Kurs ishi mavzu: Hindiston iqtisodiyotida iqtisodiy o’sish muammolari
O‘zbekiston va Hindiston o’rtasidagi mavjud o’zaro iqtisodiy va manfaatli hamkorliklar
Download 0.62 Mb.
|
Barchinoy
O‘zbekiston va Hindiston o’rtasidagi mavjud o’zaro iqtisodiy va manfaatli hamkorliklar.
O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida bir-biriga talpinayotgan mamlakatlar. Bosh vazir Narendra Modi 2015 yil iyulida va 2016 yil iyunida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Keyingi ikki yil ochida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga amalga oshirgan ikki marotaba tashrifi buning yaqqol tasdig‘idir. Misol uchun, 2018 yilning oktyabrida Prezidentimizning Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida 17 ta muhim hujjat imzolandi. Ikkinchi tashrif 2019 yil 17-18 yanvar kunlari yuz berdi. Davlatimiz rahbarining Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yili oktyabr oyida Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarlari axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmasevtika tarmog‘i, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizasiya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish borasida fikr almashdilar. Shuningdek, Prezidentimiz “Jo‘shqin Gujarat” xalqaro sammitida ishtirok etdi. Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud bo‘lib, mazkur sammit ana shu an’analarni davom ettirishga, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilishga xizmat qilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Boz ustiga, yuqori martabali rasmiylarning tashriflari ham amalga oshdi. Xususan, 2019 yilning yanvarida Afg‘oniston ishtirokida Samarqandda “Hindiston-Markaziy Osiyo” ilk muloqoti o‘tkazildi. O‘tgan yil oktyabrida Gujarat shtatining bosh vaziri, janob Rupani 50 kishidan iborat biznes delegasiya tarkibida tashrif buyurdi. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2019 yil noyabrida, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020 yil yanvarda Hindistonga safar qildi. Hindiston jahonning eng ilg'or, tibbiyoti rivojlangan mamlakatlar qatoridan o'rin olgan. Iqtisodiy-ijtimoiy, qolaversa, fan borasida ham qator muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritib kelayotgani barchamizga yaxshi ma'lum. Raqamlashtirish sohasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblangan Hindiston mamlakatimiz IT tarmog'i rivojiga katta hissa qo'shib kelmoqda. Yetakchilar mintaqa mamlakatlari va Hindiston o'rtasidagi an'anaviy yaqin va do'stona aloqalarni yanada mustahkamlash, ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko'rib chiqdilar. Xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan o'zaro fikr almashildi. O'zbekiston Prezidenti o'z nutqining avvalida ushbu uchrashuvning strategik sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolga mo'ljallangan yangi kun tartibini shakllantirishdagi ahamiyati haqida alohida qayd etib o'tdi. Albatta, bunga mamlakat va xalqlarimizni bog'lab turgan chuqur tarixiy ildizlar ishonchli zamin bo'lib xizmat qilmoqda. Xususan, ming yillar mobaynida mintaqamiz va Hindiston xalqlari o'rtasida faol gumanitar almashinuvlar va savdo aloqalari mavjud bo'lgan, ularning madaniyati, an'analari va ma'naviy qadriyatlari bir-birini boyitib kelgan. Davlatimiz rahbari “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishning strategik ustuvor yo'nalishlarini belgilab, bu borada aniq takliflarni ilgari surdi. Birinchi ustuvor yo'nalish sifatida ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish, Hindistonning ilg'or tajribasi, bilim va texnologiyalarini joriy qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish belgilab olindi. Bunga misol tariqasida keyingi yillarda mamlakatimizda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy ko'p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etilgani ko'rsatib o'tildi. Darhaqiqat, shifoxonalardagi zamonaviy tizim sezilarli darajada oshdi. Ayni paytda, Hindistonning etakchi tibbiy universitetlarining O'zbekistondagi filiallari qoshida bunday klinikalar tarmog'i yanada kengaytiriladi. Prezidentimiz farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, vaktsinatsiya to'g'risidagi sertifikatlarni o'zaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturlarini boshlash, an'anaviy tibbiyot usullarini keng joriy qilish tashabbuslarini bildirdi. Ularni ilgari surish maqsadida har yili qo'shma Sog'liqni saqlash forumini o'tkazib borish taklif qilindi. Respublikamizda ta'lim sohasida Hindistonning uchta yirik oliy ta'lim muassasalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, xalqaro maktablar ochish dasturlari amalga oshirilmoqda, Hindistonning tillarni o'qitish metodikasi joriy qilinmoqda. O'zbekiston etakchisi yangi universitetlar va professional ta'lim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yo'lga qo'yish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi. Axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklikning keng istiqbollari alohida qayd etildi. Raqamli, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash borasida, shu jumladan mavjud platformalar negizida hamkorlik qilishning mintaqaviy dasturini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi. Ikkinchi eng muhim strategik ustuvor yo'nalish sifatida davlatimiz rahbari iqtisodiy sheriklikni kengaytirishni taklif etdi. Keyingi yillarda O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga ortdi, qo'shma korxonalar soni 400 taga etdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, Andijon viloyatining Gujarat shtati bilan kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi bevosita aloqalarni rag'batlantirish, investitsiyalar va savdo sohasida yangi o'sish nuqtalarini aniqlash maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga jadal sur'at bag'ishlash muhim ekani ta'kidlandi. O'zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi transport aloqalari samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalarining ustuvor ahamiyatini qayd etdi. “Quruq” portlar tarmog'ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, bojxona tartibotlarini soddalashtirish maqsadida transport vazirlarining ko'p tomonlama uchrashuvlari mexanizmini yo'lga qo'yish taklifi qo'llab-quvvatlandi. Energetik samaradorlik va “yashil” taraqqiyot sohalarida Hindistonning ilg'or tajribasini va kooperatsiya istiqbollarini o'rganishga alohida e'tibor qaratildi. Bu boradagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini joriy yil sentyabr` oyida Orolbo'yida o'tkaziladigan xalqaro forumda muhokama qilish taklifi ilgari surildi. Hindiston bilan diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mintaqa mamlakatlarida hind madaniyati va kinosi festivallarini o'tkazish taklif qilindi. Davlatimiz rahbari Afg'onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga alohida to'xtaldi. Ushbu mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash, gumanitar inqirozning avj olishiga yo'l qo'ymaslik, yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga ko'maklashish choralarini ko'rish muhim ekani ta'kidlandi. Shuningdek, O'zbekiston etakchisi Bosh vazir Narendra Modi va do'st Hindiston xalqini Respublika kuni va mamlakat mustaqilligining bo'lajak 75 yilligi bilan tabrikladi. Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o'rtasidagi do'stlik munosabatlari va ko'p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi. Xalqaro miqyosdagi sherikchilik, o'zaro hamkorlik aloqalari mamlakatimiz rivojlanishi yo'lidagi muhim bosqich hisoblanadi. “So‘nggi to‘rt yil ichida o‘zbek-hind hamkorligi yangi, yuqori bosqichga ko‘tarildi, - deb ta’kidlaydi ekspert. - Tomonlarning munosabatlari an’anaviy do‘stlik va mustahkam tarixiy asosga qurilgan. Jonli ikki tomonlama hamkorlik deyarli barcha sohalarda rivojlanib bormoqda. Avvalo, doimiy va uzluksiz siyosiy muloqot va rasmiy aloqalar amalga oshirilmoqda. 2011 yilda tomonlar strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. 2015 yil iyul oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi Dehlining O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarini rivojlantirishga sodiqligini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilning kuzida Hindistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi, natijada hamkorlik to‘g‘risidagi 20 ta hujjat imzolandi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil yanvar oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan "Jo‘shqin Gujarat" sarmoyaviy sammitida qatnashish uchun qilgan tashrifi Toshkentning hamkorlikni faollashtirish istagini tasdiqladi. 2020 yil dekabr oyida virtual sammit bo‘lib o‘tib, Yaqin do‘stlik va mustahkam sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va hamkorlik to‘g‘risidagi 9 ta hujjat qabul qilindi. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi doimiy muloqot hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol aloqalar bilan to‘ldirib borilmoqda. 2020 yilda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishi va TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning 14-raundi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida Hindiston parlamenti palatalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha parlamentlararo guruhlar tuzildi. So‘nggi to‘rt yil ichida Hindiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning sezilarli darajada faollashgani ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 280 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, qiymati 650 million dollardan oshiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2017 yilda Dehlida O‘zbek-hind savdo uyining ochilishi, 2018 yilda Toshkentda O‘zbek-hind tadbirkorlikni rivojlantirish markazining yaratilishi, Hindiston sanoat konfederatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashining ta’sis etilishi - bularning barchasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzluksiz savdo va investitsiya almashinuvini ta’minlashga qaratilgan. 2019 yilda tuzilgan Ikki tomonlama loyihalarni muvofiqlashtirish va amaliy jihatdan bajarishni rag‘batlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasi faoliyati hamkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan. O‘tgan yili Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida qiymati 3 milliard dollarlik 50 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishildi. Hindiston hukumati 448 million dollar miqdorida kredit ajratib, ushbu mablag‘lar O‘zbekistondagi turli rivojlanish loyihalari, ya’ni yo‘l qurilishi, chiqindi suvlarni tozalash va axborot texnologiyalari uchun taqdim etiladi. Shu bilan birga, tovar ayirboshlashning past darajasi (2020 yilda 442,6 million dollar) tufayli o‘zaro savdo hajmini oshirish va o‘zbek mahsulotlari eksportini ko‘paytirish hamda Hindistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarini jalb qilish ishlari davom etmoqda. O‘zbekiston hukumati hind kompaniyalari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratmoqda va ular tomonidan kimyoviy mahsulotlar, dori-darmon ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charmga ishlov berish sohalari, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarga kiritiladigan sarmoyalarini mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. Hindiston kompaniyalari bilan O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida, shu jumladan 7 ta farmakologik EIZlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hindiston bilan hamkorlikni ilgari surishda transport-logistika sohasidagi hamjihatlikni rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Ikki mamlakat, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining transport va boshqa infratuzilma aloqalarini tubdan yaxshilash o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmining sezilarli o‘sishini ta’minlash uchun zarurdir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston hukumati Hindistonning Ashxobod kelishuviga ("O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - Ummon" transport koridori bo‘yicha) qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari Dehlining Hindistonning Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi uchun muhim tranzit markaziga aylanishi ko‘zda tutilgan Eronning Chobahar bandargohini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston, Hindiston va Eron uch tomonlama ishchi guruhining Chobahar bandargohidan birgalikda foydalanish bo‘yicha birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Fuqaro aviatsiyasi va havo yuklarini tashish sohasida o‘zaro aloqalarning muhim salohiyati mavjud. Hindiston tomoni meva-sabzavot, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlarini tashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga havo yo‘laklarini ochishni taklif qilmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Hindistonga charter yuk reyslari Toshkent, Navoiy va O‘zbekistonning boshqa aviatsiya markazlaridan amalga oshirilishi mumkin. Shuni ham ta’kidlash kerakki, BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Transport va kommunikatsiyalarning o‘zaro aloqasini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish tashabbusi ikki mamlakat manfaatlari uchun hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning transport ta’minoti masalalari bo‘yicha xizmat qilishi mumkin . Hamkorlikning muhim istiqbollari Hindiston tomoni katta salohiyat va afzalliklarga ega bo‘lgan axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, ta’lim va madaniyat sohalari bilan bog‘liqdir. 2019 yilda Toshkentda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki ishga tushirildi. 2018 yilda Hindiston Amiti universitetining Toshkentdagi va Sharda universitetining Andijondagi filiallari ochildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari Dehli, Mumbay va Punadagi ilmiy markazlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Hindistonlik sheriklar bilan o‘zaro hamkorlik "Raqamli O‘zbekiston-2030" strategiyasini amalga oshirishga, aerokosmik texnologiyalarni joriy etishga, atom energetikasini rivojlantirishga va bank tizimini takomillashtirishga, shuningdek sog‘liqni saqlashni modernizatsiya qilishga va aholi uchun tibbiy xizmat sifatini oshirishga yordam berishi mumkin. Ikki mamlakat shaharlari va viloyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni, madaniy va sayyohlik almashinuvini kengaytirish nafaqat O‘zbekiston hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, balki o‘zaro munosabatlarning gumanitar asoslarini mustahkamlashga ham ko‘maklashishi mumkin. Toshkent va Dehli o‘rtasidagi faol mintaqaviy va xalqaro hamjihatlik siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikning muhim qismiga aylanmoqda. 2019 yil yanvar oyida Samarqandda ikki mamlakat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan Afg‘oniston ishtirokida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi "Hindiston-Markaziy Osiyo" muloqoti katta voqea bo‘ldi. 2020 yil fevral oyida Dehlida ushbu muloqot doirasida Hindiston-Markaziy Osiyo Ishbilarmonlik kengashi tashkil etilib, u o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishini ta’kidladi. 2020 yil oktyabr oyida “Hindiston-MO” muloqotining 2-uchrashuvi va Ishbilarmonlik kengashining 2-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni Hindiston va Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirishini faol qo‘llab-quvvatladi, uning doirasidagi o‘zaro hamkorlik esa ikki tomonlama siyosiy muloqotning muhim qismiga aylanib bormoqda. O‘zbekistonning 2021-2022 yillarda bo‘ladigan ShHTga raisligi ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy almashinuv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga hissa qo‘shishi mumkin. Tomonlarning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishda ishtirok etishi ikki mamlakat mintaqaviy hamjihatligining asosi va ikkitomonlama va mintaqalararo savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning kaliti bo‘lishi mumkin. 2021 yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi. Umuman olganda, iqtisodiy jihatdan tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan Hindiston savdo, investitsiya, yuqori texnologiyalar va turizm sohalarida O‘zbekistonning muhim va barqaror sherigiga aylanishga chorlanmoqda. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil chuqurlashtirish har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi va Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining tarixiy o‘zaro bog‘liqligini tiklashga katta hissa qo‘shadi. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling