M a ‘ ruzalar matni kirish


Download 1.03 Mb.
bet29/99
Sana07.11.2021
Hajmi1.03 Mb.
#171528
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   99
Bog'liq
M a ‘ ruzalar matni kirish

Xo’jalik shartnomasi deb taraflardan biri shartla­shilgan muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida tovar­larni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko’rsatish majburiyatini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini to’lash majburiyatini oladigan kelishuvga aytiladi.

Yuridik shaxslar, shuningdek yuridik shaxs tashkil et­magan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar xo’jalik shartnomalarining sub`ektlari (taraflari) bo’ladi.

Xo’jalik shartnomasi taraflari belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:

xo’jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o’zgartirish va bekor qilish munosabati bilan zarur bo’lgan ma`lumot­nomalar va boshqa hujjatlarni so’rash va olish;

xo’jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o’zgartirish va bekor qilish bilan bog’liq masalalar yuzasidan eks­pertlarning yozma xulosalarini so’rash va olish, mutaxas­sislar bilan maslahatlashish;

davlat organlari va boshqa organlarga, mansabdor shaxslarga iltimosnomalar bilan murojaat etish hamda shikoyatlar berish va ulardan asoslantirilgan yozma ja­voblar olish;

boshqa tarafning iqtisodiy ahvoli, nufuzi va ishchan­lik jihatlari xususidagi ma`lumotlarni to’plash;

xo’jalik yurituvchi sub`ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan vositalari va usullarini qo’llash.

Xo’jalik shartnomasining taraflari qonun hujjat­larida va shartnomada nazarda tutilgan o’zga huquqlarga ham ega bo’lishlari mumkin.

Xo’jalik shartnomasi taraflari:

xo’jalik shartnomalari to’g’risidagi qonun hujjatla­rining talablariga rioya etishlari;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda xo’jalik shartnomalarining o’z vaqtida tuzilishini ta`minlash;

tuzilgan xo’jalik shartnomalari bo’yicha zimmalariga olingan majburiyatlarni o’z vaqtida va tegishli tartibda bajarishlari shart.

Xo’jalik shartnomasi taraflari qonun hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega bo’ladi.

Xo’jalik shartnomasi - fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblanib, unga nisbatan Fuqarolik kodeksining bi­timlar va shartnomalarga tegishli barcha normalari tadbiq qilinadi.

Shu bilan bir qatorda xo’jalik shartnomasi o’ziga xos xususiyatlar ega bo’lib, ular quyidagilardir:

birinchidan – shartnoma faqat tadbirkorlik faoliyati sohasida - ya`ni foyda olish maqsadida;

ikkinchidan – shartnoma yuridik shaxslar va yakka tar­tibda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o’rtasida;

uchinchidan – shartnoma tovarlar berish, ishlarni ba­jarish yoki xizmatlar ko’rsatish to’g’risida;

to’rtinchidan – shartnoma faqat yozma tarzda tuziladi.

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi shartnomaviy munosabatlarning asosiy tamoyillari quyidagilardan ibo­rat: xo’jalik shartnomalarini tuzishning erkinligi; ta­raflarning o’zaro manfaatdorligi; shartnoma intizomiga rioya etish; taraflarning o’zaro mulkiy javobgarligi.

Xo’jalik shartnomalari fuqarolik-huquqiy shartno­maning bir ko’rinishi bo’lganligi sababli shartnoma tuzish erkinligi tamoyili ham Fuqarolik kodeksida belgilangan qoidalarga asoslanadi.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1-moddasida fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchi­larining tengligi, mulkning daxlsizligi bilan bir qatorda shartnoma erkinligi ham fuqarolik huquqining asosi si­fatida ta`riflanadi. Shartnoma erkinligining mohiyati va ma`nosi kodeksning 354-moddasida ochib berilgan. Bu moddada barcha fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tu­zishda erkin deb e`tirof etilganlar.

Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo’l qo’yilmaydi, shartnoma tuzish burchi Fuqarolik kodeksida, boshqa qonun yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Masalan, agar tegishli mahsulot turiga davlat buryut­masi berilgan bo’lsa, davlat ehtiyojlari uchun mahsulot et­kazib berish shartnomasini tuzish majburiydir.

Taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomalarni, shuningdek turli shartnomalarning ele­mentlari o’z ichiga oladigan aralash shartnomani ham tu­zishlari mumkin.

Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlari imperativ normalarida ko’rsatib qo’yilgan hollar bundan mustasno.

Misol uchun, qishloq xo’jaligi mahsulotlari kontrak­tatsiya shartnomasida boshqa shartlar bilan bir qatorda xo’jalikka belgilangan foizdan kam bo’lmagan miqdorda avans to’lash nazarda tutilishi lozim.

Shunday qilib, barcha xo’jalik yurituvchi sub`ektlar shartnoma tuzishda erkindirlar, ya`ni ular nima haqda, kim bilan shartnoma tuzishni tanlashlari, majburiyatlarni, o’zaro xo’jalik munosabatlarining amaldagi qonunlarga zid bo’lmagan boshqa har qanday shartlarini mustaqil aniqlashlari mumkin.

Demak, xo’jalik shartnomasi: – taraflar o’rtasidagi majburiyatlarni kelib chiqishining asosi hisoblanadi; xo’jalik yurituvchi sub`ektning iqtisodiy faoliyatini rejalashtirishga asos bo’ladi; taraflar o’rtasidagi mulkiy munosabatlarni huquqiy shakli hisoblanadi.

Xo’jalik shartnomasi, qoida tariqasida taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo’llashi va ikkinchi taraf uni aktseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo’li bilan tuziladi.

Agar taraflar o’rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari bo’yicha kelishuvga erishilgan bo’lsa, xo’jalik shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.

Xo’jalik shartnomasi shartnoma predmetini, etkazib beriladigan tovarning miqdori, sifati, assortimenti va bahosini, shartnomaning bajarilish muddatlarini, hisob-kitob qilish tartibini, taraflarning majburiyatlarini, shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim da­rajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligini, nizolarni hal etish tartibini hamda taraflarning rekvi­zitlarini, shartnoma tuzilgan sana va joyni va boshqa mu­him shartlarni nazarda tutishi kerak.

Xo’jalik shartnomasida hisob-kitob qilish tartibi belgilanayotganda tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini qonun hujjatlarida belgilanganidan kam bo’lmagan miqdorda ol­dindan to’lab qo’yish albatta nazarda tutilgan bo’lishi kerak.

Xo’jalik shartnomasini tuzishda taraflar tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan hamda huquqiy ekspertizadan belgilangan tartibda o’tkazilganidan so’ng e`lon qilingan o’zlarining namunaviy yoki tipovoy shart­lariga (shakllariga) amal qilishlari mumkin.

Xo’jalik shartnomasini tuzilish jihatidan shartli ravishda to’rt qismga:

1) kirish;

2) shartnoma predmeti, taraflarning huquq va majburiyatlari;

3) shartnomaning qo’shimcha shartlari;

4) shartnomaning boshqa shartlariga ajratish mumkin.

Xo’jalik shartnomasining kirish qismida quyidagilar – shartnomaning nomi (mahsulot etkazib berish, kredit, transport vositalari ijarasi, qurilish pudrati va x.k.); shartnomani imzolash vaqti va joyi; shartnoma tarafla­rining to’liq nomi, shartnoma bo’yicha taraflarning ata­lishi (masalan: “mahsulot etkazib beruvchi”, “pudratchi” va sh.k.); shartnomani imzolayotgan shaxsning mansabi va na­sli-nasabining to’liq nomi, shuningdek unga shartnomani imzolash huquqini beruvchi hujjat (ustav, nizom yoki ishonchnoma) ko’rsatilishi lozim.

Yuqoridagilarni shartnomada to’liq va aniq ifodala­nishi muhim ahamiyatga ega. Masalan, shartnomaning aniq nomlanishi taraflarga va boshqa shaxslarga qanday huquqiy munosabatlar haqida so’z yuritilayotganligi to’g’risida o’sha zahoti tushuncha bersa, shartnoma imzolangan vaqt (yil, oy, kun) shartnoma imzolangan paytni to’g’ri aniqlash va amal qilish muddatini qachon tugashi, ya`ni bu bilan bog’liq yuridik oqibatlarni belgilash imkoniyatini beradi.

Xo’jalik shartnomasining ikkinchi qismi uning katta ahamiyatga ega bo’lgan shartlarini o’z ichiga oladi: shartnoma predmeti; birinchi tarafning shartnoma bo’yicha huquq va majburiyatlari; ikkinchi tarafning shartnoma bo’yicha huquq va majburiyatlari; taraflarning o’z majburiyatlarini ba­jarish muddatlari; taraflar majburiyatlarini bajarish joyi; taraflar majburiyatlarini bajarish usullari (ha­rakatlar tartibi, ketma-ketligi va h.k.).

Ushbu shartlarning mazmuni shartnomaning turiga va uning qanday holatga nisbatan tuzilishiga bog’liq bo’ladi va Fuqarolik kodeksi va amaldagi normativ hujjatlar qoidalari asosida shakllanadi.

Xo’jalik shartnomasining uchinchi qismi shunday shartlarni o’z ichiga oladiki, ularni shartnomada ko’zda tu­tish majburiy emas. Ammo, bunday shartlar mavjud bo’lgan taqdirda taraflar huquq va majburiyatlariga, shuningdek ularni bajarish tartibiga sezilarli ta`sir qiladi.

Xo’jalik shartnomasining qo’shimcha shartlariga– shartnomani amal qilish muddati; taraflarning javobgar­ligi; majburiyatlarning bajarilishini ta`minlash usul­lari; shartnomani bir taraflama bekor qilishning asos­lari va oqibatlari; shartnoma bo’yicha ma`lumotlarni sir saqlash haqidagi; nizolarni hal qilish tartibi kabilar kiradi.

Taraflarning shartnoma bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarish muddatlari ko’rsatilgan taqdirda ham xo’jalik shartnomasining amal qilish muddati ko’rsatilishi maqsadga muvofiqdir. Bu holat shartnomani amal qilish muddati qachon tugashini bilish va taraflar shartnomani baja­rishdan bosh tortganlik uchun talabnoma va da`vo qilish muddatini boshlanishini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.

Shartnoma shartlari buzilgan taqdirda taraflarning o’z majburiyatlarini bajarishlarini ta`minlash maqsadida shartnomada tarafalarning javobgarligi ko’zda tutiladi. Odatda, har bir shartnomada javobgarlik kelishilgan shartlarning birini bajarmagan tarafga nisbatan neus­toyka (jarima, penya) ko’rinishida sanktsiya belgilanishi bilan ifodalanadi.

Xo’jalik shartnomasining qo’shimcha shartlaridan yana biri–bu majburiyatlarning bajarilishini ta`minlash usullaridir. Amaldagi qonunchilikka muvofiq xo’jalik shartnomasining bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tu­tilgan boshqacha usullar bilan ta`minlanishi mumkin.

Odatda xo’jalik shartnomalari faqat taraflarning kelishuviga muvofiq bekor qilinishi mumkin, ammo taraflar shartnomada uni bir tarafning tashabbusi bilan ham bekor qilish to’g’risidagi shartlarni kiritishlariga yo’l qo’yiladi. Shuningdek shartnomada uning qaysi shartlari sir saqlanishi va taraflar tomonidan oshkor qilinishi mumkin emasligi belgilab qo’yilishi mumkin.

Respublikamizda iqtisodiyot va uni boshqarish jarayo­nida vujudga keladigan nizolarni hal qilish xo’jalik sudlari sudloviga taalluqlidir. Biroq, xo’jalik protsessual qonunchiligida fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan yoki kelib chiqishi mumkin bo’lgan hamda xo’jalik sudiga taalluqli bo’lgan nizo taraflarning kelishuviga binoan hakamlar sudida ko’rish uchun topshirilishi mum­kinligi belgilangan. qoida tariqasida, da`volar javobgar joylashgan joydagi xo’jalik sudiga taqdim etiladi. Ammo, da`voni javobgar joylashgan joyda taqdim etish va da`vogarning tanlashi bo’yicha sudlovga tegishlilik ta­raflarning roziligi bilan o’zgartirilishi hamda nizoni hal qilishi lozim bo’lgan xo’jalik sudining nomi shartno­mada aniq belgilanishi ham mumkin.

Xo’jalik shartnomasining to’rtinchi qismi o’z ichiga - taraflar o’rtasidagi munosabatlar shartnomadan tashqari yana nimalar bilan tartibga solinishini; taraflar o’rta­sidagi aloqalarni o’rnatish haqidagi; shartnoma tuzishdan oldin olib borilgan ishlar va ularning shartnoma imzo­langandan keyingi natijalari; taraflarning rekvizitlari; shartnoma nusxalari soni haqidagi ma`lumotni; shartnoma matniga o’zgartirishlar kiritish tartibini; taraflar va­killarining imzolarini oladi.

Taraflar shartnomada o’z zimmalariga olgan aniq majburiyatlarni belgilab olishi tabiiy bir holdir. Unga shartnoma bo’yicha taraflar o’rtasidagi barcha munosabat­larni tartibga soluvchi qonun normalarini kiritishning hojati yo’q. Shuning uchun, odatda shartnomaning boshqa sharti sifatida unga quyidagi jumla kiritiladi: “Mazkur shartnomada nazarda tutilmagan shartlar bo’yicha taraflar amaldagi qonunchilikka rioya qiladilar”.

Taraflar o’rtasidagi aloqalarni o’rnatish haqidagi shartlarda – axborot berish va shartnomaning bajarili­shiga taalluqli bo’lgan masalalarni hal qilishga vakolatli shaxslar (nomlari yoki mansabi), shuningdek aloqa turlari (telefon, faks va h.k) ko’rsatiladi.

Shartnoma tuzishdan oldin olib borilgan ishlar va ularning shartnoma imzolangandan keyingi natijalari to’g’risidagi bandda taraflar shartnomani tuzish bo’yicha olib borilgan barcha muloqotlar, yozishmalar, oldindan ke­lishib olishlar va shu maqsaddagi bayonnomalar o’z kuchini yo’qotganligi belgilanadi.

Taraflarning rekvizitlariga – pochta indeksi, man­zili, hisob–kitob raqami, bank muassasaning nomi, kodi, MFO, soliq to’lovchining identifikatsiya raqami, yuklash rekvizitlari kiradi va ular xo’jalik shartnomasida aniq ko’rsatilishi lozim. Shartnoma nusxalari soni va uning haqiqiyligi unda ko’rsatiladi. Shartnoma matniga o’zgartirishlar kiritish tartibi­ning belgilanishi shartnomani qalbakilashtirilishini oldini oladi.

Har bir shartnomada ma`lum bir shaxsning xohish-istaklari bayon qilinishi munosabati bilan shartnoma o’sha shaxs yoki uning to’liq vakolatga ega bo’lgan vakili tomo­nidan imzolanadi, shuningdek, shartnomada yuridik xizmat xodimi yoki advokatning imzosi bo’lishi talab qilinadi.

Xo’jalik shartnomasi yozma shaklda tuziladi. qonunchilikda shartnoma yozma shaklining uch xil turi ko’r­satilgan. Amaliyotda shartnomaning oddiy yozma shakli keng tarqalgan bo’lib, u taraflar imzolagan bitta hujjatni tu­zish yo’li bilan tuziladi.

Xo’jalik shartnomasi, shuningdek pochta, telegraf, te­letayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imko­nini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yo’li bilan tuzilishi mumkin. Agar qonun hujjatlariga yoki taraflardan birining talablariga zid bo’lmasa bitim tuzish chog’ida imzodan faksimile usulida nusxa ko’chirish vositalaridan foydalanishiga yo’l qo’yiladi.

Xo’jalik shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi. Xo’jalik shartnomasi qonunda ko’rsatilgan hollarda va taraflardan birining talabi bo’yicha notarial tasdiqlanishi shart. Shartnomani notarial tasdiqlash notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo’lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan shartnomada tasdiqlovchi ustxat yozib qo’yish yo’li bilan amalga oshiriladi.

Amaldagi qonun hujjatlarida ayrim xo’jalik shartno­malarini davlat ro’yxatidan o’tkazish belgilab qo’yilgan. Masalan, er uchastkalari va boshqa ko’chmas mol-mulk bilan bog’liq xo’jalik shartnomalari (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara va boshqalar) davlat ro’yxa­tidan o’tkazilishi kerak. Shartnomaning notarial shakliga yoki uni davlat ro’yxa­tidan o’tkazish talabiga rioya qilmaslik xo’jalik shartno­masining haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma o’z-o’zidan haqiqiy bo’lmaydi.

Xo’jalik shartnomalarini tuzishda ayrim qonunlar yoki boshqa normativ hujjatlar tomonidan o’rnatilgan muhim xususiyatlarni hisobga olish zarurdir. Masalan, O’zbekiston Respublikasining “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiya­dorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi qonunida jamiyatning mol-mulkini olishi yoki uni ta­sarrufidan chiqarishi bilan bog’liq “yirik bitimlar” (shartnomalar) alohida qayd qilingan.




Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   99




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling