Kiyim inson ziynati. U kishi ma’naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko‘zgusidir. U insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo‘lib xizmat qiladi


Download 32.49 Kb.
bet1/2
Sana18.11.2023
Hajmi32.49 Kb.
#1784862
  1   2
Bog'liq
kiyinish madaniyati


Kiyim – inson ziynati. U kishi ma’naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko‘zgusidir. U insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo‘lib xizmat qiladi.Insonning kiygan kiyimi atrofdagilarda u haqidagi ilk taassurotni paydo qiladi. Kiyinish madaniyati atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan munosabatimizni ifodalaydi. Libos kishining didi, dunyoqarashi hamda hulq-atvoridan darak beradi. Kiyim inson ma’naviy dunyosining bir qismi. Undagi har bir element aslida o‘zimiz to‘g‘rimizda so‘zlaydi. Xo‘sh, bugun ta’lim muassasalarida, ayniqsa, oliy ta’lim dargohlarida tahsil oluvchi yoshlarimiz kiyinish madaniyati qay darajada? Ma’lumki, ta’lim muassasalarida ham talabalar uchun namuna hisoblangan kiyimlar mavjud. Ana shu odobga rioya qilgan holda har bir talaba o‘z vazifasini bajarishi va mas’uliyatni his qilishi darkor. Har bir oliy ta’lim muassasasida kiyinish tartibi va madaniyati me’zonlari belgilangan. Kiyinish madaniyati – insonning tashqi qiyofasi, shuningdek, ma’naviy dunyosi, estetik didi, axloqiy sifatlari va aqliy salohiyatini ifoda etadigan tushuncha. Ko‘hna bitiklarda kiyim bilim, did, farosat, uyat kabi insoniy fazilatlar bilan bog‘liq holda talqin etilgan. Kiyim – inson madaniy darajasining asosiy belgilaridan biri. Kiyinish madaniyati insonning go‘zallik, nafosat, nazokat, odob borasidagi qarashlarini aks ettiradi. Shuning uchun ba’zi xalqlarda "Kiyimiga qarab kutib oladilar", degan naql bor. Kishining kiyinishiga qarab, uning nafaqat ma’naviy-madaniy darajasi, balki moddiy ahvoli, kasbi, mavqei, hatto e’tiqodini ham aniqlash mumkin. O‘tmishda ko‘pgina mamlakatlarda turli toifa va tabaqa vakillarining o‘ziga xos kiyinish usuli belgilab qo‘yilgan. Hayot sur’ati tezlashgan, o‘zaro muloqotga juda oz vaqt sarflanayotgan hozirgi zamonda kishi o‘zini, o‘z aqliy salohiyatini to‘liq namoyon etishga imkoniyati cheklangani tufayli ba’zan faqat kiyinish madaniyati orqali jamoatchilikda yaxshi taassurot qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kiyinish madaniyati bugungi kunda alohida ilmga aylangan. Amaliy kiyimshunoslikda imijni yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘rganiladi. Kiyimga nafaqat qulay, foydali jihatlari, balki o‘zgalar bilan muloqotda shaxsning o‘zligini namoyon etish nuqtai nazaridan ham yondashiladi. Imij bo‘yicha mutaxassislar atrofdagilarda yaxshi taassurot uyg‘otishning asosiy vositasi qatorida kiyinish madaniyatini tilga olishlari bejiz emas.
Kishi uchun eng yaxshi vizit kartochkasi – uning tashqi qiyofasi, ya’ni kiyimidir. Kiyim-boshning har bir unsuri atrofdagilarda ijobiy yoki salbiy taassurot uyg‘otishi mumkin. Madaniyatli, ma’naviyatli inson muloqot chog‘ida kiyinish odobiga ham rioya etadi. Kishining qiyofasi, kiyimboshi u haqda faqat yaxshi taassurot qoldirishi kerak. Kiyim odamning kayfiyati va ruhiy holatiga ta’sir etib, uning xatti-harakati, fe’l-atvorini ham o‘zgartirishga qodir. Kiyinish madaniyatiga e’tiborsizlik, noto‘g‘ri tanlangan, tashqi ko‘rinishga mos kelmagan ust-bosh kishini noqulay ahvolga solish bilan birga, o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni ham keltirib chiqarishi mumkin. Kiyinish madaniyatiga rioya etgan kishi o‘zligini anglagan odamdir. Kiyinish madaniyati "moda" tushunchasi bilan bog‘liq. Har bir davrning o‘z modasi bo‘ladi. Kishi modaga binoan kiyinar ekan, zamon va makonga, ya’ni o‘z davri va jamiyatda e’tirof etilgan urf-odat hamda qoidalarga mosligini namoyish etadi. Moda talablariga qarab kiyinishni aslo uning ketidan quvish, modaparastlikka berilish sifatida tushunmaslik kerak. Aks holda kishi yoshi, gavdasi, xarakteri yoki iqlim, yil fasli va borgan joyiga (teatr, to‘y, aza, majlis, xizmat joyi va hokazolar) mos bo‘lmagan ust-boshi bilan kulgili ahvolga tushishi mumkin.
Kiyinish madaniyati kishining didini bildiradi. Did kishining o‘ziga yarashadigan hamda o‘zi va o‘zgalarga yoqadigan kiyim tanlashda yaqqol ko‘rinadi. Chunki inson moda uchun yashamaydi, aksincha, moda inson uchun yaratiladi. Kishining didi kiyim-bosh uslubini tanlash qoidalarini qay darajada bilishiga bog‘liq. Birinchi qoida kimlar bilan muloqot qilishi va o‘zi haqida qanday taassurot uyg‘otmoqchi ekani bilan bog‘liq. Kiyinish madaniyati ham san’at, ma’lumki, har qanday odam o‘zini, o‘zligini namoyish etishga, odamlar qalbiga yo‘l topishga harakat qiladi. Masalan, rasmiy uchrashuv yoki muzokara paytida umume’tirof etilgan qoidalarga rioya etish lozim. Tantanabop kiyimni ishchan muloqot paytida kiyish kishining madaniyati haqida salbiy fikr uyg‘otishi mumkin. Xuddi shunday, "ko‘cha kiyimi"da teatrga borish ham noto‘g‘ri. Ikkinchi qoida: kiyimning maqsadga muvofiqligi. Kishi ko‘zlangan maqsadga yarasha kiyingan bo‘lishi lozim. Uchinchi qoida: tanlangan kiyim-bosh odamning haqiqiy qiyofasiga, ma’naviy dunyosiga mos bo‘lishi kerak. Buning uchun inson o‘ziga to‘g‘ri, xolisona baho bera olishi kerak. Fransuz yozuvchisi Onore de Balzak bu borada quyidagilarni yozgan: "Ziqna boy bo‘lib ham, isrofgar kambag‘al bo‘lib ko‘rinish ham bir xilda yomon... O‘ta shuhratparast bo‘lasizmi yoki o‘ta kamtar, siz birlik qonunini buzasiz, buning oqibatida esa, sizning imkoniyatlaringiz bilan tashqi qiyofangiz o‘rtasidagi muvozanat buziladi". Xullas, kiyinish madaniyati insonning ma’naviy dunyosi va haqiqiy qadr-qimmati uning modaga mos va qimmatbaho kiyinishida emas, avvalo, orasta, toza, tartibli, o‘ziga yarashadigan kiyinishida namoyon bo‘ladi.
Har bir xalqning o‘ziga xos o‘lmas an’analari, qadriyatlari bor. Asrlar davomida ajdodlarimizdan avlodlarga meros sifatida yetib kelgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, an’analarimiz ham milliyligimiz ramzi bo‘lib, katta qadr, umrboqiylikka ega. Shu o‘rinda kiyinish madaniyati ham yillar davomida shakllanib, o‘z komillik darajasiga yetishdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bilan birga savol tug‘iladi: Haqiqatdan ham kiyinish madaniyatimiz milliy qadriyatlarimiz talablariga javob beradimi? Oddiy fuqarolar bilan davlat organlari xodimlarining kiyinish madaniyati bir biridan farq qiladimi?
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy talablaridan biri – fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘la himoya qilish va bu jarayonda davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek fuqarolarning chambarchas faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash hisoblanadi. Zero, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarimizning zamirida qonunchilik va davlat organlari faoliyatini takomillashtirish orqali aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadi yotadi.
Bu jarayonda kiyinish madaniyati ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim omillardan biri sifatida xizmat qiladi. Milliy qonunchiligimizni o‘rganish natijasida davlat organlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning tashqi ko‘rinishiga ma’lum bir talablarning qo‘yilmaganligi xodimlarning turli-tuman kiyinishi, ayrim hollarda “davlat xizmatchisi” degan maqomga, milliy madaniyatimiz va urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan kiyinishlarga olib kelayotgani kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida davlat organlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning tartib intizomiga hamda
ish samaradorligiga salbiy ta’sir etib, buning natijasida davlat idorasida kiyinish me’yorlariga rioya qilmayotgan xodimlarning xatti-harakatlari boshqa xodimlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganligiga sabab bo‘lmoqda.
Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida davlat organlarida faoliyat yurituvchi xodimlarining kiyinish etikasi qoidalarini joriy qilish zarur deb hisoblaymiz.
Mazkur muammoning yechimini topish maqsadida, davlat idoralarida faoliyat yurituvchi xodimlarning kiyinish madaniyati yuzasidan xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda, uning natijasiga ko‘ra xodimlarning tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablar vazirliklarda ichki buyruqlar bilan tasdiqlangan, ba’zi davlatlarda esa hukumat qarori bilan tartibga solinganligi namoyon bo‘lgan.
Kiyinish etikasi qoidalarining asosiy maqsadi – davlat organlari xodimlarining kiyinish madaniyati, tashqi ko‘rinishi, yurish-turishini odob-axloq qonun-qoidalariga mos keltirish orqali fuqarolarning davlat idorasiga bo‘lgan hurmat va ishonchini va ish samaradorligini oshirishdan iborat bo‘lishi zarur.
Mas’ul xodim birinchi navbatda, davlat hokimiyati idorasining obro‘sini saqlashi, shu idora manfaatlari uchun qayg‘urishi lozim.
Bunday lavozimda faoliyat ko‘rsatadigan xodimlarning tashqi ko‘rinishiga quyidagi asosiy talablarning qo‘yilishi maqsadga muvofiq:
- kiyinish uslubi odmi hamda ish uslubiga monand bo‘lishi zarur;
- kiyim toza, dazmollangan, atrofdagilarni o‘ziga jalb kiladigan turli xildagi bezaklarsiz bo‘lishi lozim;
- tanlangan poyafzal xodimning kiyimiga mos bo‘lishi kerak.
Davlat idoralarida ishlaydigan erkak xodimlarning tashqi ko‘rinishiga quyidagi talablarning qo‘yilishi lozim:
- keng sviterlar, guldor va rang-barang ko‘ylaklar, futbolkalar, sport uslubidagi kiyimlar va poyafzallar, jinsi matosidan tikilgan shimlar, shortalar, diniy ibodat libosi kiyish, shuningdek soqolni o‘stirgan holda ishga kelish mumkin emas;
- kostyum rangi yorqin bo‘lmasligi va asosan to‘q ranglarda bo‘lishi tavsiya etiladi;
- shimlarning klassik uzunligi poyafzalni old va orqa qismini yarmini yopib turishi lozim. Shimlar tor bo‘lmasligi, xamda chizig‘i shimning o‘rta qismidan kesib o‘tishi kerak;
- xodimlarning soch turmagi tartibli, o‘rta uzunlikda va taralgan bo‘lmog‘i lozim.
Etika qoidalariga ko‘ra erkak kishi har doim pidjak kiyib yurishi lozim (ob-havo issiq bo‘lgan xolatlar bundan mustasno bo‘lib, unda galstuksiz kalta yengli ko‘ylak kiyish mumkin).
Erkak xodimlarning oyoq kiyimi to‘q rangda bo‘lib, pidjak hamda shimning rangiga mos kelishi lozim. Qora rangdagi tufli xar qaysi kiyimga mos keladi.
Kiyimining standart jamlamasi klassik uslubdagi palto, kurtka, plash, kostyum, pidjak, pidjak rangiga mos keluvchi to‘q rangdagi shim, ko‘ylak, jilet, ko‘ylak va pidjak rangi hamda chiziqlariga mos keluvchi galstuk, bir xil rangdagi paypoq, tufli, klassik uslubdagi etikdan tashkil topishi lozim.
Davlat idoralarida ishlaydigan ayol xodimlarning tashqi ko‘rinishiga quyidagi talablar qo‘yilishi lozim:
- ob-havodan qat’iy nazar libos yengsiz, yelka qismini ochib turmasligi hamda tanani shaffof ko‘rsatib turuvchi yupqa matodan tikilgan bo‘lmasligi zarur (ko‘ylak yengining uzunligi kamida 10 sm bo‘lishi kerak);
- yubka tor, kalta va chuqur kesiqli bo‘lmasligi lozim (yubkaning klassik uzunligi oyokning tizza qismini o‘rtasigacha bo‘lishi kerak);
- jinsi matosidan va sport uslubida tikilgan kiyimlar, shortalar, tanaga yopishib turadigan shimlar kiyish mumkin emas;
- tanaga tor yopishib turadigan ko‘ylaklar, futbolkalar, yozgi maykalar (agar ustidan kostyum kiyilgan bo‘lmasa), old qismi chuqur o‘yilgan kofta va ko‘ylaklar, qorin qismini ochib turadigan koftalar, turli xil rangli, yozuvli, odamlar surati va hayvonlar rasmi tushirilgan matolardan tikilgan kiyimlar kiyish mumkin emas;
- sayohat hamda sport uslubidagi poyafzallar kiyish mumkin emas;
- diniy ibodat libosida ish joyiga kelish taqiqlanandi;
- katta hajmdagi, juda ko‘p va yorqin hamda shovqinli ovoz chiqaruvchi taqinchoqlar, o‘ta bachkana aksessuarlar, turli xil patlar, bantlarning ish kiyimlariga taqilishi tavsiya etilmaydi;
- davlat idoralarida ishlaydigan xotin-qizlarning bo‘yanishi o‘ta yorqin bo‘lmasligi, soch turmagi esa orasta bo‘lishi va boshqalarning e’tiborini tortmasligi lozim;
- turli xil o‘tkir hidli orastalovchi vositalardan ham me’yorida foydalanish zarur.
Shuningdek, ayollar tomonidan ishda kiyiladigan kiyimga quyidagi alohida ko‘rsatmalar tavsiya etiladi:
- mas’ul lavozimdagi ayol xodim kiyimining standart jamlamasi quyidagilardan tashkil topishi maqsadga muvofiq: klassik uslubdagi palto, kurtka, plash, kostyum, jaket, yubka va shimlar, bir xil rangdagi kofta va bluzkalar, 4-5 santimetr balandlikdagi tufli, klassik uslubdagi etik;
- zargarlik buyumlari va taqinchoqlar tanlangan libosga mos bo‘lishi lozim.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, yurtboshimiz ham “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida kiyinish madaniyati, xalqimiz ma’naviyatini kuchaytirish masalalariga to‘xtalib, shunday so‘zlarni ta’kidlagan edilar: “Hozirgi vaqtda dunyoda kuchayib borayotgan turli ma’naviy tahdidlarning oldini olish, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan farzandlarimizning ong-u tafakkurini himoya qilishda ilm-u fan va madaniyat jamoatchiligi, ijod ahlining o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Biz uchun axloqiy jihatdan noma’qul, milliy qadriyat va qarashlarimizga yot bo‘lgan, lekin hozirgi vaqtda hayotimizga kirib borayotgan mana shunday ko‘rinishlarni bamisoli yuqumli kasallik deb qabul qilishimiz lozim. Va ayni shu asosda bunday xurujlarni o‘ta xavfli holat ekanini anglashimiz zarur”.
Davlat organlarida faoliyat yurituvchi xar bir xodim avvalambor tashqi ko‘rinishi, kiyinishi, yurish-turishi bilan boshqalarga namuna bo‘lmog‘i, odob-axloq qonun-qoidalariga mos hatti-harakatlar qilishi, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan hurmat va ishonchini oshishiga xizmat qilishi zarur.
Mazkur qoidalarning tegishli tashkilotlarda joriy qilinishi kelajakda davlat idoralarida ish samaradorligini oshishiga, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlanishiga, va pirovardida mamlakatimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi deb o‘ylaymiz
Download 32.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling