻlish talab qilinadi. “Sahih”i va boshqa asarlariga qarab shularni aytish mumkinki, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hech kimga taqlid qilmagan. Misol sifatida baʼzilarini koʻrib chiqsak:

  • Har namozxon har bir rakatda fotiha surasini qiroat qilishi vojib. Imomga ham, ergashganga ham yoki yolgʻiz oʻquvchiga ham, ovoz chiqarib oʻqisa ham, ichida oʻqisa ham baribir;

  • Rukuʼga yetishmagan rakatni qochirgan boʻladi;

  • Qunut duosi oʻqishlik rukuʼdan oldin va keyin ham joiz;

  • Ayollar erkak kasallarni koʻrishga borishligi joiz;

  • Ahli fasodni gʻiybat qilish joiz;

  • Ayol kishi kelin boʻlsa ham erkak kishilarga xizmat qilishi joiz;

  • Hokim haromni halol va halolni harom qila olmaydi;

  • Imom orqasida qiroat qilish;

  • Namozda qoʻl koʻtarish.

Yuqoridagi misollar yetarli boʻladi deb, oʻylaymiz.

  1. Tarix va siyar ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilm sohasida tengsiz edi. U hadis rivoyatidagi roviylar silsilasini har tomonlama mukammal oʻrgangan edi. U hadisni “sahih”ligini belgilovchi eng muhim jihat bu roviyning ahvolidir, degan. Uning eng birinchi yozgan asari “at-Tarix al-kabir” hisoblanadi.

  1. Jarh va taʼdil ilmi. Hadis ilmining muhim bir sohasi boʻlmish “aj-Jarh vat taʼdil” ilmiga oid fikrlar sahobalar davrida bildirilgan. Lekin, bu soha boʻyicha yozilgan eng qiymatli asarlar Imom al-Buxoriy davriga toʻgʻri keladi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilmda tengsiz hisoblanardi. Chunki, u sahoba davridan boshlab, oʻzini davrigacha boʻlgan barcha isnodlarni juda mukammal va aʼlo darajada oʻrganib, ishonchli va mohirini muttaham va yolgʻonchidan ajratgan. U roviylarni jarohatlashda yoki adolatli deyishda dalil boʻlgan. Lekin roviylarni jarohatlashda ehtiyotkor boʻlgan. Chunki, gʻiybatga kirib qolishdan xavfsiragan. Bu uni taqvosi va zohidligidandir. U shunday der edi: “Men biror kimsani gʻiybat qilmasdan Alloh bilan koʻrishishni istayman”. U dedi: “Oxiratda menga hech kim xusumat qilmaydi. Chunki, men birovlarni gʻiybat qilishdan qochdim”.

Baʼzilar unga sen “tarix” kitoblaringda odamlarni gʻiybat qilgansan, deb malomat qilganlar. Shunda, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ularga paygʻambar (s.a.v.)ning bu qanday yaramas odam, degan soʻzlarini keltiradi. Paygʻambar (s.a.v.) manfaat yoʻlida ruxsat bergan, deb javob bergan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy.
Roviy kishilar toʻgʻrisidagi bilim va maʼlumot jihatidan tengsiz boʻlishiga qaramay jarohatlagan(zaifligini aytgan) roviy haqida ham izzatiga tegadigan soʻzlarni ishlatmas edi. Yolgʻonchiligi maʼlum boʻlgan odam haqida soʻz yuritganda “fihi nazar” – bunda ixtilof bor, “sakatu anhu” – siqaligi haqida olimlar biror narsa demaganlar, “taraku hu” – uni rivoyatini tark qilganlar, degan. Uni bir odam haqida eng ogʻir soʻzlari “munkarul hadis” – hadisi olinmaydi, degan. “Kazzob” – yolgʻonchi, “vaddoʼ” – hadis toʻquvchi kabi soʻzlari juda kam uchraydi.
Uni jarh va taʼdil ilmi boʻyicha yozgan asarlari oʻz sohasida mislsiz hisoblanadi. Uning asarlari undan keyingi Abu Hotim va Ibn Hibbon kabi olimlar uchun ilmiy metod sifatida qoʻllanma vazifasini bajargan.

  1. Hadis illati ilmi. Bu ilm maxfiyligi uchun hadis ilmining eng nozik va eng qiyin sohasi hisoblanadi. Muhammad bu ilmda bamisoli hilpirab turgan bayroq kabidir. Uning bu ilmdan xabardorligi va bilimdonligiga yorqin misol Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “sahih” asaridir. Bu ilmdan bexabar boʻlgan muhaddis qancha hadis yod olmasin “sahih” hadisni boshqasidan ajratib mustaqil bir asarda jamlay olmaydi.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men “sahih”ni saqim(notoʻgʻri)dan ajratib olmaguncha, hadis yozishga kirishmadim”.
U bu ilmda maʼrifatli olimlarning birinchilaridan boʻlib, u Ahmad ibn Hanbal va Ali ibn al-Madaniydan keyin tabaqaning boshidir. Axir uning ustozi kimsan Ali ibn al-Madaniy bu ilmda unda tenglashadigan olim topilmaydi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ustozidan bu ilmni barcha nozik jihatlarigacha mukammal oʻrgangan. U shunday degan: “Men oʻzimni faqatgina Ali ibn Madaniy oldida yaxshi sezmayman. Undan boshqa barchani oldida oʻzimni yaxshi his qilaman”.
Abu Zurʼa ar-Roziy yosh yigitni oldiga oʻtirib olib, ushbu ilm boʻyicha taʼlim olar edi. Uning asarlaridan bu ilm mukammal va kamchiliksiz yoritilib berilgan. Bu ilm sohasi boʻyicha uning izidan shogirdi at-Termiziy yurib faoliyat olib borgan.

  1. Lugʻat ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilmdan boʻyicha ham benasib qolmagan. Bu ilm ayniqsa, faqihning asosiy qurolidir. “Sahih”ni koʻp yerida kelgan gʻarib narsalarni tushuntirib izohlash uchun qoʻllaganini koʻrishimiz mumkin.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hadis ilmi boʻyicha tengsiz olim boʻlishi bilan birga uni taʼlim berishda ham mislsiz edi. U juda koʻp buyuk olimlarga ustozlik qilgan. Ular Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy izidan borib, u ochgan yoʻldan yurganlar. Ular haqida tushuncha hosil qilish uchun baʼzilarini keltirib oʻtamiz:

  1. Abul Husayn Muslim ibn al-Hajjoj an-Naysaburiy(204-261). U “sahih” asarining muallifi. Doruqutniy shunday degan: “Agar Buxoriy boʻlmaganda, Muslim kabi olim boʻlmas edi”.

  2. Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy(210-279). U “sunan” asarining muallifi.

  3. Solih ibn Muhammad(205-293).

  4. Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma(223-311). U “sahih” asarining muallifi.

  5. Abul Fazl Ahmad ibn Salama an-Naysaburiy(…-286). U Muslimning doʻsti boʻlgan.

  6. Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy(202-294).

Bundan tashqari hadis ahlidan boʻlgan buyuk faqihlarga ham ustozlik qilgan:

  1. Abu Bakr ibn Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ashaʼs(203-316).

  1. Hofiz Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulaziz al-Bagʻaviy(214-317).

  1. Hofiz Qozi Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ismoil al-Mahomiliy(235-330).

  1. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Muaqqal an-Nasafiy(…-295). U Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi.

  1. Abu Muhammad Hammod ibn Shokir an-Nasafiy(…-311). U ham Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi.

  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator al-Farobriy(231-320). U ham Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi. Odamlarga u orqali tarqalgan.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ilmiy majlislar va dars halqalarida hadislar aytib yozdirardi. Undan tashqari hadis ilmidan ham dars berardi. Shular bilan birgalikda, u keyingi avlodlar foydalanishlari uchun juda koʻp asarlar yozib qoldirgan. Uning ilmiy merosini ikki qismga boʻlish mumkin. Birinchisi bizlargacha yetib kelgan asarlari. Ikkinchisi haligacha topilmagan asarlari.
Birinchi qism asarlari:

  1. “Al-Jomeʼ as-sahih”. Bu kitob “Sahih al-Buxoriy” nomi bilan tanilgan.

  2. “At-Tarix al-kabir”. Bu kitob oʻz bobida va sohasida oʻxshashi yoʻq. Ushbu asarda sahobalar davridan boshlab oʻz zamonasigacha boʻlgan hadis rivoyat qilgan kishilar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, u hadis illati, jarh va taʼdil ilmi haqidagi turli maʼlumotlar oʻz ichiga oladi. Ushbu asar alloma Abdurrahmon al-Muallimiy tadqiqi ostida 1691 yilda Haydarobodda bosilgan.

  3. “At-Tarix al-avsat”. Bu kitob yillar boʻyicha tartibga keltirilgan. Bizgacha bir qismi qoʻlyozma holida yetib kelgan.

  4. “At-Tarix as-sagʻir”. Bu kitob yillar boʻyicha tartibga keltirilgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  5. “Kitobul kuna”. Bu kitob “at-Tarix al-kabir” bilan birga Haydarobodda bosilgan.

  6. “Az-Zuafo”. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning bu nom bilan ikkita kitobi boʻlgan biri “al-kabir” ikkinchisi “as-sagʻir”. Bizgacha “as-Sagʻir” kitobi yetib kelgan. Bu asar hadis rivoyat qilgan zaif kishilarga bagʻishlangan.

  7. “Al-Adab al-mufrad”. Bu kitob odob va axloqqa bagʻishlangan boʻlib, oʻz bobida juda nafisdir. Kitob yangi yoʻnalish asosida boblarga boʻlingan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  8. “Al-Qiroat xalfal imom”. Bu kitob juzul qiroat nomi bilan tanilgan. Bu kitobda imomga ergashgan kishini qiroat masalasi batafsil yoritilgan. Shuningdek, har rakatda namozxon qanday holda boʻlishidan qatʼiy nazar fotiha surasini qiroat qilishi vojib ekanligi masalasi ham har tomonlama oʻrganilgan. Yaʼni, namozxon kishi imom, imomga ergashuvchi, yolgʻiz ado qiluvchi namozni yashirinmi yoki ovoz chiqarib oʻqiydimi farqi yoʻq barcha holda fotiha surasini qiroat qilishlik vojibdir. Rakat boshqa rakatdan ajratib olinmaydi. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  9. “Rafʼul yadayn fi as-salot”. Bu kitob juzul rofʼul yadayni nomi tanilgan. Bu kitobda namozxon namozda takbir holida qoʻllarini koʻtarishlik masalasi batafsil yoritilgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  10. “Xalq afoʼlul ibod”. Bu kitob aqida va eʼtiqod masalasiga bagʻishlangan boʻlib, unda bandalarning feʼllari maxluq, yaʼni yaratilgandir. Allohning kalomi Qurʼoni karim maxluq emas, yaʼni yaratilgan emasdir. Bu kitobni yozilishiga asosiy sabab Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu masala boʻyicha tuhmatga qolgan va qiyinchiliklar boshiga kelgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

Foydalanilgan adabiyotlar.





  1. Oltin silsila: Sahihul Buhoriy - T.: Hilol Nashr, 2012.

  2. Hadis: Al-Jome’as-sahih (Ishonchli tòplam) Arabchadan A. Abdulloh tarjimasi. - T.: Qomuslar Bosh Tahririyati, 1992.

  3. Niyozov Ğ. Ahmedova M. Pedagogika tarixidan seminar mashg’ulotlari. - T.: Khaydarov S.A. (2019). Use of products of the fine arts in teaching history of Uzbekistan. International Journal of Research. 6(03).40-44

  4. Khaydarov S.A. (2020). Pedagogic and didactic possibilities of using miniature works in historical lessons. International Journal of Psychosocial Rehabilitation. (8). 1475-1792

  5. Khaydarov, S. A. (2021). The role of the use of fine arts in teaching the history of the country. International scientific and practical conference. CUTTING EDGE-SCIENCE. In Conference Proceedings (pp. 41-43).

  6. Davrenov, J., & Haydarov, S. (2021). TARIX FANINI O’RGANISHDA XVI-XVIII ASRLARDA YAPONIYA DAVLATI TARIXINI AHAMIYATI. Scientific progress, 1(6).

  7. Narmatov, D., & Haydarov, S. (2021). TARIX FANINI O’QITISHDA ISPANIYA XV-XVII ASRLARDAGI TARIXI. Scientific progress, 1(6).

  8. Elguzarov, B. B. O. G. L., & Haydarov, S. (2021). TARIX FANINI O’RGANISHDA MITANNI DAVLATCHILIGINING O’RNI VA AHAMIYATI. Scientific progress, 1(6), 616-619.

  9. Erkinov, A. S. O., & Haydarov, S. (2021). YUNON-BAQTRYA PODSHOLIGINING IJTIMOYI TUZIMI, XO’JALIGI VA MADANIYATI. Scientific progress, 1(6), 620-622.

Download 63.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling