Magistratura bosqichi 5A120102 Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi


Download 295.08 Kb.
bet57/107
Sana05.01.2022
Hajmi295.08 Kb.
#212875
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   107
Bog'liq
1-kurslar uchun UMK. Tilshunoslik metodologiyasi.

III bosqich. Tom ma’nodagi fan sifatida o‘zbek tilshunosligi XX asrning 20–30-yillarida shakllana boshladi va shu asrning oxirlariga kelib o‘zining yuqori cho‘qqilaridan biriga erishdi.

XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Ulug‘ Tursunov, E.D.Polivanov, Qayum Ramazon, Faxri Кamolov va Ayub G‘ulomovlarning xizmatlari katta.

Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida ishlab chiqildi va o‘zbek tilshunosligi zamonaviy jahon tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Imlo qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan me’yoriy darslik, qo‘llanma hamda ilmiy grammatikalar yaratildi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi.

Lug‘atshunoslik bo‘yicha olib borilgan ishlar nihoyatda samarali bo‘ldi. Bir tilli, ko‘p tilli va turli sohaviy lug‘atlar yaratilib, leksikografiya tilshunoslikning alohida sohasi sifatida namoyon bo‘ldi.

O‘zbek tilshunosligi zamonaviy fan sifatida to‘liq shakllandi. O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha qilinayotgan barcha ishlar bir asosiy maqsadga – hozirgi o‘zbek tilining taraqqiyot qonuniyatlarini va shu asosda uning barcha tarmoqlari bo‘yicha me’yorlarini belgilashga qaratildi. O‘zbek tilshunosligining taraqqiyot yo‘li va darajasi ham xuddi shu maqsadga erishish, shu yo‘ldagi harakatning natijalari bilan belgilanadi. Shu maqsadda o‘zbek tilshunosligi quyidagi bo‘limlar bo‘yicha tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda:

1. Fonetika.

2. Leksika.

3. Leksikografiya.

4. Derivatsiya.

5. Grammatika.

6. Punktuatsiya.

7. Dialektologiya.

9. Uslubiyat.

10. Til tarixi.

Bu sohalarning barchasi bo‘yicha O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, universitetlar va pedagogika institutlarining tilshunos olimlari samarali mehnat qilishdi.

Avvalo, o‘zbek tilining fonetik va grammatik qurilishi sohasida olib borilgan keng qamrovli ishlarni alohida ta’kidlamoq lozim. Bu borada, ayniqsa, A.N.Кononov, A.К.Borovkov, V.V.Reshetov, U.Tursunov, A.G‘ulomov, Sh.Shoabdurahmonov, G‘.Abdurahmonov, M.Asqarova, Sh.Rahmatullayev, F.Abdullayev, S.Usmonov, M.Mirzayev kabilarning xizmatlari katta. Undan keyingi avlod sifatida A.Safoyev, J.Muxtorov, I.Qo‘chqortoyev, A.Hojiyevlarning ham alohida hissasi bor. O‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli ishlarning yakuni va umumlashmasi sifatida 1975-76-yillarda yaratilgan ikki tomli «O‘zbek tili grammatikasi»ni ko‘rsatish mumkin.

So‘nggi yillarda eksperimental fonetikaning yuzaga kelishi – o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotining qonuniy natijasi. O‘zbek tili leksikologiyasi va frazeologiyasi ham alohida soha sifatida shakllandi. O‘zbek tili leksikologiyasi va frazeologiyasining rivojlanishida S.Ibrohimov, F.Кamolov, O.Usmonov, S.Usmonov, Sh.Rahmatullayev kabi tilshunoslarning xizmati katta. 1980-yilda nashr qilingan «O‘zbek tili leksikologiyasi» nomli asar bu boradagi so‘nggi yutuqlarni umumlashtirdi.

O‘zbek tili leksikografiyasi ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Кo‘p tomli «O‘zbek sovet ensiklopediyasi», «O‘zbek tilining izohli lug‘at»lari o‘zbek tili frazeologiyasi, terminologiyasi, kasb-hunar leksikasi, Navoiy asarlari tili va boshqa sohalar bo‘yicha ham qator lug‘atlar yuzaga keldi. «O‘zbek tilining morfem lug‘ati» yangi turdagi lug‘at sifatida yaratildi. O‘zbek lug‘atchiligining rivojla-nishida, ayniqsa, A.К.Borovkov, К.К.Yudaxin, V.V.Reshetov, O.Usmonov, R.Doniyorov, Z.Ma’rufov, Sh.Rahmatullayev, S.Akobirov, G.Mixaylov kabi olimlar samarali mehnat qilishdi.

Derivatsiya o‘zbek tilshunosligining alohida sohasi sifatida ajralib chiqdi. U leksemalar hosil bo‘lishining turli yo‘llarini o‘rganmoqda.

O‘zbek tilshunosligi sohalaridan biri dialektologiyadir. O‘zbek dialektologiyasining fan sifatida yuzaga kelishi va rivojlanishida E.D.Polivanov, К.К.Yudaxin, A.К.Borovkov, G‘ozi Olim Yunusov, V.V.Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov, F.Abdullayev, U.Tursunov, M.Mirzayev va ular izdoshlarining xizmatlari beqiyos. A.Aliyev, B.Jo‘rayev, A.Shermatov, A.Jo‘rayevlar ularning bu boradagi ishlarini munosib davom ettirdilar. O‘zbek dialektologiyasi o‘zining so‘nggi yutuqlari bilan areal tilshunoslik, sotsiolingvistika fani bilan omixtalashib ketdi.

O‘zbek tili tarixini o‘rganish tilshunosligimizning ilg‘or sohasidan biriga aylandi. Bu sohada A.N.Кononov, A.К.Borovkov, G‘.Abdurahmonov, S.N.Ivanov, S.Mutallibov, U.Tursunov, J.Muxtorov, F.Abdullayev, P.Shamsiyev, A.Rustamov, E.Fozilov, Sh.Shukurov, H.Ne’matovlarning ilmiy tadqiqotlari alohida diqqatga molik.

Bu davr o‘zbek tilshunosligining mumtoz davri hisoblansa-da, unda hukmron mafkuraga, sobiq kommunistik mafkuraning millatlarning birlashib, yagona sovet xalqi vujudga kelishi haqidagi g‘oyasi qoliplariga tushirishga bo‘lgan tazyiqlar natijasida o‘zbek tilining lisoniy universaliyalarga muvofiq jihatlarini ko‘proq ochish, uning tabiatini hukmron til bo‘lgan rus tili qoliplari asosida ko‘rishga intilish, uni ilmiy tadqiqotlarda zo‘rma-zo‘rakilik bilan yoritishga urinish hollari kuchaydi. Masalan, fonetikadagi urg‘u masalasini olaylik. Rus va boshqa Yevropa tillarida urg‘uning roli katta. Biroq bu o‘zining barqaror belgisi bo‘lmagan o‘zbek tiliga ham shundayligicha olib o‘tildi va asosiy fonetik belgisi sifatida alohida e’tiborga olindi. Yoki o‘zbek tilida ham ts, lab-tish v undoshi borligi uqtirib kelindi. Tovushlar orfoepiyasini rus tili talaffuz me’yorlariga yaqinlashtirishga urinishlar davom etib keldi.

O‘zbek tili grammatikasi talqinida ham rus tili qoidalariga o‘zbek tili dalillarini tiqishtirish hollari yuz berdi. Bu, masalan, morfologiyada so‘z turkumlari tasnifi va tartibida, grammatik qo‘shimchalar tasnifida, so‘zlarning birikuv omillari va vositalari talqinida, gap mohiyatini belgilashda, qo‘shma gaplar tasnifida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Lug‘atchilikda ham rus tili lug‘atlari andoza vazifasini o‘tadi. Masalan, «yangi tipdagi» o‘zbek tilining morfem lug‘atida o‘zbek tiliga o‘zlashgan so‘zlarni morfemalarga ajratish, so‘z borayotgan tillarnikidagidek amalga oshirildi: axborot – axbor-ot, traktorist – traktor-ist kabi. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da ham shunday yo‘l tutilgan holatlar ko‘zga tashlanadi.

O‘zbek tilshunosligi, umuman olganda, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi bilan birgalikda, davrning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ta’siri unda o‘z izini qoldirmasligi mumkin emas edi. XX asrning 80-yillariga kelib o‘zbek tilshunosligining (amaliy, faktografik) bosqichi tugallangan va to‘plangan boy daliliy ashyoni dialektik metodologiya asosida o‘rganishga kuchli zamin tayyorlab, o‘zi esa turg‘unlik holatini boshdan kechirmoqda edi. Shu boisdan butun sobiq sho‘ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o‘zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o‘tmadi. O‘zbek tilshunosligining yangi avlodlari H.Ne’matov, E.Begmatov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, R.Sayfullayeva kabi olimlar qayta qurish sharoitida o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari bo‘yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar. Кo‘tarilgan masalalarni mohiyatan ikkiga bo‘lish mumkin:

1) o‘zbek tilshunosligi oldiga 30-40-yillarda qo‘yilgan vazifani – o‘zbek tili turli sath birliklarining zamonaviy tahlil usullaridagi mukammal tavsifini berish; adabiy til me’yorlarini belgilash, ta’limning turli bosqichi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qo‘llanmalari, darslik hamda lug‘atlar yaratish va ommalashtirishni muvaffaqiyat bilan bajardi va yig‘ilgan hodisalar tavsifi asosida ilmiy tushunchalar hosil qilish xususiyliklarda umumiylikni, hodisalarda mohiyatni, oqibatlarda sababni, voqeliklarda imkoniyatni ochish darajasiga ko‘tarildi;



2) uzoq yillar davomida o‘zbek tili ittifoqdagi turkiy, qolaversa, boshqa tillar kabi rus va Yevropa tillari qoliplari asosida o‘rganib kelindi. Uni o‘z ichki tabiatidan kelib chiqqan holda alohida yaxlitlik sifatida o‘rganish uchun shart-sharoit vujudga keldi. Qayta qurish, oshkoralik va istiqlol natijasi o‘laroq, milliy tilshunosliklar boshqa milliy fanlar kabi kommunistik mafkura tazyiqlaridan xalos bo‘ldi. O‘zbek tilining barcha sohalari bo‘yicha qator yangicha talqinlar yuzaga keldi. Bu borada H.Ne’matov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, G‘.Zikrillayev, R.Sayfullayeva, O.Bozorov, B.Mengliyev, M.Qurbonova, Sh.Shahobiddinova kabi nazariyotchi tilshunoslarning ishlari alohida e’tiborga molik. Ular o‘z tadqiqotlarida o‘zbek tilining asl tabiatini ochib berishni maqsad qilib qo‘ydilar. Shu tarzda o‘zbek substansial tilshunosligi shakllandi va qisqa muddatda jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Ular asosida o‘rta maktab ona tili darsliklari butunlay yangilandi. Bu yutuqlar nimalarda ko‘zga tashlandi?


Download 295.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling