Ma’lumki, tilni millatning ko‘zgusi deyishadi, chunki millat hayotida bo‘layotgan barcha o‘zgarishlar, albatta, tilda o‘z ifodasini topadi


Download 26.96 Kb.
Sana21.09.2023
Hajmi26.96 Kb.
#1683673
Bog'liq
maftun slyad



























XX asrning boshlarida yashab ijod etgan bir guruh millatparvar adiblarimiz shunday bir ulug‘ ishlarni amalga oshirib ketdilarki, ular tarixda “Jadidlar harakati”, “Milliy uyg‘onish harakati” nomlari bilan abadiy muhrlanib qoldi. Xalqning haq-huquqlarining poymol qilinayotgani, savodsizlikda baxtsiz hayot kechirayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan millat fidoiylari mamlakatni ozodlikka olib chiqishga bel bog‘ladilar. Buning uchun avvalo, parokanda xalqni bir g‘oyaga birlashtirish, huquqiy ongini o‘stirish zarurligini anglab yetdilar. Bu buyuk ishlarni amalga oshirishning birdan bir yo‘li xalqni ma’rifat bilan qurollantirish edi. Shuning uchun ham birinchi navbatda, yangi tipdagi maktablar ochish, zamonaviy oliy maktablar tashkil etish, dunyo yangiliklarini xalq o‘rtasida tezroq targ‘ib qilish, kishilarni uyqudan uyg‘otish uchun matbuotni rivojlantirish, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatlarni fosh qilish uchun teatr san’atini barpo etish, iqtidorli yoshlarni xorijning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar.


Ma’lumki, tilni millatning ko‘zgusi deyishadi, chunki millat hayotida bo‘layotgan barcha o‘zgarishlar, albatta, tilda o‘z ifodasini topadi. Shu jihatdan qaraganda, barcha zamonlarda xalqning asl farzandlari, ma’rifatparvar siymolar ona tilini millatga o‘zligini anglatishda, uning qudratini, shon-shuhratini ko‘tarishda, tushkun va tutqun zamonlarda esa ruhiyatini omon saqlash, unga qaytadan kuch bag‘ishlashda zo‘r vosita deb bilganlar. Xususan, jadid ma’rifatparvarlari ham kishilarda milliy ruhni uyg‘otishda, milliy ongni o‘stirishda tilga g‘oyat katta ahamiyat berdilar. Shu sababli o‘z tillarining rivoji uchun barcha choralarni ishga solib, o‘zbek tilining qonun-qoidalarini ishlab chiqishga kirishganlar.
1926-yil Boku shahrida boʻlib oʻtgan turkiy xalqlar konferensiyasida barcha turkiy xalqlarning lotin yozuviga oʻtishi boʻyicha qaror qabul qilinadi. Shundan keyin Oʻzbekistonda ham lotin yozuviga oʻtish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshiriladi. Alifboni ishlab chiqish komissiyasi tuziladi, gazetalarda mutaxassislarning adabiy til, imlo masalasiga bagʻishlangan maqolalari e’lon qilinadi, takliflar umumlashtirilib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini ishlab chiqiladi. Dastlab taklif qilingan alifboda boshqa turkiy tillardagi kabi 9ta unli kiritilgan, 1934-yilda 3ta unli alifbodan chiqarilib, 6ta unliga keltirilgan. Hozir tavsiya qilinayotgan 4ta harflar jadid bobolarimiz tuzgan alifboda bor, ba’zilar iddao qilayotganidek, turklardan koʻchirmachilik yoʻq.
Albatta, bu kurashlar osonlik bilan kechmadi. Diniy ulamolar jadidlarni “kofir” deb e’lon qildilar, farzandlarini yangi maktablarga bergan ota-onalarni mahalladan quvg‘in qilish bilan qo‘rqitdilar, maktablarni yopib qo‘ydilar, gazetalarni ta’qiqladilar, lekin millat ozodligiga bel bog‘lagan millatparvarlar ortga chekinmay, hayotini xavf ostiga qo‘yib kurashni davom ettirdilar.
Mana shunday qiyin sharoitda Fitrat, Ashurali Zohiriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Choʻlpon, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon singari millat fidoiylari o‘zbek adabiy tilining takomili, rivoji, mustaqilligi uchun kurashdilar, “turk ulusig‘a o‘z boshli (mustaqil) bir til va shu tilda yozilgan ilm (Fitrat)” istadilar. Afsuski, millat yoʻlida kurash maydoniga chiqqan jadidlarni “qizil imperiya” nomli ajdaho oʻz komiga tortib ketdi. Ularga panturkizm harakati a’zosi tamgʻasi bosildi, qatagʻon qilindi, aksariyati jismonan yoʻq qilindi, asarlari ta’qiqlandi. Qizil imperiyaning yagona millat, yagona yozuv yaratish iddaosi ortidan lotin yozuviga 1940-yildan chek qoʻyildi.
Mustaqillikdan soʻng tarixiy haqiqat qayta tiklanib, yana lotin yozuviga oʻtildi, lekin 1993-yilda tasdiqlangan alifboning 1995-yilda nooʻrin tahrir qilinishi natijasida yuzaga kelgan noqulayliklar soha mutaxassislari tomonidan uzoq yillardan buyon aytib kelindi. Shu tariqa yana alifbo, imlo masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu boʻyicha avvalgi chiqishlarda aytib oʻtilgan, shuning uchun qaytarilib oʻtilmadi. Lekin bir gapni yana alohida ta’kidlashni xohlardim, alifboning yangi tahriri boʻyicha ishchi guruhga taniqli tilshunos olimlar, axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar va boshqa soha vakillari jalb qilingan. Ular boshqa ishi yoʻqligidan alifbo tahriri bilan shugʻullanayotgani yoʻq, aksincha hukumat qoʻygan topshiqni bajarishyapti.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan toʻliq lotin yozuviga oʻtiladi. Hozirda koʻplab vazirliklar ushbu sanani kutib oʻtirmay yangi yozuvga oʻtishmoqda, shuning uchun turli chaqiriqlarga, nooʻrin fikrlarga chalgʻimaylik. Tezroq jadid bobolarimiz boshlagan ishni oxiriga yetkazib, ularning ruhini shod qilaylik!
Inomjon Azimov
Download 26.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling