Korporativ moliyaning dolzarb muammolari
Korporativ tuzilmalarda soliq risklarini boshqarish metodologiyasi
Download 23.9 Kb.
|
KORPORATIV MOLIYANING DOLZARB MUAMMOLARI
2. Korporativ tuzilmalarda soliq risklarini boshqarish metodologiyasi
Bizga ma’lumki, boshqa insoniy faoliyatlar singari xususan iqtisodiy faoliyat ham xavf-xatarlardan holi emas. Bunda iqtisodiy faoliyatdan ko‘zlangan maqsadlarga erishishga turli xil risklar bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Korporativ tuzilmalarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ko‘p sonli moliyaviy risklar bilan bog‘langan. Soliqlarning amal qilishi va korporativ tuzilmalarning soliq munosabatlariga kirishishi ham o‘z navbatida moliyaviy risklarning, xususan soliq risklarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Soliq risklarining mohiyati, ularning yuzaga kelish sabablari haqida soliq to‘lovchilarning etarlicha tushunchaga ega emasliklari ko‘p holatlarda ularning jiddiy moliyaviy yo‘qotishlariga sabab bo‘ladi. Hozirgi vaqtga qadar iqtisodiyot nazariyasida moliyaviy risklar nazariyasining etarlicha tizimlashmaganligi, tushunchaning integratsiyalash-maganligi va aniq bir tasnifga ega emasligi muammoligicha qolmoqda. Bizga ma’lumki, risk sub’ektning o‘z maqsadlariga erishishining noaniqligi bilan bog‘langan bo‘lib, amal qilishi salbiy omil sifatida gavdalanadi. Soliqlarni rejalashtirish jarayonidagi riskka kompaniyaning soliqlarni rejalashtirish natijasida qo‘yilgan maqsadga erishishining noaniqligi sifatida qarashimiz mumkin. Soliq risklari amalda korporativ moliyaviy boshqaruv tizimida jiddiy e’tibor talab qiladi va yuzaga keladi. Shunday ekan, soliq risklari har qanday moliyaviy operatsiyani amalga oshirishda hisobga olinishi lozim. Bizning nuqtai nazarimizcha, moliyaviy boshqaruv doirasida xo‘jalik sub’ektlarini soliqqa tortish borasida faoliyat sohasi bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar sifatini baholash nafaqat moliyaviy natijalarni va moliyaviy holatni barqarorlashtirish maqsadida pul oqimlarini maksimallashtirishga hamda tashkilotning bozor qiymati oshganligi bilan, shuningdek faoliyat yuritish davomida risklarni kamaytirishga erishilganligida ham namoyon bo‘lishi kerak. Soliq risklariga soliqlarni rejalashtirishni yoki boshqa soliq sxemalarini amaliyotda qo‘llash natijasida paydo bo‘ladigan turli xil moliyaviy yo‘qotishlar ehtimoli sifatida qarash maqsadga muvofiqligi namoyon bo‘ladi. Bu bo‘yicha soliqlarni rejalashtirish masalalarini hal qilish jarayonida paydo bo‘ladigan noaniqliklarni mavjud soliqqa tortish modelini optimallashtirish maqsadida qo‘llash uchun ishlab chiqilgan soliq sxemalaridan ba’zilarining alohida dolzarblik kasb etishi moliyaviy risklar kamayishiga xizmat qiladi. Soliq risklari bo‘yicha tadqiqotlar o‘rganilganda bu borada turli xil yondashuvlarga guvoh bo‘ldik. D.N.Tixonov va L.G.Lipniklar o‘z ilmiy ishlarida «iqtisodiy tabiatni o‘zgartuvchi ikki faktor – samaradorlik va risklar»1 alohida keltirilgan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, soliqlarni rejalashtirish jarayonida moliyaviy natija va pul oqimlari miqdorida soliq risklari yuzaga chiqishi tufayli salbiy holat yuzaga kelsa, bu holatni soliqlarni boshqarish borasida iqtisodiy samarasiz boshqaruv qarorlari qabul qilinganligi bilan izohlash mumkin. Ba’zan soliq risklarini tashkil etuvchi tashqi jihatlar alohida olinib, soliq riski sifatida yangi soliq to‘lovlarining amalga kiritilishi, to‘lov shartlari va stavkalarining o‘zgarishi, soliq imtiyozlarining bekor qilinishi va boshqa shu kabilar bilan bog‘liq ravishda paydo bo‘ladigan risklar tushuniladi1. Lekin, shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, soliq risklarining paydo bo‘lishi nafaqat tashqi, balki qator ichki omillarga ham bog‘liq ravishda namoyon bo‘lishi mumkin. Soliq xatolari sifatida shunday ichki omillarni ham hisobga olganda «Soliq riski, - izohlaydi S.A.Filin, - soliq qonunchiligidagi noqulay o‘zgarishlar bilan bog‘liq yoki soliq to‘lovlarini hisoblash vaqtida yo‘l qo‘yilgan xatolar bilan bog‘liq moliyaviy yo‘qotish sifatida baholanadi»2. Lekin, bizning nuqtai nazarimizda, soliq risklari bo‘yicha ichki omillarni faqatgina soliq xatolari bilan chegaralab qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Soliq riskiga birmuncha kengroq ta’rif V.N.Evstigneev tomonidan taklif etilgan bo‘lib, «konkret soliq to‘lovchi uchun soliqqa tortish sohasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan noqulay oqibatlarni baholash»3 soliq riski sifatida aks ettiriladi, lekin bu mulohaza soliq sanktsiyasi qo‘llanilishi bilan bog‘lanadi. Boshqa tomondan soliq risklarini aniqlashda soliq sanktsiyalaridan tashqari moliyaviy yo‘qotishlar ham bo‘lishi mumkinligi haqida D.N.Tixonov va L.G.Lipniklar alohida to‘xtalib, bunda «soliq riski pul ekvivalentida aks etadigan soliqlarni to‘lash va optimallashtirish jarayoni bilan bog‘liq yo‘qotish»4 sifatida tushuntiriladi. Shunga o‘xshash nuqtai nazardan N.V.Bondarchuk mulohaza yuritib, soliq riskini amaldagi huquq me’yorlari to‘g‘risida noaniq axborotlar asosida joriy qarorlar qabul qilinishi bilan bog‘laydi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda soliq riski tushunchasiga soliq munosabatlarida qatnashuvchi sub’ektlarning o‘z majburiyatlarini bajarish borasidagi faoliyati davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va soliq to‘lovchilar, shuningdek davlat byudjeti moliyaviy yo‘qotishlariga sabab bo‘luvchi xavf-xatar deya ta’rif berish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, soliq to‘lovchilar tomonidan soliq risklariga atayin yo‘l qo‘yish soliq to‘lovchilar uchun ijobiy natija bilan ham yakunlanishi mumkin. Masalan, soliqqa tortish shartlaridagi qonunchilikning yumshashi, xususan soliq huquqbuzarliklariga qarshi qo‘llaniladigan chora-tadbirlar ta’sir doirasining engillashuvi soliq to‘lovchi zimmasidagi soliq yukining qisqarishiga sabab bo‘ladi. Bunda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi to‘lovni kechiktirish natijasida qo‘llaniladigan penya yoki jarima miqdori bilan birgalikda hisoblab chiqiladi va unga parallel ravishda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini ishlab chiqarishga joylashtirish natijasida olinadigan tushum hisob-kitobi amalga oshiriladi hamda ko‘rsatkichlar o‘zaro solishtiriladi. Natija soliq to‘lovchi uchun ijobiy bo‘ladigan bo‘lsa soliq riskini keltirib chiqaruvchi soliq huquqbuzarliklari atayin sodir etiladi.
Download 23.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling