Majburiyat va majburiyat huquqi tushunchalari


Majburiyatda qatnashuvchi taraflarning ko`pchilik bo`lishi


Download 96 Kb.
bet3/5
Sana31.01.2023
Hajmi96 Kb.
#1146124
1   2   3   4   5
Bog'liq
1353148944 39783

Majburiyatda qatnashuvchi taraflarning ko`pchilik bo`lishi
Odatda, har bir majburiyatda ikki taraf – kreditor va qarzdor qatnashadi. Ammo ba'zi hollarda majburiyatda kreditor yoki qarzdor tarafida yoxud har ikki tarafda ham bir necha shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Bunday majburiyatlar ko`p shaxsli majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, bir mulk ikki shaxs tomonidan sotib olinganida – sotuvchi huzurida uning summasini to`lash yuzasidan qarzdor tomonidan ikki shaxs qatnashadi.
Majburiyatda ko`pchilik bo`lib qatnashuvchi shaxslar aktiv va passiv ishtirokchilarga ajratilishi mumkin. Majburiyatda ko`pchilik bo`lib kreditor tarafida qatnashuvchi shaxslar – aktiv ishtirokchilar deb, qarzdor tarafida qatnashuvchi shaxslar esa – passiv ishtirokchilar deb ataladi. Agar majburiyatda qatnashuvchi shaxslar har ikki tarafda ham ko`pchilik bo`lib ishtirok etsa – aralash ishtirokchilar deb ataladi.
Ko`p shaxslar ishtirok etgan majburiyatlar ulushli va sherik majburiyatlarga bo`linadi.
Ulushli majburiyatlarda qatnashuvchi kreditorlarning har biri qarzdordan tegishli ulushining bajarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lsa, ulushli qarzdorlardan har biri o`ziga tegishli ulushni bajarishga majbur bo`ladi.
FKning 251-moddasida ko`rsatilganidek, agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda talab qilishga haqli, har bir qarzdor esa bu talabni bajarishi shart.
Ulushli majburiyatga misol qilib ikki fuqaro tomonidan ulushlarga bo`linib qurilgan uy-joyning sotilishida sotuvchilardan har biri o`z ulushiga nisbatan tegishli haqni talab qilish yuzasidan kreditor bo`lishini ko`rsatish mumkin.
Yuridik shaxslar o`rtasida ham ulushli majburiyatlar vujudga kelishi mumkin. Chunonchi, bir necha tashkilot birgalashib uy-joy qurganida tashkilotlarning har biri o`z ulushiga yarasha uy-joyni boshqarish va undan foydalanish huquqiga ega bo`ladi.
Ulushli majburiyatlarda faol ishtirokchi bo`lgan kreditorlardan har bir qarzdordan faqat o`ziga tegishli ulushnigina talab qilish huquqiga ega bo`lsa, qarzdorlardan har biri o`ziga tegishli ulushda majburiyatni bajarishga majbur bo`ladi.
Kreditorlardan biriga majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan o`z ulushiga yarasha bajarishi ulushli majburiyatni butunlay bekor qilmaydi. Bunday majburiyat to boshqa kreditorlarning talablari qondirilguncha yoki boshqa qarzdorlar o`z ulushlariga yarasha majburiyatlarini bajarguncha saqlanib qoladi.
Kreditorlar va qarzdorlar ko`pchilik bo`lgan taqdirda kreditorlardan har biri qarzdordan qarzni boshqalar bilan teng ulushda talab qilishga haqli va qarzdorlarning har biri esa – boshqalar bilan teng ulushda majburiyatini bajarishga majbur bo`ladi.
Sheriklik majburiyatlarga asosan kreditor majburiyatning to`la hajmda bajarilishini sherik qarzdorlarning har qaysisidan majburiyatning butunlay bajarilishini talab qilishga haqli.
Yuqorida berilgan ta'rifga ko`ra, sheriklik majburiyatlarida qatnashuvchilar sifatida qarzdor bitta-yu, kreditorlar bir necha bo`lishi yoki bir necha kreditor va bir necha qarzdor bo`lishi mumkin.
Sheriklik asosida majburiyat olganlar-sherik qarzdorlar bo`lsa, sheriklik asosida talab qilish huquqiga ega bo`lganlar – sherik kreditorlar deb ataladi.
Sheriklik majburiyatining mazmunini sheriklik majburiyati va sheriklikka oid talab qilish huquqlari tashkil etadi. Masalan, bir necha shaxs bir kishiga yoki tashkilotga ziyon yetkazilganida qonun bo`yicha sheriklik majburiyati belgilanadi. Bir necha vorislarga qarashli, ulushli va bo`linmagan uy-joy bir fuqaro tomonidan sotib olinganda sheriklikka asoslangan talab qilish huquqi vujudga keladi.
Sheriklik majburiyatida kreditorlarning talablari yoki qarzdorlarning majburiyatlari ulushlariga bo`linmaydi. Ammo kreditorlardan biri yoki bir nechtasi qarzning qisman bajarilishini talab qilish huquqiga ega bo`ladi.
Sheriklik (solidaritet) asosida belgilanadigan majburiyatga ko`ra, qarzdorlardan biri tomonidan majburiyat bajarilmaganida, uning uchun boshqa sherik qarzdorlar javobgar bo`lishadi va aksincha sherik qarzdorlar bajarmagan majburiyatning bajarilishini bunday qarzdorlarning biridangina talab qilish ham mumkin.
FKning 252-moddasida ko`rsatilganidek, qarzdorlarning sheriklik majburiyati belgilanganida kreditor majburiyatning qarzdorlarning barchasidan birgalikda, shuningdek har qaysisidan ayrim-ayrim holda to`la yoki qisman bajarilishini talab qilishga haqlidir.
Sherik qarzdorlarning biridan to`la qanoat hosil qilmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa sherik qarzdorlardan talab qilishga haqli. Sherik qarzdorlar to majburiyat to`la bajarilgunga qadar qarzdor bo`lib qolaveradi.
Sherik qarzdorlarning har biri kreditorning talablariga qarshi e'tirozlarini bildira oladi. Chunonchi, qarzning ilgari to`liq yoki qisman to`langanligini ko`rsatishlari mumkin. Ammo sheriklik majburiyat bo`lgani holda, qarzdor kreditorning talablariga qarshi boshqa qarzdorlarning kreditorga nisbatan bo`lgan, mazkur qarzdor ishtirok etmagan, munosabatlarga asoslangan e'tirozlarini qo`ya olmaydi (FKning 253-moddasi).
Masalan, sheriklik majburiyatda kreditor G.ning sherik qarzdorlari A. va V.lardan biri aytaylik, V. boshqa bir oddiy majburiyatda qarz shartnomasi bo`yicha G.ning kreditori bo`lsa, bunday holda o`zaro hisoblashishni faqat V.gina talab qila oladi. Binobarin, unga nisbatan sheriklik majburiyati yuzasidan talablar qo`yilganida faqat uning o`zigina e'tirozlar bildira oladi. Boshqalar bunday huquqqa ega bo`la olmaydi.
Sheriklik majburiyatining qarzdorlardan biri tomonidan to`la bajarilishi boshqa qarzdorlarni kreditorga nisbatan majburiyatni bajarishdan ozod qiladi.
Sheriklik majburiyatini bajargan qarzdor, qonun yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab qo`yilmagan bo`lsa, majburiyatni bajargan qarzdor o`z ulushini chegirib tashlab boshqa qarzdorlarga teng ulushlarda regress talab qo`yish huquqiga ega bo`ladi. Majburiyatini bajargan qarzdorga to`lanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi (FKning 254-moddasi).
Agar sheriklik majburiyatda kreditorlar bir necha bo`lsa, u holda sherik talablar vujudga keladi va sherik kreditorlarning har qaysisi qarzdorga nisbatan to`la hajmda talab qo`yishga haqli bo`ladi. Bunday sheriklik talablarga faol sheriklik deyiladi. Sheriklik talablariga binoan, qonun yoki shartnomada boshqacha hol ko`rsatilmagan bo`lsa, qarzdor kreditorlarning biriga majburiyatni to`la hajmda bajarishi mumkin, kreditor esa qabul qilib olishga majbur. Sherik kreditorlardan har biri ham qarzdordan majburiyatning to`la hajmda bajarilishini talab qilishga haqli. Bunday talab qo`yilganda qarzdor ana shu kreditorlardan biriga nisbatan bajarishdan ozod qiladi (FKning 255-moddasi, 3-bandi).
Sheriklik talablar ko`pincha birgalikdagi faoliyatdan, sherik mualliflikdan va boshqa ba'zi huquqiy munosabatlardan kelib chiqishi mumkin. Sherik kreditorlardan har biri harakati bilan boshqa kreditorning manfaatiga ziyon yetkazmasligi kerak. Chunonchi, sherik kreditorlardan birining qilgan harakati qarzdorlardan birini majburiyatning muayyan qismini bajarishdan ozod qilishga qaratilgan bo`lsa ham, bu qarzdor sherik kreditorlar huzurida majburiyatni to`la bajarishdan ozod bo`lmaydi.
Qarzdor sherik kreditorlarning biri tomonidan qo`yilgan talabga qarshi o`zining boshqa sherik kreditorlar bilan bo`lgan, mazkur kreditor ishtirok etmagan munosabatlarga asoslangan e'tirozini qo`ya olmaydi. Masalan, pudrat shartnomasi bo`yicha pudratchi bir necha jamoa xo`jaligining buyurtmasiga binoan stadion qurishi krak bo`lib, keyinchalik shu jamoa xo`jaliklarining biridan buyurtmani kechiktirib bajarishga muhlat olgan bo`lsa, qolgan jamoa xo`jaliklarining buyurtmasini o`z vaqtidan bajarishi uchun qo`ygan talabiga kechiktirib bajarish uchun olgan muhlatini qarshi qo`ya olmaydi.
Majburiyatning qarzdor tomon sherik kreditorlaridan birining to`la hajmda bajarilishi, uni boshqa kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.
Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan sherik kreditor, basharti ular o`rtasidagi munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli bo`lgan ulushlarni to`lashi shart (255-modda).
Aralash sheriklik majburiyatlarda bir vaqtning o`zida bir necha kreditor va qarzdor shaxs ishtirok etadi. Bunday majburiyatlarni bajarish tartibiga faol va sust sheriklik majburiyatlarini bajarish deyiladi. Masalan, shaxsiy mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo`lgan bir necha fuqaro ta'mirlovchi brigada bilan pudrat shartnomasi tuzgan bo`lsa, ulardan har biri majburiyatning to`la hajmda bajarilishini birgadaga har qaysi a'zosidan talab qilishga haqli.
Tashkilotlar yuridik shaxs sifatida mustaqil mulkiy javobgarlikka ega bo`lib, xo`jalik hisobi asosida ish olib borganliklari sababli har qaysi tashkilot majburiyatini bajarmaganligi uchun o`zicha alohida javobgar bo`ladi. Lekin ayrim hollarda aralash sheriklik majburiyati asosida ham javobgarlik belgilanishi mumkin. Masalan, turli tashkilotlarga qarashli avtomashinadan bir necha fuqaroga ziyon yetkazilsa, birgalikdagi aralash sherik javobgarlik belgilanishi mumkin.
Qo`shimcha (subsidiar) majburiyatlar faqat qarzdorlar tarafida vujudga keladi. Majburiyat asosiy qarzdor tomonidan bajarilmaganida kreditor uning bajarilishini qo`shimcha qarzdordan talab qilishga haqli. Subsidiar javobgarlik asoslari FKning 329-moddasida nazarda tutilgan. Bunga asosan qonun hujjatlari yoki majburiyat shartlariga muvofiq asosiy qarzdor bo`lgan boshqa shaxsning javobgarligiga qo`shimcha ravishda bo`lgan (subsidiar javobgarlik) shaxsga talablar qo`yishdan oldin kreditor asosiy qarzdorga talab qo`yishi kerak. Agar asosiy qarzdor kreditorning talabini qondirishdan bosh tortsa yoki kreditor undan qo`yilgan talabga oqilona muddatda javob olmagan bo`lsa, bu talab subsidiar javobgar bo`lgan shaxsga qo`yilishi mumkin. Kreditor asosiy qarzdorga bo`lgan o`z talabini qondirilishni subsidiar javobgar shaxsdan talab qilishga haqli emas, basharti bu talab asosiy qarzdorga muqobil talabni hisobga o`tkazish yoki mablag`larni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish yo`li bilan qondirilishi mumkin bo`lsa, subsidiar javobgar shaxs o`ziga kreditor tomonidan qo`yilgan talabni qondirilishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirish, bordi-yu bunday shaxsga nisbatan da'vo qo`zg`atilgan bo`lsa – asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilish kerak. Aks holda asosiy qarzdor o`zining kreditorga qarshi e'tirozlarini subsidiar javobgar shaxsning regress talabiga qarshi qo`yish huquqiga ega.
Sheriklik majburiyati bo`yicha boshqalar uchun majburiyatni bajargan qarzdor regress (qaytarma) da'vo huquqiga ega bo`lsa, qo`shimcha majburiyatni uchinchi shaxsga nisbatan bajargan qarzdor, agar qonun yoki shartnomalarda boshqacha hol belgilanmagan bo`lsa, shu bajarilgan narsani qaytarib olish huquqiga ega bo`lmaydi. Masalan, ota-onalar farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmagan bolalarning harakati natijasida yetkazilgan zararni uchinchi shaxsga to`laganlarida mazkur haqni qaytarib olish huquqiga ega emaslar.
Qo`shimcha majburiyat qonun yoki shartnomalarda ko`rsatilgan taqdirdagina vujudga keladi. Chunonchi, qonunda aytilishicha, o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmagan o`smir tomonidan yetkazilgan ziyon uchun ularning ota-onalari, vasiy va homiylari qo`shimcha javobgardirlar. Qo`shimcha majburiyatga yana bir misol qilib, to`g`ridan-to`g`ri shartnomada ko`rsatilgan bo`lsa, boshqa shaxs majburiyatining butunlay yoki qisman bajarilishi uchun uning kreditori oldida javobgarlikni o`z zimmasiga olgan kafilning qo`shimcha javobgarligini ko`rsatish mumkin. Ammo bu holda majburiyatni bajargan kafil regress (qaytarma) da'vo qilish huquqiga ega bo`ladi.



Download 96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling