XXVI bob. Moliya, pul va bank tizimi
147-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining yagona moliya, pul va bank tizimiga ega.
148-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti respublika budjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining budjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi.
149-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi.
Soliqlarni joriy qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga tegishlidir.
150-modda. O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘mdir.
So‘m O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasining hududida qonuniy to‘lov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir.
151-modda. O‘zbekiston Respublikasining bank tizimi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan va banklardan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit va valyuta siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatda banklar faoliyatini tartibga solishni amalga oshiradi, bank va to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vazifalarini bajarishda mustaqildir.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |