Кучга кириш санаси


Download 11.33 Kb.
Sana10.02.2023
Hajmi11.33 Kb.
#1185313
Bog'liq
O‘zbekiston Res-WPS Office

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 08.01.2019 yildagi PF-5614-son


Кучга кириш санаси
09.01.2019
Қўшимча ахборот
Улашиш
РУС
ЎЗБ
O’ZB
O‘ZB|РУС
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
IQTISODIYOTNI YANADA RIVOJLANTIRISH VA IQTISODIY SIYOSAT SAMARADORLIGINI OSHIRISHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tub islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqaror, ijobiy o‘sishini ta’minlamoqda.
Respublikamizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, valyuta bozorini erkinlashtirish, yuqori likvidli tovarlarni sotishning bozor usullarini joriy etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholining keng qatlamlarini tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi hamda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish, tovarlar va xizmatlarning sifatli bozorini shakllantirgan holda raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, davlat aktivlarini boshqarishda bozor tamoyillarini joriy etish mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlari raqobatbardoshligi va faoliyati samaradorligini kuchaytirish asosida aholi turmush darajasini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Islohotlar yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilsin:
makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab turish, samarali fiskal siyosatni yuritish, soliqqa tortish tizimi va soliq ma’muriyatchiligini tubdan isloh qilish;
asosiy resurslarni taqsimlashda bozor tamoyillarini keng joriy qilish asosida respublikaning raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishi jarayonlarini tezlashtirish;
fuqarolarning ijtimoiy himoyasi va ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini mustahkamlash, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini himoya qilish hajmlari va turlarini ko‘paytirish;
davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini yanada oshirish, xususiy sektorni rivojlantirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash;
tabiiy boyliklardan foydalanish samaradorligini oshirish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilish.
2. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash (keyingi o‘rinlarda — Iqtisodiy kengash) 2-ilovaga muvofiq;
Iqtisodiy kengash huzurida “Islohotlar yo‘l xaritasi”dagi aniq chora-tadbirlarning eng muhim yo‘nalishlarini ekspertizadan o‘tkazuvchi, xorijiy mutaxassislardan iborat Xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilsin.
Iqtisodiy kengash (A. Aripov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda bir hafta muddatda “Islohotlar yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tarkibiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin hamda ularni vazirlik va idoralarning mas’uliyatli, istiqbolli va yuksak kasbiy mahoratga ega yosh kadrlar bilan to‘ldirsin.
3. Quyidagilar Iqtisodiy kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni va xatarlarni tahlil qilish va aniqlash, tahlil natijalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda kelgusida amalga oshiriladigan yangilanishlar yuzasidan takliflar tayyorlash;
“Islohotlar yo‘l xaritasi”ning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar, “yo‘l xaritalari” va boshqa hujjatlarning belgilangan muddatlarda ishlab chiqilishini ta’minlash hamda kompleks masalalarni puxta o‘rgangan holda hal etib borish;
Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi, uning a’zolari va jalb qilingan mutaxassislar faoliyatini tashkil etish, “Islohotlar yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan eng muhim dasturlar va chora-tadbirlarni ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlash;
“Islohotlar yo‘l xaritasi”ni ijro etish davomida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini idoraviy ko‘lamda va keng jamoatchilik ishtirokida har tomonlama muhokama qilinishini ta’minlash;
mutasaddi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, “Islohotlar yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring olib borilishi va nazorat qilinishini tashkil etish, zarur hollarda belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishi uchun tezkor choralar ko‘rish;
xalqaro moliya institutlari, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, shu maqsadlarda seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.
4. Shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra:
mas’ul idora “Islohotlar yo‘l xaritasi”ga kiritilgan masalalar yuzasidan materiallar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oldindan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Iqtisodiy kengash Kotibiyatiga (keyingi o‘rinlarda — Kotibiyat) taqdim etadi;
Kotibiyat Iqtisodiy kengash a’zolari va Xalqaro ekspertlar guruhi bilan birga materiallar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘rganib chiqadi;
qayta ishlangan materiallar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va jalb qilingan ekspertlar, shu jumladan Xalqaro ekspertlar guruhi a’zolarining xulosalari Iqtisodiy kengash yig‘ilishida muhokama qilinadi va tegishli qarorlar qabul qilinadi;
Iqtisodiy kengash “Islohotlar yo‘l xaritasi”ga kiritilgan masalalar bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, keng muhokama qilish, tasdiqlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyaga kiritishni ta’minlaydi.
5. Iqtisodiy kengash (A. Aripov) mas’ul idoralar bilan birgalikda quyidagi loyihalarning tayyorlanishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini ta’minlasin:
a) Strategiyalar:
davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalarni isloh qilish bo‘yicha — 2019-yil 1-iyungacha;
milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (Raqamli O‘zbekiston-2030) bo‘yicha — 2019-yil 1-dekabrgacha;
ta’limni rivojlantirish bo‘yicha — 2020-yil 1-martgacha;
suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish bo‘yicha — 2020-yil 1-sentabrgacha;
b) Konsepsiyalar:
O‘zbekiston Respublikasini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha — 2019-yil 1-aprelgacha;
qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha — 2019-yil 1-oktabrgacha;
monetar siyosatni kuchaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha — 2019-yil 1-oktabrgacha;
davlat pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha — 2020-yil 1-yanvargacha;
moliyaviy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha — 2020-yil 1-iyungacha;
v) “Yo‘l xaritalari”:
investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha — 2019-yil 1-aprelgacha;
yerdan foydalanishda moslashuvchanlik va shaffoflikni oshirish bo‘yicha — 2019-yil 1-noyabrgacha;
atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha — 2020-yil 1-sentabrgacha.
6. Belgilab qo‘yilsinki, Xalqaro ekspertlar guruhi a’zolari va boshqa jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar bilan shartnomalar tuzish va ular mehnatiga haq to‘lash, Iqtisodiy kengashning faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlar Iqtisodiy kengash kotibiyati taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hamda jalb qilingan grantlar, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning texnik ko‘maklari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Iqtisodiy kengash kotibi — O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari A.Y. Xaydarovga quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin:
“Islohotlar yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini tizimli monitoring qilishni tashkillashtirish;
belgilangan tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;
Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi, uning a’zolari va jalb qilingan xorijiy ekspertlar faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
har 15 kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyaga “Islohotlar yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha batafsil axborotni tegishli ilovalari bilan kiritib borish.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, “Islohotlar yo‘l xaritasi”ga kiritilgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ularning amalga oshirilishi keng yoritilishini tashkil etsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarlari B.M. Mavlonov va G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Download 11.33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling