Korporativ boshqaruvda hisobdorlik, axborotlarni oshkor etish va shaffoflik


Download 115.95 Kb.
Sana02.12.2023
Hajmi115.95 Kb.
#1779338
Bog'liq
Korporativ boshqaruvda hisobdorlik, axborotlarni oshkor etish va-fayllar.org


Korporativ boshqaruvda hisobdorlik, axborotlarni oshkor etish va shaffoflik
KORPORATIV BOSHQARUVDA HISOBDORLIK, AXBOROTLARNI OSHKOR ETISH VA SHAFFOFLIK
1. Korporativ boshqaruvda hisobdorlik, axborotlarni oshkor etish va shaffoflikni ta’minlashning tashkiliy xususiyatlari:
Hisobdorlik, axborotlarni oshkor etish va shaffoflik korporativ boshqaruvning eng asosiy prinsiplari hisoblanadi. Mazkur prinsiplarga yuqori darajada amal qilinishi, avvalo aksiyadorlar huquqlari va manfaatlarining ta’minlanishiga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda bu prinsiplarning mohiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Hisobdorlik prinsipi korporativ boshqaruvning ijroiya va nazorat organlarining belgilangan tartibda hisobot berib borishlarini nazarda tutadi.
Amaldagi qonunchilikda aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashining a’zolari, jamiyat direktori va boshqaruvi a’zolari, shuningdek ishonchli boshqaruvchi o‘z huquqlarini amalga oshirishda va o‘z majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini ko‘zlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Agarda masala bo‘yicha bir nechta shaxs javobgar bo‘lsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar javobgarlik asosida tashkil etilishi ham nazarda tutilgan.
Jamiyatga zarar etkazilishiga sabab bo‘lgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, boshqaruv a’zolari javobgar bo‘lmaydi. Shu o‘rinda affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni o‘rganishni amalga oshirgan shaxslar bitim bo‘yicha xulosa va yakunlarning ishonchliligi uchun javobgar ekanligini alohida qayd etib o‘tish zarur.
Kamida bir foiziga egalik qiluvchi aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga etkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’vo bilan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zosi, direktori yoki boshqaruv a’zosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi ustidan sudga murojaat qilishga haqli.

Keltirilayotgan jihatlar boshqaruv organlarining javogarligi va hisobdorligini nazarda tutadi. Ulardan tashqari nazorat organlarining ham hisobdorligi belgilanganligini qayd etib o‘tishimiz zarur.


Aktivlarining balans qiymati eng kam ish haqi miqdorining yuz ming barobaridan ko‘p bo‘lgan jamiyatda ichki audit xizmati tashkil etiladi. Ichki audit xizmati jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Jamiyatning ustavida jamiyat kuzatuv kengashiga hisobdor bo‘lgan va korporativ qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish vazifasini bajaruvchi jamiyat korporativ maslahatchisi lavozimini joriy etish nazarda tutilishi mumkin. Korporativ maslahatchining faoliyati jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.
Bizga ma’lumki, axborotlarni oshkor qilish maqsadidan qat’iy nazar manfaatdor shaxslarning korporativ tuzilma faoliyati bilan bog‘liq axborotlarni erkin olish imkoniyati yaratilganligi bilan izohlanadi. Shu boisdan moliyaviy qarorlar qabul qilish, turli xil diskriminatsiyalarning oldini olish va axborot olish bo‘yicha nomutanosiblikni bartaraf etish uchun korporativ boshqaruvda axborotlarni oshkor qilish talab qilinadi. Natijada investorlar, shu jumladan potentsial investorlar, xodimlar, davlat organlari va boshqa manfaatdor shaxslarning oshkor qilingan axborotlar bilan tanishish imkoniyatlari yuzaga keladi. Ular olingan axborotlar asosida emitent moliyaviy holatini tahlil qilishlari, faoliyat istiqbollaridan kelib chiqqan holda emitent faoliyati, jumladan qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining korporativ boshqaruv prinsiplariga ko‘ra “Korporativ boshqaruv infratuzilmasi korporatsiya faoliyatiga daxldor barcha muhim masalalar, jumladan mulkchilik va kompaniya boshqaruvi, faoliyat natijalari, moliyaviy holat bo‘yicha axborotlarni o‘z vaqtida va to‘liq oshkor qilinishini ta’minlashi shart”38.
Axborotlarni oshkor qilish bo‘yicha talablar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunlar, “Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi Nizom, “Qimmatli qog‘ozlar bozorida axborot taqdim etish va e’lon qilish qoidalari”da belgilab qo‘yilgan.
Yuqorida keltirilgan qonunchilik hujjatlari asosida aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan axborotlar bilan ishlashni tashkil etish, ularni oshkor qilish tartibini belgilash maqsadida “Axborot siyosati to‘g‘risida”gi Nizomni ishlab chiqishi va ichki foydalanish maqsadida joriy etilishi mumkin.
Axborotlar siyosatining asosiy maqsadi – aksiyadorlar, investorlar, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarning kompaniya va uning faoliyati to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarga bo‘lgan talabini qondirish orqali kompaniya faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashdan iboratdir.
Ushbu siyosatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- kompaniyaning axborotlar siyosatining asosiy tamoyillarini belgilash;
- barcha manfaatdor shaxslarga kompaniya to‘g‘risida ishonchli va haqqoniy axborotlarni o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;
- barcha manfaatdor shaxslarga kompaniya to‘g‘risida axborot taqdim etish qoida va tartiblarini belgilash;
- kompaniya axborotlarining xavfsizligini ta’minlash;
- kompaniya axborotlarining oshkoraligi va shaffofligini oshirish hisobiga kompaniyaning investitsion jalb etish qobiliyati o‘sishini ta’minlaydigan qo‘shimcha axborotlarning oshkoralik tamoyillarini belgilash. Axborotlar siyosatining asosiy prinsiplari bo‘lib, doimiylik, tezkorlik, qulaylilik, to‘liqlilik, teng huquqlilik, tenglik, axborot resurslarining himoyalanganligi hisoblanadi.
- doimiylik – kompaniya faoliyatiga oid axborotlarni manfaatdor shaxslarga doimiy taqdim etib borish;
- tezkorlik – manfaatdor shaxslarni kompaniyaning moliyaviy faoliyatiga ta’sir etuvchi muhim voqealar va faktlari bilan qisqa muddatlarda xabardor qilish;
- qulaylik – manfaatdor shaxlarning erkin foydalanishi uchun kompaniya faoliyatiga oid axborotlarni oshkor etilishini turli xil yo‘llar orqali amalga oshirish;
- to‘liqlik – manfaatdor shaxslarning kompaniya to‘g‘risida to‘liq tassavurga ega bo‘lishini ta’minlash uchun kompaniyaning amaldagi faoliyati va u uchun salbiy bo‘lgan ma’lumotlarni ham inkor etmagan holda taqdim etish;
- teng huquqlilik – kompaniya faoliyatiga oid axborotlarni olishda barcha manfaatdor shaxslar uchun huquqlarning tengligi;
- tenglik – kompaniyaning tijorat manfaatlarini ta’minlagan holda kompaniya faoliyatining ochiqliligi va shafofligi o‘rtasidagi tengligini ta’minlash. Bunda maxfiy axborotlarning himoyalanganligi; insayderlarga doir axborotlarning taqdim etilishida amaldagi qonunchilik talablariga amal qilish ta’minlanishi shart;
- axborot resurslarining himoyalanganligi –tijorat siri yoki boshqa maxfiy hisoblangan axborotlarni amaldagi qonunchilikka muvofiq axborot xavfsizligini ta’minlash.
Kompaniya faoliyati to‘g‘risida tarqatilayotgan axborot 3 guruhga bo‘linadi:
- majburiy oshkor etiladigan axborotlar;
- qo‘shimcha oshkor etiladigan axborotlar;
- erkin oshkor etiladigan axborotlar.

Kompaniya tomonidan axborotlarning oshkor etilishi va tarqatilishi quyidagi yo‘llar orqali amalga oshiriladi:


- korporativ axborotlar yagona portali (www.openinfo.uz);
- fond birjasining rasmiy veb-sayti (www.uzse.uz);
- aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-sayti;
- ommaviy axborot vositalari (OAV);
- internet portallarida joylashtirish;
- bosma nashrlarda chop etish;
- manfaatdor shaxslar bilan axborot seminarlari va boshqa turdagi uchrashuvlarni tashkil etish; (shu jumladan, telekonferentsiyalar, veb-translyatsiyalar, veb-kastlar);
- amaldagi qonunchilik, kompaniya Ustavi va kompaniya ichki me’yoriy hujjatlariga muvofiq aksiyadorlarga axborotlar va ularning talabiga binoan hujjatlar nusxalarini taqdim etish;
- amaldagi qonunchilik, kompaniya Ustavi, kompaniya ichki me’yoriy hujjatlari va kompaniyaning Boshqaruv organlari qarorlariga muvofiq kommunikatsion vositalardan foydalangan holda boshqa yo‘llar bilan mazkur Nizomda nazarda tutilgan axborotlarni oshkor etish.
Amaldagi qonunchilik asosida majburiy oshkor qilinishi lozim bo‘lgan axborotlar borasida quyidagi paragraflarda to‘xtalib o‘tamiz.
O‘z navbatida alohida ta’kidlash kerakki, hisobdorlik va axborotlarni oshkor etib borish aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati shaffofligini ta’minlashga hamda faoliyatning qonuniyligi va samaradorligiga xizmat qiladi.
2. Axborotlar oshkoraligini ta’minlash maqsadida aksiyadorlik jamiyatlari korporativ veb-saytlarida e’lon qilinadigan axborotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish maqsadida 2014 yil 2 iyulda Vazirlar mahkamasining “Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan “Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi va 2015 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritildi.


Aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-sayti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarga ham muvofiq bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yildi.
“Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi Nizomga asosan aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-saytida majburiy joylashtirilishi kerak bo‘lgan axborotlar quyidagilardir:
- jamiyat faoliyatining predmeti va maqsadlari;
- jamiyatning ustavi, shu jumladan unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda jamiyatning tasdiqlangan biznes-rejalari;
- jamiyatni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risidagi axborot;
- jamiyatning tashkiliy tuzilmasi, uning tarkibiy bo‘linmalari, filiallari, vakolatxonalari, sho‘’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlarining nomi, ularning telefonlari raqamlari, manzili (pochta va elektron manzillari), ularning ish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- jamiyatning rahbarlari (direktor va boshqaruv raisi) to‘g‘risidagi ma’lumotnoma axborot;
- bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- jamiyat yoki uning boshqaruv organlari tomonidan tuzilgan kollegial va maslahat organlari (komissiyalar, kengashlar, qo‘mitalar va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- jamiyatning affillangan shaxslari ro‘yxati;
- korporativ boshqaruv masalalari bo‘yicha jamiyatning ichki hujjatlari, shu jumladan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan korporativ boshqaruv kodeksi;
- «Qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasiga muvofiq oshkor qilinishi kerak bo‘lgan jamiyat faoliyatidagi muhim faktlar;
- aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar bo‘yicha ovoz berish yakunlari (ushbu qarorlar qabul qilingan sanadan boshlab o‘ttiz kun mobaynida e’lon qilinadi);
- aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi, sanasi, vaqti, o‘tkaziladigan joyi, kun tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- qimmatli qog‘ozlar emissiyasi prospektlari, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq oshkor qilinishi kerak bo‘lgan jamiyatning choraklik va yillik hisobotlari;
- jamiyat tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar (majlislar, kengashlar, uchrashuvlar, matbuot konferentsiyalari, seminarlar va brifinglar, davra suhbatlari, rasmiy tashriflar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, matbuot-relizlar va kundalik faoliyat to‘g‘risidagi boshqa axborot;
- jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (bajariladigan ishlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar) ro‘yxati hamda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

- tovarlarni etkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) bo‘yicha jamiyat va uning tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;


- jamiyatning moliya-xo‘jalik holatini va uni rivojlantirish dinamikasini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlar, jamiyat faoliyati to‘g‘risidagi axborot tusidagi tahliliy sharhlar;
- oxirgi uch yilda hisoblangan va to‘langan dividendlar, shu jumladan qarzdorlik miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar, aksiyadorlar tomonidan dividendlarni olish uchun bog‘lanish ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar;
- yillik moliya-xo‘jalik faoliyatni tekshirish natijalari bo‘yicha auditorlik tashkilotining xulosasi;
- jamiyat tomonidan aksiyalar sotib olinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- korporativ veb-saytdagi axborot materiallaridan boshqa shaxslar foydalanganda jamiyatning korporativ veb-saytiga majburiy havolalar ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi talab;
- jamiyatning korporativ veb-saytida joylashtirishni jamiyat zarur deb hisoblaydigan boshqa ma’lumotlar.
Aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-saytida boshqa manbalardan ma’lumotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai ko‘rsatilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Korporativ veb-saytda joylashtirilgan axborot ishonchli bo‘lishi va jamiyat faoliyatini xolisona yoritishi kerak. Unda davlat siriga va xizmatda foydalanish uchun tegishli bo‘lgan axborot, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq e’lon qilish va tarqatish taqiqlangan boshqa axborot bo‘lmasligi kerak. Ijroiya organining rahbari “Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-saytida joylashtiriladigan axborotning to‘liqligi va to‘g‘riligi uchun javobgar hisoblanadi.
3. Aksiyadorlik jamiyatlarining emitent sifatida axborotlarni oshkor etishlari bo‘yicha talablar
“Qimmatli qog‘ozlar bozorida axborot taqdim etish va e’lon qilish qoidalari”ga asosan aksiyadorlik jamiyatlari emitent sifatida faoliyatga doir axborotlarni qimmatli qog‘ozlar emissiya risolasida; emitentning yilning har choragidagi va yillik hisobotida; emitentning faoliyatidagi muhim faktlar to‘g‘risidagi xabarlarda oshkor qiladi.
Qimmatli qog‘ozlar emissiya risolasini va emitentning yillik hisobotini barcha manfaatdor shaxslar tanishib chiqishi uchun taqdim etishi shart hisoblanadi. Bunda qimmatli qog‘ozlar emissiyasi to‘g‘risida axborot qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblangan Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va muvofiqlashtirish markazi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yillik hisobotni aksiyadorlarning yoki emitentning boshqa oliy boshqaruv organining yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkazilganidan keyin ikki hafta ichida; emitentning birinchi chorak, birinchi yarim yil va to‘qqiz oy yakunlariga doir hisobotini hisobot oyidan keyingi bir oy ichida, emitentning faoliyatidagi muhim fakt haqidagi xabarni u yuz bergan sanadan e’tiboran ikki ish kuni ichida jamiyat rasmiy vebsaytida oshkor qilishga majbur.
http://fayllar.org
Download 115.95 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling