Kurs ishi Toshkent – 2022 Abdulla Oripov ijodida fojiaviylik Reja
Download 64.42 Kb.
|
1 2
Bog'liqAbdulla Oripov ijodida fojiaviylik
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kurs ishi Toshkent – 2022 Abdulla Oripov ijodida fojiaviylik Reja : Kirish.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI Qo’lyozma huquqida Ona tili va adabiyoti ta’limi fakulteti 302-guruh talabasi Yo‘ldosheva Shahnozaning “Abdulla Oripov ijodida fojiaviylik” mavzusidagi Kurs ishi Toshkent – 2022 Abdulla Oripov ijodida fojiaviylik Reja : Kirish. She’riyatga baxshida umr! II. Asosiy qism: 1.Abdulla Orif she’riyatida milliy ruh ifodasi 2.Shoir she’riyatida fojiaviylik III. Xulosa IV.Foydalangan adabiyotlar ro’yxati Yaralishdan iste’dodning tabiati- isyondir! Bundan necha yuz yil avval yashagan buyuk bobomiz Alisher Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” dostonida Farhodning tug‘ilishini quyidagicha ifodalaydi: “Shabistonda tug‘di bir yangi oy,yangi oy yo‘qki mehri olamoroy’’, ya’ni kechasi yangi oy tugi‘ldi,uni yangi oy demaki olamni yorituvchi quyosh edi.Xuddi shu kabi 1941-yilning 21-martida Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida she’riyatimiz osmonidagi quyosh dunyo yuzini ko‘rdi.Uning dunyoga kelgan kunining o‘ziyoq yasharish va yangilanish bayrami bo‘lmish Navro‘z ayyomiga to‘g‘ri kelganligi Abdulla Oripovning so‘nmas siymo ekanligidan dalolat beradi.She’riyat olamini osmonga o‘xshatsa,Abdulla Oripov shu osmonda yulduz yoki oy bo‘lib emas,balki quyosh yanglig‘ porladi.Quyosh butun olam va borliq uchun hayot manbayi bo‘lsa,Abdulla Oripov qalblardagi mehr-oqibat,sadoqat tuyg‘ularini undiradigan bog‘bon bo‘ldi.Shoir umrining oxirigacha o‘z she’rlari olamida yashadi.Yuqoridagi fikrning isboti tarqasida quyidagi misralarni keltirish joiz: “Axir nima qilay chorlasa sirlar, Axir nima qilay she’r yozgim kelsa” . Atoqli yozuvchi O‘.Hoshimov: “Haqiqiy ijodkor Xudo ko‘ngliga solmaguncha hech narsa yoza olmaydi”-degan edi,bundan ko‘rinadiki Abdulla Oripovning yuragiga she’r yozish tuyg‘usi ona suti bilan kirgan.Shoirning azal qismati ham she’r yozishdir. 1958-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagan Oripov Toshkent Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni ham 1963-yilda imtiyozli diplom bilan yakunlaydi. “Yosh gvardiya” (1963-69), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotlarida muharrir (1969-74), “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1974-76), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1976-82), mas’ul kotib (1985-88), Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1982-83), “Gulxan” jurnalida muharrir (1983-85), 1996-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shoir va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” singari dastlabki she’rlari talabalik yillarida yozilgan va o‘zbek she’riyatiga yangi, iste’dodli, o‘ziga xos ovozga ega shoirning kirib kelayotganidan darak bergan. Ko‘p o’tmay, “Mitti yulduz” (1965) ilk she'rlar to‘plamining nashr etilishi she’riyat muxlislarida paydo bo‘lgan shu dastlabki tasavvurning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlagan. Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov: “Mitti yulduz”ning paydo boʻlishi sheʼriyatimiz osmonida yangi quvnoq, charogʻon yulduz paydo boʻlganidan darak beradi”,-deb yozgan ekan oʻshanda. Munaqqidlarimizning taʼkidlashicha, zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining keyingi oltmish yillik yo‘li “Mitti yulduz”ga qarab belgilangan ekan... “Aslida, “Mitti yulduz”ni yoʻlchi yulduz deb atash mumkin. Abdulla Oripovdan keyin adabiyot maydoniga kirganlar orasida undan taʼsirlanmagan, uning sheʼriyat maktabidan saboq olmagan ijodkorni topish mahol. Masalan, shoirning tengdoshi Oʻzbekiston Xalq shoiri Rauf Parfi “Eng uzoq yozilgan tarjimayi holim” sheʼrida: “Dars: Alisher Navoiydan to Abdulla Orif”, deya eʼtirof etadi. Atoqli shoir Usmon Azim sheʼr aslida nima ekanini “Mitti yulduz” mutolaasidan keyin anglaganini taʼkidlaydi. Azim Suyun: “Biz sheʼriyatga “Mitti yulduz” taʼsirida kirganmiz”, deydi. Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo, Eshqobil Shukur, Aziz Said.... bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ularning barchasi Abdulla Oripov ijodxonasidan saboq olganini eʼtirof etadi.“Mitti yulduz”ning adabiy jarayonga taʼsiri shunday boʻldiki, Vatan, xalq haqida chuchmal, taʼsirsiz soʻzlar nazm namunasi oʻlaroq taqdim etilayotgan bir zamonda oʻzbek sheʼriyatida birdaniga yashin chaqnadi, momoqaldiroq guldiradi goʻyo.1 Shundan keyin shoirning “Ko‘zlarim yo‘lingda” (1966), “Onajon” (1969), “Ruhim”, “O‘zbekiston” (1971), “Xotirot”, “Yurtim shamoli” (1974), “Yuzma-yuz”, “Hayrat” (1979), “Najot qal'asi” (1981), “Yillar armoni” (1983), “Haj daftari”, “Munojot” (1992), “Saylanma” (1996), “Dunyo” (1999), “Shoir yuragi” (2003) singari she'riy kitoblari nashr etilgan. Abdulla Oripov “Jannatga yo’l” (1978), “Hakim va ajal” (1980), “Ranjkom” (1988) kabi dostonlarida ma'naviyat masalalariga alohida e’tibor berib, kishilarning ruhiy olamidagi ayrim qusurlar bilan ilmiy-texnik taraqqiyot va tafakkurning parvozi o‘rtasidagi ziddiyatni ochib tashladi. Abdulla Oripovning tili sodda,bir qarashda hamma tushunadiganday ko‘rinadi,lekin bu soddalik zamirida falsafiy qarashlar yotadi.Shoir “Qo‘riqxona” she’rida: Vijdonni asrangiz har nedan ortiq, Yagonna zaminni asragansimon. Bobolardan qolgan noyob bu tortiq, Toki avlodlarga yetolsin omon. Mana shu to‘rt misra zamirida inson har doim haqiqat va adolat yo‘lida sobit tura olishi kerakligi va bu insonning vijdoniga bog‘liq ekanligini ta’kidlagan.Vijdon shunday bir tuyg‘uki,u inson tanasidagi sudyaga o‘xshaydi.Inson qilgan gunohini bandasi bilmasligi mumkin,biroq u o‘z vijdoni oldida,albatta,javob beradi.Bu dunyodagi eng og‘ir narsa ham vijdon azobidir.Ana shunday adolat tuyg‘usini shoir butun olamni asragan kabi asrashga davat etgan bo‘lsa,keying misralarda o‘zbek xalqining qadimdan bir so‘zli,qat’iyatli ,jasur xalq bo‘lganligi va yosh avlodga shu kabi tuyg‘ularni qalblarga singdirishni ko‘rsatib o‘tgan.Abdulla Oripov aynan shu misralar orqali hayotda doim sof tuyg‘ular va halol ishlar qilib yashashga chorlaydi.Shoirlik ham mukofot,ham jazodir. She’r yozish barchaga in’om etilmagan,qalbni tinglash va uni anglash,hayotning nekbin tuyg‘ulariga qalb tuta olishning o‘zi eng oliy ne’matdir. Shoir degani doim baxtli,og‘riqsiz,dardsiz inson degani emas.Abdulla Oripov ta’kidlaganidek: Olti oykim she’r yozmayman yuragim zada, Olti oykim o‘zgalarga tilayman omad. Olti oykim do‘stlarim ham pana-panada, Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat. Hayot doim gul ekilgan yo‘llardan iborat emas,she’r yozish esa giyoh o‘smagan yo‘llarni bog‘ kabi go‘zal deb ko‘rsata olishdir.Sabrning tagi doim sariq oltin ekanligini his ettirishdir. She’rda aytilganidek,inson bor ekan hayot qarama-qarshiliklardan iborat.Shunday vaziyatlarda ham bir mo‘min kishi sifatida rohat tilay olish ham hilmlilikning oliy ko‘rinishidir. Dard insonni o‘zgartiradi,qarashlar,fikrlar o‘zgaradi. Doim past-u balandliklardan o‘tiladi. Rassom hayotni bo‘yoqlar jilosida tasvirlasa,shoir so‘zlar orqali kechinmalarni anglatadi. Buni shoirning “Shoir yuragi” she’rida ham ko‘rishimiz mumkin: Muttasil bu yo‘lda keladi to‘qnash, Nur bilan zulumot,o‘lim va hayot. Bu ko‘prik olamning o‘ziga o‘xshash, Bir farqi-sohibi ixtiyorsiz zot. Shoir hayotdan olib,hayotga qaytaradi.Oddiy ravishda emas,balki qalb qo‘ri,yuragining bir parchasi sifatida sayqallab qaytaradi. Birgina farqi esa shoirlikning cheki-chegarasi,sarhadi yo‘q.Hislar ummonida tartibsiz,sershovqin suzadi. She’r shoir qalbining parchasi,uning farzandi bo‘ladi.Abdulla Oripov taqdirining har lahzasida,umr yo‘llarida she’rsiz yashamadi. Umrini she’rlarida qoldirdi. “Nurli ohanglar – faqat nekbin gʻoyalar va tuygʻular silsilasi emas. Baʼzan shoir oʻz qalbidan suzib chiqqan mungli hislar shalolasini tasvir etganida ham kitobxon dili bu musaffo tuygʻular tugʻyonidan xiyla poklanib, mungdan-da nurlangandek boʻladi”.2 Abdulla Oripov hayotni falsafiy anglagan shoir,she’rlarida borliqning akslanishini ko‘rish mumkin,balki,shuning uchun ham she’rlari yillar silsilasidan viqorli tog‘lar kabi o‘tib kelmoqdadir.Ushbu fikrga isbot tariqasida “Yurtim shamoli” she’ridan keltirish joiz: Men-ku bu dunyoda bir zori visol, Karbalo dashtida Majnun sifatman. Shamollar ichida men ham bir shamol, Chechaklar atridan men ham sarmastman. Lekin sen ruhimning mangu xayoli, O, yurtim shamoli, yurtim shamoli... Esgin-ey, bogʻlarning jamoli kulsin, Moviy nafas bilan toʻlsin etaklar. Uchqur qoʻshiqlarga bu olam toʻlsin, Shaʼningga shoirlar aytsin ertaklar. Esgin, vatanimning taralsin boli, O, yurtim shamoli, yurtim shamoli. Bu misralar, oʻtli soʻzlar tarzida shoir yuragidan otilgan bu tuygʻular oʻzbek uchun ham, farangi uchun ham, hindu uchun ham tushunarli va aziz boʻlsa ne ajab. Haqiqiy shoir xalq qalbining tarjimoni bo’lmog’i lozim.O’zbek xalqi bugungi tinch va osoyishta hayotga o‘zidan o‘zi erishgani yo‘q.Atoqli nemis olimi Karl Yaspers o‘z vaqtida: “Buyuk shaxslar boshqalarning erkinligi va ozodligi uchun o‘zining majburiyatini chuqur his qiladi”-,deb ta’kidlagan edi.Abdulla Oripov xalqimiz boshidagi qora kunlarda o‘zining ana shu majburiyatini haqiqatdan ham anglab yetdi. Men ham yashayapman o'z zamonimda, Davrimdan qayga ham tushardim yiroq. deb yozarkan, ikki misragina she’rda o‘sha og‘ir davrlarga ishora qilganini yurak-yurakdan his etamiz. “Bahor ham o‘z-o‘zidan kirib kelmaydi, albatta. Qaldirg‘ochlar bekorga yurt osmoni to‘ldirib uchmaydi. Sinov va imtihonlarga, quvonch-u sog‘inchlarga to‘liq qishimiz ham, bahorimiz ham o‘zimizniki, tashvishimiz-yumushimiz ham shu el, shu Vatan bilan, elning tinchi va saodati bilan birga va baqamti. Ustozning o‘zlari, “Sening visolingdan quvonmay nega, Bahor, sog‘intirding axir ko‘p uzoq”, deganlariday, tabiatning ham, yer-u koinotning ham o‘z qonun-qoidalari va o‘lchamlari bordirki, shu qonuniyatga binoan barchasi o‘z vaqti-soati bilan joy-joyiga tushmog‘i muqarrar”.3 Vatanning bor dardini his eta olgan ijodkor: Men nechun sevaman-O‘zbekistonni? degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi.Abdulla Oripovgacha bunday hayqiriq bilan hech kim chiqa olmagan edi. Inson hayoti davomida ikki narsani tanlay olmaydi: Vatan va ota-onani. Shu sababli shoir :Yurtim,seni faqat boyliklaring uchun sevgan farzand bo‘lsa,kechirma aslo,-deya ta’kidlaydi.Vatan yaxshi yoki yomon deyilmaydi,uni inson kindik qoni to‘kilgan zamin bo‘lganligi,ajdodlarining ruhi uchun ham o‘zgartira olmaydi.O‘z davrida shoir o‘zbek o‘g‘loni sifatida qora kuchlardan qo‘rqmadi va : “O‘zbekiston-mening Vatanim”-deb chiqa oldi.Bu esa Vatanga bo‘lgan chin muhabbat shu yurt farzandi uchun har qanday to‘siqlarni yengib o‘ta olishini anglatardi.Yurt o‘g‘loni qalbidagi shijoatni Abdulla Oripov shunday ta’riflaydi: “O‘g‘lim,bul hikmatni qilgin boshga toj, Hech kimsa bo‘lmasin nomardga muhtoj. Er yigit qalqondir yurtiga doim, Mangudir Vatanda mardga ehtiyoj” Abdulla Oripovga yuqoridagi jasorati tufayli shoir va yozuvchilar orasidan birinchi bo‘lib, : “O‘zbekiston Qahramoni” unvonining berilishi ham bejiz emas.Har qanday yurt o‘zining fidoyi farzandlari bilan yuksalish va rivojlanishdan to‘xtamaydi.Abdulla Oripov she’riyatga ‘yoki daryo bo‘lmadi,balki ummon bo‘lib qo‘shildi.Shoir “Genetika” she’rida ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga chorlaydi. Neki ezgulik bor jahonda poydor, Joylab ola bildik barchasin qonga. Asrlar so‘ngida tole’ kelib yor Farzand bo‘la bildik buyuk zamonga. Har qaysi davlat,davlat bo‘lishi uchun o‘z ajdodlari kim bo‘lgan, kimning avlodi ekanligini bilishi kerak. Ana shundagina davlat ham,uning xalqi ham buyuklikka erishadi.O‘zbekiston,jumladan, Qashqadaryo xalqi ikki narsa bilan faxrlanadi.Birinchisi – bu buyuk Sohibqiron bo‘lsa; “Shahrisabz azim shahar gul shahar Temur yurti –qadim shahar bul shahar” Ikkinchi sababi Amir Temurga satrlarni bitgan Abdulla Oripovning ham aynan shu diyor farzandi ekanligidir. “Har qancha faxr etsang arziydi,o‘zbek Balqibsan bir zotning yuksak shonida Temurbek yulduzi oltin qoziqdek Charaqlar buyuklar kahkashonida. Inson uchun bundan ortiq g‘urur va faxr hissini tuyish uchun sabab bo‘lmaydi.Amir Temurni butun dunyo mohir sarkarda sifatida tan olgan bo‘lsa,Abdulla Oripovni bugun dunyo tuyg‘ulardan tuzilgan qo‘shinning sarkardasi timsolida tan olgan. Vatan -buyuk sarkardalar yurti.Abdulla Oripov ta’kidlaganidek : “Bobolarim yurti,otam maskani, Onamning muborak hoki barqaror Biz farzand misoli qutlayman seni Ey,Otash zamindan yaralgan diyor” Ha,O’zbekiston buyuklar,iste’dodlar diyoridir.Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov shunday degan edi: “Abdulla Oripov kabi shoirlar yuz yilda bir marta tug’iladi”. Shoir she’rlarida xalqchillik bor: Muhabbatim lol qotgan ul tog‘laring aytsin, Tongda ohim takror etgan bog‘laring aytsin, Mensiz kechgan har bir lahza, chog‘laring aytsin: Sen uchundir bor hayotim, shuhratim-shonim, Qo‘llaringni bergil menga, shirinzabonim. Shoir she’rlarida o‘zbekchilik sezimlari bor,bir nafasda o‘qishlik! Haqiqiy iste’dod shunday bo‘lsa kerak-da: Ko‘z oldimdan kechar necha asrlar, Ko‘z-ko‘z etib nuqs-u chiroyin. Sarson o‘tgan necha nasllar. Topolmasdan tug‘ilgan joyin. Amerika — sehrli diyor, Uxlar edi Kolumb ham hali, Dengiz ortin yoritdi ilk bor, Beruniyning aql mash’ali. Kolumbda bor alamim manim, O‘zbekiston, Vatanim manim. Vatan-taqdirning eng oliy inoyati! Yaxshi kunlarda ham,yomon kunlarda ham insonni himoya qiladigan,bag‘riga bosadigan makondir. Baxtli manzillarning,qayg‘uli onlarning guvohidir.Shoir o‘z diyorini go‘zal tashbehlar ila ulug‘larkan,ajdodlarini ham unutmaydi. Amerika qit’asini Beruniy bobomiz Kolumbdan ancha yillar avval kashf etganini alohida e’tirof etadi. “O‘zbekiston” she’ri o‘zbeklikning ifodasi,vatan farzandining haqiqiy qalb gavharidir. Men ilk bor ushbu she’rni o‘qiganimda,kichik bo‘lishimga qaramay Vatan shunday sevilarkan-da degan hisni tuyganman. O‘ylashimcha,inson qay manzillarda bo‘lmasin,oxirida baribir o‘z makoniga qaytadi.Borgan manzillarida ham o‘z tuproq isini sog‘inadi.Balki,bu samoviy bir mehr tufaylidir. Taqdiri azalning bir mukofotidir. Men A.Oripovning bir jumlasi orqali taniyman: “Faqat boyliklaring uchun sevgan farzand bo‘lsa,kechirma aslo” . Mana shu jumla men uchun shoirning tashrif qog‘oziga aylangan. Vatan haqida o‘qiganimda,eshitganimda doim shu jumlalar miyyamda akslanaveradi. Men A.Oripov she’rlarida o‘zbek millatining qiyofasini ko‘rganman, vatanni sevishni his qilganman. Fikrimcha, iste’dod yillar sinovidan o‘tgan, o‘z qalb sohiblari bo‘lgan asarlarda namoyon bo‘ladi. Haqiqiy iste’dod baxti mana shunday bo‘lsa ajabmas! Shu o‘rinda Ulug‘bek Hamdamning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish joiz: Xalqim, tarix hukmi seni agarda Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi, Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding Mehrim bermasmidim o‘sha muzlarga? [YА,57] Demak, shoir uchun Vatanning qayerda joylashganligi, boshi ustidagi quyosh nurining oz-koʼpligi ahamiyatsiz. U hatto “Mangu muzliklar”da bo‘lsa ham – baribir, shoir Vatanni sevishda davom etaveradi. Chunki bunga birinchi va asosiy sabab – xalqi! Xalqni o‘ylay boshlagan shoirning esa uning o‘tmishi, buguni va kelajagi to‘g‘risida mulohaza yuritmasligi mumkin emas. Bunday yo‘lni – fikr yo‘lini, mulohaza yo‘lini bosib o‘tgan shoirning qalamidan chiqqan lirika, tabiiyki, ijtimoiy mazmunga to‘yingan hisoblanadi. Vatanparvarlik yelkadagi chuqur mas’uliyat bo‘lishi bilan bir qatorda, inson qalbiga iliqlik baxsh etadigan tarona kabidir.Chunki Vatanparvarlik ona allasi bilan insonning qalb qo‘riga singadi. Vatanni onaga qiyos etish ham shundandir.Ona farzandi uchun har voqealikda hozir bo‘lgani kabi,Vatan ham o‘z farzandini doim qalbida asraydi. Shoir aytganidek: Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular, Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob. Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular, Qo‘ymaydilar, va‘dalaring chiqdi deb sarob. Ko‘z oldimda sobit turar faqat shu Vatan, Kulbasi ham kenglik qadar chulg‘aydi meni. Tuyg‘ularim faqatgina unga berar tan, Yurtim men ham umrim qadar sevgayman seni. A.Oripov Vatanning “qora” kunlarini ham ko’rdi.Doim inson hayoti bir tekisda bo‘lmaganidek,shoir qismatida ham bu kunlar bo‘ldi. O‘z diyorini his etolmaydigan, mening vatanim deyolmagan zamonlarda ham yashadi. Onasining allasi bilan singan tuyg‘u ham tark etishni istaganda,faqat ko‘z o‘ngida o‘z tug‘ilib o‘sgan makoni turardi. Bu Vatanga bo‘lgan muhabbatning yorqin ko‘rinishidir. Iztirobga to‘liq ijtimoiy-ruhiy izlanishlari natijasida bir mahallar shoir ong-u shuurini egallagan o‘y-tuyg‘ular yo‘qoldi, sobit qolgani birgina Vatanga muhabbat bo‘ldi. Vatanga muhabbat esa, yuqorida ko‘rdik, xalqqa muhabbatdan kelib chiqadi. Xalqqa muhabbat uning buguni va ertasi haqida qayg‘urtiradi, uning istiqboli yorug‘ bo‘lishi haqidagi orzularni tug‘diradi. Idealning konkretlashishi deganda biz shuni nazarda tutgan edik. Yaʼni shoir mavhum g‘oyani ideal bilib uning qobig‘ida o‘ralib qolmadi, hayotdan kelib chiqqan holda iqtidor kuchi bilan uni o‘zi uchun aniqlashtirib oldi. Va uning ideali VАTАN – XАLQ, ISTIQBOL otliq bir-biriga chambarchas bog‘liq uchta asosga qurildi. Shu maʼnoda, А.Oripov kommunizm gʼoyasining yoxud mafkuraning kuychisi deb boʼlmaydi, zero, shoir lugʼatidagi “kommunizm” soʼzida Vatan, xalq va istiqbol maʼnolari dominantlik kasb etgandir. Boshqa holatlar, masalan, turli sanalar munosabati bilan yozilgan qutlov tipidagi sheʼrlar esa murosa qabilidan sanalishi mumkin. Zero, el nazariga tushib ulgurgan shoir hatto oʼzi istasa-da doim ham jim turolmaydi.4 Shoir tuyg‘ularning haykaltaroshidek go‘yo, sezimlarga so‘zlar orqali shunday sayqal beradiki,har bir o‘qirman unda o‘zini topadi,hayot falsafasini anglashga urinadi. Men asl hislarning qog‘ozdagi ifodasini,millatning og‘riqlarini shoir she’rlarida his qilganman. Shoir shunday deydi: Men deyman ishonchla yashasang har dam, Qudratli jangchilar boqqanday yovga. Shunday yashasangki,yetuk va bardam, Hojat qoldirmasang,hech bir sinovga! She’riyat - qalbdan to‘kilgan ko‘zyosh.Og‘riqlar,alam-u iztiroblar bilan umidlarni,go‘zal tuyumlarni hadya eta oladi. Men shoir she’rlarida tarixni,ajdodlar bilan faxrlanishni,ularga munosib bir barkamol avlod bo‘lishni istagan qalbni ko‘raman. Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo, Hammasiga guvoh — yer osti. Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro Jahongiri kam bo‘lar, rosti. Besh asrkim, nazmiy saroyni Titratadi zanjirband bir she’r. Temur tig‘i yetmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher. Dunyo bo‘ldi chamanim manim, O‘zbekiston, Vatanim manim. Fojiaviylik – bu insoniy o‘zlikning buyukligi natijasida yuzaga keladigan tabiiy holatdir. “Lirik fojelik mungli hissiyotning she’rdagi ifodasi sifatida tabiiy asosga ega”5 Bu oddiy holat emas, albatta. Mazkur holat pok va xokisor ruhiyat iztirobi va yana mavjud ijtimoiy tuzumning nobop o‘yinlaridan charchagan dilning faqat o‘z ruhiy dunyosiga intilishi, tashqi dunyodan chekinish holati desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Aynan bu jarayon lirik qahramon “men”ida sodir bo‘ladi.She’riyatda fojiaviylik masalasiga kelinsa, inson ruhi toliqadi,og‘riqlardan,qalb azoblaridan va o‘z olami bilan hayotni anglashga kirishadi.Shoirlik uchun eng ulkan tahqir ilhomsiz yozdirilgan she’rlar deb o’ylayman. Shoir qalb kechinmalarini ochiq ayta olmasagina,ruhiyat olamiga berkinadi. Abdulla Oripov tarixning rangsiz sahifalarini bo‘yoqsiz tasvirlaydi.Bu tasvirlar ruhiyatning og‘ir ifodasidir. Quyidagi “Ayol” she’ri orqali ana shu rangsiz kunlarning haqiqiy fojiaviyligi xususida fikr yuritiladi: Yigitlar maktubin bitganda qondan, Kelinlar firoqdan chekkanda yohu, Uning ham panohi qaytmadi jangdan, O‘n to‘qqiz yoshida beva qoldi u. Sevgidan yetim-u umrdan yarim, Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak. Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim, Abadiy visol deb bildi kelinchak. Qaqragan lablarda olovli nafas, Kechalar kechmishin ayladi ko‘mir. Parishon sochlari yor ko‘ksi emas, Muzdayin bolishda qoldi bir umr. Yillar ham o‘tdilar, hamon u yolg‘iz, Mung‘ayib termular botguvchi kunga. Ey nomard tabiat, bormi senda his, Qaytadan baxt bersang bo‘lmasmi unga?! Nahot ishq qismati buncha berahm, Bunchalar buyuksan vafo shevasi. Sengadir hurmatim, senga sharafi Qahramon jangchining sodiq bevasi. Siz-chi ey, sadoqat satridan nolib, Nadomat komida qolganlar, ayting. O‘zini ming bitta bozordan olib, Ming bitta bozorga solganlar, ayting. Shu cho‘lpon ko‘zlarning buyuk hurmati, Shu aqiq lablarning rost so‘zi deya, So‘ylang-chi, vafoning nadir qiymati Ba’zida tirnoqlar bezagi uchun Sahardan shomgacha qilursiz toqat. Biroq yoringizni kutgali nechun Topilmas tirnoqcha sabr-u qanoat. Nazokat paytimas, yaqinroq keling, Buyuk zot qoshida aylangiz salom. Shu sodiq bevaga sajdalar qiling, Shu sodiq bevaga aylang ehtirom. Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda, Haykal ham qo‘yingiz bamisli xayol. Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda, Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol. “Ayol” she’ri XX asr o‘zbek ayollari siymosining tasviridir. Erki o‘zida bo‘lmagan Vatanning munis ayollari,onalari haqidagi qasidadir. Shoir o‘sha istibdod kunlarda ruhiyatiga berkinib, hislarni so‘zlar bilan ifodalaydi. She’rni ilk misralariyoq urushning butun dahshatini beradi, maktubning qondan bitilganligi bunga ishoradir.Shu she’rni o‘qir ekanman,o‘zbek ayollarining vafosi dunyo uchun shonli voqelikdek ko‘rinadi. Panohidan ayrilib, o‘n to‘qqiz yoshida beva qolgan ayolning butun umrlik ayriliqni abadiy vafo deb hayot kechirishini tasvirlagan shoirning qalb kechinmalarini tushunish qiyinlashadi. She’riyatdagi fojialik mana shunda yaqqol aks etgan. Jamiyatdagi bo‘layotgan bu mungni she’rda aks ettirish,ettira olish san’atdir. Shoir bunday holatni jim,so‘zsiz,hissiz kuzata olmasdi,shuning uchun ham she’riyatda fojiaviylikni turli ranglarda chiza oldi. Hayotning turli sinovlariga qaramay,yillarning istibdodiga dosh berib,vafoning qiymatini saqlagan o‘zbek ayollari haqiqiy qahramonlaridir. Urushga ketgan yorini umr bo‘yi kutish,unga sadoqat qilish ham matonatning oliy shaklidir. Quyoshning botishi kabi bir hazin qalb bilan hayotga boqayotgan ayollarni ko‘rib shoir tabiatga murojaat qiladi: Ey nomard tabiat, bormi senda his, Qaytadan baxt bersang bo‘lmasmi unga?! Shoir bu hazinlikka chiday olmaydi,tabiatni nomardlikda ayblaydi,qaytadan baxtli hayot tortiq qilishini so’raydi. Biroq keyingi misrada ishqning qiymatini baholarkan,vafo tufayli ekanligini anglagandek bo‘ladi. Urushga ketgan,janglarda mardonavor kurashgan yigitlar qahramon asli,biroq shonli o‘zbekning qahramonlari uchun butun umrlik yolg‘izlik degan azobni o‘zida his qilib,yoriga vafo qilgan ayollarni nima deb atash mumkin? Qiyinchiliklarga chidashi kerakmidi,azoblarni,iztiroblarni his qilishi shartmidi? Endi umr bahorining o‘n to‘qqizini ko‘rgan kelinchak urush tufayli shu kunlarga chidashi nega kerak edi? Boshqa oila qurishi,hayotini yangidan boshlashi mumkin bo‘lgan holida nega qaytib kelmaydigan,olamdan o‘tgan bir inson uchun o‘zini yolg‘izlik atalmish chohga tashladi? Bularning yagona javobi -vafodir! Oila faqat insonning yaxshi kunida yonida bo‘ladigan jamoa emas, unda vafo,ishq, sadoqat,hurmat asosdir. Buni yuqoridagi misralar isbotlaydi. Shoir keyingi misrada xalqning riyokor insonlariga murojaat qiladi. Vafo qiymatini o‘sha beva ayollardan o‘rganishiga chorlaydi. Insonning ko‘zlari,tashqi ko‘rinishi o‘zgarishi mumkin,biroq qalb o‘zgarmaydi.Ishq qalbga Yaratgan tomonidan berilgan inoyatdir. Shoir she’rda tashqi ko‘rinish uchun har narsaga tayyor ayollarga murojaat qilar ekan,nega o‘z yori uchun tirnoqcha vafoni hadya etolmasligini so‘raydi. O‘zini bu bozordan u bozorga sotadigan kimsalarni Yaratgan zot qoshiga qaytishini istaydi. Sajdani esa o‘sha bevalarga qilishini so‘raydi. Ayollik-or-nomus, iroda,sabr-matonatdir! Shoir ana shunday ayollarga haykal qo‘yishni aytadi.Shunday ayollar borligi uchun muqaddasdir deydi. O‘zbek ayollari deganda dunyo ko‘z o‘ngida matonat va vafo gavdalanishiga ishonaman. Millat o‘g‘lonlarini yetishtirgan ham ana shunday matonatning egalaridir. Insoniylik qachon sinaladi? Fikrimcha, qiyin kunlarda bo‘lsa kerak,chunki o‘z jonini qiynab,boshqa bir inson uchun nimadir qila olish bu-insoniylik! Ushbu she’r yozilganda ham ana shunday insoniylik bilan birga o‘zbek ayollaridan vafo-yu sadoqat ham talab qilingan. Shoir shu kabi hislarni satrlarda ifodaladi. Shoir haqida Naim Karimovning quyidagi fikrlarini keltirish joiz: Shoirning “Ishonch koʼpriklari” sheʼrida oʼzini qiynagan maʼnaviy muammolar teran badiiy talqin etilgan. Bugun maʼlum boʼlishicha, bu sheʼr kuni kecha faqat ijodkorlar oʼrtasida koʼzga tashlangan qusurlarga emas, balki umuman jamiyatimizning maʼnaviy tushkunlikka yuz tuta boshlashiga qarshi qaratilgan ekan. Sheʼrdagi har bir satr shu maʼnoda kishilarni ogohlikka undovchi, ulugʼ davlatni olamshumul halokatdan saqlab qolishga daʼvat etuvchi ruhiy quvvatga ega ekan. Quyidagi misralar shundan dalolat beradi: Yuzdan parda ketsa, Dildan diyonat, Mehr rishtalari zimdan uzilsa, Yuraklarni bossa shubha, xiyonat, Ishonch koʼpriklari buzilsa; Yetimlar haqidan qoʼrqmasa birov, Soʼqmoqqa aylanib ketsalar yoʼllar; Qiblagohlar osiy, tugʼishganlar yov, Gʼaznalarga choʼzilsa qoʼllar… Elning shoirlari gʼanim zotlar kabi Bir-birlarin gʼajib yesalar; Minbarlarga chiqsa koʼcha-koʼyning gapi, Аndishani qoʼrqoq desalar… Bunday yurtda endi qirgʼin shart emas, Vabo ham qochadi undan yiroqqa. Hatto daryolari qurir basma-bas, Hatto tuproqlari tushar titroqqa. Shoir bashorat qilgan ekan. Xalqning oldi boʼlgan kishilarni iymon tark eta boshlagani bois, to‘g‘rirog‘i, ommaviy tus olgan iymonsizlik sababli aslida boy va qudratli boʼlgan mamlakatimiz oʼsha kezlari halokat yoqasiga kelib qolgan edi. Daryolargina emas, dasturxonlar ham qurib, mamlakatdan qut-baraka qochganiga koʼpchilik guvoh. Kimlarningdir irodasi bilan xalqlar bir-birlariga qarshi pichoq charxlagani ham rost… “Chinakam shoir doim adabiyotga sheʼriyatning yangicha talqinini olib keladi va bunda zamonning estetik ehtiyojlari ifodalanadi. Shunday vazifalarni yangicha tushunish, shoirning jamiyat hayotidagi oʼrnini yangicha talqin qilish А.Oripov uchun ham xarakterli” .6 “ Taʼna qilmay axir sevgim mukofotini Inson uchun ming otashda kuyar edim men O, qanchalar sevar edim inson zotini, Qanday buyuk muhabbat-la sevar edim men. Bugun toʼnib, atrofimga qarayman sekin, Oʼt berolmas qalbga endi u yoshlik damlar. Men insonni bir insonday sevardim, lekin Nechun koʼpdir haligacha razil odamlar. Shoirning achchiq iqrori zamiridagi samimiyat oʼqirman hissiyotini bezovta qilib, oʼziga rom etadi. Sheʼrdagi bezovtalik, qoniqmaslik sheʼrxonnida oʼzini taftish qilishga undaydi. Taftish esa poklanish yoʼlidagi ilk qadamdir. Umr deganlari shoshqin va beto’xtov.Lekin hayot abadiy.Bu dunyoda qancha umr kechirish emas,aksincha,qanday yashash muhim.Kapalak-oq farishtalar.Ularga atigi bir kunlik umr beriladi.Biroq ana shu qisqa muddat umrida ham gul hididan mast holda hayot o’tkazadi.U bir kun yashasa ham hayotini bekorga o’tkazmaydi.Kapalak gulli o’simliklarni changlatadi.Ular orqali hayot davom etadiKapalak bir kun yashasa ham uni hamma yaxshi ko’radi.Chamamda,haqiqiy iste’dod egalari ham kapalakka o’xshaydi.Ularning qancha umr kechirishidan qat’i nazar har doim sevimli bo’lib qolaveradi.Bugun XX-XI asr she’riyatining quyoshi oramizda yo’q.Biroq u qalbimizda doimo yashaydi.Bunga isbot:har doim O’zbekiston madhiyasini aytayotib,qo’limizni ko’ksimizga qo’yar ekanmiz ,mana shuning o’zi Abdulla Oripov siymosiga bo’lgan buyuk ehtiromdir.Chunki davlatimiz ramzi hisoblangan Madhiyamiz matnining muallifi ham aynan Abdulla Oripovdir.Quyosh kechqurun ufqqa bosh qo’ygani bilan u yo‘q bo‘lib qolmaydi.Quyosh tunda ham o‘z nurlari bilan oyning yuzini oppoq,munavvar etadi.Abdulla Oripov ham bu dunyoda yo‘q bo‘lsa-da,uning oy kabi oppoq she’rlari qoldi.Shoir ta’biri bilan aytganda: “Umr tugar balki,tuganmas shoda, U inson umridan fuzun ziyoda. Bu hurlik timsoli qolmagay yarim, Uni to‘ldiradi nabiralarim!” Shoir qaysidir ma’noda bu satrlari orqali yoshlarga uzun yo’lda shoirning izidan boorish kerakligini bashorat qilib ketgan.Bugun yoshlar uchun,ularning kelajagi uchun barcha sharoitlar yetarlidir.Yoshlardan talab qilinadigan bir narsa shu yurtga,shu yurtning xalqiga munosib farzand bo’lishdir. Adabiyot fidoyisi,she’riyat jonkuyari,o’zbek xalqining otashqalb farzandi Abdulla hoji Oripovning joylari jannatda,oxiratlari obod,Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Shunchaki yozmoq-chi,ko‘ngil to‘lmaydi. Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo‘lim Shunchaki yozganga chidab bo‘lmaydi Shunchaki yozmoq,shoirga o‘lim. Abdulla Oripovning she’rlari hali ming yillar davomida kitobxonlar qalbidan joy egallashda davom etadi.Shoir she’rlarining kitobxoni bormi,demak,u shoir abadiy yashaydi. Abdulla Oripov she’rlari ming yillar davomida o‘quvchilar qalbida saqlanib qoladi. Abdulla Oripov 21-asrning "Alisher Navoiysi" dir. Download 64.42 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling