Klassik geosiyosiy ta`limotlarning tashqi siyosatdagi ahamiyati
Download 39 Kb.
|
1351071827 21467
Klassik geosiyosiy ta`limotlarning tashqi siyosatdagi ahamiyatiSiyosiy fanlardagi yo`nalishlardan biri – geosiyosat xalqaro munosabatlarda tobora muhim o`rin egallab bormoqda. Lekin o`ziga xos obyektiv va subyektiv sabablarga ko`ra, hozirgacha geosiyosatni ilmiy yo`nalish sifatida asoslash va e`tirof etish masalasi oxirigacha hal qilingani yo`q. Bugungi qaltis zamon va makonda mazkur fanning tub mohiyatini tadqiq etish geosiyosiy jarayonlarni anglash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Ta`kidlash kerakki, klassik geosiyosatchilar bu fanni nafaqat nazariy, balki amaliy majmua sifatida ham talqin etgan va uni o`z davlatlarining tashqi siyosatini shakllantirishda qo`llashga intilgan. Shu tufayli amaliy geosiyosat paydo bo`lgan va u ko`pgina hollarda yetakchi davlatlar tashqi siyosatining nazariy asosi sifatida xizmat qilgan. Garchi bunday geosiyosat o`tgan asrda yaqqol namoyon bo`lgan bo`lsa-da, G`arb davlatlari aynan X.Makkinder yaratgan nazariyaga, uning izdoshi – S.Xantington va Z.Bzejinskiylarning ta`limotiga tayangan holda dunyoga hukmronlik qilish siyosatini ilgari suradi. Bunday siyosat oqibatida XXI asrda ham yer yuzida ko`plab urush o`choqlari paydo bo`layotgani G`arb va Sharq o`rtasidagi ziddiyatlar borgan sari keskinlashayotganini kuzatish mumkin. Xalqaro va turli mintaqalar doirasida yuz berayotgan mojaro va ziddiyatlar hamda muayyan davlatlarning bosqinchilik siyosati geosiyosatga asoslanayotgani, uning mazmun-mohiyati, asosiy yo`nalishlari va tamoyillarini ilmiy jihatdan jiddiy o`rganishni taqazo etadi. Bu o`rinda dastavval geosiyosatning ilmiy negizini tushunish, uning ilmiy ta`rifini aniqlab olish talab etiladi. Geosiyosiy maktablar namoyandalari yaratgan turli konsepsiyalar geosiyosat fanining mazmun-mohiyati, yo`nalishlari, tamoyillari va umumiy predmetini tashkil etadi. Albatta, ushbu fanning asosiy predmeti hamda bosh uslubiy tamoyillarini belgilashda mualliflarga turli yondoshadilar. Bunday bo`linish tarixiy shart-sharoit, shuningdek, geosiyosatning dunyo siyosati, hokimiyat muammolari va hukmron mafkuralar bilan uzviy bog`liqligidan kelib chiqadi. Geosiyosatning umumiylik xususiyati uning tarkibida geografiya, tarix, demografiya, strategiya, etnografiya, dinshunoslik, ekologiya, harbiy ta`limot, mafkura, sotsiologiya, siyosatshunoslik tarixi kabi ko`pgina fanlar unsurlarining uyg`unlashuvida namoyon bo`ladi. Ammo bu o`z yo`nalishlariga ega bo`lgan ushbu fanlarni faqat geosiyosatga tegishli, deya qat`iy xulosa chiqarishga asos bo`la olmaydi. Geosiyosat atamasini fanga kiritgan olimlardan biri – R.Chellen geosiyosatni «davlatni jug`rofiy tana yoki hududiy hodisa sifatida talqin qiluvchi doktrina» deb hisoblagan. Mumtoz ta`limotlarni o`rganish orqali geosiyosatni dunyoqarash sifatida talqin qilish va bunday holda uni fanlar bilan emas, balki fanlar tizimi bilan qiyoslash lozimligi o`rtaga chiqadi. Geosiyosatning asoschilari bu fanning bosh maqsadi – davlatning rivojlanishi uchun boshqa davlatlar hududini bosib olish zaruratini anglashdan iborat, deya talqin etishgan. Zero, ularning fikricha, «allaqachon bo`lib olingan dunyoda hududlarni bir davlat boshqasidan faqat kuch bilangina tortib olishi mumkin». Rus olimi Y.V.Tixonravov mashhur nemis geosiyosatchilaridan K.Xausxoferning geosiyosat «siyosatning jug`rofiyaga bog`liqligi» to`g`risidagi ta`limot sifatida ta`riflaganligini ta`kidlaydi. Geosiyosat individning o`zi yashayotgan hudud (makon) belgilab bergan, shu hududning o`ziga xos xususiyatlari, relyefi, landshafti ta`sirida shakllanishi, aniqrog`i, uning ijtimoiy-jug`rofiy mohiyatiga asosiy e`tiborni qaratadi. Biroq bunday aloqadorlik insonning davlatlar, etnoslar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar doirasida yuritadigan keng miqyosdagi ijtimoiy faoliyatida yaqqolroq namoyon bo`ladi. Geosiyosatning asosiy g`oyasi – insonning jug`rofiy muhitga bog`liqligi alohida shaxsdan uzoqlashib kishilar guruhiga yaqinlashgan sari namoyon bo`la boradi. Shuning uchun ham muayyan g`oyaviy poydevorning mavjudligiga qaramay, geosiyosat tom ma`nodagi mafkuraga, to`g`rirog`i “ommaviy mafkuraga” aylana olmagan. Uning xulosa va uslublari, tadqiqot predmeti va asosiy qoidalari ijtimoiy va tarixiy xarakterdagi umumbashariy qonuniyatlariga baho berish, strategik rejalashtirishning ulkan muammolari bilan shug`ullanuvuchi ijtimoiy qatlamlar uchungina tegishli bo`lishi mumkin. Geosiyosiy makon juda katta o`lchovlarda namoyon bo`lishi tufayli geosiyosat ham davlatlar, xalqlar va hokazo umumlashgan voqeliklar bilan bog`liq ijtimoiy guruhlarga mo`ljallangan. Mumtoz tadqiqotlarda geosiyosat jug`rofiy hukmronlik dunyoqarashi, uning shakl va ko`rinishlari hamda bunday hukmronlikni o`rnatish qoidalari, mezonlari va tamoyillari haqidagi fan sifatida ta`riflanadi. Inson ijtimoiy jihatdan yuksalib borgan sari geosiyosat uning uchun ahamiyat, mazmun va manfaat kasb etib boradi. Geosiyosat siyosatdagi hukmron doiralar uchun yaratilgan fan bo`lib, bu fan bilan faqat mamlakatlar va millatlarni boshqarishda faol ishtirok etadigan yoki shunday maqsad yo`lida harakat qilayotgan kishilargina shug`ullanib kelganligiga tarix shohiddir. Geosiyosat ilmiy nuqtai-nazardan qandaydir dogmatik qoidalarga asoslanmasdan, o`zi uchun muhim va ikkinchi darajali bo`lgan fanlar yoki fan yo`nalishlarinigina belgilab oladi. Boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlar geosiyosiy uslubning asosiy tamoyillariga zid kelmagan taqdirdagina tadqiqot doirasiga jalb etiladi. Hozirgi paytda u Yer yuzida yetakchilik qilayotgan eng qudratli davlatlarning harakat dasturi sifatida ittifoqlar tuzish, urush boshlash, islohotlar o`tkazish, jamiyatni tarkibiy jihatdan qayta qurish, keng qamrovli iqtisodiy hamda siyosiy dasturlarni joriy qilish kabi muhim qarorlarni qabul qilish borasidagi zaruriy xulosalarni o`z ichiga olgan o`ziga xos amaliy qo`llanmaga aylanib qolgan. Geosiyosatning asosiy qoidasi Yer yuzasining jug`rofiy tuzilishi hamda sivilizatsiyalarning tarixiy turlarga bo`linishida ifodalangan fundamental dualizmning qat`iyligini ifoda etishdan iboratdir. Mazkur dualizm «tellurokratiya» («quruqlik kuchi») va «talassokratiya» («dengiz kuchi»)ning bir-biriga qarama-qarshi qo`yilishida namoyon bo`ladi. Bunday qarama-qarshilikning mohiyati antik davr tarixidagi mashhur savdo sivilizatsiyasi – Karfagen (Afina) hamda harbiy-avtoritar sivilizatsiya – Spartaning (Rim) o`zaro munosabatlari misolida yaqqol ko`zga tashlanadi. Boshqacha aytganda, bu liberal g`oyaga asoslangan demokratiya va ideokratiya o`rtasidagi qarama-qarshilikdir. Mazkur ziddiyat dastlabki paytlardan boshlab uni tashkil qilgan qutblarning qarama-qarshiligi xususiyatiga ega bo`lib davr taqozasiga ko`ra o`zgarib turadi . Shunday qilib, butun ijtimoiy tarix ikki unsur, ya`ni «suv» («suyuq», «oquvchi») va «quruqlik» («qattiq», «doimiy») unsurlari atrofida ro`y bergan jarayonlardan iborat. Tellurokratiya, makonning muqimligi va undagi asosiy xususiyatlarning barqarorligi bilan xarakterlanadi. Sivilizatsion darajada tellurokratiya insonlarning yirik uyushmalari, xalqlar, davlatlar, imperiyalar bo`ysunadigan o`troqlik, konservatizm, qat`iy huquqiy me`yorlarda namoyon bo`ladi. Quruqlikning qattiqligi xalqlarning madaniy hayotiga ham jiddiy ta`sir ko`rsatadi, jumladan, ijtimoiy an`analarning barqarorligi va axloqiy qoidalarning mustahkamligi ana shu omil ta`sirida shakllanadi. Quruqlikdagi, ya`ni Yevroosiyoning ichkarisidagi xalqlarga induvidualizm ruhi yot bo`lib, ularga azaldan ijtimoiylik ruhiyati va iyerarxiyaviy tizim xos bo`lgan. Talassokratiya esa bunga teskari bo`lgan qoidalarga asoslangan sivilizatsiya bo`lib, u dinamik, harakatchan va texnik rivojlanishlar tarafdoridir. Uning ustuvor yo`nalishlari ko`chmanchilik (asosan dengizda suzish nazarda tutilmoqda), savdo, individual ishbilarmonlik ruhidan iborat. Shaxs jamoaning harakatchan vakili bo`lgani tufayli oliy qadriyat hisoblanadi. Bunda ma`naviy va huquqiy me`yorlar bir-biri bilan aralashib, nisbiy va harakatchan bo`lib qoladi. Sivilizatsiyaning bu turi tez rivojlanadi, tashqi madaniy xususiyatlarni oson o`zlashtiradi, lekin shunga qaramasdan o`zligini saqlab qoladi. Insoniyat tarixining asosiy qismi har ikkala yo`nalishning ma`lum cheklangan hududlari doirasida, ammo «tellurokratiya»ning umumjahon miqyosidagi ustuvorligi sharoitida rivojlangan. Quruqlik unsuri butun sivilizatsiyaga o`z ta`sirini o`tkazadi, «suv» (dengiz, okean) unsuri esa ayrim paytlarda va muayyan hududlardagina namoyon bo`ladi. Quruqlik va suv dualizmi ma`lum vaqtgacha jug`rofiy jihatdan dengiz qirg`oqlari, daryo havzalarida va boshqa hududlar doirasida qolishi mumkin. Qarama-qarshilik sayyoraning turli joylarida, turli shakllarda rivojlanadi. Ta`kidlash joizki, geosiyosiy qonuniyatlar siyosiy tarix, diplomatiya tarixi hamda strategik rejalashtirish va tahlil etishda ayniqsa qo`l keladi. Ushbu fan sotsiologiya, siyosatshunoslik, etnologiya, harbiy strategiya, diplomatiya, din tarixi kabi ko`pgina fanlar bilan kesishuv nuqtalariga ega. Ayrim mutaxassislar ushbu fanning ko`pgina hollarda iqtisodiyot bilan ham uzviy bog`liqligini nazarda tutib, «geoiqtisodiyot» deb nomlangan fanni kiritish taklifini ilgari surgan. Adabiyotlar:
Download 39 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling