Korrupsiyasiz oliy ta’lim tarraqiyot poydevori p. P. Falsafa doktori (Phd)Maqsudov. U


Download 1.57 Mb.
Sana13.12.2022
Hajmi1.57 Mb.
#1000835
Bog'liq
U.Maqsudov maqola


KORRUPSIYASIZ OLIY TA’LIM TARRAQIYOT POYDEVORI



P.P.Falsafa doktori (Phd)Maqsudov.U

magistrant A.Ergashev
Email:abdullohergashev870@gmail.com


Annotatsiya. Jamiyat taraqqiyotiga rahna soluvchi eng yomon illat, shubhasiz, korrupsiyadir. Qaysiki mamlakatada bu illat keng quloch yoysa, u yurt fuqarolarning ijtimoiy tengsizligi, davlat siyosatidan norozilik kabi turli muaammolar girdobida qoladi. Maqolada korrupsiyaning jamiyat hayotiga qay tarzda kirib kelishi va u orqali kelib chiqadigan bir qator muammolarga munosabat bildirilgan. Shuningdek, bu illatdan xalos bo`lish borasida ayrim mulohazalar bayon qilingan.
Annotation. Undoubtedly, the worst evil that hinders the development of society is corruption. In any country where this scourge is widespread, the country will be surrounded by various problems, such as social inequality of citizens, dissatisfaction with public policy. The article discusses how corruption enters the life of society and a number of problems that arise through it. There are also some comments on how to get rid of this defect.
Kalit so`zlar. Korrupsiya, jamiyat, manfaatparastlik, ochko`zlik, qoloqlik, vijdon.
Keywords. Corruption, society, selfishness, greed, backwardness, conscience.
Korrupsiya… Bir so’z bilan aytganda, bu atama barchamizga yaxshi tanish. Men korrupsiya deganda,insonni o’zligidan ayiradigan, imon-e’tiqod chegarasidan chiqaradigan, kishi qalbidagi ezgulik, yaxshilik, diyonat deb atalmish insoniy fazilatlarni tag-tomiri bilan yulib tashlaydigan,hayot mazmuni sifatida shaxsiy manfaatni, mansabparastlikni, tamagirlikni ilgari suradigan,diniy jihatdan harom hisoblangan illatni tushunaman. Bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan bu illat azaldan jamiyat va davlat ravnaqiga zimdan to’sqinlik qilib kelayotgan eng jirkanch omillardan biridir. Zero, korrupsiya kecha yoxud bugun paydo bo’lgani yo’q, aksincha, bir necha ming yilliklardan buyon insoniyatni ta’qib etib, ularning orasidan ruhiyatida bo’shlig’i bor, imoni butun bo’lmagan kimsalarni saralab, ularning butun xatti-harakatlarini boshqarishi natijasida sekinlik bilan ildiz otdi. Serildiz daraxtni tuproqdan sug’urib olish mushkul bo’lgani kabi, butun dunyoga rahna solayotgan bu illatni ham birdaniga yo’q qilib bo’lmaydi.Yuqorida aytilganidek, korrupsiyaning tarixiy o’zagi juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo’lish uchun qabila sardorlariga sovg’alar berish odatidan kelib chiqqan, deya taxmin qilinadi. O’sha davrda bu odatiy hol sifatida qabul qilingan.Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to’siq ekanligini ko’rsatdi. Korrupsiya dunyoning yetakchi dinlarida ham juda qattiq qoralanadi. Jumladan, “Injil” da: “Sovg’alarni qabul qilma, chunki sovg’a ko’rni ko’radigan qiladi va haqiqatni o’zgartiradi”, - deyilgan bo’lsa, muqaddas kitobimiz “Qur’oni karim”da: “Boshqalarning mulkini nohaq yo’l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo’lgan narsalarni olish uchun o’z mulkingizdan pora qilib uzatmangizlar”, - deyilgan. Ko’rinib turibdiki, korrupsiya diniy jihatdan ham tanqid qilinadi. Negaki, bunda sovg’a berib, birovning ko’ngliga baxt nuridan ulashish istagi emas, o’z manfaati yo’lida kimgadir yaxshi ko’rinish, boshqacha qilib aytganda, “og’zini moylash” g’oyalari hukmron. Shu bilan bir qatorda aytib o’tish kerakki, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Korrupsiyaning taraqqiyotga qanday daxli bor, degan savol paydo bo’lishi tabiiy hol. Taraqqiyot oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga ko’tarilish, demakdir. Dunyodagi har bir davlat eng ilg’or mamlakatlar qatorida bo’lishni xohlaydi. Biroq o’z atrofigagi poraxo’r, tamagirlarni yo’qotmas ekan, yuksalish yo’lida davom eta olmaydi, aksincha, qoloqlik, jaholat iskanjasiga tushib qoladi. Endi shuni bir qancha misollarda ko`rib chiqsak.
Bir boy ota farzandini ilm bilan emas, pul-u boylik bilan mansab kursisiga o’tqazdi, deylik. Albattakim, davlat unga shinam xonada quruq savlat bo’lib o’tirgani uchun maosh to’lamaydi. Chunonchi, u endi oddiy odam emas, davlat apparatidagi mansabdor shaxs. Uning vazifasi o’z sohasidagi masalalarga yechim topish, yangiliklar yo’lida izlanishdan iborat. Ammo otasi sababli kursida mazza qilib o’tirgan janob aqlini ishlatib ham o’tirmay,tamagirlik yo’liga o’tadi. Zotan, Aristotel aytganidek, “Hokimiyatga pul bilan erishgan odam undan daromad olishga intiladi. Xalqqa beminnat yordam ko’rsatish burchi ekanini unutib, shunda ham qiynalgan kishilarni battar ezadi. Bechora mazlum muammom yechim toparmikan, deb qarz olib bo’lsa ham, mansabdorning hamyonini to’ldiradi.” Natijada, qarzga botgani yetmagandek, chalasavod janob hamyonni to’ldirib olib, uni go’yoki tanimaganga oladi. Axir u muammoga qanday qilib yechim topsin,boshini aqli sabab emas, otasining puli sabab yuqori ko’tarib yuribdi-ku…
Bu holat korrupsiyaning jamiyatga naqadar katta ziyon ekanini ko’rsatuvchi bir namuna xolos. Davlat murakkab texnikaga o’xshaydi go’yo. Zotan, texnikaning har bir mexanizmi bir-biri bilan bog’liq bo’lgani kabi, davlat organlari ham zanjirdek bir-biri bilan chambarchas bog’langan. Agar bittasi ishdan chiqsa, butun boshli texnika ishdan to’xtaydi. Shu kabi davlat organlarining birida yo’l qo’yilgan xato butun mamlakatga o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi.
Ta’kidlash joizki, katta-katta jinoyatlarning asosi ham kichkina poraxo’rlikdan boshlanadi. Korrupsiya – bu jinoyat, demakdir. Shu kichik poraxo’rlik qanday oqibatlarga olib kelishi haqida bir hayotiy misol keltirsam.
Barchamizga ma’lumki, tug’ruqxonada chaqaloq tug’ilgach, uning otasi o’sha yerdagi oddiy xizmatchidan tortib, katta-katta shifokorlargacha suyunchi haqi beradi. Vaholanki, ona va bolaning salomatligi bilan bir chaqa ham qiziqmaydigan “oq xalat, qora qalb egalari” uchun bu qo’shimcha daromad manbayiga aylangan. Bundan tashqari bolaning otasi farzandimga yaxshi qarashsin, degan maqsadda hamshiralarga yana pul berishi kerak ekan. Buni qarangki, turmush o’rtog’i pul to’lamagan ayollar va ularning chaqaloqlariga mas’ul hamshiralar yuzaki qarab, sovuq muomala qilishar ekan. Ana shunday bir ayolning farzandiga hamshiralar qanaqa ta’sir qilishini tekshirib ham ko’rmay, allaqanday sifatsiz dori-darmon berishadi. Natijada ularning “sharofati” bilan soppa-sog’lom tug’ilgan bolaning ko’zida nuqson yuzaga keladi. Aynan o’sha bola men bilan bir ko’chada yashaydi va u mening qo’shnim.Xo’sh, endi savol tug’iladi, bu yerda kim aybdor? Pul bermagan otami yoki poraxo’r hamshiralarmi? Men aybdor sifatida, hech qanday ikkilanishsiz shifokorlarni ko’rsatgan bo’lardim. Axir ularning oldiga bemorlar umid bilan,shifo istab borsa-yu, kasbini suiiste’mol qilgan bu kabi xudbin shaxslar o’z manfaatini aholi salomatligidan ustun qo’yishi kishini quyushqondan chiqaradi. Yuqorida biz fikr yuritgan bolaning ham tengdoshlari bilan o’qib-o’rganishga,dunyoni to’liq his qilishga haqqi bor edi. Ammo boylik vijdondan ustun kelgani tufayli shu ahvolga tushdi. Bu kichik e’tiborsizlik, korrupsiya natijasida yuzaga kelgan kechirilmas jinoyatdir. Bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi keng ko’lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi “O’zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida’’gi qaroriga binoan korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Qonunchilik asosida “2017-2018-yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha Davlat dasturi” tasdiqlandi, unda qo’yilgan aksariyat vazifalar amalga oshirildi.Prezident Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi amalga oshirgan islohotlari barcha davlat boshqaruvi,siyosiy organlarning ochiqligini ta’minlash,bu organlarning asosiy yo’nalishi sifatida xalq manfaatining belgilab qo’yilishi, sud va huquqni himoya qilish organlarining xalq oldida mas’ulligi va hisob berib borish prinsipilarining o’rnatilishi fikrlarimizning yaqqol dalilidir.Butun dunyoda 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida targ’ib qilinadi. Bu degani korrupsiya faqat bir xalq yoxud millatning emas, butun bashariyatning muammosidir. Shuning uchun ham, bu illatga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak. Chunonchi, inson nimani xohlasa, uni amalga oshirishga ham qodir. Korrupsiyaga qarshi qilich-qalqon bilan emas, aql, vijdon-u imonga tayangan holda kurashaylik! Zero,imoni butun shaxs hech qachon bu illat ta’siriga tushib qolmaydi.
Foydalanilgan adabiyotar ro’yxati:
1.O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasi;
2.O’zbekiston Respubliksai Prezidenting 2020-yil 29-iyun “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizmini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi” farmoni.
3.Korrupsiya qarshi kurashish to'g'risida LEX.uz
4.O’zbekiston Respubliksai Prezidenting 2020-yil 29-iyun “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizmini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi” farmoni.
Download 1.57 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling