M. Hamroev, D. Muhammedova, D. Shodmonqulova, X. G`ulomova, sh. Yo’ldasheva
-§. Otlarda modal shakl yasalishi
Download 1.88 Mb. Pdf ko'rish
|
ona tili
7 -§. Otlarda modal shakl yasalishi Otlarda so‘z o‘zgarish, so‘z yasalish xususiyatlari bir qatorda modal shakl yasash hodisasi ham mavjud. Otlarning leksik ma’nosiga qo‘shimcha modal ma’no qo‘shilishi bilan hosil qilinadigan shakl modal shakl yasash deyiladi. Otlar o‘z leksik ma’nosiga qo‘shimcha kichraytish, erkalash, hurmat, kuchaytirish, gumon, noaniqlik kabi modal ma’nolarni ifodalaydi. Otlarda bu modal ma’nolar ikki xil usul bilan yasaladi: morfologik usul va takrorlash usuli. Morfologik usulga ko‘ra otning leksik ma’no ifoda etuvchi qismiga modal shakl yasovchi affikslarni qo‘shish orqali modal ma’no yasaladi. Bu usulga ko‘ra otlarning kichraytish, erkalash, hurmat kabi modal shakllari hosil qilinadi. Otlarda modal shakl yasovchi affikslarga quyidagilar kiradi: -cha: qizcha, uycha -chak, -choq: kelinchak, qo‘zichoq, toychoq -loq, -aloq: joyloq, bo‘taloq, qizaloq -gina: bolagina, qizgina -xon, -jon, -oy, -boy: otaxon, onajon, Ra’noxon, YUlduzoy, Karimboy. Otni maxsus takrorlash yo‘li bilan gumon, kamsitish, umumlashtirish, noaniqlik kabi modal ma’nolar yasaladi. Bu usulga ko‘ra modal shakl hosil qilishda takrorlanuvchi qismda turli fonetik o‘zgarishlar yuz beradi: 1.Ot unli tovush bilan boshlanganda, takrorlanuvchi qism boshqa p, m, s, ch, d, j, t tovush orttiriladi: un- pun, ot-pot, o‘rik-mo‘rik, irim-sirim, irim-chirim, imi-dimi, alang-jalang kabi. 86 2.Ot undosh tovush bilan boshlanganda, takrorlanuvchi qismdagi birinchi undosh p, m, s, ch, b tovushlaridan biri bilan almashtiriladi: loy-poy, mosh-posh, non-pon, bosh-mosh, poda-moda, patir-satir, meva- cheva, g‘idi-bidi kabi. 3.Otning takrorlanuvchi qismida keng va cho‘ziq unli qisqa va tor unli bilan almashadi: don-dun, xashak- xushak kabi. 4.Takrorlanuvchi qismda birinchi undosh ham, keng unli tovush ham almashadi: latta-putta kabi. Ba’zan otning o‘zi aynan hech o‘zgarishsiz takrorlangan holda qo‘llanib, kuchaytirish ma’nosini hosil qiladi: tog‘ -tog‘ , xirmon-xirmon kabi. 8 -§. Otlarning tuzilish jihatdan turlari Otlar tuzilishi jihatdan sodda ot, qo‘shma ot, juft ot, qisqartma otlarga bo‘linadi. 1. Sodda ot bir o‘zak morfemadan tashkil topadi: daraxt, kitoblar, gulzor, uycha kabi. 2. Qo‘shma ot ikki va undan ortiq o‘zak morfemaning birikishidan hosil bo‘ladi: belbog‘ , atirgul, oqsoqol kabi. 3. Juft ot ikki o‘zak morfemaning o‘zaro teng bog‘lanishidan tuziladi: aka-uka, o‘y-xayol, temir-tersak kabi. 4. Qisqartma otlar birikma qismlarini qisqartish yo‘li bilan tuzilgan otlar: AQSH, MDH, O‘zMU kabi. 5. Takroriy otlar: choy-poy, in-iniga, tomir-tomiriga, don-dun, irim-sirim, yor-yor (qo‘shiq nomi). Juft va takroriy otlar orasiga chiziqcha qo‘yib yoziladi. Agar juft otlar o‘rtasida ikki otni bir-biri bilan bog‘laydigan u, yu tovushlari bo‘lsa, kirilcha yozuvda chiziqcha qo‘yilmaydi: Onayu bola - gulu lola. Takroriy otlar bir otni takrorlash yordamida hosil qilinadi: Aytilgan so‘zlar jon-jonidan o‘tib ketdi. Tilimizda takrorlangan, so‘zning boshida kelgan undosh p eki m undoshidan biriga almashadigan yoki unli tovushdan oldin p tovushi orttiriladigan choy-poy, non-pon, qop-mop, osh-posh, pul-mul kabi takroriy otlar ham bor. Ot tahlili namunasi 1. So‘rog‘i. 2. Ma’no turi (atoqli va turdosh otlar, turdosh otlarning turlari). 3. Birlik yoki ko‘pligi (soni) 4. Kelishigi. 5. Egalik qo‘shimchasi bo‘lsa, uning shaxs-soni aniqlanadi. 6. Kichraytirish, erkalash, hurmat- lash ma’nolari bo‘lsa, aniqlanadi. 7. Tuzilish turi. 8. Tub yoki yasamaligi. 9. Gapdagi sintaktik vazifasi. Takrorlash uchun savollar: 1. Ot turkumining ta’rifi va so‘roqlarini ayting, misollar keltiring. 2. Otlarning xususiyatlari va gapdagi vazifalarini ayting. 3. Turdosh otlar deb qanday otlarga aytiladi? 4. Qanday tushunchani ifodalashiga ko‘ra turdosh otlarning turlari haqida gapiring. 5. Birlik shaklda ko‘plikni ifodalash-ifodalamasligiga ko‘ra turdosh otlarning turlari haqida gapiring. 6. Atoqli otlarning ta’rifi va turlari haqida gapiring. 7. Turdosh otlarning atoqli otlarga, atoqli otlarning turdosh otlarga o‘tishiga misollar keltiring. 8. Otlardagi birlik ma’nosi qanday vositalar yordamida ifodalanadi? 9. Otlardagi ko‘plik ma’nosi qanday vositalar yordamida ifodalanadi? 10. Qanday otlar faqat birlikda qo‘llanadi? 11. Faqat birlikda qo‘llanadigan otlarga -lar qo‘shimchasi qo‘shilsa, qanday ma’no ifodalanadi? 12. -lar qo‘shimchasi yana qanday turkumdagi so‘zlarga qo‘shiladi va qanday ma’nolarni ifodalaydi? 13. Otlarning turlanishi deganda nimani tushunasiz? 14. Kelishiklarni qo‘shimchalari bilan aytib bering. 15. Qaysi kelishikdagi otlar qanday so‘zlarga boјlanishi haqida gapiring. 16. Belgili va belgisiz kelishiklar haqida gapiring. 17. Qaysi kelishik qo‘shimchalari qisqaradi? 18. Egalik qo‘shimchalari qanday ma’noni ifodalaydi? 19. Egalik qo‘shimchalari bilan boјliq tovush o‘zgarishlari haqida gapiring. 20. Kichraytirish, erkalash va hurmatlash ma’nolarini ifodalovchi qo‘shimchalarni misollari bilan sanab ko‘rsating Ot turkumi yuzasidan test savollari: 1. Ot so‘z turkumi, unga xos grammatik kategoriya(xususiyat)lar, otlarning yasalishi, ot yasovchi qo‘shimchalar tilshunoslikning qaysi bo‘limida o‘rganiladi? A) morfologiya B) morfologiya va sintaksis C) morfologiya va so‘z tarkibi D) morfologiya va so‘z yasalishi 2. Qaysi qatordagi so‘zlar faqat ot turkumiga mansub? A) kelma, o‘qima, tugma B) gazlama, childirma, ko‘rsatma 87 C) yasama, qaynatma, to‘qima D) yigirma, sekinlama, surma. 3. Qaysi qatorda faqat otlar berilgan? A) uchqun, to‘lqin, bilimdon, qalamdon B) yong‘in, toshqin, tuzdon, kuldon C) tuyg‘un, keskin, qumdon, xumdon D) so‘lg‘in, turg‘un, suvdon 4. Qaysi javobda otga xos bo‘lgan sintaktik vazifa noto‘g‘ri ko‘rsatilgan? A) ega vazifasida keladi. B) kesim vazifasida qo‘llanadi. C) undalma vazifasida kelmaydi. D) to‘ldiruvchi vazifasida keladi 5. Ot qaysi so‘z turkumidagi so‘zlar bilan birika olmaydi? A) ot, sifat B) olmosh C) ravish, fe’l D) ot mustaqil so‘z turkumlarining barchasi bilan birika oladi 6. Ot turkumi uchun asosiy belgi nimadan iborat? A) o‘ziga xos yasalish tizimiga ega va gapda gapning har qanday bo‘lagi vazifasida kela oladi. B) son, egalik, kelishik kabi grammatik ko‘rsatkichlarga ega C) ot, sifat, son, olmosh, fe’l va ravish bilan birika oladi. D) otning asosiy belgisi predmetlik ma’nosini ifoda etish 7. Faqat mavhum otlar qatorini toping. A) bola, daftar, qishloq B) gul, zafar, shahar C) shodlik, sevgi, kulfat D) yo‘l, daraxt, vodiy 8. Mavhum otlar qatorini toping. A) uyqu, jahl B) soch, kiprik C) quyosh, tutun D) gul, orzu 9. Atoqli ot asosida paydo bo‘lgan turdosh otlar qatorini toping A) asal, rayhon, arslon, muhabbat B) anor, lola, shirin, to‘qson C) etmish, bultur,turdi, ra’no D) rentgen, xosiyatxon, michurinchilar, amper 10. Faqat turdosh otlar asosida paydo bo‘lgan atoqli otlar qatorini toping. A) Ergash, Lobar, Gulchehra, To‘xtamurod B) Juma, Bahri, Rayhon, Nilufar C) Ulug‘, Suluv, Dilbar, Go‘zal D) Ortiq, Quvonch, Xursand, Vali 11. Mavhum otlarni aniqlang. A) do‘stlik, baxt, quvonch B) Suhrob, Feruza, shahnoza C) suv, g‘o‘za, shiypon D) bug‘doy, arpa, zig‘ir 12. Atoqli ot haqida bildirilgan qaysi hukm noto‘g‘ri? A) bir xildagi predmet yoki hodisalardan birini ayirib ko‘rsatadi B) o‘ziga xos grammatik xususiyatga ega C) atoqli otlarning ma’lum qismi sifat, fe’l, son turkumlariga oid so‘zlar asosida paydo bo‘ladi D) atoqli otlar ham grammatik jihatdan ko‘plik sonda qo‘llanadi 13. Ismlarning qaysi qo‘shimchalarga ega bo‘lgan shakllari lug‘aviy shakllari deb ataladi? A) ko‘plik qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari B) qiyoslash qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari C) kichraytirish–erkalash qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari D) A,B,C. 14. Yig‘lasa, yig‘lablar ketmaydimi?! gapidagi –lar qo‘shimchasining vazifasini aniqlang. A) ko‘plikni anglatish B) hurmatni ifodalash C) taxmin-chamani bildirish D) ma’noni kuchaytirish 15. Faqat birlikda qo‘llanadigan otlar qatorini toping. 88 A) Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon, Qarshi B) bola, o‘quvchi, temir, mis C) bo‘ron, qo‘zg‘olon, qo‘l, muallim D) ko‘z, quloq, burun, g‘ildirak 16. O‘zbek tilida otning qaysi shakli sintaktik munosabatni ko‘rsatmaydi? A) kelishik shakli B) egalik shakli C) birlik va ko‘plik shakli D) egalik, birlik va ko‘plik shakllari 17. Ko‘plik ma’nosi qo‘shimchasiz holda ifodalangan qatorni aniqlang. A) Har doim sofdil bo‘laylik. B) Ko‘chada bir qancha bola ko‘rindi. C) B,D D) Har rastada ming-ming do‘kon 18. Ko‘plik qo‘shimchasi chama, taxminni ifodalagan misolni toping. A) Onda-sonda ochilgan chanoqlar ko‘k dengizda sadafdek yaltiradi. B) Quvnashdi havasdan ko‘p bilan ko‘ngillar C) Vatandoshlarim bilan quvonaman D) Kechqurunlari bo‘sh bo‘laman, keling suhbatlashamiz. 19. Ismlarning qaysi qo‘shimchalarga ega bo‘lgan shakllari munosabat shakllari deb ataladi? A) egalik qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari B) kelishik qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari C) –man, -san, -dir qo‘shimchalariga ega bo‘lgan shakllari D) barchasi to‘g‘ri. 20. Quyida berilgan qaysi so‘zlar ismlarning munosabat shakllarini hosil qilishda qatnashadi? A) bo‘lmoq, sanalmoq, hisoblanmoq B) mumkin, zarur, lozim C) kerak, shart, edi D) barchasi to‘g‘ri. 21. Quyidagi xususiyatlardan qaysi biri otlarga xos? A) tuslanish B) turlanish C) daraja D) nisbat 22. Qaysi qo‘shimchalar turlovchi qo‘shimchalar deyiladi? A) egalik qo‘shimchalari B) kelishik qo‘shimchalari C) shaxs-son qo‘shimchalari D) ko‘plik shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha 23. Turlanish bilan bog‘liq tovush o‘zgarishi bo‘ladigan so‘zlar qatorini toping A) kitob, xo‘roz, ittifoq B) samo, osmon, shivir C) bo‘taloq, chiroq, etik D) o‘qish, pedagog, etti 24. Quyidagi gapda qaratqich kelishigidagi so‘z qanday ma’no anglatyapti? Jahonning shodligi yig‘ilsa butun... A) shaxs B) to‘dadan bo‘lak C) tur D) butundan qism 25. Quyida berilgan gapdagi nuqtalar o‘rniga qaysi qatordagi qo‘shimchalarni qo‘yish mumkin? U... voqea... bexabar ekani... bilib, butun vujudi... engib bo‘lmas bir horg‘inlik sezdi. A) -ni, -ga,-dan, -da B) -dan,-ni, -ning, -ka C) -ning,-dan,-ni,-da D) -ni, -dan, -qa, -ning 26. Tushum kelishigining belgisiz ishlatilishi asosan qaysi so‘z turkumlariga xos? A)ot turkumidagi barcha so‘zlarga xos B) faqat turdosh otlarga xos C) ot, olmosh, sifat va songa xos D) ot va olmoshga xos 27. -niki qo‘shimchasini qabul qiluvchi so‘zlar qaysi javobda berilgan? A) ot, ravish, bog‘lovchi B) ot, olmosh, otlashgan so‘zlar 89 C) fe’l, ravish, son D) sifat, sifatdosh, fe’l 28. Qaysi qatordagi otlarga egalik affiksi qo‘shilganda, so‘z oxiridagi k yoki q tovushi o‘zgarmaydi? A) o‘rik, tuproq, istak B) o‘rtoq, kelajak, qarmoq C) idrok, nutq, axloq D) koptok, pichoq, tirnoq 29. Qaysi qatordagi otlarga egalik affiksi qo‘shilganda, keyingi bo‘g‘indagi i unlisi tushib qoladi? A) bilim, vazir, bog‘ich B) vakil, voris, do‘stlik C) o‘rin, bo‘yin, o‘g‘il D) idish, ilik, ayiq 30. -m egalik qo‘shimchasining vazifasi to‘g‘ri ifodalangan javobni toping. A) fe’llarga qo‘shilib, birinchi shaxsni ifodalaydi B) fe’llarga qo‘shilib, ot yasaydi C) unli bilan tugagan otlarga qo‘shilib qarashlilikni ifodalaydi D) fe’llarga qo‘shilib miqdor anglatuvchi ot yasaydi 31. Qaysi qo‘shimchalar predmetning uch shaxsdan biriga qarashli ekanini bildiradi? A) shaxs-son B) kelishik C) tuslovchi D) egalik 32. Egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda, o‘zakda o‘zgarish bo‘ladigan so‘zlar qatorini toping. A) qarmoq, etik, koptok, park, qoshiq B) qaymoq, o‘rik, eshik, o‘rtoq, buloq C) qishloq, quloq, huquq, palak, chelak D) barmoq, bilak, ertak, ufq, zavq 33. Qaysi qatordagi otlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda k tovushi g tovushiga aylanmaydi? A) terak, yurak B) bilak, chelak C) tilak, kuylak D) idrok, ishtirok 34. Qaysi qatordagi otlarga II shaxs birlikdagi egalik qo‘shimchasi qo‘shilgan? A) kitobim, onam B) xulqingiz, onangiz D) yurlaring, borlaring C) daftaring, ukang 35. Mavhum ot yasovchi qo‘shimchalar berilgan qatorni aniqlang. A) –li va -lik; B) –lik va -chilik; C) –lik, -chilik, -at, -ot; D) –li, lik, chilik; 36. Qaysi qatordagi so‘zlardan -q, -k qo‘shimchalari bilan ot yasalganda o‘zakda tovush o‘zgarishi bo‘ladi? A) o‘ta, ista B) kura, yama C) bo‘ya, sana D) tala, tara 37. -lik qo‘shimchasi qaysi turkumga oid so‘zlardan ot yasay oladi? 1) ot; 2) fe’l; 3) sifat;4) ravish. A) 1, 2, 3, 4 B) 1, 2, 3 C) 1, 2 D) 1, 3, 4 38. Fe’l asosli otni toping. A) paxtazor B) yaxshilik C) sharshara D) ochqich 39. Ot yasovchi qo‘shimchalarni toping. A) –chi,-moq,-bon,-m B) –um, -sh, -b, -lik C)-chi,-la, -cha, -dir D) –k, -lik, -ma, -chi. 40. Uchalasi ham ot yasaydigan qo‘shimchalarni belgilang. A) –lik, -cha, -illa B) –lik, -im, -zor 90 C) –viy, -dosh, -ay D) –ona, -gi, -dek 41. Qaysi qatordagi qo‘shma otlarning tarkibi ot va otdan iborat? A) otquloq, qo‘larra, ishboshi B) ko‘ksulton, xomtok, tomorqa C) o‘rinbosar, xontaxta, karnaygul D) gulbeor, oshko‘k, qo‘ziqorin 42. Qo‘shma otlar qatorini toping. A) tilla bola B) Markaziy Osiyo C) tosh yo‘l D) A, B 43. Qaysi qatordagi qo‘shma otlarning yozilishida imlo xatosi bor? A) mingtepa, eryong‘oq, osh qozon B) qo‘shtegirmon, beshiktervatar, otquloq C) laylakqor, sadarayhon, qozon yuvg‘ich D) qo‘qongul, Yangi Marg‘ilon, Yangiyo‘l 44. Sinonim so‘zlardan yasalgan juft otlar qatorini ko‘rsating. A) or-nomus, baxt-iqbol B) hovli-joy, oyoq-qo‘l C) kuch-quvvat, baxt-saodat D) A, C 45. Quyidagi gapda berilgan juft otlar qaysi qatorda to‘g‘ri ko‘rsatilgan? Ona-bolaga qarab turib, «Ona bilan bola – gul-u lola» degan maqolning haqligiga ishondim. A) ona-bola, ona bilan bola B) ona-bola, ona bilan bola, gul-u lola C) ona-bola, gul-u lola D) ona bilan bola, gul-u lola 46. Qo‘shma otlar qatorini toping. A) gultojixo‘roz, sadarayhon, namozshomgul, muzyorar B) sohibjamol, tinchliksevar, ishyoqmas o‘zbilarmon C) allakim, allaqanday, allaqachon, kimdir D) ishlab chiqmoq, oh urmoq, nazar solmoq, payqamay qoldi SIFAT 1 -§. Sifatning leksik-grammatik xususiyatlari Predmetning doimiy, o‘zgarmas belgisini ifodalaydigan so‘zlar sifat deyiladi. Sifat mustaqil so‘z turkumi sifatida uch xil belgiga ega: 1. Leksik-semantik belgi. Sifat belgi ma’nosini bildiradi. 2. Morfologik belgisi: Sifat qanday?, qanaqa?, qaysi? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Sifat ifodalaydigan belgi tushunchasi keng bo‘lib, ma’nosiga ko‘ra bir necha guruhga ajratiladi: a) rang-tus ma’nosini bildiradigan sifatlar: oq, qizil, sariq, havo rang, kul rang, yashil, zangori; b) hajmi ma’nosini bildiradi: keng, tor, baland, past, uzun, chuqur, yirik, mayda; v) shakl va ko‘rinish ma’nosini bildiradi: dumaloq, yassi, egri, qiyshiq, do‘ng; g) maza-ta’m ma’nosini bildiradi: shirin, achchiq, nordon, sho‘r, taxir, chuchmal, bemaza; 91 d) xarakter-xususiyat ma’nosini bildiradi: muloyim, odobli, shirinso‘z, chaqqon, sho‘x, yalqov, dangasa, chechan, qo‘rs, qaysar. Xarakter-xususiyat bildiruvchi sifatlar ijobiy yoki salbiy xususiyatlarni ifodalaydi; e) hid ma’nosini bildiradi: sassiq, qo‘lansa, badbo‘y, xushbo‘y, muattar; j) holat ma’nosini bildiradi. Holat bildiruvchi sifatlar ikki xil bo‘ladi: 1) psixik holatni ifodalaydi: xursand, xafa, shod, kasal, injiq; 2) tabiiy holatni ifodalaydi: yosh, qari, keksa. Sifat belgini bevosita yoki bavosita ifodalaydi. Predmetning doimiy belgisini bildiradigan belgini bevosita ifodalaydigan sifatlar asliy sifat deyiladi. Sifatning yuqoridagi ma’no turlari sifatni bevosita ifodalaydi. Asliy sifatlar belgini darajalab ko‘rsata oladi: katta, kattaroq, eng katta kabi. Juft sifatlar asosan asliy sifatlardan tarkib topadi: yosh-qari, yaxshi-yomon kabi. Belgini bavosita, ya’ni biror narsa va hodisaga nisbat berish, o‘xshatish orqali ifodalaydigan sifatlar nisbiy sifat deyiladi. Nisbiy sifatlar boshqa so‘z turkumlaridan yasaladi va xoslik, o‘xshashlik, o‘rin yoki paytga munosabat, mo‘ljal ma’nolarini bildiradi: a) xoslik ma’nosini ifodalaydigan sifat ot turkumidagi so‘zga –iy, -viy qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasaladi: zamonaviy, oilaviy, ma’naviy, siyosiy; b) o‘xshashlik ma’nosini ifodalaydigan sifatlar ot turkumidagi so‘zga – simon, -sifat affikslarini qo‘shish bilan yasaladi: odamsimon, hayvonsifat, devsifat; v) o‘rin va payt ma’nolarini ifodalaydigan sifatlar ot turkumidagi so‘zlarga – gi, -qi, -ki, -dagi affikslarini qo‘shish bilan yasaladi: qishki, yozgi, bahorgi, bulturgi, tushki, kechki; g) mo‘ljallanganlik, xoslik, o‘lchov ma’nolarini ifodalovchi sifatlar ot turkumidagi so‘zlarga –lik affiksini qo‘shish bilan yasaladi: ko‘rpalik, ko‘rpachalik, toshkentlik, ko‘ylaklik. Sifat ba’zan ravish o‘rnida qo‘llanib, harakatning belgisini bildirishi mumkin: ma’noli gapirmoq, chiroyli yozmoq, yaxshi o‘qimoq kabi. Sifatning belgisini darajalab ko‘rsatishi (qizil, qizilroq, eng qizil, qip-qizil), yasalish sistemasiga egaligi otlashishi uning morfologik belgilaridan hisoblanadi. 3. Sifatning sintaktik belgisi. Sifat gapda otga, ba’zan fe’lga bitishuv usuli orqali bog‘lanadi va o‘zi bog‘lanib kelayotgan so‘zga tobelanadi. Sifat otga bog‘lanib kelganda, sifatlovchi aniqlovchi vazifasini bajaradi. Misol: Biz do‘stlarning eng yaxshi do‘sti, dushmanlarning eng kuchli dushmani ekanligimizni ham oqil odamlar tushunsin. (YO.SHukurov). Sifat fe’lga bog‘lanib kelganda vaziyat holi vazifasini bajaradi. Misol: YUlduzlar odatdagidan ko‘ra toza, kattaroq, yorqinroq ko‘rinardi. (P.Qodirov). 2 -§. Sifat darajalari Predmetlardagi bir xil belgini miqdorga ko‘ra nisbatlab farqlash hodisasi sifat darajasi deyiladi. Sifatlarda uch xil daraja bor: 1) oddiy daraja 2) qiyosiy daraja 3) orttirma daraja 92 Predmetning belgisi boshqa predmetdagi xudi shunday belgiga qiyos qilinmasa, oddiy darajadagi sifat deyiladi. Oddiy darajadagi sifat belgining me’yorida ekanini ko‘rsatadi va u maxsus ko‘rsatkichga ega bo‘lmaydi: go‘zal tabiat, shirin qovun, keng hovli. 2) qiyosiy daraja. Predmet belgisining boshqa predmetdagi xudi shunday belgidan ortiq yoki kam ekanligining ifodalaydigan sifatlar qiyosiy darajadagi sifat deyiladi. Qiyosiy daraja leksik-morfologik usul bilan hosil qilinadi. Oddiy darajadagi sifatga –roq affiksini qo‘shish yordamida yasaladi. Bunda gap mazmunidan chog‘ishtirish, qiyoslash ma’nosi anglashilib turadi. Misol: SHu lahzada unga Farhod har vaqtdagidan donoroq va hatto savlatliroq ko‘rinib ketdi. Donoroq, savlatliroq sifatlaridan oldin kelgan chiqish kelishigidagi so‘z (har vaqtdagidan) qiyoslash mazmun munosabatini ifodalayapti. O‘shandan buyon halol dehqonchilik qiladi; o‘rtadan ko‘ra pastroq... xo‘jaligi bor. (A.Qahhor). Bu misolda pastroq belgini kamligi bildiryapti, qiyoslash ma’nosini o‘rtadan ko‘ra so‘zlari ifodalayapti. Qiyosiy darajadagi sifat oldidan sal, picha, och, bir oz, xiyol, aytarli so‘zlarini keltirish bilan hosil qilinadi: sal baland, bir oz baland, picha kattaroq, xiyol achchiqroq. Fonetik usul. Unlilar cho‘zib, undoshlar esa ikkilantirilib aytiladi: baland, chuquur, tekkis kabi. Download 1.88 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling