Komiljon Otaniyozov
Download 29.68 Kb.
|
Komiljon Otaniyozov
Komiljon Otaniyozov Darhaqiqat, Komiljon Otaniyozov umri qo’shiqqa burkanib, qo’shiqdek jaranglab oqdi. Uning ijodi xalqimiz san’ati tarixining go’zal, yorqin sahifalaridan birini tashkil etadi. Umr bo’yi xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan san’atkor hamisha xalq qalbida yashab, uning ruhiy dunyosini yoritib, dovonlar oshaveradi. Komiljon Otaniyozov, ilm-fan, adabiyot va san’atning qadimiy beshigi bo’lmish Xorazmda tug’ilib, shu yerda voyaga yetdi. U yolg’iz ijrochi-hofiz bo’lib qolmay, balki kuylar bastalagan ajoyib bastakor, she’rlar birga noziktab shoir, xalq ashula va raq ansambllarini tuzgan mohir tashkilotchi ham edi. Xalqimiz Komiljon Otaniyozovni “Xorazm bulbuli”, “Hofiz-bastakor”, “Usta xonanda”, “Ustoz” deb atagan edi. Malumki, qo’shiq qalb bezagi, inson ruhining ifodasidir. Qo’shiq bilan xalq o’zini ovutadi, quvontiradi, kelajakka undaydi. Komiljon Otaniyozov qo’shiqlari davr ruhiga hamohang bo’lib, insonlarning yurak zarbiga jo’r bo’ldi. Hofiz ulkan qurilishlarda, kolxoz-sovxoz ahli, zavod-fabrika ishchilari huzurida bo’lib, el-yurtning to’y-tantanalarida faol qatnashib, sozi, san’ati bilan halol xizmat qildi. Xorazmda qadimdan shunday naql bor: “Eng yaxshi ovoz egasining boyligi – podshoning boyligiga barobar”. Komiljon Otaniyozov ana shunday noyob ovoz sohibi edi. Bu ovoz xalqimizning qadimiy madaniyat an’analarini avlodlarga qoldirish – kelajakka yetkazish yo’lida oltin ko’prik vazifasini o’tadi. Komiljon Otaniyozovning repertuari boy va rang-barang bo’lib, unda o’zbek musiqasidan tashqari, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq, tojik va boshqa xalqlarning qo’shiq-kuylari mavjud edi. Lekin xonanda o’zining jonajon Xorazm o’lkasi san’ati tufayli qanot yozdi va ulg’aydi. Komiljon Otaniyozov xalq ichidan chiqqan, keyinchalik mashhur san’atkorlar qatoridan munosib o’rin olgan, o’z baxti va iqbolini topgan inson edi. Komiljon Otaniyozov ijrosi nafaqat vatanida, balki xalqaro miqyosdagi konsertlarda ham muvaffaqiyat qozondi. Uning san’atdagi ko’p yillik, fidoyilarcha qilgan mehnati yuksak baholandi. U O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1948), O’zbekiston (1949), Turkmaniston (1964) va Qoraqalpog’iston (1968) xalq artisti degan sharafli unvonlar, uch marta “Hurmat belgisi” ordeni va qator fahriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Komiljon Otaniyozov ellik sakkiz yil umr ko’rdi, shundan qirq yilini san’atga bag’ishladi. U hayot bo’lganida 1987 yilda o’zining 70 yilligini qarshilagan bo’lardi. Chinakam san’atkorning ikki umri bo’ladi, deydi donishmandlar. Biri – o’zi yashagan, vaqt etibori bilan cheklangan umri bo’lsa, ikkinchisi – uning boqiy, barhayot qo’shiqlari. Komiljon Otaniyozovning san’ati yil sayin kamol topib bordi. Komiljon Otaniyozov o’z ijodiy faoliyati davomida uch yuzdan ortiq qo’shiq bastaladi va bir necha sahna asarlariga musiqa yozdi. Uning navbatdagi rejalaridan biri o’zi bastalagan qo’shiq kuylarini notalashtirib, ularni kitob shaklida nashr ettirib, xalqqa taqdim etish edi. Ushbu kitobga Komiljon Otaniyozov bastalagan qo’shiq-kuylar kiritildi. Komiljon Otaniyozov ijro etgan qo’shiqlar, u bastalagan kuylarni ommalashtirishda konsert zallaridan tashqari, radio, televideniye va shramplastinkalarning ahamiyati katta. Uning ijrosida yozib olingan taronalar, maqomlar va dostonlardan parchalar endilikda o’zbek radiosi va Hamza nomidagi san’atshunoslik instituti fonotekasida saqlanmoqda. Kitobga kiritilgan Komiljon Otaniyozov asarlarini nashrga Matniyoz Yusupov tayyorladi. Ular bastakor ijodidan ayrim namunalardir, xolos. Komiljon Otaniyozov haqida yozish ham oson, ham mushkul. Osonligi shundaki, u ijro etgan qo’shiqlar tinglovchilar qalbidan allaqachon joy olgan, el orasida taralib ketgan. Uning san’atda bosib o’tgan yo’li aniq maqsad sari yo’nalgan, izlanishlar, ijodiy yutuqlar bilan yo’g’rilgan yorqin yo’ldir. Qiyinligi shundaki, bir qarashda ravon va tikka bo’lib ko’ringan bu yo’ling mashaqqatlari oz emas. Komiljon Otaniyozovning hayoti, qizg’in ijrochilik faoliyati, bastakorligini o’rganib, qog’ozga tushirish – murakkab ish. Bu lavhani yozishda uning ustozlaridan Bola baxshi (Qurbonnazar Abdullayev), safdoshlaridan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Matniyoz Yusupov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar – Karimjon Ismoilov, Abdusharif Otajonov va Ollonazar Hasanovlarning esdaliklari, jurnalist Fozil Zohidovning “Komiljon Otaniyozov” nomli risolasidan foydalandik. Ushbu satrlar muallifi Komiljon Otaniyozov ijrosida maqom va qo’shiqlarni magnit lentasiga 1949-1951 yillarda yozib olgandi va ustozning tarjimai holini qog’ozga tushirib, uni “O’zbekiston xalq sozandalari” kitobida 1959 yilda nashr ettirgan edi. O’zbekiston hukumati Komiljon Otaniyozov nomini adabiylashtirdi – Xorazm viloyati davlat xalq filarmoniyasi, Urganch musiqa maktabi, Bo’yrachi qishlog’idagi maktab va Urganchdagi bir ko’cha hamda bir maktab endilikda Komiljon Otaniyozov nomi bilan ataladi. Komiljon Otaniyozov 1971 yilning 20 iyulida hozirgi Shovot tumaniga qarashli Bo’yrachi qishlog’ida tug’ildi. Har qanday istedodning o’z zamini va shakllantiruvchi muhiti bo’ladi deganlaridek, bo’lajak san’atkorlarning balog’atida, uning ota-onasi, yaqin qarindosh-urug’larining ta’siri katta bo’ldi. Komiljonning otasi – Otaniyoz Xo’janiyoz o’g’li, onasi Anbarmomo, akasi Foziljon va tog’asi Kamtar Xorazmiy, xullas, hammalari g’azal va kuy shaydosigini bo’lib qolmay, o’zlari ham she’r bitishga, qo’shiq aytishga qodir kishilar edilar. Xonandaning otasi o’z zamonasining o’qimishli, bilimdon kishilaridan bo’lib, “Ota Niyoziy” taxallusi bilan she’rlar yozgan. U Xivadagi Muhammad Arabxon madrasasida talim olgan, arab, fors tillarini yaxshi bilardi. Ota Niyoziy klassik adabiyotimiz namoyandalari ijodini chuqur o’zlashtirgan, Xivada Abdullaxon madrasasida mudarrislik ham qilgan edi. Katta bilim sohibi ekanligini ko’zda tutib, uni “Otaniyoz Oxun” deb atashardi. Ota Niyoziy Xorazm xoni saroyida bir necha yil mirzalik vazifasini bajarib, atoqli shoirlarning ko’pgina asarlarini, jumladan, “Majmuat ush-shuaro” to’plamini oqqa ko’chirgan edi. Keyinchalik u o’zi kuy bastalagan uch mingdan ortiq baytni jamlab, she’riy devon tuzgan edi.1 Ota Niyoziy shoirlik bilan birga musiqa san’atiga ham kiziqqan. U g’azalxonlik qilgan, tanbur va dutor chalgan, kuylar bastalagan. Uning ko’tarinki ruhdagi g’azallari alohida ashulalar shaklida va maqomning turfa yo’llarida hozirgacha xonandalar tomonidan ijro etiladi. Ular orasida: “Kulfatiga arzimas”, “Jononingiz kelmoqchidir”, “Jononasi yaxshi” va boshqalar mavjud. Komiljon otasi qalamiga mansub g’azallarni ham kuyga solib, ijro etgan. Umuman, Komiljonning otasi marifatparvar inson bo’lib, umrining oxirigacha el ezozini qozongan edi. Ota Niyoziy 1926 yilda 84 yoshida vafot etdi. Komiljon Otaniyozovning onasi – Anbarmomo,- deydi Imsinbiyi opa,- xushchaqchaq, qo’shiqsiz tura olmaydigan ayol edilar. Ular to’ylarda “Yor-yor”, “Kelin salom” va o’zlari hozirjavoblik bilan to’qigan turli termalarni aytib, yig’ilganlarni xursand qilardilar. Ayniqsa, erta bahor sumalak vaqtlarida qaynonam ayollarni boshqarib, sumalakka tegishli lapar va termalarni aytib, xotin-qizlar davrasiga fayz bag’ishlar edilar. Umuman, qaynonam, aqlli, dono xotin edilar. Oqshomlari uydagilarga Navoiy, Mahtumquli, Mashrab g’azallaridan o’zib berardilar”. Anbarmomoning tabi nazmini uning “Kelin salom” termasidan kuzatsa bo’ladi: Ko’kda balqqan oy-kunday, Jo’shqinlikda Jayhunday, Kuyov bolaga salom! Bog’ yonidan yo’l bergan, Hamyonidan pul bergan, Quda buvaga salom! So’zlagani so’kkanday, Yolingani to’kkanday, Qaynsinglisiga salom! Hurkab chopgan kiyikday, Qoshi-ko’zi pilikday, Kelin poshshoga salom! Anbarmomoning akasi, ya’ni Komiljon Otaniyozovning tog’asi ham shoir bo’lgan. U “Kamtar Xorazmiy” taxallusi bilan she’rlar bitgan. Uning g’azallariga bastakorlar kuy bastalaganlar. “Qora soching”, “Jonona ekansiz” va boshqalar shular jumlasidandir. Komiljon to’qqiz yoshida otasidan ayriladi. Yoshligiga qaramay u oilani tebratishga ko’maklashadi. Podachilik qiladi, dalada ishlaydi. Komiljonga akaksi Foziljon murabbiylik qiladi. “Foziljon o’qituvchi bo’lib ishlar, qo’shiq-kuy shaydosi edi, - deydi Imsonbiyi opa.- U dutor, garmon chalar, yoqimli ovozi bor edi. Lekin u san’atini faqat yaqin do’stlari davrasidagina namoyish etardi”. Foziljon ukasi Komiljonning tarbiyasiga alohida ahamiyat beradi. U bilan birga qo’shiqlar aytib, kuylar chalishni mashq qiladi. Umuman, Komiljonning yoshligidan soz chalib qo’shiq aytishida akasining yordami va ta’siri katta bo’ldi. Foziljon shaharga borgudek bo’lsa, albatta o’zi bilan birga ukasini ham olar, kino yoki teatrga, tomoshaga tushardi. 1 Komiljonning bolaligida ko’rgan ilk teatr tomoshasi “Xiva inqilobi” nomli spektakl edi. Spektakl unda chuqur taassurot qoldirgandi. Komiljonning ulkan san’atkor bo’lib yetishuvida oila azolarining, shuningdek o’sha davrning taniqli san’atkorlari – Matkarim Abdurahmonov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy)larning xizmatlari katta bo’ldi. Ular ijro etgan Xorazmning o’ziga xos jozibali sirli ohanglarga boy kuy-qo’shiqlari, dostonu maqomlari Komiljonni o’ziga maftun etgan edi. Komiljon o’z qishlog’ida boshlang’ich maktabni bitirib, Shovot tumanidagi to’liqsiz o’rta maktabda o’qiy boshladi. Maktabda Komiljon sozanda Abdukarim Abdurahmonov tashkil etgan havaskorlik to’garagiga qatnashadi. Xorazm o’lkasidagi bu birinchi havaskorlik to’garagidan keyinchalik ancha-muncha mohir san’atkorlar yetishib chiqdi. U to’liqsiz o’rta maktabni tamomlab, ikki yillik o’qituvchilartayyorlash kursini bitirib, ona qilshog’ida o’qituvchilik qildi. Qishloq mehnatkashlari orasida olib borilgan madaniy-oqartuv ishlarida faol ishtirok etdi. Malumki, 30-yillardan boshlab O’zbekistonning shahar va tuman markazlarida xalq teatrlari tashkil qilish va ularga qobiliyatli yoshlarni jalb etish ishlari avj oladi. Komiljon Otaniyozovning san’atga yoshligidan qanday qiziqqani va dastlab teatr ostonasiga qanday qadam qo’ygani haqida uning maktabdoshlaridan biri, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Matrasul Xudoyberganov shunday deydi: “Komiljondagi zo’r istedod maktab-internat badiiy havaskorlar to’garagidayoq hammaning diqqatini o’ziga jalb etgan edi. To’garakdagi mashg’ulotlar bo’lajak ulkan san’atkor talantining kurtak yozishiga imkon berdi. Tuman klubida tashkil etilgan kolxoz-sovxoz teatr artistlari tez-tez mashg’ulot o’tkazishardi. Komiljon ularning qo’shiqlarini tinglab, tez orada shu teatrga ishga kirib, konsert va spektakllarda qatnasha boshladi. Komiljon serg’ayrat va qobiliyatli bo’lganidan uning ijrochilik yo’li har tomonlama kamol topa boshladi. U kolxoz-sovxoz teatrida artist, musiqa rahbari, keyinchalik uning rejissyori va direktori vazifasida ishladi. O’sha kezlarda Komiljon Otaniyozovning ashulachilik shuhrati butun tumanga tarqaldi”. Gurlan tuman teatri artistlari bilan Komiljon Otaniyozov 1939 yilda Toshsoqqa kanali quruvchilariga konsertlar berdi. 1940 yilda Xiva shahar teatrida xizmat qildi. Komiljon Otaniyozovning dastlabki repertuarida ustoz xonandalar ijro etgan xalq ashulalari va dostonlaridan parchalar bor edi. Kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Abdusharif Otajonovning eslashicha, o’shanda u klassiklarimiz g’azallarini kuylagan, Bola baxshidan o’rgangan “Go’ro’g’li”, “Oshiq G’arib va Shohsanam”, “Hurliqo va Hamro” kabi dostonlardan ashulalar aytgan, Xorazmda keng tarqalgan “Suvora” va “Savti suvora”larni o’rganib, o’z repertuarini boyitgan. Xorazmning atoqli dostonchi baxshilaridan sakson to’rt yoshli Bola baxshi (Qurbonnazar Abdullayev) Xiva tumani, Frunze nomli kolxozda istiqomat qiladi. U Komiljon Otaniyozovning yoshlik chog’larini eslab, jumladan shunday deydi: “Men Komiljon bilan 1939-40 yillarda tanishganman. Birinchi bor uchrashganimda uning qo’lidagi dutor pardalarini qayta bog’lab bergan edim. Komiljonning doston yo’llariga qiziqishina bilgach, unga “Yetti yilga ketgan yorim”, “Dushimda bir bulbul go’rdim”, “Ranoni go’rdim”, “Namasan”, “Ustozingdan ayrilma” va boshqa bir qator doston yo’llarini o’zlashtirib olishiga ko’maklashdim”. Baxshi otaning aytishicha, Komiljonning zehni juda o’tkir bo’lgan. Unga nimani aytib yoki chalib ko’rsatmang, juda tez o’zlashtirgan. Komiljon Otaniyozovning yoshligi, uning san’atdagi dastlabki qadamlari Xorazmda yangi turmush qurish jarayoni hamda o’zbek adabiyoti va san’atida ro’y berayotgan tub o’zgarishlar davriga to’g’ri keldi. 1943 yil sentyabrdia Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatrining ijodiy kollektivini mustahkamlash niyatida Xiva shahar musiqali drama teatridan bir necha istedodli artistlar taklif etiladi, ular orasida Komiljon Otaniyozov, Samandar Saroymonov, Bikjon Rahimova, Aziz Jumaniyozov, Karim Iskandarov, G’ulom Tojiyev, Yusuf Jabborov va boshqalar bor edi. Bu teatrda Komiljon Otaniyozov “Davron ota”, “O’lim bosqinchilarga”, “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Nurxon” spektakllarida bosh rollarni ijro etadi. Ayniqsa musiqali spektakllarida yosh aktyor Komiljon Otaniyozov o’zining yoqimli va keng diapazonli ovozi, obrazga xos hatti-harakatlari bilan teatr muxlislari hurmatiga sazovor bo’ladi. Yetuk san’atkorlar Zuhur Qobulov, Vahobjon Fayozov, Qalandar Boyjonov, Solih Devonovlarning ustozlar yordamida Komiljon Otaniyozovning ijrochilik mahorati roldan-rolga, ashuladan-ashulaga takomillashib boradi. Ulug’ Vatan urushidan so’nggi yillarda katta xalq qurilishlaridan biri – Chorjo’y-Qo’ng’irot temir yo’li bo’ldi. Quruvchilarga madaniy xizmat ko’rsatish maqsadida 1947 yilda Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatri qoshida ashula va raqs brigadasi tashkil etildi va unga Komiljon Otaniyozov badiiy rahbar qilib tayinlandi . Komiljon Otaniyozov boshliq konsert guruhi 1947 yilda yuzlab kilometr masofani bosib, Chorjo’y-Qo’ng’irot temir yo’l quruvchilariga xizmat qildi. Chorjo’y-Qo’ng’irot temir yo’l qurilishiga O’zbekiston Markaziy Komitetining birinchi sekretari Usmon Yusupov bir necha marta taniqli san’atkorlar bilan birga tashrif buyurdi. Ular orasida Halima Nosirova, Tamaraxonim, To’xtasin Jalilov, Karim Zokirov va boshqalar bor edi. 1948 yilda Komiljon Otaniyozovga o’zbek musiqa san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist” faxriy unvon berildi. U aktiv tashkilotchilik, konsert guruhlariga rahbarlik qilish bilan birga o’z ustida ishlash, repertuarini boyitib borishni ham unutmas edi. Xonanda zamonaviy qo’shiqlar bilan birga Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Munis, Mashrab va boshqa shoirlarning g’azal va muhammaslariga bastalangan “Suvora”, “Chapandoz” kabi ashulalar va qator doston yo’llarini o’zlashtirdi. Bu borada unga xonandalar Sheroziy, Hojixon Boltayev, Bola baxshilarning yordami katta bo’ldi. Ayniqsa Komiljon Otaniyozovning ko’p yillik orzu-niyatlaridan biri – Xorazm maqomlarini o’rganib, ijro etishida unga Matpano Ota Xudoyberganovning yordami katta bo’lganligini Komiljon akaning o’zi mamnuniyat bilan eslar edi. Matpano Ota (1888-1961) Xorazm maqomlarining nodir bilimdoni edi. Komiljon Otaniyozov uning yordamida “Navo”, “Segoh”, “Rost”, “Dugoh” maqomlarinnig aytim yo’llarini to’la-to’kis o’zlashtirishga muvaffaq bo’ldi (Matpano Xudoyberganov tanburda ijro etgan “Navo” maqomining ayrim parchalari Hamza nomidagi san’atshunoslik instituti fonotekasida saqlanmoqda, inv: №15). Komiljon Otaniyozovning ko’p yillik safdoshi, hamnafasi, xonanda va doirachi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Karimjon Ismoilov bu qizg’in davrni shunday xotirlaydi: “Men Komiljon aka bilan 1946 yili tanishganman, tuman teatriga ko’rikdan o’tishda mening ijromni eshitib, u shunday degan edi: ovozlarimiz o’xshash ekan, ikkalamiz jo’r bo’lib, bir ashula aytib ko’raylik-chi.. Shunda birgalashib “Santi suvora”ni aytdik. Ovozlarimiz juda par chiqdi, shu kundan boshlab ikkalamiz turli konsertlarda, bayram va to’ylarda, gastrollarda birga, hamnafas bo’lib ashula aytadigan bo’ldik”. Ularni tinglab, O’zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi A.E.Niyozov: “Bu dilrabo san’atdan xorazmliklardan tashqari boshqalarni ham bahramand etsangiz, ajoyib ish bo’lardi”, - degan edi. Shunda Komiljon Otaniyozov: “Bu hali Xorazm san’ati ummonidan bir tomchi, xolos. Xorazm san’atining Sheroziy, Hojixon, Bola baxshi va shularga o’xshash darg’alari, ustozlari bor. Ular bilan birgalikda yig’ilib ansambl tuzsak, poytaxt mehnatkashlarini xursand qila olardik”, - deb javob bergan edi. 1949-1951 yillarda Ogahiy nomidagi Xorazm tuma musiqali drama va komediya teatri mashg’ulotlarini yangi asarlar bilan boyitish bilan birga, shu teatrga qobiliyatli yoshlarni jalb etish va teatr qoshida an’anaviy ashuva va raqs ansambli tashkil qilish vazifasi qo’yildi. Bo’lajak yangi ansamblga badiiy rahbar tanlash muammosi ko’tarilganda atoqli va keksa san’atkorlar Sheroziy va Hojixon Boltayev bir ovozdan Komiljon Otaniyozovn taklif etishdi. Bu ustozlarning unga bergan yuksak bahosi, uning murabbiyligi va tashkilotchilik qobiliyatiga bo’lgan ishonchi ham edi. Bu davrga kelib, u Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Avaz O’tar she’rlari bilan aytiladigan “Rost”, “Navo”, “Chorgoh”, “Segoh” va “Suvoralar”ni qoyil qilib ijro etardi. Ular orasida Xo’ja Hofiz Sheroziyning forscha g’azali bilan aytiluvchi “Dugoh” maqomining bir yo’li ham bor edi. “Komiljon Otaniyozov, - deydi M.Yusupov, - bu maqomlardagi yuqori tovushlardan iborat bo’lgan taktlarni va ularga xos murakkab usullarni yuksak mahorat bilan ijro etardi”. 1949 yilda orziqib kutilgan Xorazm ashula raqs ansambli tashkil etildi. Unga badiiy rahbar qilib Komiljon Otaniyozov tayinlandi. U ansambli qobiliyatli, o’z san’ati bilan el nazariga tushgan yoshlarni jalb etish bilan birga, ularga loyiq repertuar tanlash va o’zlashtirish ishlariga ham bosh-qosh edi. Yoshlarga qadimiy, an’anaviy Xorazm musiqa namunalarini o’rgatishda atoqli san’atkorlar Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Hojixon Boltayev, Vahobjon Fayozov, Bola baxshi, Urazgul G’oipova, Rajabbibi Boyjonova, Onabibi Ochilova o’z mehnat-xizmatlarini ayamadilar. Xorazm xalq ansamblining O’zbekiston bo’ylab o’tkazilgan gastrol konsertlarini hali-hali mamnuniyat bilan esga olishadi. Toshkentda o’tkazilgan konsertlardin birini eslab, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Karim Ismoilov shunday deydi: “Konsert zali har galgidek tomoshabin bilan to’lib-toshgan edi. Ular orasida atoqli shoirlar, san’atkorlar, davlat arboblarini ko’rish mumkin edi. O’sha kungi konsert uch yarim to’rt soat davom etdi. Ommaviy chiqishlardan keyin Komiljon Otaniyozov ketma-ketiga o’n beshta ashula aytdi. Dekin shinavandalar bizni sahnadan qo’yib yubormas, gulduros qarsaklar hamon davom etardi. Nixoyat Komiljon ustozlarni sahnaga taklif etganidan keyin konsert yakunlandi. O’shanda Xorazm o’lkasi tarixi, madaniyati haqida to’lib-toshib gapirgan edi. Konsertlardan so’ng Usmon Yusupov barcha ijrochilarga tashakkur bildirib, ularni O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi bog’iga taklif etgan, bog’da xorazmlik san’atkorlarga atab tantanali ziyofat uyushtirilgan edi. Eng muhimi, - deb davom etadi. Karim Ismoilov, - xorazmliklar san’ati yuqori baholanib, ansamblning o’n bitta azosiga faxriy unvonlar berildi. Komiljon Otaniyozov “O’zbekiston xalq artisti” degan sharafli unvonga sazovor bo’ldi”. Xorazm ansambli Toshkentga gastrolga kelgan 1949 yili Hamza nomidagi san’atshunoslik institutida Komiljon Otaniyozov Karim Ismoilov bilan birgalikda ijro etgan o’n qismdan iborat “Segoh” maqomi, bir necha Xorazm qo’shiqlari va boshqa maqomlardan namunalar magnit lentasiga yozib olindi. Komiljon aka ansamblga badiiy rahbar bo’lish bilan birga uning yetakchi hofizi va sozandasi ham edi. U ustoz sozanda va yakkaxon xonanda sifatida ashulalarni tor, dutor, rubob, tanbur kabi cholg’u asboblari jo’rligida o’zi chalib, aytardi. Lekin u ko’proq tor chalib, kuylashni xush ko’rardi. Tor o’zining jarangdor sadolari bilan go’yo uning ovoziga hamohang edi. Ijro vaqtida u qo’shiq xarakteriga, ruhiga mos talqinlar bilan asar mazmunini yorqin ifoda qilishga haraka tqilardi. Konsertlarda shinavandalar xonandaning sermazmun, jarangdor qo’shiqlarini tinglab, har gal uzoq qarsaklar bilan olqishlardilar. 1951-1955 yillarda Komiljon Otaniyozov o’z hamkasblari Matniyoz Yusupov, Abdusharif Otajonov, Sulton Hayitboyevlar bilan birgalikda Toshkentdagi Hamza nomli muiqa bilim yurtida o’qiydi. U 1951 yilda bir qator o’zbek san’atkorlari bilan Xitoy Xalq Respublikasida, 1955 yilda Hindiston, Birma va Afg’onistonga ijodiy safarga jo’naydi. Hindistonda Komiljon Otaniyozov o’z ijrosini “Salom, hind xalqiga!” degan yangi qo’shiq bilan boshlagan edi. “Komiljon Otaniyozov O’zbekistonning mashhur xonandalaridan bo’lib, u Xorazmda tug’ilib o’sgan. Hozirgi gastrollarda Komiljon Otaniyozov Eron, Hind qo’shiqlarini, shuningdek o’zbek klassik qo’shiqlarini ustalik bilan ijro etmoqda”, deb takidlagan edi Muhammad Bashir Rafiq “Donish” nomli Qobul gazetasining 1956 yil 5 dekabr sonida bosilga maqolasida. Darhaqiqat, u tomoshabin didini yaxshi tushunar, sahnaga chiqar ekan,odamlar qaysi qo’shiq, qaysi ashulani eshitishga chanqoq ekanligini darhol payqab olardi. Uning dastlabki ijrosi ko’pincha zamonaviy qo’shiq-kuylardan boshlanar, chunonchi ular orasidan “Salom, Sizga Xorazmdan”, “Olqish”, “Aziz Vatanim” kabi taronalar albatta o’rin egallardi. Mohir san’atkor o’zining didiga, ovoz imkoniyatiga xos original asarlar izlardi. Komiljon Otaniyozov u yoki bu qo’shiqni kimdan o’rganmasin, o’sha ustoz uslubini saqlab qolishga intilardi. Masalan, Hojixon Boltayevning ijro uslubi juda vazmin, cho’ziq ohangdorligi bilan ajralib turardi. Uning uslubiga birdan tushunib olish oson bo’lmasdi. Shuning uchun asarni dastlab uch-to’rt marta qunt bilan tinglashga to’g’ri kelardi. Ustoz Sheroziydan Komiljon Otaniyozov “Suvora”, “Savti Suvora”, “Guluforri” ohanglarini aynan o’zlashtirgandi. Ayrim konsertlarda ustoz Sheroziy bilan “Aytishuvlar” ham qilgan. Unda Sheroziy, garmon, Komiljon tor chalib, kuylashgan. Xorazmlik Qalandar baxshi Normatov, Komiljon aka haqida gapirib: “Ovozimni ham, sozimni ham biror ustoz nazaridan o’tkazmoqchi bo’ldim. Shunda men mashhur xonanda Komiljon Otaniyozovning etagidan tutdim. E, u kishi Xorazm musiqasining xazinasi edi! Bola baxshi esa – Xorazm dostonlarining bilimdoni,piri.. ularga o’xshagim, o’xshab qaynagim, qaynab turib, kuylagim kelardi”, - deb yozadi. 1959 yilda Komiljon Otaniyozov boshliq Xorazm ashula va raqs ansambli Moskvada o’tkazilgan o’zbek san’ati va adabiyoti uchinchi dekadasida qatnashdi. Ansamblning jozibador qo’shiq va raqslarini moskvaliklar qizg’in kutib olishdi. Ansamblning rahbari Komiljon Otaniyozov o’zining ijrochilik mahorati va dekadani o’tkazishda faol qatnashgani uchun “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlandi. 1967 yili yetuk san’atkor 50 yoshga to’lishi munosabati bilan Toshkentda tantanali yubiley kechasi o’tkazildi. Komiljon Otaniyozov o’z bisotini rang-barang qo’shiqlar bilan boyitgan sari unda kuylar bastalash xohishi kuchayib bordi. “Menimcha, har qanday sozanda yaxshi ijrochi bo’lishni istasa, - deydi mashhur pianinochi Vladimir Gorovis, - musiqa bastalashga ham qodir bo’lmog’i lozim”. Komiljon Otaniyozov xushovoz xonanda bo’libgina qolmay, mohir bastakor ham edi. Ayni vaqtda u o’zi bastalagan kuylarga she’rlar ham bitardi. Komiljon Otaniyozovning bastakorligi haqida u bilan uzoq yillar birga ishlashgan xonanda va doirachi Otanazar Abdiniyozov shunday deydi: u har bir qo’shiq ustida masuliyat bilan ishlab, muvofiq kuy-ohangni uzoq izlar edi. Bastakorlik Komiljon Otaniyozovning hayotida uning ijrochilik faoliyati bilan birga kirib keldi, keyinchalik ular chambarchas bog’langan holda rivoj topdi. Qo’shiqning qo’sh qanoti bor deyishadi. Komiljon aka hamisha so’zga mos ohang, ohangga mos so’z izlar va topa olardi. Komiljon Otaniyozovning dastlabki bastalagan qo’shiqlari Ulug’ Vatan urishi yillariga to’g’ri keladi – “Otlan”, “Xush qol endi”, “Qizil askar”, “Og’ang kelar marb bo’lib”, “Gitlerga o’lim”, “Xayr endi”. Bu qo’shiqlar, beydi Abdusharif Otajonov, o’sha yillari xalq orasida keng tarqalgan edi. Komiljon Otaniyozov qayoqqa gastrolga bormasin, o’z izzat-ehtiromini yangi kuy va yangi she’r bilan izhor etardi. Masalan, u ona yurti Xorazmni shunday madh etgan edi. Azal o’zbek diyorisan, Xorazm, Beruniylar makonisan, Xorazm. Oq oltinning sen konisan, Xorazm! San’atning sho’x, xalq jonisan Xorazm, Halol mehnat bilan qurib to’y-bazm, Boqiy sur davronlar, yurtim, Xorazm! Quyida Turkmaniston, Tojikiston, Farg’ona ahliga atalgan qo’shiqlaridan namunalar keltiramiz: Suv ichar ko’ngil-ko’ngildan Kuylay Mulla Nafas, Mahtumqulidan, Qabul et bu olqish Komil dilidan, Yashna, ey serquyosh Turmanistonim... ***
Navoiyga ustoz, hamroz va homiy, Do’st-yorsiz tatimas shodlik ayyomi, Do’stlikni kamoli – Komiljon nomi, Salom, tojik birodarlar, assalom!.. ***
O’z yurtim deb sening madhing so’zladim. Shoir Furqat, Muqimiyni esladim, So’z naqqoshi Nodirani izladim, G’azalzonlar maskanisan, Farg’ona, Bulbullarning gulshanisan, Farg’ona... Komiljon Otaniyozovning bu she’rlarida ona-Vatanga, qardosh el-elatlarga bo’lgan mehr-ehtiromi o’z ifodasini topgan. - Qo’qonda Komiljon Otaniyozov atoqli shoir Charxiy domla bilan uchrashganda, - deydi Otanazar Abdalniyozov, - ular bir-birlariga muxammas aytishdi. Shunda Komiljon aka tezkorlik, hozirjavoblik bilan qoyil qilgan edi. Umuman, Komiljon aka she’rni tez yozardi. Buxoroda gastrolda bo’lganimizda bir kechada u o’ttiz uch misra she’r bitib, so’ng o’zi unga kuy bastalanining guvohi bo’lganmiz. Shoir G’afur G’ulom Xorazmda bo’lganida badiha yo’sinida shu misralarni to’qigan edi: O’rim-o’rim sochlarim- Amu to’lqini, Ko’zim qorachug’ida – Sevgim jo’shqini. Ruldagi barno yigit, Biz tomonga boq, Yuragimdan cho’z olib, Chirog’ingni yoq... Bu satrlarni Komiljon aka darhol kuyga solib, xonanda Olmaxon Xayitovaga o’rgatdi. Bu qo’shiqni radio orqali eshitgan G’afur G’ulom bastakor va xonandaga o’z minnatdorchiligini izhor etgan edi.. 1949 yilda Xorazm ashula va raqs ansambli O’zbekiston bo’ylab gastrolga tayyorlanarkan, Komiljon Otaniyozov shu ijodiy safarga atab bir necha lirik qo’shiqlar yaratdi. Ular orasida “Kel, yor, o’ylanma, o’ylanma”, “Guldasta”, “Ishqing o’tida devona bo’ldim”, “Kerakmas” va boshqalar bor edi. Komiljon Otaniyozov mohir xonanda va sozanda bo’lish bilan birga raqsga ham tuzukkina tusha olardi. Ayniqsa, uning ashulasi jo’rligida mashhur Xorazm raqslaridan “Lazgi” ijro etilganda goho o’zi ham davraga tushib ketardi. “Lazgi”ni u hajviy raqslar ustasi Sulton Baliqchidan o’rgangan edi. Keyinchalik bu kuyga Komil Xorazmiy muxammasini mosladi. Raqs baland pardalarda “Omon-omon-ay, omon” so’zlari bilan boshlanib, yig’ilganlarni raqsga chorlaydi: G’ani dog’lar, g’ani dog’lar, Qorli bo’lar, qorsiz bo’lmas. Yigit boshi omon bo’lsa, Molli bo’lar, molsiz bo’lmas... Keyin asosiy matnga o’tiladi: Komili mazhunga rostin etgin bayon, So’yla menga, ey sanam, kimni sevar yorimsan?..1 Endilikda “Lazgi”ning so’z bilan aytiladigan turi keng tarqaldiki, ko’pchilik ijrochilar “Lazgi” raqsini qo’shiqsiz tasavvur eta olmaydilar. Komiljon Otaniyozovning dastlab bastalagan qo’shiqlari nota tushirilmagan. Faqat 1951 yildan, ya’ni Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida o’qish davridan boshlab u o’z qo’shiqlarini notaga yoza boshladi. Musiqa bilim yurtini bitirgach, sahna asarlariga kuylar bastalashga ham kirishdi. Ular orasida “Aziz va Sanam” (1955), “Oshiq G’arib va Shohsanam” (1957), 2, “So’nggi xon” (Sulton Xayitboyev bilan hamkorlikda) kabi asarlar bor. Ularda xalq dostonlariga xos ohanglar yangraydi, bastakor voqyealar va obrazlarning ichki dunyosini ochishda xalq qo’shiqlaridan ustalik bilan foydalanadi, o’z original kuylar, duet va yallalar yaratadi. Kompozitor L.B.Stepanov bu kuylarni yevropa va milliy cholg’u asboblaridan tashkil topgan kichik orkestrga moslashtiradi. Komiljon Otaniyozov 1967 yilda betobligi tufayli pensiyaga chiqadi. Lekin u umrining oxirigacha qo’shiqni tark etmadi, kuy bastalashdan to’xtamadi. “Uch gulistondan salom” degan qo’shiqni Komiljon Otaniyozov qardosh-qondosh Turkmaniston, Qoraqalpog’iston va O’zbekiston xalqlarining do’stligiga bag’ishlaydi: Men o’zbekning o’g’liman, ona yurtim farzandi, Turkmanning jigarbandi, qoraqalpoq dilbandi. O’zbekistondan salom, Turkmanistondan salom, Qoraqalpoq diyori, nurli bo’stondan salom, Assalomu assalom, uch gulistondan salom!... Bu qo’shiqning o’z tarixi bor: Turkmanistonning 40 yilligi munosabati bilan turkman she’riyatini, jumladan – Mahtumquli, Mulla Nafas va Zaliliy asarlarini qo’shiq orqali keng ammaga targ’ib qilganligi va turkman qo’shiq san’atining rivojiga katta hissa qo’shganligi uchun Komiljon Otaniyozovga “Turkmaniston xalq artisti” unveoni berildi. Bunga javoban Komiljon aka Toshhovuzda turkman ashula va raqs ansambli tashkil etdi. Repertuar tuzib, yosh xonanda-sozandalarga kuy-qo’shiq o’rgatdi. Keyinchalik bu ansambldan Bobomurod Hamdamov, Hamroqul Odilov, Qamariddin Qo’chqorov, Shohsanam Rashidova kabi san’atkorlar yetishdi. 1968 yili Komiljon Otaniyozov Qoraqalpog’istonda Xorazm san’ati va adabiyoti kunlarini o’tkazishda faol qatnashgani uchun “Qoraqalpog’iston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi. Komiljon Otaniyozov bu voqyeaga bag’ishlab “Uch gulistondan salom” qo’shig’ini bastaladi va bu qo’shiq el orasida taralib ketdi. Malumki, san’atkorning istedodi, insoniy kamoli yuksak bo’lsa, uning ijodi, insoniy siymosi yuraklardan chuqur o’rin oladi. Sadiy aytganidek: “Qololmas jahon ichra mangu kishi, Faqat qolg’usi yaxshi nomi, ishi...” “Mening ezgu niyatlarimdan biri, - degan edi Komiljon aka, - xalqimga bor kuchim bilan xizmat qilish va kerak bo’lsa unga jonimni ham fido etishdir”. Darhaqiqat, xonanda vafotidan o’n uch kun oldin Turkmanistonda qator konsertlar bergan edi. Komiljon Otaniyozovning safdoshlari va shogirdlarining eslashicha, u bag’ri kengligi va odamiyligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Xonandaning qalbiga ilhom bergan kuch – avvalo xalqning unga bo’lgan cheksiz muhabbati va o’zining san’atga bo’lgan tengsiz fidoyiligi edi. Komiljon Otaniyozov sahnada, shinavanda oldida, har qanday asar ijrosida katta masuliyat his etardi . U konsert boshlanishi oldidanzalga bir nazar tashlab, o’tirganlarning kayfiyatini anglashga harakat qilar va shunga muvofiq ashula tanlardi. Lekin xonanda ko’pincha o’z ijrosidan ko’ngli to’lmaganligini va shinavandalar talabini qondirish uchun yanada ko’proq mehnat qilish zarurligini takidlaydi. Komiljon Otaniyozovning yoshlarga murabbiyligi ham diqqatga sazovor. U Xorazmda, Toshkentda va Toshhovuzda ashula va raqs ansambllarini tashkil etarkan, avvalo qobiliyatli yoshlarni jalb etar, ularni san’atda kamolot sari undar edi. Komiljon Otaniyozov nafaqat o’zining diyorida, balki xorijiy ellarda ham taniqli edi. Uning qo’shiqlari Xitoy, Mo’g’uliston, Birma, Afg’oniston, Kampuchiya, Tailandda ham jaranglab qanot yozgan edi. Ixlosmandlar Komiljon Otaniyozovni “Xorazm bulbuli” deb atashganda u kamtarlik bilan: “Agar qo’shiq san’ati bir daraxt bo’lsa, men uning bitta yaprog’iman, xolos”, - deb javob bergan edi. Komiljon Otaniyozov hayotda achchiq damlarni boshdan kechirganda ham o’z xalqining: “Tikansiz gul, sadafsiz dur, mashaqqatsiz hunar bo’lmas” degan so’zlaridan madad oldi. Shunday damlarda yurakdagi dardu alamlarini o’zi bastalagan qo’shiq va ijro etgan ashulalariga to’kib, yengil tortardi. Qo’shiq aytgan yetar murodga, deydi xalqimiz. Bu so’zlar to’la-to’kis Komiljon Otaniyozovning qo’shiqchilik faoliyatiga mos bo’lib tushadi. U qo’shiq aytib, murodiga yetdi. Ammo afsuski, qisqa umr ko’rdi, u 1975 yil 5 noyabrda, 58 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Uning niyatlari buyuk, rejalari behisob edi. Ustoz Komiljon Otaniyozovning ishini uning shogirdlari, izdoshlari va safdoshlari davom ettirmoqdalar. Komiljon Otaniyozov xalqiga halol xizmat qilgan xonanda va bastakor edi. Uning ezgu niyatlaridan biri – o’z qo’shiqlarini notaga yozib, keng ommaga yetkazish edi. San’atkorning bu orzusini ro’yobga chiqarishda mazkur kitob bir debocha bo’lib xizmat qiladi, degan umiddamiz. Download 29.68 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling